Moturidiy va Ash’ariy mazhablari orasidagi farqlar
Moturidiy va Ash’ariy mazhablari orasidagi farqlar
Islom tafakkuri tarixida IX asr oxiri va X asrning birinchi yarmi alohida o‘rin tutadi. Aynan shu davrda kalom ilmining taraqqiyoti natijasida Moturidiylik va Ash’ariylik maktablari shakllanib, keyinchalik butun islom olamida e’tirof etilgan yirik ilmiy yo‘nalishlarga aylandi.
Imom Abu Mansur Moturidiy o‘z aqidaviy qarashlarini asosan Samarqandda shakllantirgan bo‘lsa, Imom Abul Hasan Ash’ariy o‘z ta’limotini Iroq hududida rivojlantirgan. Har ikki alloma umumislomiy aqidaviy tamoyillarga tayanadi. Biroq mahalliy ilmiy muhit, madaniy an’ana va tarixiy sharoit ta’sirida ularning qarashlarida ayrim farqlar vujudga kelgan.
Imom Moturidiy
To‘liq ismi: Abu Mansur Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy. Samarqand yaqinidagi Moturud qishlog‘ida tug‘ilgan, keyinchalik Samarqandda tahsil olgan. 944 yilda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Moturidiy Hanafiy mazhabi asosida fiqh va kalom ilmiy maktabini rivojlantirdi. Uning ko‘plab asarlari bizgacha yetib kelmagan, mavjudlari esa asosan xorijdagi kutubxonalarda saqlanadi.
Eng mashhur asarlaridan:
- “Kitob at-Tavhid”;
- “Ta’vilot ahl as-sunna”.
Ulamolar Moturudiyni “imom huda” va “imom mutakallimin” nomlari bilan e’zozlaganlar.
Imom Ash’ariy
To‘liq ismi: Abulhasan Ali ibn Ismoil Ash’ariy (873-935). Basrada tug‘ilgan. Dastlab Mo‘taziliylar yetakchisi Abu Ali Jubboiydan ilm olgan. Keyinchalik Bag‘dodga ko‘chib, hayotining oxirigacha o‘sha yerda yashagan.
U 100 ga yaqin risola yozgan. Bizgacha asosan ikki mashhur asari yetib kelgan:
- “Ibona an usuli ad-diyanah”
- “Kitab al-Luma’”.
U kalom ilmidagi muhim namoyandalardan sanaladi.
Ulamolarimiz aytganlar: bu ikki buyuk imom va ularning izdoshlarida nizolar yo‘q. Faqat 12 ta masalada farqlar mavjud.
Birinchi masala: “Takvin” masalasi
Imom Moturidiy aytadiki, “takvin” (yaratish, paydo qilish sifati) Allohning azaliy sifati. “Takvin” yaratilgan narsadan boshqa sifat. Olamdagi narsa qachon vujudga kelgan bo‘lsa, aynan o‘sha paytda “takvin” unga taalluqli bo‘ladi. Xuddi shuningdek, Allohning “iroda” sifati azaliy bo‘lib, iroda qilingan narsaga vujudga kelgan vaqtda bog‘lanadi. Allohning qudrati ham shunday.
Imom Ash’ariy esa aytadiki, “takvin” azaliy emas, balki paydo bo‘luvchi sifatlardan. U Allohning zoti bilan qo‘shilmaydi. Barcha “yaratish, paydo qilish” kabi sifatlar paydo bo‘luvchi hisoblanadi va “Kun! (Bo‘l!)” buyrug‘i bilan bog‘liq.
Ikkinchi masala: Allohning kalomi eshitiladimi?
Imom Moturidiy aytadiki, Allohning kalomi o‘zi eshitilmaydi. Balki unga dalolat qiladigan narsa eshitiladi. Imom Ash’ariy esa aytadiki, u eshitiladi Muso alayhissalom voqeasidagi kabi.
Ba’zi olimlarning fikrlari:
Ibn Favrak: qiroat paytida ikki narsa eshitiladi: qorining ovozi va Allohning kalomi.
Imom Boqiloniy: Allohning kalomi odatda vositasiz eshitilmaydi. Lekin Alloh xohlagan kishiga harf va ovozsiz ham eshittirishga qodir.
Abu Ishoq Isfaroyoniy: Allohning kalomi umuman eshitilmaydi, deydi.
Bu masala Moturidiylarning tanlagan qarashidir.
Uchinchi masala: “Hikmat” masalasi
Moturidiy aytadiki, Alloh taolo qilayotgan ishlarida hikmat bilan tavsiflanadi. Hikmat “ilm” ma’nosida bo‘lsa ham, “hukm” ma’nosida bo‘lsa ham farqi yo‘q.
Ash’ariy fikricha: agar hikmat “ilm” ma’nosida bo‘lsa u azaliy sifat,
agar “hukm” ma’nosida bo‘lsa u paydo bo‘luvchi sifat, Boriyning (Allohning) paydo bo‘luvchi sifati bo‘lishi mumkin emas, deydi.
To‘rtinchi masala: Iroda va rizoning chegarasi
Moturidiy: Alloh olamdagi hamma narsani iroda qilgan u modda, sifat, itoat yoki gunoh bo‘lsin. Biroq gunohlar Allohning roziligi va amri bilan emas, faqat qudrati va taqdiriga ko‘ra sodir bo‘ladi.
Ash’ariy: Allohning roziligi ham iroda kabi hamma narsani o‘z ichiga oladi, degan.
Beshinchi masala: Qodir bo‘lmagan narsaga taklif
Moturidiylar: odamning qudrati yetmaydigan narsaga buyurish joiz emas. Lekin bunday narsani zimmasiga olish joiz.
Ash’ariy: ikkalasi ham joiz bo‘ladi, degan.
Oltinchi masala: Aql va shariat o‘rni
Moturidiy: hukmlarning bir qismi aql bilan bililadi. Aql narsaning yaxshi-yomonligini idrok qiladi. Shu sabab imonning vojibligi, ne’matga shukr qilish aql bilan tushuniladi. Asl vobijlik Allohdandir, lekin uni bilish aql orqali bo‘ladi.
Ash’ariy: aql yaxshi-yomonni idrok qilsa ham, hech narsa vojib bo‘lmaydi. Vojiblik faqat shariat bilan bo‘ladi.
Yettinchi masala: Baxtli va baxtsiz bo‘lish
Moturidiy aytadi: ba’zan baxtsiz odam baxtli bo‘ladi, ba’zan baxtli odam baxtsiz bo‘ladi. Bu hol dunyoda ham kuzatiladi.
Ash’ariy: baxtli yoki baxtsiz bo‘lishga faqat umr oxirida qaraladi, dunyodagi hol e’tibor qilinmaydi.
Sakkizinchi masala: Kufrni afv qilish
Moturidiy: kufrni afv qilish joiz emas.
Ash’ariy: aqlga ko‘ra joiz, ammo Qur’on va hadisga ko‘ra joiz emas.
To‘qqizinchi masala: Jannat va do‘zaxning abadiyligi
Moturidiy: mo‘minlarning do‘zaxda abadiy qolishi yoki kofirlarning jannatda abadiy qolishi aql va naqlga ko‘ra joiz emas.
Ash’ariy: aqlga ko‘ra joiz, ammo naqlda kelmagan.
O‘ninchi masala: Ism va musammo
Moturidiy: ism va musammo bir narsa.
Ash’ariy: ular farqlanadi. Ba’zi olimlar uch holatga bo‘ladilar:
- ism nomlangan narsaning o‘zi
- o‘zi emas
- na o‘zi, na o‘zga
Ammo barcha olimlar bir fikrda: nomlash bu ikkovidan boshqa ishdir.
O‘n birinchi masala: Payg‘ambarlik sharti
Moturidiy: payg‘ambarlik faqat erkak bo‘ladi, ayol bo‘lishi joiz emas.
Ash’ariy: ayol ham payg‘ambar bo‘lishi mumkinligini inkor qilmaydi.
O‘n ikkinchi masala: Kasb va xalq
Moturidiy: banda qilgan ish “kasb” deyiladi, “xalq” (yaratish) deyilmaydi. “Xalq” Allohga xos.
Ash’ariy: banda aslida ishni yaratmaydi. Banda faqat “kasb” qiladi, ya’ni ishni o‘z zimmasiga oladi. Yaratish Allohga xos.
Moturidiya va Ash’ariya ikki musulmon aqida maktabi bo‘lib, ular ahli sunna vjamoat doirasidadir. Ular o‘rtasida bahs yoki dushmanlik yo‘q. Faqat 12 masalada tafovut bor. Ularning barchasi aqidaga doir ilmiy masalalardir.
Tayyorladi: islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi Qosimova Nozima
Mas’ul: islom ta’lim muassasasi arab tili o‘qituvchisi, Mannobjonova Robiya
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية