10.05.2024
197

Alloh taolo sifatlarining turli e’tiborlardan taqsimlanishi

Alloh taolo sifatlarining turli e’tiborlardan taqsimlanishi

 

Allohni tanish bilan inson yuksak darajalarga ko‘tariladi. Allohning O‘zi Kitobida ta’riflagani kabi ism va sifatlari bilan taniymiz. To‘g‘ri, Allohning hech bir sifati bizga va biz ko‘rib, eshitib yurgan narsalarga aslo o‘xshamaydi. Shuning uchun Alloh sifatlari bilan tanishib chiqishning dastlabki sharti yaratilgan maxluqotlarning butun sifatlarini Allohning Zoti pokidan chetlashtirishdir. Boshqa so‘z bilan aytganda, Allohni tabiat olamidagi cheklangan mavjudotlarning hech biriga o‘xshatmaslikdir. Mana shu yerga kelganda, bu masalaning o‘ta nozikligini tushunib yetamiz. Zero biz tabiat qo‘ynida tug‘ilib, uning qo‘ynida unib-o‘sganmiz va doim tabiat bilan aloqada bo‘lib, unga bog‘langanmiz. Shu bois, biz har bir narsani tushunish uchun tabiatdagi mavjudotlar bilan taqqoslab, ularni ko‘z oldimizga keltirish mumkin emas. Shuning uchun ehtiyotligini tutib, Alloh taoloning sifatlarini maxluqotlar (yaratilganlar) sifati bilan qiyoslamasligimiz lozim.

 Bu ilm معرفة الله Allohni tanish ilmi bo‘lgani uchun faqatgina Alloh suygan bandalarigagina nasib qiladi va chuqur anglab yetish uchun qiyinchiliklarga duch kelish mumkin. Ulamolar bunday to‘siqlarni olib, Allohning sifatlarini guruh-guruhga bo‘lib chiqqanlar. So‘fi Olloyor hazratlari o‘zlarining “Maslakul muttaqin” asarlarida Alloh taoloning sifatlarini quyidagicha bayon qiladilar[1]:

Subutiydur Aning sakkiz sifoti,

Sifat zoti emas, na g‘ayri zoti.

Alloh taolo zotida sobit bo‘lgan sifatlar sakkizdir. Lekin ul zotiy sifatlar Zotining ayni emas, Zotidan bo‘lak ham emasdir. Buni o‘zingga namuna bilib, ko‘ngilni bog‘la. Zero, bu bobda ko‘p bahslar bordir. Ko‘p zehnlilarning oyoqlari toyib, xarob bo‘lganlari bordir.

Hayot-u ilm-u qudrat ham basar, sam’,

Iroda-vu kalom, takvindur, ey sham’.

Oldingi baytda zikr qilingan subutiy sifatlarning birinchisi – hayot, ikkinchisi – ilm, uchinchisi – qudrat, to‘rtinchisi – basar, beshinchisi – sam’, oltinchisi – iroda, yettinchisi – kalom, sakkizinchisi – taqvindir. Bu yerda “ey sham’” – chirog‘im ma’nosidadir.

Hayot Ulkim, tirikdur, o‘zga bo‘lmas,

Ular har zi-nafs, hargiz Ul o‘lmas.

Hayotning ma’nosi shulki, Alloh taolo doim tirikdir, Unga hech qachon o‘lim yo‘q. Barcha jondorlar o‘lib, foniy bo‘lishadi, ammo Alloh hayot qolur.

Ulamolar mo‘tabar kitoblarda ko‘pincha sifatlar borasida gap ketganda, avvalambor, fe’liy va zotiy sifatlarga bo‘lingan taqsimotni keltiradilar. “Bad’ul a’moliy” asari muallifi Sirojiddin O‘shiy rahmatullohi alayh mavzuyimizga doir mavzuni o‘zining quyida baytida sharhlab aytadilar:

٦ – صِفَاتُ الذَّاتِ وَالأفعال طرا قَدِيمَاتٌ مَصُونَاتُ الزَّوَالِ

Ma’nolar tarjimasi:

Zotiy va fe’liy sifatlarning barchasi qadimdir va zavoldan saqlangandir.

Nazmiy bayoni:

Zotiy fe’liy sifatlar bari barkamol,

Ibtidosiz, intihosiz doim bezavol.

Quron va sunnatda bayon qilingan Alloh taoloning sifatlari ikkiga bo‘linadi:

1. Zotiy sifatlar;

2. Fe’liy sifatlar.

Hayot, ilm, kalom, qudrat, eshitish, ko‘rish va iroda kabi sifatlar zotiy sifatlar bo‘ladi. Ushbu sifatlar Alloh taoloning zotiga taalluqli bo‘lganidan zotiy sifatlar deb atalgan.

Alloh taoloning xohishiga taalluqli bo‘lgan yaratish, rizq berish, istivo kilish, yaxshi ko‘rish, yomon ko‘rish, g‘azablanish va xursand bo‘lish kabi sifatlar fe’liy sifatlar hisoblanadi. Moturidiylarda esa zotiy sifatlar ham, fe’liy ham barchasi qadim hisoblangani sababli qadimligini isbotlash uchun ularning o‘rtalarini ajratishga ehtiyoj ham yo‘qdir. Faqatgina zotiy sifatlar deganda Alloh taolo bir sifat bilan sifatlanib, uning ziddi bilan sifatlanishi joiz bo‘lmagan “qudrat”, “kalom” va “iroda” singari sifatlar tushuniladi. Fe’liy sifatlar deganda esa Alloh taolo bir sifat bilan sifatlanib, uning ziddi bilan ham sifatlanishi joiz bo‘lgan “rahmat” va “g‘azab” singari sifatlar tushuniladi[2].

Fazilatli Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari esa, o‘zlarining “Sunniy Aqidalar” kitobida Alloh taoloning ism va sifatlarini quyidagi tartibda keltiradilar: “Ahli sunna va jamoaning xalaf ulamolari Alloh taoloning sifatlari va go‘zal ismlari haqida kelgan oyat va hadislarni atroflicha hamda chuqur o‘rganib, yigirmata sifat borligiga ittifoq qilganlar va ularni to‘rtga taqsimlaganlar.

1. Nafsiy sifat.

Bunda faqat zotga dalolat qiluvchi, ziyoda ma’noni bildirmaydigan sobit sifat iroda qilingan.

Alloh taoloning nafsiy sifati bitta bo‘lib, “vujud” sifatidan iboratdir.

2. Salbiy sifatlar.

Bunda Alloh taologa noloyiq bo‘lgan sifatini yo‘q qilishga dalolat qiladigan sifatlar ko‘zda tutilgan.

Salbiy sifatlar beshtadir:

1. Qadimiylik.

2. Boqiylik.

3. Yangi paydo bo‘ladiganlarga muholiflik.

4. U Zotning O‘z-O‘zidan qoyim bo‘lishi.

5. Yagonalik.

Ushbu sifatlarning har biri Alloh taologa noloyiq bo‘lgan sifatlarning manfiy ekanini o‘z ichiga olgandir. Shuning uchun ham ular “salbiy sifatlar” deb atalgan.

3. Ma’nolar sifatlari.

Bunda Alloh subhanahu va taoloning zotida qoyim bo‘lgan va unga muayyan hukmni lozim qilgan sifatlar ko‘zda tutilgan. Misol uchun, ilm sifati u bilan sifatlangan shaxsning olim bo‘lishini taqozo qiladi.

Ma’nolar sifatlari yettitadir:

1. Qudrat.

2. Iroda.

3. Ilm.

4. Hayot.

5. Eshitish.

6. Ko‘rish.

7. Kalom.

Alloh taolo ushbu sifatlarning ma’nosi ila sifatlangandir. U Zot Qodir, Murid – iroda qiluvchi, olim, tirik, eshituvchi, ko‘ruvchi va gapiruvchidir.

4. Ma’naviy sifatlar.

Bu toifadagi sifatlar o‘zidan oldingi ma’nolar sifatlarining uzviy natijasidan boshqa narsa emas. Boshqacha qilib aytganda, ma’naviy sifatlar ma’nolar sifatlarining sobit bo‘lishidan kelib chiqqan hukmlardir. Ma’naviy sifatlar yettitadir:

1. U Zoti taoloning qodir bo‘lmog‘i.

2. U Zoti taoloning iroda qiluvchi bo‘lmog‘i.

3. U Zoti taoloning olim bo‘lmog‘i.

4. U Zoti taoloning hayot (tirik) bo‘lmog‘i.

5. U Zoti taoloning eshituvchi bo‘lmog‘i.

6. U Zoti taoloning ko‘ruvchi bo‘lmog‘i.

7. U Zoti taoloning gapiruvchi bo‘lmog‘i.

Ushbu yetti sifat o‘zlaridan oldingi yetti sifatga bog‘liqdir. Ularning “ma’naviy sifatlar” deb atalishi yuqoridagi ma’nolar ila sifatlanishning bo‘lagi ekanidandir[3].

Demak, ulamolarning Allohning ism va sifatlari borasidagi bunday taqsimotlari U zotni yanada ko‘proq tanishingizga yordam beradi va boshqa firqalar bilan dalillanishda ham qo‘l keladi. Alloh taolo bizga shunday nodir va qimmatli ma’lumotlarni meros qilib ketgan ulamolarimizni ikki dunyo darajalarini oliy qilsin.

 

Xadichai Kubro o‘rta maxsus

 ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

Sahoba Muxammadodilova

Adabiyotar

1. Madrasalarda maxsus o‘qitilgan ushbu asarni tolibi ilmlar qisqacha “Maslak” deb ataganlar va bu asar turkey tilga ham tarjima qilingan va qo‘lyozma holda tarqalgan.

2. Abdulqodir Abdurahim “E’tiqod durdonalari”.T.: “Sharq”, 2016. 111-112-b

3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Sunn’iy aqidalar” Hilol-nashr. T.: 2021

Другие новости

MAXLUQOTLAR ALLOHGA OʻXSHAMAS
24.12.2024 2
Imom Abu Ja'far At-tahoviy o'zlarining "Aqiydatut Tahoviyya" nomli kitoblarida shunday keltiradilar: لا يُشْبِهُهُ الأنامُ Ya'ni, Alloh taologa hech narsa oʻxshamaydi.Yuqoridagi matnda kelgan أنام soʻzi 3 xil ma'noda ishlatiladi: 1.Har bir...
Подробнее
KITOB -MA'RIFAT CHIROG'I
23.12.2024 3
Dunyoni faqat ilm bilan zabt etish mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Ilmni chuqur egallashning yo'li esa bitta – kitob o'qishdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mutolaa haqida fikr bildirib, jumladan,...
Подробнее
Kichik amalning ulkan ajri!
23.12.2024 4
Bir hadis sharhi🌸“Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”-, deya marhamat qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin.“Jonim izmida bo‘lgan Zotga...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry