Moturidiy ta’limotining kelib chiqishining zarurati va ijtimoiy-siyosiy muhit
Moturidiy ta’limotining kelib chiqishining zarurati va ijtimoiy-siyosiy muhit
Buyuk alloma, ilohiyotshunos Abu Mansur Moturidiy Islom olamining ilm o‘choqlaridan biri, Movarounnahrda tavallud topdi. Bu o‘lka esa Abbosiylar hukmronligi davrida markazga mustahkam bog‘lanmagan edi. Abbosiy xalifa Mutavakkil vafotidan so‘ng ko‘plab o‘lkalar ajralib chiqa boshladi. Movarounnahr diyoridagi Somoniylar[1] davlati ham shular jumlasidan edi. Tohiriylardan keyin IX-X asrlarda taxtga kelgan Somoniylar sulolasi (875-999) davrida Movarounnahrda ilm-fan yanada rivoj topdi. 261/875 yilga kelib Somoniylar davlati Abbosiylar xalifaligidan to‘liq mustaqillikni qo‘lga kiritdi va bu davlat amalda 389/999 yilgacha yashadi va ayni shu yili u bir tomondan Sobuqtekin oilasi ikkinchi tomondan Turk xoqonligi ta’sirida tarix sahnasidan chiqib ketdi.[2]
Somoniy hukmida din, adolat va ilm ustuvor mavqega ega edi. Ilmga va ilm ahliga g‘oyat katta e’tibor qaratgan Somoniy hukmdorlari olimlarni o‘zlariga yaqin olardilar va ularning faoliyat yuritishlariga keng sharoit hozirladilar. Maxsus va umumiy kutubxonalar bunyod etdilar. Bu kutubxonalarning eng kattasi Marv shahrida joylashgandi. Shu bois ko‘plab hadis, kalom, fiqh, lug‘at kabi sohalaridagi mashhur ulamolar ayni Somoniylar davrida yetishib chiqdilar.
Ijtimoiy hayotda Moturidiy davrida g‘oyaviy va ilmiy muhit o‘ziga xos o‘rin tutardi. Bu muhitning asosi esa Islom bo‘lib, Qur’oni karim, Hadisi sharif va shular asosida shakllangan turli bilimlar kun sayin rivoj topardi. IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmi rivojlandi[3]. Ana shu ilm vakillaridan biri Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad Moturidiy Samarqandiy (vaf. 333/944 y.) bo‘lib, u o‘zining asosiy asarlaridan biri “Kitob at-tavhid”da Islom aqidalarini mantiqiy uslubda tavsif etdi[4]. Alloma bunda asosan Qur’on oyatlariga Buxoriy va Termiziy kabi ishonchli muhaddislar rivoyat qilgan sahih hadislarga tayangan.
Moturidiy yashagan davrgacha diniy bilimlar, asosan, Qur’on ilmlari, fiqh, hadis ilmlari, shu bilan birga, qisman dunyoviy bilimlar: tibbiyot, kimyo, tilshunoslik kabi sohalar bo‘yicha musulmonlar samarali faoliyat olib borgan bo‘lsalar, olim yashagan davrga kelgach barcha ilm yo‘nalishlari, ayniqsa dunyoviy bilimlar ancha rivoj topdi, aqliy bilimlarga suyanish ommalashdi. Islomiy ilmlar orasidan hadis, fiqh, tafsir, usulul fiqh kabi sohalariga, dunyoviy fanlardan esa falsafa, mantiq, tarix, riyoziyot, falakiyot, yunon va hind falsafasiga qiziqish kuchaydi. Qisqa qilib aytganda, ushbu davr Islom sivilizatsiyasi tarixida diniy va dunyoviy ilmlar bir xilda teng rivojlangan davr sifatida ulkan ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga oqim va firqalarning ta’siri haqida alohida to‘xtalib o‘tish zarur.
Masalan, Roshid xalifalar davrida (632 — 661yillar) Xorijiylik va shialik ko‘rinishida paydo bo‘la boshlagan aqidaviy ixtiloflar keyingi asrlarda ham ko‘payishda davom etdi. Ijtimoiy-siyosiy munosabatlar murakkablashuvi, Islom olami bilan boshqa din va tafakkur vakillarining o‘zaro aloqalarining chuqurlashuvi natijasida Payg‘ambar yetkazgan (s.a.v.) aqidasidan og‘ishgan toifalar, vaqt o‘tishi bilan orta bordi.
Musulmonlar orasidagi aqidaviy bahs munozaralar hijriy ikkinchi asrning boshlarida yangi bosqichga ko‘tarilib, e’tiqodiy masalalar yuzasidan qizg‘in bahs ketadigan maxsus davralar vujudga kela boshladi. Ana shunday davralarning yetakchilari va ularning izdoshlari orasida bir-biridan ancha farq qiladigan aqida va g‘oyalar ko‘zga tashlana boshladi. Natijada turli nomlar bilan ataladigan oqim va firqalar ko‘paya bordi. Bunday firqalarni nomlashda ahli sunna ulamolari mubtadi’- yetakchilari ismi yoki ular da’vo qilayotgan asosiy aqida yoxud boshqa ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyatlariga e’tibor qaratganlar. Bu firqa va oqimlarga mansub kishilar e’tiqodini to‘liq bir xil deb bo‘lmas edi. Ba’zilari islomga begona bo‘lgan turli falsafiy qarashlarga yopishib olgan bo‘lsa, ayrimlari dindan chiqib ketishga yaqin qolgan va o‘zining buzuq e’tiqodida nihoyatda g‘uluvga ketgan shaxslar edi. Ularning aksariyati e’tiqodiy asoslarni falsafiy qarashlarga aralashtirib yuborgan kimsalar edi. Bunday guruhlar o‘rtasida tez-tez aqidaviy bahs-munozaralar, qattiq tortishuvlar borar va bu munoqashalar bir kuni “falon narsa haqidagi kalom” nomi bilan atalsa keyingi safar “boshqa masala haqidagi kalom” nomi ostida uyishtirilardi.
Shu sabab xalq orasida “kalom” bilan shug‘ullanish va uning shar’iy hukmi haqida savollar paydo bo‘la boshladi. O‘z-o‘zidan, kalom bilan shug‘ullanuvchi kishilarning ahvolini yaxshi bilgan sunniy olimlar dastlab. bunday “kalom” bilan shug‘ullanishdan saqlanish lozimligi, uning harom ekanligini ta’kidlaganlar. Ushbu “kalom ahli” o‘rtasida kechadigan aqidaviy munozara va bahslarda yuz berayotgan qarshi tomonni kofirga chiqarish va shar’iy dalillarga munosabatdagi beparvolik kabi muammolar ahli sunna olimlari so‘zining haqligini ko‘rsatardi. O‘sha paytlarda sunniy ulamo vakillari “ilmi kalom” bilan shug‘ullanishni qat’iy ravishda butunlay ta’qiqlar edilar.
Ahli sunna olimlari keyinchalik “kalom ilmi”ning xatarlarini tushuntirish bilan bir qatorda Qur’on va Sunnatga tayangan “kalom ilmi” borasida ham so‘z yuritdilar. Bu davrga kelib “ilmi kalom”ni butunlay ta’qiqlash o‘rniga, yuqoridagi omillarga asoslangan holda uni ikki turga: joiz va nojoizga ajratishgan.
Moturidiylik aqidaviy ta’limoti asoschisi Abu Mansur Moturidiy milodiy ІX hijriy III asrning o‘rtalarida Samarqanddagi “Maturid” qishlog‘ida tavallud topdi. Movarounnahr diyori u tug‘ilgan paytda rasman Abbosiylar xalifaligiga bo‘ysunar, mustaqil davlat sifatida ajralib chiqqan Somoniylar davlati qo‘l ostiga esa IX asrning ikkinchi yarmida o‘tdi. Shu davrda Abbosiylar hukmronligidagi g‘arbiy markazlardan quvilgan xorijiylar, mo‘taziliylar, murjiylar, zaydiylar kabi ko‘plab siyosiy, aqidaviy oqimlar, o‘z g‘oyalarini markaziy boshqaruvi zaif davlatlarda tarqatishga intilardilar[5].
Moturidiy yashagan davrda hukmronlik qilgan Somoniylar butun mamlakatda ulkan ilmiy izlanishlar olib borildi. Natijada turli ilm sohalarida yuzlab ulamolar yetishib chiqdi. O‘sha davrda Movarounnahr ijtimoiy-siyosiy hayotiga sezilari ta’sir ko‘rsatgan ayrim firqalar mavjud edi. Shu sabab ulardan ba’zilari haqida qisqacha to‘xtalib o‘tilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Vosil ibn Ato tomonidan asos solingan mo‘taziliylik firqasi milodiy IX asrda ayrim abbosiy xalifalar ko‘magida katta siyosiy kuchga ega bo‘ldi. Mo‘taziliylar e’tiqodiy masalalarda aqlni mustaqil manba sifatidagi o‘rnini shu darajada oshirishdi muhaddislar, faqihlar va e’tiqodda naqliy manbalarga tayanadigan olimlarga ochiqdan-ochiq qarshi chiqa boshlashdi. Movarounnahr o‘lkasida mo‘taziliylarning paydo bo‘lishi natijasida bu yerdagi musulmonlar orasida ham ularning turli bid’at e’tiqodlari yoyila boshladi. Jamiyat vakillari orasida qabr azobini inkor qilish, Kalomullohni Alloh taolo yaratgan narsalardan biri deb bilish va jannatda Alloh taoloni ko‘rishni inkor qilish kabi masalalarga tegishli savollar ko‘paya boshladi. Abul Qosim Ka’biy va Abu Zayd Balxiy singari o‘sha paytdagi mashhur olimlarning ham mo‘taziliy e’tiqodida ekanlari omma xalq ichida mo‘taziliylik ta’limotining keng yoyilishini yanada tezlashtirdi. Taraflar o‘rtasida turli aqidaviy masalalarda bahs-munozaralar, qattuq tortishuvlar borardi. Fitnalar g‘alayoni kuchayotgan ushbu davr aqlni mezon qilib olgan, gapga chechan mo‘taziliylarning naqliy va aqliy dalillariga javob berib ularni to‘xtata oladigan, omma musulmonlarini to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘imasliklariga sabab bo‘ladigan kuchli olimga nihoyatda muhtoj edi. Bu zalvorli va sharafli vazifa keyinchalik sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi unvonini olgan Abu Mansur Moturidiyga nasib etdi. Shu davrda Basrada mo‘taziliylarga qarshi yana bir mashhur Ahli sunna olimi Abul Hasan Ash’ariy yetishib chiqdi. Bu ikki imom asos solgan ta’limotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tishning imkoni bo‘lmagani sababli, ularning tayangan eng muhim asoslariga to‘xtalib o‘tildi. Imom Moturidiy adashgan firqalarning e’tiqodiy xatolarini bayon qilish bilan birga, Ahli sunna val jamoa e’tiqodining to‘g‘ri ekanini aqliy va naqliy dalillar bilan isbotlagan. Xuddi shu ishni ayni shu davrda Abul Hasan Ash’ariy ham Movarounnahrdan tashqarida Bag‘dodda amalga oshirgan. [6]
Moturidiy yashagan davrda aqidaviy ixtiloflarda naqliy manbalarni tushunishdagi adashishlik bilan bir qatorda siyosiy maqsadlar yo‘lida firqalanish, shuningdek o‘sha davr hukmron doiraning siyosiy manfaatlar yo‘lida ma’lum toifalarni qo‘llab quvvatlash holatlari ham ko‘p bo‘lgan. U zot o‘z davrida va undan keyingi zamonlarda hanafiy olimi sifatida tanilganlar, Imomi A’zam Abu Hanifa rohmatullohi alayhining fiqhini rivojlantirishga hissa qo‘shganlar. Abu Mansur al-Moturidiy u zotning kalom maktabining ham tom ma’nodagi davomchisi, taraqqiy qildiruvchisi hisoblanadilar. Zotan, u zot o‘z davridayoq «Qudvat ahl as-sunnat va-l-ehtido” (Sunnat va hidoyat ahliga yo‘lboshchi”), “Rofe’ a’lom as-sunnat val-jamoat” (Ahli sunnat va jamoatning bayrog‘ini baland ko‘taruvchi”), Qole’ azoliyl al-fita va-l-bid’a” (Fitna va bid’atga botgan uydurmalarni ildizi bilan qo‘poruvchi"), “Imom al-mutakallimin” (Kalom ilmi bilan shug‘ullanuvchilarning imomi”), “Musahhih aqoid al-muslimin” (“Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi”) kabi unvonlarga sazovor bo‘lganlar[7].
Tayyorladi: M.Abrorova
Mas’ul ustoz: S.Muxamedxodjayeva
[1] Somoniylar davlatiga (Balx yaqinidagi, ba’zi manbalarda, esaTermiz yaqinidagi) Somon qishlog‘I oqsoqolining, ya’ni Somonxudotning avlodlari asos slogan. Shu sabab bu sulola Somoniylar deb atalgan.
[2] Moturidiy. Ta’viloti ahli-s-sunna. Fotima Yusuf al-Haymiy tahriri ostida. -Bayrut: Muassasat ar-Risaja an-Nashirun, 2004, -J.1 -B. 22.
[3] Rudolf U. Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti. T.: Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi, 2001. – B. 3.
[4] Ziyodov Sh. Al-Moturidiy hayoti va merosi. -T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2000. -B. 7.
[5] Sönmez Kutlu.İmam Maturidi ve Maturıdilik. – Ankara: Kitabiyat. -B .17.
[6] Ibn Kamol Posho “Masailul ixtilof baynal asha’iroti val moturidiya”
[7] Ibn Qutlubug‘o “Tojut tarojum” Qohira, Dorul turosil arobiy 2013-B 73.
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية