QUR’ONI KARIMNING O‘ZBEK MUMTOZ ADABIYOTIGA TA’SIRI
Alloh taolo insoniyatning ma’naviy ehtiyojini qondirish uchun payg‘ambarlar vositasida ilohiy kitoblarni nozil qilgan. Bunday ilohiy kitoblardan to‘rttasi Qur’oni Karimda zikr qilingan bo‘lib, Tavrot Muso alayhissalomga, Zabur Dovud alayhissalomga, Injil Iso alayhissalomga, Qur’on Muhammad sollallohu alayhi va sallamga nozil qilingan. Bulardan tashqari tafsir kitoblarida Alloh taolo ba’zi payg‘ambarlarga ayrim sahifalarni ham tushirgani xabar qilinadi. Jumladan, Odam alayhissalomga 10 sahifa, Shis alayhissalomga 50 sahifa, Idris alayhissalomga 30 sahifa, Ibrohim alayhissalomga 10 sahifa hammasi bo‘lib 100 sahifadan iborat Allohning hukmlari nozil etilgan. Zikr qilingan to‘rt ilohiy kitob va sahifalarning barchasi Payg‘ambarlarga insoniyatni hidoyatga chaqirish uchun nozil qilingandir.
Islomdan oldingi barcha dinlar tarixan buzilgan bo‘lib, o‘sha davrning o‘zidayoq bir-biridan mazmunan farq qilibgina qolmay, balki bir-biriga qarama-qarshi, zid fikrlarni ham ifodalay boshlagan edi. Chunki ilohiy kitoblarga inson qo‘li bilan o‘zgartirishlar kiritilib, mohiyati buzilgan edi. Qadimgi kitoblar qoniqarli bo‘lmay, insoniyatning diniy ehtiyojiga javob berishga ojizlik qilib qolgan bir davrda odamzodning butun ma’naviy-ruhiy ehtiyojlarini qondiradigan yagona ilohiy kitob nozil qilinishi zaruratga aylangan edi. Oldingi payg‘ambarlar o‘zlari yetkazgan xabarni eng oxirgi, qat’iy, uzil-kesil xabar deb e’lon qilmaganlar, ular doimiy ravishda o‘z qavmlariga barcha insonlarni birlashtiradigan va ularni so‘nggi yuksak manzil sari eltadigan payg‘ambar - Muhammad sollallohu alayhi va sallam keladilar, deb xushxabar bergan edilar:
وَإِذْ قَالَ عِيسَى ابْنُ مَرْيَمَ يَا بَنِي إِسْرَائِيلَ إِنِّي رَسُولُ اللَّهِ إِلَيْكُم مُّصَدِّقًا لِّمَا بَيْنَ يَدَيَّ مِنَ التَّوْرَاةِ وَمُبَشِّرًا بِرَسُولٍ يَأْتِي مِن بَعْدِي اسْمُهُ أَحْمَدُ
Iso ibn Maryamning: “Ey Bani Isroil! Men o‘zimdan oldingi Tavrotni tasdiqlash, o‘zimdan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun Alloh sizlarga yuborgan payg‘ambardirman”, deganini eslang (Sof surasi, 6-oyat).
Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallamni insoniyatga eng oxirgi payg‘ambar “xotam un-nabiy” qilib yubordi:
ما كان محمد أبا أحد من رجالكم ولكن رسول الله وخاتم النبيين وكان الله بكل شيء عليما
Muhammad sizlardan biror kishini otasi emas, balki u Allohning rosuli va payg‘ambarlarning muhridir. Alloh har bir narsani biluvchidir (Ahzob surasi, 40-oyat).
Alloh taolo bu ulug‘ payg‘ambarga mo‘zija va ummatlariga dasturul amal sifatida muqaddas kitoblarning oxirgisi va mukammali Qur’oni Karimni nozil qildi.
Qur’on oxirgi zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi va sallamga 23 yil davomida nozil qilindi. Allohning huzuridan Qur’onni vahiy tarzida keltirgan farishta Jabroil alayhissalomdir. Qur’oni Karim ilohiy kitoblarning so‘nggisi bo‘lib, Rahmatulloh qori Obidov qalamiga mansub “Qur’on, tafsir va mufassirlar” kitobida keltirilishicha uning to‘rtta nomi bor:
1. Quro’n - bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi o‘qimoq, qiroat qilmoqdir. Musulmonlar kundalik hayotlarida undagi ahkomlarga amal qilish bilan birga, doim o‘qib turishga buyurilganlari uchun bu kitob Qur’on deb nomlanadi:
إِنَّا أَنزَلْنَاهُ قُرْآنًا عَرَبِيًّا لَّعَلَّكُمْ تَعْقِلُون
“Biz uni anglab tushunishingiz uchun arabiy Qur’on holida nozil qildik” (Yusuf surasi, 2-oyat).
2. Furqon - farqlovchi, haq bilan botilni ajratib beruvchi kitob deganidir:
تَبَارَكَ الَّذِي نَزَّلَ الْفُرْقَانَ عَلَىٰ عَبْدِهِ لِيَكُونَ لِلْعَالَمِينَ نَذِيرًا
Odamlarga ogohlantiruvchi bo‘lishi uchun bandasiga Furqonni nozil qilgan zot barokatli va ulug‘dir (Furqon surasi, 1-oyat).
3. Zikr - eslatma, nasihat, o‘git demakdir:
وَأَنزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ
“Odamlarga nozil qilingan narsani bayon qilib berishingiz uchun sizga Zikrni nozil qildik. Shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat)
4. Kitob. Allohning so‘zi:
كِتَابٌ أَنزَلْنَاهُ إِلَيْكَ مُبَارَكٌ لِّيَدَّبَّرُوا آيَاتِهِ وَلِيَتَذَكَّرَ أُولُو الْأَلْبَابِ
“(Ey Muhammad,) Biz sizga muborak Kitobni aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslatma olishlari uchun tushirdik” (Sod surasi, 29-oyat).
Qur’oni Karim insonlarning ehtiyojiga ko‘ra ba’zida bir necha oyat, ba’zida to‘la suralar holatida turli vaqtlarda nozil bo‘lgan. Muhammad sollallohu alayhi va sallamning hayotlik davrlaridayoq Qur’on tartiblangan, qorilar tomonidan yodlangan, har kuni namozlarda o‘qilib yodda saqlab turilar edi.
“At tibyon fi ulumil Qur’an” kitobida kelishicha Qur’on ikki marotaba nozil bo‘lgan. Birinchisi, Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga bittada laylatul qadr kechasida tushirilgan. Ikkinchisi, dunyo osmonidan yer yuziga 23 yil davomida bo‘lib, bo‘lib tushirilgan (Muhammad Ali Sobuniy, 2021, 33-bet). Qur’oni Karimda 114 sura bor bo‘lib, ulardan 26 sura Madinada nozil qilingan, 88 ta sura esa Makkada nozil bo‘lgan. Qur’oni Karim arab tilida aynan arab diyorida nozil bo‘lgani uchun dastavval uni boshqa arab bo‘lmagan xalqlar tiliga tarjima qilishga ehtiyoj bo‘lmagan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu[1] Qur’onni bir mus’hafga(muqovali kitobga) jamladilar. Xalifa Usmon roziyallohu anhu[2] davrlarida esa Islom davlati hududlari nihoyatda kengaydi. Arablardan boshqa ajamlar[3] ham Islom dinini qabul qila boshladi. Bu esa Qur’onni nusxalarini ko‘paytirish ehtiyojini paydo qildi. Natijada Usmon roziyallohu anhuning buyruqlariga asosan mus’haf yetti nusxaga ko‘paytirilib, biri Madinada qoldirildi. Qolganlari esa Makkaga, Shomga, Yamanga, Bahraynga, Basraga va Ko‘faga yuborildi. Teri varaqlariga yozilgan Qur’on nusxasining eng birinchi namunasi hazrati Usmonga nisbat berilib, “Mus’hafi Usmon”[4] deb atala boshladi.
Islom dinining yer yuzi bo‘ylab keng yoyilishi musulmon dunyosining yaratilishiga olib keldi. Xususan, milodiy 705-yilda Qutayba ibn Muslimning[5] Movoraunnahrga Islom dinini olib kirishi bilan bu diyorda Islom madaniyati kech quloch yozdi. Movorounnahr aholisining Islom diniga kirishi ularning ko‘plab qobiliyatlarining ochilishiga sabab bo‘ldi va ular hayotning turli jabhalarida o‘zlarining peshqadamliklarini isbot qila boshladilar. Bu harakat tezlik bilan rivoj topdi va ushbu diyordan turli diniy ilmlarda umumdunyo miqyosidagi buyuk allomalar yetishib chiqa boshladi. Muso al-Xorazmiy, Ahmad ibn Muhammad al-Farg‘oniy, Abu Nasr al-Farobiy, Abu Rayxon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Najmiddin Kubro, Imom Ismoil al-Buxoriy, Abu Iso Muhammad at-Termiziy, Burxoniddin Marg‘iloniy, Mahmud az-Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Mu’in Nasafiy, Nosiruddin Rabg‘uziy, Alisher Navoiy kabi buyuk allomlar shular jumlasidandir. Movorounnahr diyoridan yetishib chiqqan, barcha ilm sohalarida xususan, Qur’on, hadis, fiqh, aqoid, tafsir, arab tili, arifmetika, falsafa, mumtoz adabiyot kabi turli diniy va boshqa ilmlarda jahonga mashur qomusiy ulamolar tarjimai holini, bitgan asarlarini o‘rganar ekanmiz ularning barchasi balog‘at yoshiga qadar Qur’onni to‘liq yod olganini va ilmiy faoliyatida undan asos sifatida unumli foydalanganini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan asarlar xoh diniy, xoh boshqa mavzuda bo‘lsin, ularda Qur’on oyatlari va ularga nozik ishoralarni ko‘rish mumkin. Bu esa ajdodlarimizning Qur’on ilmidan, din ilmlaridan mukammal xabardor ekanini ifodalaydi.
Misol tariqasida, Nosiriddin Burhoniddin Rabg‘uziy[6] qalamiga mansub payg‘ambarlar tarixiga bag‘ishlangan ilk turkiy manba bo‘lmish “Qisasul anbiyo” kitobini oladigan bo‘lsak muallif ushbu asar hamd qismining o‘zida ne’matlar shukronasi barobarida uch suraning: Isro surasi 70-oyati, Baqara surasi 228-oyati va An’om surasining 153-oyatini ma’naviy izchillikda keltirgan. Na’at qismida esa Tavba surasi 128-oyat, Oli Imron surasi 110-oyat, Tag‘obun surasi 3-oyat, Isro surasi 1-oyat, Moida surasi 67-oyat, Qalam surasi 4-oyat, Luqmon surasi 18-oyat, Baqara surasi 186-oyat, Duho surasi 10-oyat, Najm surasi 17-oyat, Najm surasi 9-oyat, Duho surasi 5-oyat, Tavba surasi 112-oyat, Isro surasi 79-oyat, Najm surasi 10-oyat, Muzzammil surasi 2-oyat, Tavba surasi 5-oyat, Quroysh surasi 1-oyat, Niso surasi 41-oyat, Isro surasi 79-oyat, Haj surasi 341-oyat, Baqara surasi 185-oyat, Qomar surasi 1-oyat, Ahzob surasi 45-oyatini mavzuga muvofiq o‘rinlarda mohirona qo‘llagan. Ushbu na’atlarda keltirilgan oyatlar Qur’oni Karimning turli suralaridagi turfa oyatlar bo‘lib Qur’onni to‘liq yod olmagan va ulumul-Qur’on va tafsir ilmini yaxshi bilmagan kishi bu oyatlarni iqtibos tarzida keltira olishi muhol.
Hamd qismining avvalida muallif quyidagi oyatni keltirgan:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِىٓ ءَادَمَ وَحَمَلْنَٰهُمْ فِى ٱلْبَرِّ وَٱلْبَحْرِ وَرَزَقْنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلْنَٰهُمْ عَلَىٰ كَثِيرٍۢ مِّمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا
Batahqiq, biz odam bolasini azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik (Isro surasi, 70-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu insoniyatning azizligi ularning hayvonlardan farqli ravishda nutq qila olishi, tushunishi, ilm egallay olishi, qo‘llari bilan taomlanishi, qomatining tik ekani, ko‘rinishining go‘zal ekanidir deganlar (Sulaymon ibn Umar al Ujayliy, 2013, 332-bet).
Ya’ni, aksar tafsir kitoblarida bu oyatning sharhida insoniyatni hayvondan aziz qilib turgan sifatlari zikr qilingan. Bundan kelib chiqadiki, tafsir ilmini yaxshi bilgan muallif shunga ishora qilgan holda odamiy yaratdi va yilqi qaro yaratmadi degan.
Yuqorida zikr qilingan oyatga e’tibor berib qaralsa, oyatning birinchi qismida insoniyatni azizu mukarram qilingani, keyingi qismida esa afzal qilingani zikr etilmoqda. “Al futuhatu ilohiyya” kitobida keltirilishicha, Alloh taoloning insoniyatni azizu mukarram qilishi unga aql, nutq, yozish, chiroyli ko‘rinish kabi xislatlar berganidir. Insonning o‘sha aql tafakkuri bilan to‘g‘ri yo‘lni tanlay olishi, go‘zal axloqni kasb qila olishi esa uni boshqa barcha yaratiqlardan afzal qiladi. Alloh taolo hayvonga faqat shahvatni berdi. U yeb-ichishni, nafsini qondirishni biladi. Farishtalarga esa faqat aqlni berdiki, shahvatni bermadi. Ular yeb-ichishni bilmaydilar va aslo Allohga isyon qilmaydilar. Allohga itoatda bardavom bo‘ladilar. Insonga esa aql va shahvatning ikkisini ham berdi. Inson shahvatga erk berishi bilan hayvon darajasiga tushib qolishi yoki shahvatini yengib Allohga mudom bo‘ysunishi bilan farishtalardan ham afzal bo‘lishi mumkin.
Hamd qismida keltirilgan keyingi oyat Baqara surasining 228-oyatidir. Ya’ni bu o‘rinda muallif Alloh taologa uni zaifa emas balki kuchli jins vakili qilib yaratgani uchun hamd aytadi. Buni quyidagi oyat bilan quvvatlaydi:
وَلِلرِّجَالِ عَلَيْهِنَّ دَرَجَةٌ
“Va erkaklarda ulardan (ayollardan) bir daraja ustunlik bor” (Baqara surasi, 228-oyat).
Ushbu oyatning sharhida erkaklardagi ustunlik ayoliga mahr berishi va ayolni ta’minotini o‘z zimmasiga olishidadir deyilgan (Sidqi al Attor, 2017, 193-bet). Shuningdek erkakning ayol oldidagi vazifalari ayolning eri oldidagi vazifalaridan ko‘ra ko‘proq va mas’uliyatli ham demakdir. Shu bois ayolning o‘z eriga itoat qilishi vojib bo‘ladi.
Kelgusi o‘rinda muallif Alloh taologa O‘zining ulug‘ ne’mati bo‘lmish hidoyat yo‘lida yurgizib qo‘ygani uchun shukr qilish barobarida An’om surasining 153-oyatini keltirgan:
وَأَنَّ هَٰذَا صِرَاطِي مُسْتَقِيمًا فَاتَّبِعُوهُ ۖ
“Albatta, bu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, unga ergashing” (An’om surasi, 153-oyat).
Ushbu oyatdagi yo‘ldan murod dindir. Doraqutniy Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deydi: Bir kuni Rosululloh sollallohu alayhi va sallam yerga tekis chiziq chizdilar va: “bu Allohning yo‘lidir”, dedilar. So‘ng uning atrofiga yana boshqa chiziqlar chizib: “bu Allohning yo‘lidan boshqa yo‘llar. Har birining boshida shayton unga chorlab turadi”, dedilar (Sulaymon ibn Umar al Ujayliy, 2013, 468-bet).
Ushbu asarning na’at qismida keltirilgan oyatlarga ham e’tibor beriladigan bo‘lsa, avvalidagi oyatlarda oxirgi payg‘ambarga ummat qilib yaratgan Allohga shukrona tarzida mavzuga oid oyatlar zikr qilingan. Keyingi o‘rinlarda esa islom tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan Isro voqeasi, oyning ikkiga bo‘linishi bilan bog‘liq voqealar va shu kabi Muhammad sollallohi alayhi va sallamning fazliga dalolat qiladigan oyatlar o‘ta daqiq ishoralar va qofiya jihatidan bir-birga munosib iboralar bilan bayon qilingan. Quyida ular bilan tanishib chiqamiz:
“Durud va tahiyyot, salavot va salot ul ko‘ni so‘zluk, kutlug‘ yuzluk,(durudu salomlar, salovat va duolar u – shirin so‘zli, qutlug‘ yuzli),
"لعمرك" tojlik – ushbu oyat Hijr surasining 72-oyati bo‘lib, bu o‘rinda Alloh taolo “Umringizga qasamki” deb Muhammad sollallohu alayhi va sallamning umri bilan qasam ichmoqda. Qur’oni Karimda qasam o‘rinlari juda ko‘p keladi. Alloh taolo o‘zi yaratgan buyuk narsalar bilan qasam ichadi. Xususan, birgina Shams surasi 7 narsaga qasam bilan boshlangan. Ular, quyosh va uning ziyosi, quyoshning ketidan keluvchi oy, yorishib kelayotgan kun, qoplab kelayotgan tun, to‘shab qo‘yilgan yer, nafs (inson) kabi yaratilishi bandalarning qo‘lidan kelmaydigan narsalardir. Shundan ma’lum bo‘ladiki, Qur’onda o‘ta ahamiyatga molik narsalar bilan o‘ta muhim o‘rinlarda qasam ichilgan. Alloh taolo Qur’onda biror kishining hayoti bilan qasam ichmagan, faqat Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hayotlari bilangina yuqoridagi oyatda qasam ichgan (Sulaymon ibn Umar al Ujayliy, 2013, 193-bet).
[7] لو لك لما خلقت الأفلاك havojlig – ma’nosi “Ey, Muhammad, agar sen bo‘lmaganingda bu jahonni yaratmagan bo‘lar edim”. Bu hadisni jumhur ulamolar mavzu ya’ni to‘qima hadis deganlar. Sahih manbalarda bu hadis uchramaydi.
سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَىٰ me’rojlig‘ – me’roj so‘zining ma’nosi ko‘tarilish degani. Bu oyat Isro surasining birinchi oyati bo‘lib, arab tilida “isro” so‘zi - kechasi yurgizish degan ma’noni anglatadi. Bu oyatda Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomni Makkai mukarramadan Quddusi Sharifga kechaning bir qismida olib borgani haqida so‘z yuritilgan. Isro hodisasi Islom da’vati tarixidagi eng mashaqqatli va og‘ir damlarda sodir bo‘ldi. Bu davrga kelib Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi oz sonli musulmonlarga nisbatan mushriklarning ozorlari, qiynoqlari kuchaygan, ularni Allohning dinidan qaytarish yo‘lidagi chiranishlari haddan oshgan edi. Musulmonlar uchun g‘oyatda qiyin bir holat paydo bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni mushriklarning hujumlaridan himoya qiladigan shaxslar Abu Tolib va Xadicha onamiz ham vafot etganlar va qiyinchilik haddan oshgan edi. Ana shunday mudhish bir paytda Isro va Me’roj hodisasi bo‘lib o‘tdi. Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechasi Makkai mukarramadan bir zumda Baytul-Maqdisga olib bordi va u yerdan Me’rojga olib chiqdi. Bu esa, ana shunday og‘ir bir paytda u zot sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar uchun katta tasalli edi. Noumidlik kayfiyatini so‘ndirib, umid uchqunlarini alanga oldirish edi. Ayni choqda, Isro voqeasi kishilar iymonini sinash omili ham edi. Har bir narsaga moddiy moʻjiza talab qilib turgan mushriklarga bu voqea ortiqcha gap-so‘zlar uchun yana bir qulay fursat bo‘lsa, mo‘min-musulmonman deb yurganlarning iymoni qanchalik mustahkamligini sinash omili edi.
Ul o‘zi muti’, zikri rafi’, ummatig‘a shafi’, (o‘zi itoatli, nomi yuksak, ummatini oqlovchi)
وَاللَّهُ يَعْصِمُكَ مِنَ النَّاسِ yozig‘lig‘ – bu oyat “Alloh O‘zi sizni insonlardan saqlaydi” (Moida surasi, 67-oyat) degan ma’noni anglatadi. “Sahihi Muslim” kitobida Oisha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda kelishicha, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelgan kunlarining birinchi tunida uxlay olmaydilar va “qaniydi sahobalarimdan bir solih kishi meni qo‘riqlasa”, deydilar. Shu vaqtda qurolning shovqini eshitiladi. Rosululloh “kim bu?” dedilar, u “men Sa’d ibn Abu Vaqqosman”, deydi. Bu yerga nimaga kelding?” deydilar, u esa “Allohning Rosuliga biror zarar yetishidan qo‘rqdim va uni qo‘riqlash uchun keldim”, deydi. Shundan so‘ng Rosululloh uni duo qiladilar va uyquga ketadilar. Uyqudan turganlarida yuqorida zikr qilingan Moida surasining 67-oyati nozil bo‘ladi. U zot chiqib, “ey insonlar, ketaveringlar, meni Alloh O‘zi saqlaydi”, deydilar (Suylaymon ibn Umar al Ujayliy, 2013, 252-bet).
وَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ qiliqlig‘ – ushbu oyatda Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi va sallamga “Siz ulug‘ xulq uzrasiz” (Qalam surasi, 4-oyat) demoqda. Ibn Abbos roziyallohu anhu “ulug‘ xulq”dan murod “din” deganlar. Hasan undan murod “Qur’on odobi” deganlar. Bunga dalil qilib Oisha roziyallohu anhuning so‘zlarini keltirgan. Bir kuni Oisha roziyallohu anhudan Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning xulqi haqida so‘ralganida “U zotning xulqi Qur’on” deb javob bergan edilar (Sidqiy al Attor, 2017, 2210-bet).
وَ لا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحا yo‘rig‘lig‘ – bu oyatda Alloh taolo Rosulullohga “Yer yuzida kerilib yurma” deb (Luqmon surasi, 18-oyat) xitob qilmoqda. Zero, Alloh bandalarini havolanib kibr bilan yurishini xohlamaydi. Ushbu suraning kelgusi oyatlarida har bir mo‘min kishi yurayotgan vaqtda ham mo‘tadil bo‘lishga va gapirayotgan vaqtda ovozini balandlatmasdan gapirishga buyurilgan.
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ xitoblig‘ – ma’nosi “Agar bandalarim Men haqimda sizdan so‘rashsa, Men ularga yaqinman” (Baqara surasi, 186-oyat). Ya’ni Alloh taolo agar bandalarim Alloh yaqinmi yoki uzoqdami, bizni qilayotgan duolarimizni eshitadimi, deb so‘rasalar, ayting, Men ularga yaqinman, duolarini ijobat qilaman, demoqda. Boshqa bir surada Alloh taolo “Biz insonga jon tomiridan ham yaqinmiz” deb (Qof surasi, 16-oyat) marhamat qiladi.
وَأَمَّا السَّائِلَ فَلَا تَنْهَرْ itoblig‘ – “So‘rab keluvchini jerkimang!” (Zuho surasi, 10-oyat). “Tafsirul Xozin” kitobida kelishicha, “bu oyatda narsa so‘rab kelgan har qanday kishini quruq qaytarmaslikka, unga taom berish, agar taom bo‘lmasa yaxshi so‘z gapirib qaytarib yuborishga buyurilgan”, deyilgan. Ayrim ulamolar so‘rovchidan murod “ilm talab qilib kelgan kishi. Unday kishini hech qachon quruq qaytarib bo‘lmaydi”, deganlar (Sulaymon ibn Umar al Ujayliy, 2013, 350-bet).
مَا زَاغَ الْبَصَرُ وَمَا طَغَى himmatlig‘ – bu oyatda“Nigoh burilmadi ham, haddidan ham oshmadi” (Najm surasi, 17-oyat) deyilmoqda. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam me’roj kechasida Jabroil alayhissalom bilan “sidrotul muntaho”ga ko‘tarilganida u yerda yer yuzida bo‘lmagan go‘zalliklar, ajoyibotlar bor edi. Ammo u zot ko‘zlarini atrofga qarashdan, nazarni nazarga ergashtirishdan tiygan. Ushbu oyatda shu holat madh qilinmoqda. Muallif ham Rosulullohni maqtash o‘rnida mana shunday omonatdorlik sifatlariga urg‘u berib o‘tgan. Kitobning na’at qismidagi kelgusi oyatlarda ham xuddi yuqorida zikr qilingan oyatlardek, islom tarixidagi muhim voqealarga, Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning yuksak maqomlariga dalolat qiluvchi ma’nolar o‘z ifodasini topgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, islom dinining va u bilan birga Qur’on ilmining Movorounnahrga kirib kelishi bu diyorda yetuk allomalar yetishib chiqishiga va ularning jahon taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boy ilmiy merosining yuzaga kelishiga zamin yaratdi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Раҳматуллоҳ қори Обидов. (2003). “Қуръон тафсир ва муфассирлар”. Тошкент.
Sulaymon ibn Umar al Ujayliy. (2013). “Al Futuhatul ilohiyya”. Bayrut.
Shayx Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy. (2021) “Qur’oni Karim va o‘zbek tilidagi ma’nolari tarjimasi”. Ankara.
Uvatov U. (2014). “Yurtimiz allomalari”. Toshkent: Nihol,
Саидакбар Аъзамхўжаев ва б. “100 Марказий Осиё мутафаккирлариi” (2011). Тошкент: Yangi Nashr.
صدقى العطار. "حاشية صاوى على تفسير الجلالين". بيروت ٢٠١٧.
[1] Rosulullohning vafotidan keyingi birinchi xalifa. 632-634 yillarda xalifalik qilgan.
[2] To‘rt xalifaning uchinchisi 644-656 yillarda xalifalik qilgan.
[3] Arab bo‘lmagan xalqlar.
[4] Mana shu nusxalardan biri ayni paytda yurtimizda Toshkent shahridagi “Mo‘yi muborak” madrasasida saqlanadi. Mazkur mus’hafning Markaziy Osiyoga keltirilgani haqidagi to‘liq ma’lumotlar marhum ustoz Shayx Ismoil Maxdumning “Toshkentdagi Usmon mus’hafi tarixi” asarida keltirilgan. Mazkur kitobda sohibqiron Amir Temur va alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiy Mus’hafning yurtimizga kelishiga aloqador ekani ko‘rsatiladi. Lekin Mus’hafni aynan kim olib kelgani hamon jumboqligicha qolmoqda. Bizningcha, Mus’hafni hijriy 54-yili Samarqandga muhojir bo‘lib kelgan Usmon ibn Affonning o‘g‘li Xolid ibn Usmon olib kelgan, degan fikr ilmiy asosga ega. Samarqanddagi Xoja Abdu Darun maqbarasi aynan Xolid ibn Usmonga mansub me’moriy yodgorlikdir.
[5] Qutayba ibn Muslim – mashhur arab lashkarboshisi va Xuroson amiri bo‘lgan. 705-715 yillarda Marvda hukmronlik qilgan.
[6] Nosiriddin Burhoniddin o‘g‘li Rabg‘uziy XIII asr oxiri XIV asr boshlarida Xorazmning Raboto‘g‘uz mavzeida qozilik qilgan.
[7] Bu hadisi qudsiy deb da’vo qilinadi. Ammo jumhur ulamolar bu hadisni mavzu(to‘qima) hadis deganlar.
Axmedova Muattar Abduqayum qizi,
Ta'lim muassasasi o'qituvchisi, ToshDO‘TAU O‘zbek adabiyoti tarixi
va matnshunoslik kafedrasi 1-kurs doktoranti