10.10.2024
46

Islomda Ayol

 

Islom dinida ayol va erkak yaratilish jihatidan bir-biridan farq qilmaydi. Shu sababli oyatlar “Ey odamlar” yoki “Ey iymon keltirganlar” degan murojaat bilan boshlanadi. Bu ifoda ham ayollarni, ham erkaklarni qamrab oladi. Qur’onning asosiy maqsadi ham shunda. Bu tushunchada jins, til yoki irqdan qat’i nazar, barcha odamlar tengdir va bevosita ilohiy vahiyning muxotabidir. Qur’on keltirgan ushbu yondashuv, juda keskin ijtimoiy tabaqalanish mavjud bo‘lgan va ayollar qadrsiz ko‘rilgan johiliyat jamiyati uchun burilish nuqtasi bo‘ldi. Masalan, Qur’oni Karim qiz bolalarni tiriklay ko‘mayotgan arab jamiyatiga quyidagicha javob beradi:

"Birontasiga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, qayg‘uga botib, yuzlari qorayib ketadi. 

 Va u (qizni) xo‘rlagan holida olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning (ya’ni, qiz ko‘rishning) «yomon»ligidan (nomus qilib) odamlardan yashirinib olur. Ogoh bulingizkim, ular (bu qilmishlari bilan) eng yomon (ya’ni, nohaq) hukm chiqarurlar. (Nahl surasi 58,59-oyat)

Bundan tashqari, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning qizlariga bo‘lgan muomalalari, ularga nisbatan iliq, mehribon va hurmatli munosabatlari, shubhasiz, qiz bolalar istalmagan bir jamiyat uchun yangilik bo‘ldi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning o‘g‘il farzandlarining vafot etishi va faqat qizlarining tirik qolishi, nasab erkak orqali davom etadi degan e’tiqoddagi johiliyat tafakkurini o‘zgartirdi. Ular shu sababli Payg‘ambarimizga (s.a.v) "nasabi uzilgan" deganlarida, Alloh Taolo (j.j) Kavsar surasini nozil qilib, bu tafakkurning noto‘g‘riligini bildirgan. Johiliyat davrida nikoh masalasida ayolning hech qanday huquqqa ega emasligi oldinroq ta’kidlangan edi. Qur’oni karimda Alloh taolo insonlarni bir birlaridan orom topishlari, bir birlariga libos bo‘lishlari uchun juft qilib yaratganini va bu juftlarning oralariga o‘zaro oshnolik va muhabbat solib qo‘yganini bayon qiladi. Jamiyatta ayol erkakning xizmatkori deb qaralayotgan bir zamonda Alloh taolo ayolga mahrlarini xursandchilik bilan berishni amr qildi. Yana bir jihat, johiliyat davrida ayol merosxo‘r hisoblanmasdan, hech qanday holatda merosdan ulush ololmagan bo‘lsa, Islom dini bu holatni ham isloh etish bilan ayol kishi inson o‘laroq jamiyatning boshqa a’zolari bilan teng huquqli ekanligini ko‘rsatib berdi. Bu haqda Niso surasining 7-oyatida: “Erkaklar uchun ota-onalar va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Ayollar uchun ham ota-onalari va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Bu ulushlar ozmi-ko‘pligidan (qat’iy nazar) farz qilingan haqlardandir”, deb marhamat qildi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning ayollariga bo‘lgan munosabatlari, ularni  qadrlashlari ham Islomda ayolning o‘rni qanday ekaninin juda yaxshi ko‘rsatib beradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) Vido xutbasida ham: "Ey odamlar! Ayollarning huquqlariga rioya qilishingizni va bu borada Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Sizlar ayollarni Allohning omonati sifatida oldingiz", – deb marhamat qilgan va erkaklarni ayollarga munosabatlari borasida ogohlantirganlar. Ayollrni ulug‘lash, ularni ikrom qilish borasida hadislar juda ko‘p bo‘lib ular ham islomda ayollarga e’tibor oliy darajada ekaniga dalil bo‘la oladi.

Muoviya ibn Johima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Johima Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, g‘azotni iroda qildim va sizga maslahat qilgani keldim”, dedi. “Onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Uni lozim tut, jannat uning oyoqlari ostidadir”, dedilar”. Nasoiy va Hokim rivoyat qilishgan.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, men katta gunoh qildim. Endi men uchun tavba bormi?” dedi. “Onang bormi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. “Xolang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Unga yaxshilik qil”, dedilar”.

Bu hadislarda jamiyatning asosi bo‘lgan ayollarning onalik maqomiga ahamiyat qaratilmoqda. Shuningdek onalarning tug‘ishganlari bo‘lgan xolalarga ham yaxshilik qilishga chaqirilmoqda.  Payg‘ambar (s.a.v)dan kimga yaxshilik qilay deb so‘ralganda avval onangga, onagga, onagga deb so‘ngra otangga deyishlari, ayollar jamoasi erkaklar bizdan ilm olishda o‘zib ketishyapti deb shikoyat qilib kelganlarida ular uchun ham bir kunni tayin qilishlari jamiyatta ayolning roli va ahamiyatini ko‘tarishga, uni himoya qilishga qanchalik ahamiyat berganliklarini isbotlaydi.

Ushbu keltirilgan oyatlar, hadislar va misollardan ko‘rinib turibdiki, Islomda ayollarning huquqlari muhofaza ostiga olingan va ko‘plab davrlar va jamiyatlarda hukmron bo‘lgan ayollarga nisbatan adolatsizliklar va kamsitishlarni tugatishga qattiq ahamiyat berilgan. Islomda ayollarning huquqlari himoya ostiga olinib, qadrlanayotgan bir vaqtta, 19-asr Yevropasida hali ayollarning hech qanday huquqlari mavjud emasdi. Yevropada iqtisodiy rivojlanishlar yuz berayotgan, mashinasozlik boshlanayotgan bir paytda, ayollar huquqlari borasida hech qanday ilgarilash bo‘lmagandi. Aksincha, ayollar o‘zlarini ta’lim va ijtimoiy hayotdan chetlatilgan guruh sifatida his qilardilar. Chunki ayollar yangi ochilgan fabrikalarda maoshdagi tengsizlik va ish vaqtidagi tafovut ustiga qurilgan nohaq shartnomalar asosida ishlardilar. Ayollar erkaklardan ko‘ra ko‘proq soat mehnat qilib ulardan kamroq maosh olardilar. 

 

Shunday ekan, Yevropada ayollar erkaklardan ko‘proq emas ular bilan teng o‘laroq bir xil soatta ishlaylik, ulardan kam emas teng maosh olaylik deb o‘z huquqlarini talab qilish harakatini boshladilar. Ayollar va erkaklarning tengligi g‘oyasini himoya qilgan feminizm harakatining asoslari ana shu yondashuvlarga asoslanib shakllandi. Islom dini ayollarni himoya qilib, ularga  huquqlar bergan bo‘lsa, 19 va 20-asrlarda Yevropada ayollari ana shu huquqlarini qidirishga kirishdilar. Hozirgi kunda esa dunyodagi ayollar huquqlarining yagona sababi feminizmga bog‘lansa-da, asrlar oldin Islom ayollarga o‘z huquqlarini berib, jamiyat tartibini ta’minlagan. Qolaversa, bugungi kunda feminiz g‘oyalari ham o‘zining  chegaralardan chiqib ketayotgani va ayolning huquqlarini himoya qilaman deb, ayolning tabiiy xilqati, fitrati va tabiatiga zarar beradigan g‘oyalarni ham ilgari surayotganiga g‘uvoh bo‘linyapti. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Islom dini ayollarga hech bir din va mafkura bera olmagan qadrni berdi. Ayollarni doimiy otasi, akasi, eri, o‘g‘li, amakisi, tog‘asi himoyasi ostida qildi. Ayollar ustida bu himoyachilarning biri bo‘lmasa boshqasini mas’ul qildi. Ular ayolning moddiy va ma’naviy ehtiyojlari ta’minotiga javobgar bo‘ldilar. Buyruq va qaytariqlarda erkagu ayolni teng ko‘rdi, hukmlarni teng joriy qildi. Jamiyat rivoji uchun erkagu ayolga o‘z tuzilishi va xilqatidan kelib chiqib huquq va majburiyatlarni berdiki, ularni ado etish bilan jamiyat rivojlanishini, gullab yashnashini iroda qildi.

 

 

 Xadichai Kubro ayol-qizlar

 o‘rta maxsus islom ta’lim 

muassasasi o‘qituvchisi                                                    K. Abduvaliyeva                                                     

 

 

 

Другие новости

Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”
17.10.2024 46
Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”ЖамиятТанлашРўйхатдан ўтингЧоп этиш11:56 / 17.10.2024Давлатимиз раҳбари ташаббуси билан Тошкент ва Хива шаҳарларида ўтказилган “Ислом – тинчлик ва эзгулик дини”...
Подробнее
ИСЛОМ – ТИНЧЛИК ВА ЭЗГУЛИК ДИНИ
15.10.2024 49
Тинчлик қарор топган юртда хотиржамлик ҳукм суради, жамиятда ҳар томонлама юксалиш бўй кўрсатади. Мамлакат тараққиёти, фаровонлиги, юрт аҳлининг тумуш ободлиги осойишталик туфайлидир.Шу нуқтаи назардан айтиш жоизки, давлатимиз раҳбарининг ташаббуси билан...
Подробнее
Ислом – маърифат, тинчлик, эзгулик дини Жамият
14.10.2024 49
Шу йилнинг 15-16 октябрь кунлари Тошкент ва Хива шаҳарларида “Ислом – тинчлик ва эзгулик” дини мавзусидаги халқаро конференция бўлиб ўтади. Ислом динининг пок ва маърифатга йўғрилган, тинчликпарвар ғояларини кенг тарғиб...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry