Berilgan ne‘matlarni qadriga yetaylik!
Berilgan ne‘matlarni qadriga yetaylik!
Vatan – insonning tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan joyidir. Bolalik, yoshlik davri o‘tadigan, ta’lim-tarbiya topadigan joydir. Safar qilsa, mudom qo‘msaydigan joydir. Vatanni sevish, uning ravnaqi, tinchligi yo‘lida xizmat qilish, uni yomon ko‘zdan, qora kuchlardan himoya qilish, uning sha’nini yuqori ko‘tarish – bularning barchasi Alloh subhanahu va taologa bo‘lgan muhabbatimizning, U Zotning habibi, Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatimizning mahsulidir. Zero, Alloh subhanahu va taolo bu tuyg‘uni insonning fitratiga qo‘shib yaratgan. Bu tuyg‘u nafaqat insonda, balki boshqa mahluqotlarda ham bor. Vatanni yaxshi ko‘rish, vatanni qo‘msash tinchlikka intilish tuyg‘usi jonivorlarda ham bor. Baliq suvga, hayvon o‘zining iniga, hasharot uyasiga intiladi. O‘sha aqli yo‘q jonivorlar ham, tinchlikni ne’mat biladi, xatto hasharotlar ham o‘zining uyini taniydi, uni quradi, unda jufti bilan yashab, naslini davom ettiradi, zarur paytda vatanini himoya qiladi. Shunday ekan, aqlu zakovat, tafakkur ato etilgan, borliqdagi mavjudotlarning gultoji bo‘lgan insonda esa bu tinchlik tuyg‘u yuksak darajada rivojlangan bo‘lishi lozim.
Payg‘ambarimiz (sav) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy va Imom Termiziy).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim. Ulug‘ ne’mat - mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikdan xotirjamlikka berilish, ogohlik va sezgirlikni yo‘qotishga mutlaqo haqqimiz yo‘q. Uni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi, deganlar qattiq yanglishadi. Bu yo‘lda barchamiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. O‘z uyingni o‘zing asra, degan gapda hikmat ko‘p, uning ma’nosi keng. Zero, tinchlik uchun doimo kurashish kerak, uni hech kim yaratib bermaydi. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi
Afsuski, Alloh taoloning ulug‘ ne’mati bo‘lmish tinchlikdan hamma ham barobar bahramand emas. Chunki, dunyoning turli burchaklarida terrorchilar tomonidan nohaq qon to‘kilishlar sodir etilmoqda. Shunday mudhish voqealarnining qabih niyatli buzg‘unchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi butun dunyo tinchliksevar xalqlari qatori O‘zbekiston xalqining ham qalbini larzaga soladi. Shuning uchun ham biz doimo tinchlik va mehr-oqibatni o‘zida mujassam etgan muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo‘htonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga to‘g‘ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilamiz. Shuningdek, islom dinini niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan harakat va kuchlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini yana bir bor ta’kidlaymiz.
Tinchlik ulug‘ nemat deb elon qilgan dinimizda bu yo‘lda nafaqat amal bilan, balki so‘z bilan ham zarar keltirishdan qaytarilgan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qilganlar: “Haqiqiy musulmon bu musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lishliklaridir”.
Darhaqiqat, musulmon kishi jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘rmog‘i, yomonliklardan tiyilmog‘i va boshqalarga aziyat berishdan yiroq bo‘lmog‘i zarur. Bu bejiz emas, albatta. Zero, so‘z, ya’ni tildan yetadigan ozor qo‘ldan yetadigan zarardan avval zikr etilishi, qo‘l bilan boshqalarning faqat bu dunyosi-salomatligi, oilasi, mulkiga zarar yetkazish mumkinligiga, til bilan insonlarni turli buzg‘unchi g‘oyalarga targ‘ib qilish, ularni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itish orqali ikki dunyosini barbod etish mumkin.
Urushlar tufayli insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, odamgarchilik unutiladi, boshlangan xayrli ishlar, ulug‘ maqsadlar o‘lda-jo‘lda qolib ketadi. Barchaning hayotidan huzur-halovat, turmushidan orom-farog‘at ko‘tarilib ketadi. Shuning uchun ham Alloh taolo bandalarini bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan urushlar chiqarishdan, tor manfaatlar yo‘lida bir-birlariga qurol ko‘tarishdan qaytargan. Buyuk Parvardigorning amrlaridan chekingan insonlar bir-birlariga qurol ko‘tarib jang qilishadi, qanchalab odamlarni halok qilishadi yoki asir olib xo‘rlashadi.
Dunyoda urush olovi yoqilib turgan mamlakatlarni oling, qanchadan-qancha begunoh kishilarning halok bo‘layotganini guvohi bo‘lasiz. Birgina Afg‘onistonda bo’layotgan notinchliklar,vahimalar bizni tinch va osoyishta yashayotganimiz uchun yanada ko’proq shukr qilishga chorlaydi.
Insoniyat boshiga katta kulfatlar keltirgan, qanchalab qurbonlarga, vayrongarchiliklarga, bolalarning yetim qolishiga sabab bo‘luvchi bu urushlar odatda bir hovuch urushqoq kimsalarning istagi yoki manfaati bilan boshlanib ketadi. Ular urushlar bahonasida o‘zga yurtlarni bosib olib, tabiiy va moddiy boyliklarini tashib ketishadi, urush qurollarini urushayotgan tomonlarga pullashadi, urushlarni ro‘kach qilib, o‘zlaridagi muammolar va jinoyatlardan o‘z xalqlarining fikrini chalg‘itishadi Qur’oni karim urush chiqarish yo‘lidagi fitnani qotillikdan ham yomon jinoyat hisoblagan. Dinlarning birortasi zulmni, qotillikni, xunrezlikni, odam o‘ldirishni yoqlamagan, aksincha, mehr-oqibatli, sulhparvar, insonparvar, rahm-shavqatli bo‘lishga chorlagan.
Islom dini musulmonlarga faqat dinu diyonat va hayotlariga boshqalardan tajovuz bo‘lgandagina ularga qarshi Alloh yo‘lida kurashishga ijozat etgan. Demak, xalqlarning har xilligi urushish, janjallashishi uchun emas, balki bir-birlari bilan tanishishlari, bitta zamin ustida ahil-inoq yashashlari uchun ekan. Binobarin, bir ota va bir onadan tarqalgan insoniyatning bir-biri bilan Alloh taqiqlagan ishlar tufayli urushib-talashib yurishi Islom diniga hilofdir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham ko‘plab hadislarida bu g‘oyani ilgari surganlar: “Bir-biringizning qoningiz va obro‘yingizni to‘kishingiz, mol-mulkingizga tajovuz qilishingiz barchalaringizga haromdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). U zot sallallohu alayhi vasalam yana bir hadislarida: “Hech kim birodariga qurol o‘qtalmasin, chunki shayton vasvasa qilib jahannam qa’riga yetaklayotganini bilmay qolishi mumkin”, deganlar. Boshqa bir hadisi sharifda: “Men vafot etganimdan so‘ng bir-birlaringizning bo‘g‘ziga tig‘ uradigan kofir bo‘lib ketmanglar”, deyilgan. (Imom Buxoriy rivoyati).
Barchamiz ona Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetib, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun o‘z hissamizni qo‘shib, el-yurt taqdiri, kelajagi uchun qayg‘urib umrguzaronlik qilaylik. Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, beg‘ubor osmon, osoyishta hayot, hotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror aylasin, jannatmakon yurtimizni tinch, mehnatkash xalqimizni farovon, osmonimizni musaffo etsin.
Tinchlik bardavom bo‘lishi uchun bizdan talab qilinadigan narsa, ushbu ne’matga shukr keltirish va tinchlikka rahna soluvchi kuchlarga beparvo bo‘lmasligimizdir. Agar bu ne’matga shukr qilinmasa, Alloh taolo buning o‘rniga xavf-xatarni almashtirib qo‘yadi, bundan Allohning o‘zi asrasin!
Xadichai Kubro ayol-qizlar o’rta maxsus ta’lim muassasasi o’qtuvchisi Joziba Jamol qizi