21.12.2024
239

Bandalar jannatga Allohning fazli bilan kirishlari haqida

 

Ma’lumki, Alloh taolo iymon keltirgan va solih amal qilib oʻtgan bandalari uchun goʻzal jannatlarni yaratib qoʻygan. Bu jannatlarning vasfi Qur’onda juda koʻp oyatlarda zikr qilinadi.
Xususan, Niso surasi 57-oyatda:
“Iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarni, albatta, ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritamiz. Unda abadiy boqiy qolurlar. Unda ularga pokiza juftlar bor va ularni quyuq soyalarga kiritamiz” , deya moʻmin bandalariga bashorat beradi.

Ammo shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: bandalar oʻz amallari sababidan jannatga kiradilarmi yoki Allohning fazli bilanmi? Bu savolga Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari bir ovozdan “Allohning fazli bilan” deb javob berganlar. Chunki Imom Buxoriy oʻz Sahihida rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz jannatga oʻz amali sabab kirmaydi” , dedilar. Shunda sahobalar: “Hatto siz hammi, ey Allohning Rasuli?”, dedilar. U Zot:” Hatto men ham, illo Allohning rahmati meni oʻrab olsagina kiraman”, deganlar.
Bu hadisdan amalni tark qilib, Allohning fazlini umid qilish kerakligi emas, balki amalga suyanib qolmagan holda Robbisini rozi qiladigan amallarga jiddu jahd qilishlik kerakligi kelib chiqadi. Qolaversa, jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga koʻra boʻlishini ulamolar ta’kidlab oʻtganlar.
Oisha roziyallohu anhadan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Toʻgʻri boʻlinglar, gʻuluga ketmanglar, bilinglarki, sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirogʻi oz boʻlsa-da, davomlirogʻidir”, deb aytganlar.

Bu masalada moʻtazila fiqrasi ahli sunnaga xilof qilib, “Allohga itoatkor bandaga savob berish va osiyni jazolash vojib”, deydilar. Bunga raddiya oʻlaroq aytamizki, Alloh taologa biror narsa vojib emas. Chunki amallarning vojib, farz yo boshqa holatda boʻlishi bandalar uchundir va Alloh taolo bundan pok va oliy Zot. “U qilgan narsasidan soʻralmas, xolbuki ular soʻralurlar”.(Anbiyo,23)

Shuningdek, ahli sunna val jamoaning bu ijmosi quyidagi oyatga zid boʻlmaydi:
“Qilib oʻtgan ishlaringiz sababli jannatga kiringiz” (Nahl,32)
Chunki oyatdan “Qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor boʻldingiz, shu sababli jannatimga kiringiz” degan ma’no tushuniladi.

Shuning uchun banda doim Allohning rahmatidan umidvor boʻlishi va solih amallarda bardavom boʻlishi lozim. Shu oʻrinda umid va xom-hayol oʻrtasidagi farqni anglab olish lozim. Bu borada “Talhiysu sharhi aqiydatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:
“Kimki bir narsadan umidvor boʻlsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning boʻlishi zarurligini keltirib chiqaradi:
1) Umid qilgan narsasiga muhabbatli boʻlishi;
2) Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qoʻrqishi;
3) Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilish.
Ushbulardan birortasiga ham bogʻlanmasdan, umid qilish xom-hayol surish boʻladi. Umidvorlik va xom-hayol surish boshqa-boshqa narsalardir”.

“Robbingizning magʻfiratiga va Allohga hamda Uning Paygʻambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlangan, kengligi osmon-u yerning kengligicha boʻlgan jannatga musobaqalashing. Ana oʻsha Allohning fazli. Kimga xohlasa beradi, Alloh ulugʻ fazl egasidir” (Hadid,21)

Alloh taolo barcha moʻmin va moʻminalarni oʻz fazli bilan goʻzal ne’matlar va jannatlar ila siylasin!

Foydalanilgan manbaalar:
Sirojiddin Oʻshiy “Zovul maoliy”
Abduqodir Pardayev “E’tiqod durdonalari”

Tayyorladi: 2-kurs talabasi Z.Ibrohimova
Mas’ul ustoz: S.Muhammedxadjayeva

Другие новости

Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan nasriy va  nazmiy asarlar tahlili
01.01.2026 4
Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan nasriy va nazmiy asarlar tahlili XIX asr oxirlaridan boshlangan milliy uyg‘onish davri bosqichiga kelib endi she’riyatdagi mavzu ham, uslub ham keskin o‘zgardi. Agar jadid she’riyatining birinchi...
Подробнее
Gunohlarning katta va kichik guruhlarga tasniflanishi
19.12.2025 12
Gunohlarning katta va kichik guruhlarga tasniflanishi Insonni yo‘qdan bor qilgan va mavjudodlari ichida mukarram aylagan zot -Alloh taolodir. Alloh taolo insonga ham aql, ham nafs istaklarini bergan. Nafsi aqlidan ustun...
Подробнее
Hidoya asaridagi dalil keltirish uslublari
18.12.2025 12
Hidoya asaridagi dalil keltirish uslublari“Hidoya” asarini mutolaa qilgan kishi biror fiqhiy masalaga Imom Marg‘inoniy boshqa faqihlar kabi Qur’oni Karim, sunnat, sahobalarning osorlari, ijmo, qiyos, istehson kabi bir nechta dalillar keltirganining...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry