EVAZI JANNATDIR...
Vatan – inson tug‘ilgan muqaddas zamin bo‘libgina qolmay, Vatan deganda, ota‑momolarimiz, avlod‑ajdodlarimiz o‘tgan, kindik qoni to‘kilgan ona yerni tushunamiz. Avlod‑ajdodlarini bilgan va qadrlagan inson uchun ular yashagan makon jonajon VATANdir. “Vatanni sevish iymondandir” degan hikmatli so‘z naqadar to‘g‘ri. Vatanga mehr iymondan, iymonsiz odam Vatanini sevmaydi, seva olmaydi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib borganlaridan so‘ng tug‘ilib o‘sgan vatanlari Makkai mukarramani eslab: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hech qachon o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim”, deganlar. Demak, vatanni sevish, tug‘ilib o‘sgan yerdagi bor narsalarni ardoqlash, uzoqqa borilganda sog‘inib yashash har bir vijdonli kishida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘ulardir.
Vatanni sevish va qadrlash, g‘arazgo‘ylar nigohidan himoya qilish har bir insonning – u kim bo‘lishidan erkakmi ayolmi, yoshmi qarimi barchaning birday sharafli vazifasidir. Tarixdan ma’lumki, xalqning tinchligini ta’minlash va hududlarni himoya qilishga o‘sha yurtning o‘g‘lonlari safarbar etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bir jamoa kishilar safarlarda tunlari qo‘riqchilik qilib chiqqanlar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birlari Abu Rayhona roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar: “Biz Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan bir g‘azotda birga edik. Kech kirdi. Bir tepalikka chiqib to‘xtadik. Havo sovuqligi tufayli, har kim adirning pana-pasqam joylariga kirib dam ola boshladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu holni ko‘rgach, baland ovozda bizlarga xitob qildilar: “Kim bizni bu kecha qo‘riqlab chiqadi? Agar kim bizga soqchilik qilsa, uni haqqiga duo qilaman va uning barakotidan umrining oxirigacha fazilatga ega bo‘ladi”, dedilar. Ansorlar bir kishi: “Men Yo Rasulalloh”, dedi. “Yaqinroq kelib, ismingni ayt”, dedilar. U ansoriy Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning oldilariga borib ismini aytdi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam muborak qo‘llarini duoga ochib uzoqdan uzoq duo qildilar. Abu Rayhona ham bu duolarni eshitganlarida g‘ayratlari jo‘shib: “Ey Allohning Rasuli yana bir kishi bor”, dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Kel buyoqqa, kim san?” dedilar. Men: “Men Abu Rayhonaman”, dedim. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam u ansoriyning haqqiga qilingan duodan bo‘lakcha bir so‘zlar bilan meni duo qildilar. So‘ngra aytdilarki: “Xudodan qo‘rqib yig‘lagan ko‘zga va tuni bilan Alloh yo‘lida qo‘riqlagan ko‘zga do‘zax olovi harom qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Abu Atiyya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. “Bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga janoza o‘qish uchun mayyit keltirildi. Umar roziyallohu anhu “Ey Rasululloh, unga janoza o‘qimang chunki u fojir odam edi”, dedilar. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam odamlarga yuzlanib so‘radilar: “Sizlardan birortangiz bu musulmonning xayrli ishini ko‘rganmisizlar?” Jamoat orasidan bir kishi turib dedi: “Ha, Ey Rasululloh, bir kecha chegarada u men bilan birga Alloh yo‘lida musulmonlarni dushmanlardan qo‘riqlab chiqqan edik”. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘sha odam bilan birga mayyitni qabrga qo‘ydilar. Uni atrofiga muborak qo‘llari bilan tuproq sepib mayyitga qarab dedilar: “Albatta seni hamrohlaring seni do‘zaxiy deb o‘ylayaptilar, ammo men guvohlik beramanki, sen albatta jannatiysan”. Rasululloh o‘rinlaridan turib: “Ey Umar, sen odamlar vafot etganidan keyin ularning yomon amallarini eslama, balki xayrli ishlarini gapir”, dedilar. (Imom Taboroniy, Bayhaqiy, Tabriziy rivoyatlari)
Yuqoridagi hadislardan ko‘rinib turibdiki, vatan himoyasi yo‘lida qo‘riqchilik qilish juda ham sharafli va savobli ish ekan. Qo‘yida yana shu mazmunni quvvatlab kelgan hadislarni keltiramiz:
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “Laylatul Qadrdan ham afzal bir kecha borligining xabarini berayinmi?! U shunday bir kechaki xavf-xatarli yerda o‘zining ahlini, vatanini himoyalash uchun qo‘riqlaydigan qo‘riqbonning kechasi”, dedilar. (Buxoriy, Nasoiy, Bayhaqiy, Hokim rivoyatlari).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Allohim chegarada turgan soqchilarni O‘z rahmatinga ol!”dedilar. (Ibn Moja, Hokim, Bayhaqiy, Dorimiy rivoyatlari).
Salmon roziyallohu anhudan, “Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning shunday deyotganlarini eshitdim: “Kim Alloh yo‘lida bir kecha va kunduz chegara poylasa, unga bir oy kunduzi ro‘za tutib, kechasi ibodat qilgandek savob yoziladi. Kim sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru savob mukofoti beriladi va barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”. (Ahmad, Muslim, Nasoiy, Ibn Hibbon, Hokim rivoyatlari).
Fazola ibn Ubayd Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Har bir o‘lgan kishining amal daftari yopiladi faqatgina Alloh yo‘lida Vatanini dushmanlardan himoya qilib shahid bo‘lganning savobi qiyomatga qadar yozilib borilaveradi va qabr azobidan omonda bo‘ladi” (Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlari eshitdim: “Ikki ko‘z borki, uni do‘zax kuydirmaydi: 1. Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z va 2. Tuni bilan Alloh yo‘lida soqchilik qilgan ko‘z”, dedilar”. (Termiziy rivoyati)
Uboda ibn Sobit roziyallohu anhudan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Bir kun Alloh yo‘lida Quriqchilik qilish, bir oy yoki bir yil kechalari qoim kunduzlari soimlik darajasiga teng. Kim quriqchilik qilib turib vafot etsa, Alloh uni qabr fitnasidan saqlaydi va uning amal daftari qiyomat kunigacha davomli bo‘ladi”, dedilar. (Musnadul Horis)
Hamisha yurtimiz tinch, osmonim musaffo bo‘lishida kechani kecha demay, issiqni issiq, sovuqni sovuq demay xizmat qilayotgan yurtimiz o‘g‘lonlarini yurtimizda keng nishonlanayotgan VATAN HIMOYACHILARI KUNI bilan tabriklaymiz, ularga ikki dunyo saodatini tilaymiz.
Xadichai Kubro ayol‑qizlar ta’lim
muassasasi o‘qituvchisi D.Maxmudova