23.02.2024
124

Oila charog‘boni-aziz ayollar doimo e’zozdasiz!

    Oila charog‘boni-aziz ayollar doimo e’zozdasiz!
Jamiyatni oilalarsiz, oilalarni esa ayollarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayol - oila charog‘boni, farzandlar tarbiyachisi hisoblanadi. Islom ayollarni ona, singil, qiz va uy bekasi sifatida e’zozlab, rioyasini qilishni toat amallardan bir amal va jannatga olib boruvchi bir yo‘l qilib qo‘ygan. Shuningdek, islom erkak kishiga o‘z ayoliga chiroyli muomalada bo‘lishni, uning mahr, nafaqa kabi haqlariga rioya qilishni, uni turli qiyinchiliklardan himoya qilish va xor bo‘lishlikdan saqlash kabi  amallarni yuklagan. 
    Tarixdan ma’lumki, islom ayollarning insoniy haq-huquqlarini tiklash, hurmatini joyiga qo‘yish bilan jamiyatdagi mavqeini yuksaltirgan. Ayol  kishiga komil inson, mustaqil shaxs sifatida mulkka ega bo‘lish, o‘zi ega bo‘lgan narsalarni erkinlik bilan tasarruf qila olish huquqi berilgan. Shu bilan birgalikda ularning moddiy huquqlari ham tartibga solingan.   
Xotinning  erda bir necha moliyaviy hamda muomalaviy haqlari bor bo‘lib, moliyaviy haqlariga mahr va nafaqa kiradi. Biz bu o‘rinda nafaqa haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Xalqimizda  turli sabablarga ko‘ra, begona odamga qilingan nafaqadagina ajr-savob bor, o‘zim uchun, bola-chaqam uchun qilgan nafaqamda savob yo‘q degan tushuncha mavjud. O‘z oilasini ehtiyojlarini ta’minlash vojib amal bo‘lib, ibodat darajasiga ko‘tarilganligini, bu amal ulkan ajr-savob keltirishini, boshqalarga nafaqa qilish esa nafl ibodat ekanligini afsuski, ko‘pchilik yaxshi bilmaydi.
Nafaqa o‘zi nima, nima sababdan nafaqa beriladi va qancha?
Shariyatda erlarning zimmasiga  xotinlari uchun nafaqa berish vojib amal hisoblanadi.
Ayol  kishi  nikohlangandan   keyin   erining qo‘l  ostida ushlanib  turadi.  Uning    manfaatlari  erga  cheklangan. Erning xizmatiga   ajralib chiqqanligi   uchun   o‘zicha bir  harakat  qilishlikdan   to‘silgan   bo‘ladi.   Shuning   uchun  erning  zimmasiga  ularni  yetarli   nafaqa bilan   ta’minlash  vojib  bo‘ladi. 
Nafaqaning miqdori qancha bo‘ladi?, u kim tomonidan, qanday belgilanadi?, degan savol hammani qiziqtiradigan savollardandir. Aslida nafaqani er o‘zi bilib qilishligi kerak. Chunki, o‘zining shart-sharoitini o‘zidan boshqa hech kim yaxshi bilmaydi. Allohni tanigan, har bir ishida Alloh meni ko‘rib turibdi, deb, Allohning ham bandaning ham  haqqini ixlos bilan ado etadigan mo‘min kishiga nafaqaning miqdori mana shuncha bo‘ladi, deb belgilab berilishi shart emas. Odatda, bizning yurtlarda erkak kishi hech kim aytmasada nafaqa bilan oilasini doimo ta’minlaydi. Erning oilasi uchun olib kelayotgan oziq-ovqati,  o‘z ayoli va farzandalari hamda ota-onasi uchun sotib olgan kiyim-kechaklari,  ularni turar joy bilan ta’minlashiga nafaqa deb nomlanadi. Ba’zilar o‘ylaganidek, nafaqa bu har oyda er tarafidan xotinga ajratiladigan maosh emas.
Endi er o‘z ayoliga qaysi turdagi nafaqalarni berishi kyerakligi haqida so‘z yuritiladi.  
Taom: bunga  oziq- ovqat, ichimik va ovqatga  qo‘shib yeyiladigan(sirka, yog‘ va shunga o‘xshash) narsalar hamda ovqat pishirish uchun ketadigan barcha narsalar kiradi. Hanafiylar kifoya qiladigan miqdorni vojib deb aytadilar.
Endi mana shu taom don, sabzavot, go‘sht holatida berilib ayol uni o‘zi pishirib oladimi yoki taomni pishgan, nonni tayyor holatida berishlik vojib bo‘ladimi?-degan savolga javob quyidagicha bo‘ladi:
        Bunda ayolning holatiga e’tibor beriladi. Agar ayolda xizmatdan man’ qiluvchi kasallik bo‘lsa, taomni tayyor holatda olib kelinadi. Ammo u o‘zi un qilishga, xamr qorishga va uni pishirishlikka qodir bo‘lsa, unga bu ishlarni bajarmoqligi kerak bo‘ladi va qilgan xizmati uchun haq olishligi halol bo‘lmaydi. Chunki urf ana shuni taqozo qiladi. Qachonki  urfda  shunga o‘xshash ayollar xizmat qilmaydigan non yopmaydigan, ovqat pishirmaydigan bo‘lsa bu ayol ham xizmat qilmaydi. Ammo buning aksi bo‘lsa odamlar orasida e’tirof etilgan xizmatni qilmoqligi vojib bo‘ladi. Ayollarning zimmasida ham erlarning zimmasida  bo‘lganidek insonlar orasida e’tirof etilgan haq va vojibotlar bor. Bu so‘zni Rasululloh (s.a.v.)ning Ali (r.a) va Fotima (r.a) oralarida uy ishlarini taqsimlab berganliklari ham qo‘llab quvatlaydi. Rasululloh (s.a.v.) Ali (r.a)ga ko‘cha ishlarini Fotima onamizga uy ishlarini topshirdilar. Fotima onamiz har kuni mashaqqatli uy ishlarini bajarar edilar. Chunki ular qo‘l tegirmonida un chiqarar edilar. Fotimai Zahro roziyallohu anho kim ekanliklari sir emas. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning jigargo‘shalari. Butun olamlar ayollarining sayyidasi. Hazrati Ali karramallohu vajhahuning jufti halollari. U kishi o‘z uylari xizmatlarini o‘zlari qilar edilar. Boshqa rivoyatlarda kelganidek, uy supurib kiyimlari chang bo‘lgan, suv tashib bo‘yinlariga meshkobning ipi botgan, qozonga o‘t yoqib vujudlarini tutun bosgan va tegirmonda un tortib, qo‘llari qavargan edi.
Ayol kishiga uy ishlarini qilishlik lozim bo‘lar ekan erning zimmasiga tozalash va xamr qorish asboblari, ko‘za, qozon, cho‘mich va shularga o‘xshash yeyish va ichish idishlarini olib berish lozim bo‘ladi. Taom tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan o‘tin, olov kabilar ham erning zimmasidadir. Bugungi  kunimizdagi  ehtiyojlarni  ana  shularga  qiyoslab  chiqarish mumkin.
Kiyim:  yetarli darajada bir sidra kiyim bosh doimo bo‘lishi kerak. 
Ayollarni kiyim bilan ta’minlab turishlik ham erlarning zimmasida bo‘ladi. Hanafiy va Shofe’iy mazhablarida bir yilda ikki marta bir sidra qishgi va yozgi kiyim olib beriladi deyilgan. 
  Erning zimmasiga ayol uchun tozalash vositalari, shahar ahlining odatiga ko‘ra taroq, yog‘, sidr, xitmiy, ishqor va sovunlar, dori-darmon hamda  xushbo‘yliklar olib berishi kerak bo‘ladi. Ammo xina va surma kabi pardoz vositalarini  unga lozim bo‘lmaydi, balki u erning ixtiyoridadir. 
Maskan: bunga uydan tashqari uy jihozlari, tozalash asboblari, gilam, to‘shak  va boshqa  kerakli  jihozlari kiradi. Bundan tashqari bu maskan erning ahlidan biror kishi (masalan, onasi kabi) yashamaydigan alohida bir xona bo‘lishi kerak. Erning hovlisida alohida qulfi bor xona bo‘lsa, ya’ni bir hovlida bir necha xonalar va unda yashaydigan boshqa kishilar bo‘lsa ham alohida yashashga lozim qulayliklari bor xona bo‘lsa, ayolning eridan boshqa uyni talab qilishga haqqi yo‘q. 
Shuningdek, er ayolini ona-onasi va qarindoshlarini ko‘rgani borishiga ruxsat beradi. Nechchi kunda bir boriladi deyilsa, bunda yoshayotgan shahar yoki qishloqdagi urf-odat e’tiborga olinadi. Masalan,  shu shahar ayollari har o‘n besh kunda o‘z uylariga boradigan bo‘lsa, bu ayol ham kamida  o‘n besh kunda, agar bir oyda bir marta borish urf bo‘lsa bir oyda boradi. 
Yuqorida belgilangan ko‘rsatmalardan tashqari erlarning ayollariga olib berayotgan narsalari,   kengchiliklari vojib amal bo‘lmasada diyonatan ajru savob umidida o‘z ahllari va yaqinlariga  xursandchilik ulashish, mehr-muhabbatni oshirish uchun bo‘lib ixtiyoriydir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, oila mustahkamligini ta’minlashda nafaqaning o‘rni beqiyos. Erkaklar o‘z zimmalaridagi vojib amalga mas’uliyat bilan yondoshsalar, o‘zlarining moddiy  holatlarini e’tiborga olib, ahli ayolini zarur nafaqalari bilan ta’minlab, o‘zgaga muhtoj qilib qo‘ymasalar,  ayollar ham o‘z navbatida erlaridan keragidan ortig‘ini talab qilavermasalar oilalarda tinch-totuvlik, xotirjamlik, saodat hukm suradi. Oxiratda esa har ikkalalari ham ulkan ajru savoblarga ega bo‘ladilar.
                                                                      

  Xadichai kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus ta’lim
                                                                                                muassasa o‘qituvchisi Muxamedxodjayeva S.
                                                                                                                       

 

 

Другие новости

Islomda Ayol
10.10.2024 1
Islom dinida ayol va erkak yaratilish jihatidan bir-biridan farq qilmaydi. Shu sababli oyatlar “Ey odamlar” yoki “Ey iymon keltirganlar” degan murojaat bilan boshlanadi. Bu ifoda ham ayollarni, ham erkaklarni qamrab...
Подробнее
Ayol: tarix, islom va bugun
08.10.2024 3
Tarixda ayolning o‘rni doim bahs mavzusi bo‘lib kelgan. Ayol ba’zan shunchalik qadrsiz ko‘rilganki, uni odam o‘rniga ham qo‘ymaganlar, ba’zan esa uni ulug‘lashgan. Ba’zi sivilizatsiyalar ayolni baxtsizlik ramzi deb bilgan bo‘lsa,...
Подробнее
Buyuk Muallimga muhabbat
01.10.2024 9
Buyuk Muallimga muhabbatBizlarni Muhammad (sallohu alayhi vasallam) ning ummatlari bo‘lishdek sharafga muyassar aylagan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.Alloh taoloning roziligiga erishish yo‘llarini mukammal tarzda bizga ta’lim bergan habibimiz Rasululloh...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry