29.04.2024
230

O'lganlar ortidan yaxshiliklar qilish….

 

Inson vafot etganidan soʻng uni yoʻqlab turish, uning xayrli amallaridan oʻrnak olish, xatolaridan ibrat olib takrorlamaslikka harakat qilish musulmonlikning ajoyib koʻrinishlaridan biridir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Oʻlganlaringizning yaxshi xislatlarini eslanglar, ularning yomonliklarini gapirishdan tilingizni tiying!”, deb marhamat qilganlar (Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari).
Dunyodan oʻtib ketganlarni yoʻqlab turishning bir vositasi ular nomidan xayr-ehsonlar qilish, Qurʼon tilovat qilib, ruhlariga bagʻishlashdir. Ahli sunnat va jamoat taʼlimoti shuki, oʻtganlar ruhiga bagʻishlangan tilovatlar va xayr-ehsonlar ularga foyda beradi va savoblar yetib boradi. Bunga Abu Hafs an-Nasafiy rahimahullohning “al-Aqoid an-nasafiya” asaridagi: “Tiriklarning oʻliklar uchun qilgan duo va sadaqalarida ular uchun foyda bordir. Alloh taolo duolarni ijobat qiladi va hojatlarni ravo qiladi”, degan qoidani keltirish mumkin. Taniqli hanafiy olimi Sirojiddin al-Oʻshiy rahimahullohning “Badʼ ul-amoliy” nomli moturidiylik aqidasiga bagʻishlangan qasidasida bunday deyilgan:
و للدعوات تأثير بليغ، و قد ينفيه أصحاب الضلال
“Duolarda yetuk taʼsir bor, uni zalolatdagi odamlargina inkor qiladilar”.
Islom asoslari va manbalarini sinchiklab o‘rganilsa, Qur’on tilovati savobini o‘tganlarga bag‘ishlash shariat ko‘rsatmasi ekani ma’lum bo‘ladi. 
Alloh taolo shunday deydi:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ
Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O’zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin”
“Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar” deyilganda Islom ummatining ilk avlodi – sahobalardan keyingi musulmonlar, umuman olganda, musulmonlarning keyingi avlodlari nazarda tutilgan. Demak, Islom ummatining xususiyatlaridan biri shuki, ularning keyingi kelganlari oldin o‘tganlarini yaxshilikda yodga olib, haqlariga xayrli duolarda bo‘ladilar. Ushbu ilohiy ta’lim asrlar osha musulmon olamida amalda joriy bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, o‘tganlarning nomidan yaxshi amallar qilib, savobini bag‘ishlash ham bevosita Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning tavsiyalari bilan shariatimizda joriy qilingan. 
Shuningdek, ular quyidagi hadisni savobning marhumlarga yetib bormasligiga dalil qilib keltiradilar
Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam): 
“Odam bolasi o‘lsa, uning uch narsadan boshqa amallari to‘xtaydi: Sadaqai joriya, unga duo qiladigan solih farzand va undan keyin manfaat olinib turiladigan ilm!"- deganlar. (Muslim rivoyat qilgan). 
 Bu hadisda o‘lgan insonlarga savob bag‘ishlash mumkin emas, degan xulosa chiqmaydi. Balki, inson o‘z xohishi bilan amal qilib savob orttirish yoki gunoh qilish qobiliyatidan uziladi. Xohlasa ham amal qila olmaydi. Lekin bu hadisda boshqalarning savobi mayyitga yetmaydi, degan ma’no yo‘q, aksincha kishiga boshqaning amali tufayli, ya’ni, duo qiladigan solih farzandlari sabab savob yetib turishi ta’kidlanmoqda. 
Burhoniddin Marg‘iloniy o‘zining “Hidoya” asarida inson qilgan xayrli ishlari savobini o‘tganlarga bag‘ishlash joiz ekanligiga dalil sifatida Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning ikki ola qo‘chqorni qurbonlik qilib, birini o‘zlaridan, ikkinchisini Allohning yagonaligiga iqror bo‘lib, u zotning risolatni yetkazganliklariga guvohlik beradigan butun ummat nomidan qilganlari haqidagi hadisni keltiradi. (Ibn Moja, Oisha va Abu Hurayra (roziyallohu anhumo)lardan rivoyat qilgan). Bu yerda qurbonliklarning birini ummat nomidan qilganlari savobni boshqalar haqiga bag‘ishlash joiz ekanini ko‘rsatadi. 
Undan tashqari Alloh taolo:
فَاغْفِرْ لِلَّذِينَ تَابُوا وَاتَّبَعُوا سَبِيلَكَ وَقِهِمْ عَذَابَ الْجَحِيمِ
“...Bas, tavba qilgan va yo‘lingga ergashgan kishilarni mag‘firat et va ularni do‘zax azobidan saqla!
hamda
وَاسْتَغْفِرْ لِذَنْبِكَ وَلِلْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ 
“...O’z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!” oyatlaridagi mag‘firat so‘rash ham o‘tganlar haqiga qilingan duoi xayr bo‘lib, bu ishning joizligini yana bir bor isbotlaydi.
Bu mavzuga oid diniy ta’limotlarni chuqur o‘rgangan ulamolar Qur’on tilovat qilib, savobini o‘tganlarning haqqiga bag‘ishlash ham mazkur shar’iy ko‘rsatma ostiga doxil ekanini ta’kidlaydilar. Quyidagi hadislar ham aynan Qur’on tilovat qilib o‘tganlarga bag‘ishlash joiz, balki mustahab ekanligini ko‘rsatadi.
عن علي بن أبي طالب قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: من مر على المقابر وقرأ قل هو الله أحد إحدى عشرة مرة، ثم وهب أجره للأموات أعطي من الأجر بعدد الأموات
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Kim qabristondan o‘ta turib, Ixlos surasini o‘n bir marta o‘qib, savobini vafot etganlarga bag‘ishlasa, vafot etganlar sonicha unga savob beriladi” dedilar.

Tayyorladi: 3-kurs talabasi O.Orifjonova 
Mas’ul ustoz: S.Muxamedxo’djayeva

Другие новости

MUSULMONLARNING BOSHQA DIN VAKILLARIGA BO'LGAN MUNOSABATLARI
01.05.2025 7
Qur’oni karimda ham hadislarda ham boshqa din vakillariga qanday munosabat qilish lozimligi haqida ko’plab ko’rsatmalar kelgan. Islom dini tinchlik dini bo’lganligi uchun har qachon insonlar o’rtasida totuvlikni ta’minlashga uringan. Tarixdan...
Подробнее
XXI ASRDA MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING AHAMIYATI
28.04.2025 10
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Hanafiy as-Samarqandiy al-Moturidiy Islom dinining nazariy (usul ad-din), fiqh asoslari va manbalarini o‘rganadigan (ilm usul al-fiqh) sohasi bo‘yicha hanafiylik mazhabining yirik faqihi (qonunshunosi), kalom ilmida...
Подробнее
IMOM MOTURIDIY VA UNING IZDOSHLARI ILMIY MEROSINING ISLOM ILMLARI RIVOJIDAGI O‘RNI
21.04.2025 15
Islom millati uchun eng tahlikali bir paytda musulmonlarning aqiydasini mardonavor himoya qilgan, musulmonlar ommasi aqiydasining to‘g‘ri yo‘lda, Qur’oni Karim, nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, ahli sunna val jamoa yo‘lida sobitqadam...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry