26.02.2024
174

Namoz - nurdir!


Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
”Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni namozni zikr qilib, shunday dedilar:” Kim uni (namozni) muhofaza qilsa unga qiyomat kuni nur, burhon va najot boʻladi. Kim uni muhofaza qilmasa unga nur ham , burhon ham, najot ham boʻlmaydi va Qiyomat kuni Qorun, Fir’avn, Hamon va Ubay ibn Halaf bilan birga boʻladi”. (Ahmad rivoyati)

Sharh: Namoz- Islom dining 5 ustunidan biri, Qur’on va sunnat orqali barcha moʻmin-musulmonlarga farz qilingan muhim ibodatdir. Ushbu hadisdan namozning qanchalar muhim arkon ekanligi koʻrinib turibdi. Keling, hadis matnidagi soʻzlarni birma-bir tahlil qilib chiqish orqali uning ma’nosini yanada chuqurroq anglashga harakat qilamiz.

Namozni muhofaza qilish- bu unda bardavom boʻlish, doimo oʻz vaqtida oʻqish, farzlari, sunnatlari va odoblariga rioya qilish demakdir. Alloh taolo Ma’un surasida shunday deydi:

“Shunday namozxonlarga vayl boʻlsinki, Ular namozlarini unutuvchilardir”

Shuningdek, Niso surasi 103-oyatda:

“Albatta, namoz moʻminlarga vaqtida farz qilingandir” , deya marhamat qilgan.

Endi esa namozini muhofaza qilgan moʻminlar uchun qiyomatda beriladigan ajrlar haqida toʻxtlalamiz.

Nur- bu dunyoda moʻminlarning yuzlari va qalblarida, keyin esa qabrda, shuningdek qiyomatda, sirot koʻprigida beriluvchi nurdir. Alloh taolo Hadid surasida shunday marhamat qiladi:

“Moʻmin va moʻminalarni ularning oldilarida va oʻng taraflarida nurlari harakat qilayotgan holda koʻrgan kuningda, Sizlarga bugungi kunning xushxabari, daraxtlari ostidan suvlari oqib turgan jannatlardir. U joyda abadiy qolajaksiz. Bu esa aynan ulkan yutuqdir (deyilur)”.

Ulugʻ sahobiy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytganlaridek, kimningdir nuri togʻdek, kimniki xurmodek, yana kimniki tik turgan kishidek, eng oziniki bosh barmogʻidek boʻlib, bir oʻchib-bir yonib turadi. Shu holda sirotdan oʻtishga harakat qiladilar.

Burhon- aslida quyosh atrofidagi asl yorugʻlik degani boʻlib, quyoshning yorugʻligi barcha narsani qanday ravshan koʻrsatsa, hujjat-dalil ham insonga haqiqatni shunday ochiq-oydin koʻrsatgani sabab burhon deb atalgan. Demak, namoz qiyomatda sohibiga shunday aniq hujjat-dalil boʻlar ekan.

Endi esa buning aksi oʻlaroq, namozini muhofaza qilmagan bandalar qiyomatda qay holda boʻlishlari haqidagi xabarga toʻxtalamiz. Ular:

“Qiyomat kuni Qorun, Fir’avn, Hamon va Ubay ibn Halaf bilan birga boʻladi”. 

Xoʻsh, Qorun, Fir’avn, Hamon va Ubay ibn Halaf oʻzi kim? Bu savolga Qur’oni Karimdan javob topamiz:

“Qorun, Fir’avn va Hamonlarni (ham halok qildik). Batahqiq, Muso ularga ochiq-oydin hujjatlar keltirdi. Bas, ular yer yuzida mutakabbirlik qildilar va qochib qutulguvchi boʻlmadilar” (Ankabut,39)

Fir’avn- Muso alayhissalomni yolgʻonga chiqarib, Hudolikni da’vo qilgan va natijada Alloh suvga gʻarq qilgan zolim hukmdor boʻlganini yaxshi bilamiz. Oyatda Fir’avn bilan birga zikr qilingan Qorun esa Alloh taolo unga kalitlari bir qancha baquvvat yigitlarga ham ogʻirlik qiladigan darajadagi mol-dunyo, xazinalarni bergan, ammo u shukr qilish oʻrniga “Menga u faqatgina oʻzimdagi ilm tufayligina berilgandir” deya tugʻyonga ketgan badbaxtdir. Natijada, Alloh taolo uning oʻzini ham, hovli-joyini ham yerga yuttirgan edi. Oyatda zikri kelgan uchinchi kishi esa Fir’avnning amaldorlaridan boʻlgan Homon edi:

“Fir’avn:”Ey odamlar, men sizlar uchun oʻzimdan boshqa biror ilohni bilmasman. Bas, ey Homon, loyni pishirib, (gʻisht quyib) men uchun bir baland minora bino qil, shoyadki, men (uning ustiga chiqib) Musoning ilohini koʻrsam. Men uni yolgʻonchilardan deb oʻylamoqdaman”,dedi”(Qasos,38)

Demak, yuqoridagi uch kishilarning bari mutakabbirligi va nodonligi sabab Allohning gʻazabiga uchragan odamlar ekan. 
Endi Ubay ibn Halafga kelsak, u Makka mushriklaridan boʻlib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga juda koʻp ozor berar edi. U Makkada Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning oldilariga kelib:” Ey Muhammad, mening bir otim bor, har kuni bir paqir don berib boqyapman. Seni shu otimning ustida turib oʻldiraman”, der edi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa:
”Yoʻq, aksincha men seni oʻldiraman, insha Alloh”, deb javob qaytarar edilar.

Darhaqiqat, Uhud kuni Ubay ibn Halaf Rasululloh alayhissalomga hujum qilmoqchi boʻlganda, U Zot bir nayza olib, oʻmroviga sanchib oldilar. Nayza sanchilgan yerdan hatto qon ham chiqmadi, ammo Ubay shu qadar oʻkirdiki, sheriklari hayron boʻlib:
”Namuncha besabrlik qilasan, ozgina tilinibdi xolos?” , deyishdi. Shunda Ubay:
” Agar mendagi ogʻriq butun Zulmajozdagilarga boʻlib yuborilganda, ularning barchalari oʻlib ketishardi”, dedi. Shu tariqa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni oʻldirish bilan tahdid qilgan bu badbaxt Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qoʻllarida oʻldirilgan yagona inson boʻlish “sharafi”ga noyil boʻldi va jahannam sari yoʻl oldi.

Ey Robbimiz, oʻzing barchamizni Qiyomat kuni bu kabi badbaxtlar bilan birga boʻlishdan asra, namozni qalbimizga shunday bir nur qilginki, u nur qiyomatda qadamlarimizni yoritsin, foydamizga hujjat boʻlsin va yomonliklardan najot boʻlsin! 
Ey Robbimiz, bizni va zurriyotlarimizni namozni toʻkis ado etadiganlardan qilgin. Ey Robbimiz, duoyimizni qabul et.
Hadis fani o‘qituvchisi Joziba. Jamol qizi

Другие новости

Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”
17.10.2024 39
Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”ЖамиятТанлашРўйхатдан ўтингЧоп этиш11:56 / 17.10.2024Давлатимиз раҳбари ташаббуси билан Тошкент ва Хива шаҳарларида ўтказилган “Ислом – тинчлик ва эзгулик дини”...
Подробнее
ИСЛОМ – ТИНЧЛИК ВА ЭЗГУЛИК ДИНИ
15.10.2024 42
Тинчлик қарор топган юртда хотиржамлик ҳукм суради, жамиятда ҳар томонлама юксалиш бўй кўрсатади. Мамлакат тараққиёти, фаровонлиги, юрт аҳлининг тумуш ободлиги осойишталик туфайлидир.Шу нуқтаи назардан айтиш жоизки, давлатимиз раҳбарининг ташаббуси билан...
Подробнее
Ислом – маърифат, тинчлик, эзгулик дини Жамият
14.10.2024 41
Шу йилнинг 15-16 октябрь кунлари Тошкент ва Хива шаҳарларида “Ислом – тинчлик ва эзгулик” дини мавзусидаги халқаро конференция бўлиб ўтади. Ислом динининг пок ва маърифатга йўғрилган, тинчликпарвар ғояларини кенг тарғиб...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry