06.05.2024
97

“Bir qoringa siqqan bolalarim bitta uyga sig‘masa-ya!” yoxud shariat ko‘rsatmalarini mensimaganlik oqibati

 

Onalarning bunday faryodlari bizlar uchun yangilik emas. Qarindoshlar yoki qo‘ni-qo‘shnilar xonadonida eshitganingiz bordir bunday nolalarni. 

Bo‘lgan voqea: bir qoringa siqqan aka-uka bir hovli-joyga sig‘may qolishdi. Amakivachcha sanalmish bolalarning o‘zaro janjallari uchun ularni ayblash noo‘rin, bu janjallar bolalarcha sho‘xlikning oqibatida yuzaga keladi. Ammo, afsuskim, ayrim hollarda nafrat ham uchraydi. Bolalarga bu nafratni ota-onalari o‘zlari bilmagan holda singdiradilar. 

Qanday qilib? Aytaylik, kechki ovqat paytida kunduzgi voqealardan gap ochiladi. Xotin ovsinining yomonligidan so‘zlaydi. Nodon er akasining biron qilig‘idan noliydi. Shunday gaplari bilan amakivachchalar orasiga o‘nglanmas nifoq solayotganlarini bilmaydilar. Otasi va onasining gaplarini diqqat bilan eshitib o‘tirgan bola uchun bitta narsa ravshan bo‘ladi: amakisi yomon! Uning oilasi – xullas, hammasi yomon! Yomon..., yomon...., ulardan nafratlanish kerak. Shunday g‘iybat sharobi ichilayotganda ayrim bolalar otasi va onasini qo‘llash maqsadida amakivachchasining biron yomonligidan gapirib, olovga moy quyadi. Qalblardagi mehr o‘rnini egallagan yara shu tarzda madda bog‘laydi. Vaqt o‘tgani sayin u qalblarni azobga soladi va mudhish kunlarning birida yoriladi. Aka-ukaning gap talashishi so‘kishga, haqoratlash esa birining ketmon ko‘tarib hamla qilishiga aylandi. G‘azabga mingan aka-ukani ajratishga harakat qilayotgan o‘n olti yoshli o‘g‘il otasining qonga belanganini ko‘rib, o‘zini yo‘qotadi, qo‘liga chalg‘i oladi. 

Uzoq davom etgan nifoq aka-ukaning fojiali o‘limi va o‘smirning qamoqqa tushishi bilan yakunlanadi. Qonga belanib yotgan aka-ukaning ko‘zlari “Bu qanaqasi bo‘ldi?” deganday ochiq qoldi. Bu dunyoga to‘yolmagan ko‘zlarni yopa olishmadi. Katta hovli-joyga sig‘magan aka va ukaning har biriga ikki qulochli ikki lahad kifoya qildi. Bir hovlida yonma-yon yashashni istashmagan edi, qabristondan yonma-yon joy olishdi. U dunyodagi ahvollari bizga noma’lum. 

Hasan Basriy rahmatullohi alayh Allohning kalomiga asoslangan holda “Qaysiki odamlarda ilm ko‘rinib, unga amal qilishmasa, til bilan aytishni yaxshi ko‘rishib, qalblari bilan g‘azablanishsa, qarindoshlari bilan uzilishgan bo‘lishsa, Alloh ularni la’natlaydi, kar qiladi va ko‘zlarini ko‘rmaydigan qilib qo‘yadi” deganlarida aynan shu kabi insonlarni nazarda tutgandirlar? Vallohu a’lam.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, bir a’robiy Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga yaqinlashib so‘radi:

“Meni jannatga yaqin va do‘zaxdan uzoq qiladigan amallarni aytib bering”. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam unga dedilar: “Alloh taoloning O‘zigagina qullik qilasan, unga hech narsani sherik qilmaysan, Alloh buyurgan namozlarni vaqtida ado qilasan. Molingdan zakotni berasan va SILAI RAHM QILASAN”. 

Mazkur bayondagi topshiriqlar Islomning besh arkoni – besh farzlar emasmi? Silai rahm shu farzlar qatoridagi zarur ibodatlardan biri ekan.

Yana Alloh taolo Qur’oni karimda “...qarindosh-urug‘laringiz bilan ajralib ketishdan saqlaningiz. Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir”, deya marhamat qilgan. (“Niso” surasi, 1-oyat)

Va “…va kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qarindoshlik aloqalarini bog‘lasin…” (Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan rivoyat qilishgan).

Xo‘sh, silai rahm nima degani? Silai rahm bu – qarindosh-urug‘lar bilan yaxshi aloqada bo‘lish, ularning holidan xabardor bo‘lish hamda ularni moddiy va ma’naviy jihatlardan qo‘llab-quvvatlash va hokazolar tushuniladi. Silai rahm qilganga ham bu dunyoda, ham oxiratda ulkan yutuqlar borligi haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ko‘pgina hadisi shariflarda marhamat qilganlar, jumladan, “Kimki, rizqi keng bo‘lib, umri uzun bo‘lishini yaxshi istasa, silai rahm qilsin (ya’ni o‘z qon-qarindoshlari bilan yaxshi aloqada bo‘lsin)”.  

Ulug‘larimizning aytishlaricha, silai rahmda o‘nta maqtalgan xislat bor ekan:

*Silai rahmda Allohning rizosi bor, chunki Alloh taolo shunga buyuradi.

*Ularga (mo‘minlarga) xursandchilik yetkazmoqlik bor. Chunki ular silai rahm bilan quvonadilar.

*Silai rahmda maloikalarning ham xursandchiligi bor. Chunki ular ham silai rahmga guvoh bo‘lgan onlarida quvonadilar.

*Silai rahmda musulmonlar sha’niga yaxshi maqtov bordir.

*Silai rahmda iblisga g‘am yetkazmoqlik bordir.

*Umrning ziyoda bo‘lishida silai rahmning hissasi bor.

*Rizqning barakali bo‘lishini silai rahmsiz tasavvur etmoq qiyin. 

*Silai rahm tufayli vafot etib ketganlarga ham xursandchilik yetadi. 

*Silai rahmda do‘stlikning ziyoda bo‘lishi bor. 

*Silai rahmda kishining vafotidan keyin ham ajrning ziyoda bo‘lishi bor. 

Silai rahm qilish “Sendan ugina, mendan bugina” tarzida qilinmaydi, ya’ni yaxshilik qilganga yaxshilik qilaman deyishlik silai rahm qilish emas. Xo‘sh, silai rahm unda nima? deyilsa, bu haqida quyidagi hadisi sharif keltiriladi: Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Men qarindoshlar bilan silai rahm qildim, ular mendan uzildilar. Ularni afv etdim, menga zulm qildilar. Ularga yaxshilik qildim, menga yomonlik qaytardilar. Ularga endi xuddi o‘zlaridek muomala qilaverayinmi?” – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yo‘q, bunday qilsang, ularning gunohlariga sherik bo‘lib qolasan. Sen ularga yaxshilik va silai rahm qilishda davom etaver. Shunda senga Allohdan quvvat davomli bo‘ladi”. Boshqa bir rivoyatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam arz qilgan kishi “Ular jabr-u jafo qilsalar ham men sabr etaman”, deganida unga qarab bunday deganlar: “Agar gaping to‘g‘ri bo‘lsa, ularning og‘ziga qizdirilgan kulni solganday bo‘libsan. Sen shu ishingni davom ettiraversang, Alloh taolo senga yordam beradi va ularning jabr-u jafosini daf qiladi”.

Yusuf Hos Hojib hazratlari yozadilarki:

Qodoshliq kishi kusi chovi beduk,

Odoshliq kishi oti sovi beduk.

Qodoshing yo‘q ersa yuri tut odash,

Odash ezgu bo‘lsa, bu – bo‘ldi qodosh.

Deyilmoqchikim: qarindoshlari bor odamning sha’ni-shuhrati ulug‘dir. Do‘sti bor odamning esa so‘zi ulug‘dir. Kel, qarindoshing bo‘lmasa, do‘st tut. Yaxshi do‘st qarindosh o‘rnida bo‘lur.

Alloh taolo bizlarni haqiqiy mo‘minlardan qilsin, qarindosh-urug‘lariga, yor-u do‘stlariga silai rahm qiladiganlardan qilsin, amin!

 

D.Maxmudova hadis fani o‘qituvchisi

Другие новости

Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”
17.10.2024 46
Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”ЖамиятТанлашРўйхатдан ўтингЧоп этиш11:56 / 17.10.2024Давлатимиз раҳбари ташаббуси билан Тошкент ва Хива шаҳарларида ўтказилган “Ислом – тинчлик ва эзгулик дини”...
Подробнее
ИСЛОМ – ТИНЧЛИК ВА ЭЗГУЛИК ДИНИ
15.10.2024 49
Тинчлик қарор топган юртда хотиржамлик ҳукм суради, жамиятда ҳар томонлама юксалиш бўй кўрсатади. Мамлакат тараққиёти, фаровонлиги, юрт аҳлининг тумуш ободлиги осойишталик туфайлидир.Шу нуқтаи назардан айтиш жоизки, давлатимиз раҳбарининг ташаббуси билан...
Подробнее
Ислом – маърифат, тинчлик, эзгулик дини Жамият
14.10.2024 49
Шу йилнинг 15-16 октябрь кунлари Тошкент ва Хива шаҳарларида “Ислом – тинчлик ва эзгулик” дини мавзусидаги халқаро конференция бўлиб ўтади. Ислом динининг пок ва маърифатга йўғрилган, тинчликпарвар ғояларини кенг тарғиб...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry