01.01.2026
1

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan nasriy va  nazmiy asarlar tahlili

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan nasriy va  nazmiy asarlar tahlili

       XIX asr oxirlaridan boshlangan milliy uyg‘onish davri bosqichiga kelib endi she’riyatdagi mavzu ham, uslub ham keskin o‘zgardi. Agar jadid she’riyatining birinchi bosqichi 1905-1917-yillar oralig‘i deb belgilansa[1],  shu qisqa vaqt ichida yuz bergan jarayon ko‘p asrlik an’ana qolipini parchalab yubordi. Bu bosqich she’riyatda “tajriba bosqichi” bo‘ldi va u ifodaning to‘porilikdan jozibadorlikka o‘tishiga zamin hozirladi. “Kuydan da’vatga”[2] aylangan bu davr she’riyatini ma’rifiy ruhdagi she’rlar bayozi, deyish mumkin. Unda “erkinlik”, “taraqqiyot”, “ma’rifat” mavzulari qizil chiziq bo‘lib o‘tganini ko‘ramiz. Mutaxassislar XX asr boshlaridagi jadid adabiyotini “badiiyatiga ko‘ra u qadar yuksak emas”[3] - deb baholashadi. Bu xususiyat, ayniqsa, she’riyatda ko‘proq sezilib turadi. Buning bir qancha sabablari mavjud: 

1. Hissiyotni badiiy tarzda yetkazish Sharq xalqlari uchun an’ana. Lekin fikrni shu yo‘l bilan yetkazilganda badiiylikka putur yetishi turgan gap.

2.Tanlangan mavzu yo‘nalishiga qarab (ilmga chaqirish, illatlarni tanqid qilish, ijtimoiy fikrni singdirish) shoirdan keskin va oddiy ifodalarni qo‘llash talab qilinadi. Shu bois jadid she’riyatida poyetik hashamdorlikdan qochish va maqsadga yaqin yo‘l bilan yetishga urinish yetakchilik qiladi.

3. XX asrga kelib badiiy shakldan ko‘ra badiiy mazmun birlamchi kuchga aylandi: qanday yozish emas, nimani yozish muhim bo‘lib qoldi. Shu bois “yalang‘och da’vat va chaqiriqlar” badiiylikni “shiorbozlikka almashdi”. 

4. Jadid adabiyotining dastlabki namunalari “o‘tish davri” (1905-1917-y.) mahsuli hisoblanib, yangi janr, yangi uslubga ishlov berish davomida sayqallandi. XX asrning 20-yillariga kelibgina u “har jihatdan to‘laqonli adabiyotga aylandi”[4]. XX asr adabiyoti va adabiy manzarasi jadid matbuotida to‘la-to‘kis aks etgan. “Oyna” sahifalari ham bu jarayondan chetda qolmadi. Jurnal o‘z faoliyati davomida ko‘plab she’riy materiallarni nashr etgan. Ular o‘zbek (70%) va tojik (30%) tillarida yozilgan ma’rifiy hamda diniy, ijtimoiy she’rlarni o‘z ichiga oladi. Jurnalda Vasliy, Nusratilla Qudratilla, Faxriddin Rojiy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Hoji Muin Shukrulla, Sadriddin Ayniy, Nigorxonim, Mahmud Akram, Tavallo, Vahobiy, Kavkabiy, O‘shiy kabi mualliflar muntazam ishtirok etib borishgan. Mualliflar doirasiga e’tibor berilsa, Turkistonning turli hududlaridagi, shu bilan birga, turk, afg‘on, eron, tatar shoirlarining ham faol qatnashganliklariga guvoh bo‘lamiz. She’rlarning aksariyati ma’rifiy mavzuda bo‘lib, masnaviy shaklida bitilgan. Shu o‘rinda she’rlarni janr xususiyatiga va mavzusiga ko‘ra tasniflashga zarurat tug‘iladi. She’rlarning janriga ko‘ra tasnifi quyidagicha: 

Gʻazal[5]. Jurnalda miqdor jihatidan g‘azal janri eng ko‘p uchraydi. Lekin ularning barchasini ham g‘azal janri talablariga javob beradi, deb bo‘lmaydi. Buning bosh sababi vazn bilan bog‘liqdir. “Oyna” nashrda bo‘lgan yillar (1913-1915) she’riyatda aruz vazni yetakchilik qilgan bo‘lsa-da, bu davrda aruz vaznida buzilishlar ro‘y berayotgan edi. Bu o‘zgarishlar misradagi hijolar sifati (cho‘ziq-qisqaligi) va miqdorining buzilishida ko‘rinadi. Bu esa bir g‘azalni bitta bahr bilan nomlash imkonini bermaydi. Misol uchun, jurnalda e’lon qilingan g‘azallardan ayrimlarini ko‘rib o‘tish mumkin:

 O‘lub ahvoli ummat munsalib sidq-u sadoqatdan,

Jaholat zulmati bosdi bizi ushbu razolatdan[6].

 Ushbu g‘azal boshlanishidan hazaji musammani solim bahriga mos tushgan. To‘rtinchi baytga kelib, aruz vaznidan chiqish holati yuz bergan:

Bu Sharq ahlini kirdikori erur g‘aflatla sarxushlik,

Hujum aylab ezaverdi bu sarxushlik safolatdan. 

Birinchi misradagi “sharq” so‘zi o‘ta cho‘ziq hijo bo‘lib, bunday hijo, odatda, misra so‘ngida qo‘llaniladi. Misradagi birinchi ruknning birgina cho‘ziq hijoga kamligi vaznni “izdan chiqargan”. Hijolar sifati va miqdorining buzilishiga sabab bo‘luvchi yana bir hodisa ijtimoiy, ma’rifiy she’rlarga baynalmilal so‘zlarning kirib kela boshlaganidir. Gʻazta, gimnoziyo, ayroflut, kontrul, tilg‘irom kabi so‘zlar har doim bir xil shaklda yozilmagan. Talaffuzga moslab bir necha xil variantlarda yozib ketilgan. Bundan vaznga shikast yetgan:

Bersa ustul o‘tur, qimirlama deb,

 Yotamiz chalqa, o‘lturolmaymiz. 

Konturollar kelib belat so‘rasa,

Biz yo‘qotgan belat topolmaymiz.

Noshiri g‘azta, Bek Ismoil afandikim erur, Cho‘q raso fikru fasih ham zabondon “Tarjumon”. Jurnalda fors tilidagi g‘azal namunalari uchramadi. Mavjud forscha she’rlarning aksariyat qismi masnaviy shaklida yozilgan. Ko‘rilganidek, she’r yozishda vazn talablariga har doim ham to‘liq amal qilinavermagan

“E’tirof” (Hoji Muin) she’riga Kamiy muxammas bog‘lagan va bu muxammas ham “Oyna”da e’lon qilingan. Ushbu muxammas 6 banddan iborat. “E’tirof” she’ri 12 baytdan iborat bo‘lib, Kamiy uning 1-,5-,6-,10-,11-,12-baytlarinigina olgan: 

Der “Kamiy”, jonlar, uyg‘oning emdi, 

Yig‘labon, qonlar, uyg‘oning emdi, 

Chekub afg‘onlar, uyg‘oning emdi, 

Ey musulmonlar, uyg‘oning emdi,

 Dard uchun tarmashing davolarg‘a.

 Bundan tashqari, jurnalda Fuzuliyning she’riga bog‘langan muxammas ham keltirilgan bo‘lib, Abbosiy qalamiga mansub. “Oyna” sahifalaridan Mirzo Siroj va Ismoil Gasprinskiy vafoti munosabati bilan yozilgan marsiyalar o‘rin olgan. Ularda marsiya yozish an’anasiga ko‘ra marhumning millat oldidagi xizmatlari, yaxshi fazilatlari eslangan, muallif o‘zi va millatdoshlarining qayg‘u-nadomatlarini bayon etgan. Ular g‘azal, murabba’ janrida, ba’zilari masnaviy shaklida yozilgan. “Oyna” jurnalida uchraydigan she’riy matnlarning mavzu yo‘nalishiga ko‘ra tasnifi:

1. Ishqiy she’rlar. “Oyna” jurnalida an’anaviy oshiqona she’rlar juda oz qismni tashkil qilgan. Borlari ham badiiy jihatdan u qadar yetilmagan. Xuddi shunday she’rlarga misol qilib muallif Sayid Vahbiy, Ismoil Safo, Xoib Andijoniy, muallim Tojiyning she’rlarini keltirish

 2. Ma’rifiy mavzudagi she’rlar o‘z ichiga jadidlarning barcha bosh g‘oyalarini singdirib ketgan. Bu kabi she’rlarda Ovrupo bilan Sharqni solishtirish, musulmonlarning ilm va madaniyatdagi avvalgi mavqelarini eslab o‘tish o‘rinlari ko‘p uchraydi. Mana shu “dastak” ma’rifiy she’rlarga tanqidiy ruh bergan. Dunyoviy ilm-fanga da’vat, beparvo, beilm vatandoshlarini g‘aflatdan uyg‘otishga harakat motivi bu yo‘nalishdagi she’rlarda bir-biriga ko‘chib yurgan. Ma’rifiy mavzudagi she’rlarning debochasi millatdoshlarga xitob bilan boshlanib, she’r so‘ngida shoirning zamonadan, zamondoshlaridan qoniqmayotganligiga ishora berib o‘tish bilan yakun topadi.

3. Ijtimoiy-siyosiy mazmundagi she’rlar. Bunday she’rlar nisbatan ehtiyotkorlik bilan va “pardalab” yozilgan. Saylov munosabati va Oq poshshoga duo tarzida uchrovchi she’rlarni bir qarashda mavzusini belgilash oson. Lekin jurnalda shunday she’rlar borki, ularda sarlavha boshqa, ichki mazmun boshqa. Bu masalaga Rajabzoda Niyoziyning “Shodliq she’r”[7] ini misol keltirish yetarli. Bu she’rda sarlavhadan keyin “Millatimga” deb nomlangan ichki nomlanish berilgan. She’rning mavzusini xaspo‘shlash maqsadida (Ramazoni sharif munosabatida) deb izoh ko‘rsatilgan. She’r ko‘tarinki ruhda, g‘alabaga ishonch kayfiyatida, hurriyat uchun qulay imkon kelganiga ishora tarzida yozilgan:

Bu kun kabi shodlik kunlar bo‘lur siyrak, 

Bu kunning qadrini bilmak kerak. 

Qo‘limizdan kishan, zanjir olinganda,

Qo‘zg‘olayluk, afandilar, biz tezrak.

 Jurnalda nashr etilgan yuqoridagi kabi she’rlarning g‘oyaviy jihatlariga, ya’ni parda ortidagi haqiqatga nazar tashlash adabiyotga kirib kelgan davr nafasini yanada o‘tkirroq tasvirlab beradi. 

4.Diniy mavzudagi she’rlarga misol sifatida Ramazon oyi, Qadr kechasi, mavludi sharif to‘g‘risidagi hamda biror kishining vafoti munosabati bilan yozilgan namunalarni keltirish mumkin[8].


 

[1] Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. – Toshkent: Ma’naviyat, 2002. –B 112.

[2] Yo‘ldoshev Q. Yoniq so‘z. – Toshkent: Ma’naviyat, 2006. –B 159.

[3] Qosimov B. Milliy uyg‘onish. jasorat, ma’rifat, fidoyilik.  – Toshkent: Ma’naviyat, 2002. –B 90.

[4] Qosimov B. Milliy uyg‘onish: jasorat, ma’rifat, fidoyilik. – Toshkent: Ma’naviyat, 2002. –B 110.

[5] Abdurashidov Z., Egamqulova N. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Oyna. – Toshkent:  Muharrir, 2019. –B 70.

[6] МуллаУбайдулла ХўжасСулаймоний. Тасассуф. // Ойна. –Тошкент, 1914. №18. –Б 58. 

[7] Ражабзода Ниёзий Шодлиқ. // Ойна. – Оренбург, 1914. № 38.  –Б 70.

[8] Садриддин Айний Ё Рабб. – Тошкент, 1913. №7. –Б 137.

Другие новости

Gunohlarning katta va kichik guruhlarga tasniflanishi
19.12.2025 8
Gunohlarning katta va kichik guruhlarga tasniflanishi Insonni yo‘qdan bor qilgan va mavjudodlari ichida mukarram aylagan zot -Alloh taolodir. Alloh taolo insonga ham aql, ham nafs istaklarini bergan. Nafsi aqlidan ustun...
Подробнее
Hidoya asaridagi dalil keltirish uslublari
18.12.2025 8
Hidoya asaridagi dalil keltirish uslublari“Hidoya” asarini mutolaa qilgan kishi biror fiqhiy masalaga Imom Marg‘inoniy boshqa faqihlar kabi Qur’oni Karim, sunnat, sahobalarning osorlari, ijmo, qiyos, istehson kabi bir nechta dalillar keltirganining...
Подробнее
Rofiziy firqasining imomat masalasi bayoni
17.12.2025 9
Rofiziy firqasining imomat masalasi bayoni Islom dini - insoniyat tarixida eng buyuk ma’naviy uyg‘onish harakatlaridan biri bo‘lib, uning asosiy manbalari Qur’oni karim va Rasululloh Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning sunnatlaridir. Tarix...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry