05.05.2024
139

MЕHMON OTANGDЕK AZIZ

 

Xalqimiz mehmondo‘stligi, mehmonnavozligi bilan shuhrat qozongan. Biror o‘zbek xonadoni yo‘qki, mehmonni xursandchilik bilan kutib olmagan, uyidagi bor noz-u ne’matlarni uning dasturxoniga keltirib to‘kmagan bo‘lsa...

Mehmonning izzat-ikromini joyiga qo‘yishda musulmonlarga teng keladigan millat bo‘lmasa kerak. Bunga islom dini ta’limoti sababdir, chunki Qur’oni karim oyatlarida ham, hadisi shariflarda ham mehmonning hurmatini joyiga quyish iymon belgisi ekanligi ta’kidlangan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonni ikrom qilsin”, – dedilar” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar). 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi. U zot (mehmonga qo‘ygani yemak-ichmak bormi deb) ayollariga odam yuborgan edilar, ular: “Bizda suvdan boshqa narsa yo‘q edi”, – deyishdi. Shunda: “Bu kishini kim mehmon qiladi?”, – dedilar. Ansorlardan bir kishi: “Men” deb, uni uyiga olib ketdi. Borib ayoliga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonini izzat-ikrom qil”, – dedi. Ayoli: “Uylarida faqat bolalariga yetarligina ovqat borligini”, – aytdi. Shunda u kishi: “Sen taomingni hozirlagin-da, chirog‘ingni yoq, so‘ng bolalaringni uxlatib qo‘y”, – dedi. Ayoli taom hozirladi, chirog‘ini yoqdi, bolalarini uxlatib qo‘ydi. So‘ng turib chiroqni to‘g‘rilayotgandek bo‘lib, uni o‘chirib qo‘ydi. So‘ng er-xotin o‘zlarini mehmon bilan birga taom yeyayotgandek qilib ko‘rsatib o‘tirishdi va och holda tong ottirishdi. Ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borganida u zot: “Alloh bu kecha ikkalovingizning ishingizdan mamnun bo‘ldi va “Garchi o‘zlarida ehtiyoj bo‘lsa-da, o‘zlarini qo‘yib (o‘zgalarni) iysor-ixtiyor qilurlar” (Hashr surasi, 9) oyatini nozil qildi ”, – dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keltirilishicha, Ibrohim alayhissalom mehmonga birinchi bo‘lib ziyofat bergan inson ekanlar.

“(Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi? O‘shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib, “Salom”, deyishgan edi, u ham: “Salom, (bular) notanish qavm-ku”, – dedi. So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (olovda pishirilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, “(taomdan) yemaysizlarmi?” – dedi” (Vaz-zariyat surasi, 24-27 oyatlari).

Yurtboshimiz aytganlaridek, din o‘zbek xalqining qon-qoniga, ong-u shuuriga singib ketgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ular orasida “Mehmon atoi Xudo”, “Mehmon otangdek aziz” kabi ibratlar ana o‘sha din ta’limotlari ta’sirida aytilgan. Hatto uyida mehmonga dasturxonga qo‘yishga narsa topmasalar, qo‘shnisidan olib bo‘lsa ham mehmonga tortiq qiladilar. Buning misolini sahobalarning hayotidan bilamiz: 

Muhammad ibn Ziyoddan rivoyat qilinadi:

“Men  o‘tganlarni ko‘rdim. Ular ahllari bilan bir manzilda bo‘lishar edi. Gohida ba’zilariga mehmon  kelsa, qo‘shnisining qozonida ovqat pishib turgan bo‘lsa, mehmoni bor mezbon qozonni ko‘tarib uyiga olib ketardi. Qozonning egasi ortidan: “Qozonni kim oldi?” degancha baqirib qolar edi. Shunda mezbon: “Uni mehmonimiz uchun oldik”, der edi. Qozonning egasi esa: “Alloh sizga uning barakasini bersin”, der yoki shunga o‘xshash gap aytar edi”. 

Baqiyya dedi: “Muhammad aytdiki, non yopilsa ham shunday bo‘lar ekan”. Sahobalar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch, qo‘shnichilik, bag‘rikenglik, bir-birlariga haddilari sig‘ishi shu darajada bo‘lgan ekan. O‘zlari bola-chaqalari uchun hozirlangan taomni qo‘shnisi ruxsatsiz olib chiqib ketsa ham “Nega olding” demasdan, “Alloh barakasini bersin” deb duo qilishi mehmonning hurmati shunchalik ulug‘ ekanini bilganlaridan va Allohga va qiyomat kuniga imonlari komilligidan bo‘lgan.

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunimizda mehmonning hurmati, ularni ikrom qilish kerakligi unutilib bormoqda. O‘zimiz iltifot qilib keltirgan bir necha soatlik mehmonimizni o‘sha vaqt mobaynida hurmati joyiga qo‘yiladi, xolos. O‘zi kirib kelgan Alloh taoloning mehmonini “Uff, yana mehmonmi” deya qarshi olinadi. Mehmonning hurmati uch kun ekani hadislarda shunday aytilgan:

Abu Shurayh Adaviydan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagilarni aytayotganlarini ikki qulog‘im eshitgan va ikki ko‘zim ko‘rgan: 

“Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, o‘z qo‘shnisini hurmat qilsin. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin, mukofotini bersin”, – dedilar.

“Mukofoti nima yo Rasululloh?” dedi.

“Mukofot bir kecha-kunduz. Ziyofat uch kun. Undan keyin sadaqadir. Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin”, – dedilar.

Ko‘rinib turibdiki, mehmonni bir kecha va kunduz siylash kerak. Uch kun siylash fazl. Undan ortig‘i sadaqa ekan. Kelgan mehmonni bir kun ham mehmon qilmaslik, unga baxillik qilib Alloh bergan noz-ne’matlarini baham ko‘rmaslik juda yomon ish. Kimda kim shu ishni qilsa, undan mehmon haqqini talab qilishi, shunda ham bermasa, ruxsatsiz haqqini olishi hadislarda vorid bo‘lgan. 

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Mehmonni mehmon qilmaydigan odamda yaxshilik yo‘q” (Ahmad rivoyati).

Abu Shurayh al-Xuzo‘iy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ziyofat (mehmon qilmoq) uch kundir. Joizasi (mukofoti-siylovi) – bir kecha-kunduz birodarini gunohkor etgunga qadar uning uyida (mehmon bo‘lib) turish musulmon kishi uchun yarashmaydi”. “Yo Rasululloh! Qanday qilib uni gunohkor qiladi?”, – so‘rashdi sahobalar. “Birodarining mehmon qilishga hech narsasi bo‘lmasa ham unikida turaveradi!”, – deb javob berdilar (Muslim rivoyati).

Imom Molik rahimahulloh Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning: “Joizasi bir kecha-kunduz” degan so‘zlari haqida aytadi: “Bir kecha-kunduz uni izzat-ikrom qiladi, sovg‘a-salom beradi, muhofaza qiladi, so‘ng uch kun mehmon qiladi”. 

Abu Karima (Miqdom ibn Ma’diy Karib) roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam deganlar: “Mehmonni bir kecha (mehmon qilish) har bir muslim zimmasiga vojib bo‘lgan haqdir. Mehmon kimning xonadonida bo‘lsa, (uni mehmon qilish) uning zimmasiga qarzdir, xohlasa (qarzini) talab qilib olsin, xohlasa tark qilsin” (Abu Dovud, Ibn Moja va boshqalar rivoyati).

Ammo mehmonga ziyofat qilish kerak ekan deb o‘zini qiyinchilikka solishi kerak emas. Bu mezbon mehmon uchun o‘zida borini ziqnalik qilmay, chin ko‘ngildan oldiga qo‘yish degani. O‘zida yo‘q narsani qarzga olib o‘zini mashaqqatga qo‘yish degani emas.

Alloh taoloning mehmonlarini kamoli ehtirom bilan kutib olib Allohning roziligiga erishish barchamizga nasib etsin.

Ta'lim muassasasi hadis fani o'qituvchisi D.Mahmudova

Другие новости

MAXLUQOTLAR ALLOHGA OʻXSHAMAS
24.12.2024 2
Imom Abu Ja'far At-tahoviy o'zlarining "Aqiydatut Tahoviyya" nomli kitoblarida shunday keltiradilar: لا يُشْبِهُهُ الأنامُ Ya'ni, Alloh taologa hech narsa oʻxshamaydi.Yuqoridagi matnda kelgan أنام soʻzi 3 xil ma'noda ishlatiladi: 1.Har bir...
Подробнее
KITOB -MA'RIFAT CHIROG'I
23.12.2024 3
Dunyoni faqat ilm bilan zabt etish mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Ilmni chuqur egallashning yo'li esa bitta – kitob o'qishdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mutolaa haqida fikr bildirib, jumladan,...
Подробнее
Kichik amalning ulkan ajri!
23.12.2024 4
Bir hadis sharhi🌸“Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”-, deya marhamat qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin.“Jonim izmida bo‘lgan Zotga...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry