13.02.2025
45

ISHORAT ANGAKIM, AHLI QIBLA TAKFIRI JOIZ ERMASTUR

Tarixiy kitoblarda Zahiriddin Muhammad Boburning shohlik, sarkardalik va olimlik isteʼdodidan tashqari fiqh ilmini mukammal bilgani ham keltiriladi. Jumladan, Nisoriyning “Muzakkiri ahbob” (Sevimli zotlar yodnomasi) asarida Bobur haqida bunday soʻzlar bor: “Fiqh masalalarini yana bir risolada mubayyan qilganki, yozuvchisi donishmandligidan nishonadir. Turkiy va forsiyda yaxshi sheʼrlari bordir. Oʻshal fiqh risolasining nomi “Mubayyan” dir”. “Mubayyan” asari Temuriylar davri ijtimoiy-madaniy hayoti haqida qimmatli maʼlumotlar beradi. Shayx Zaynuddin ibn Qutbiddin al-Hanafiy al-Xavofiy ushbu asarga sharh yozib, uni «Mubayyan” deb nom qoʻyadi[1].

Bobur Mirzo “Mubayyan”da eng muhim islomiy ilmlarni saralab, oʻzining din olimi, faqih ekanini ham koʻrsatgan. “Mubayyan” Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928-yili (mil. 1521) sheʼriy yoʻlda tasnif etilgan. Asarda ahli sunna val jamoa aqidasi ravshan bayon qilingan. Bobur asarni oʻz valiahd oʻgʻillari Nosiruddin Humoyun va Komron Mirzolarga dastur-ul amal sifatida moʻljallab, ularning siymosi orqali butun xalq ommasiga besh farz fiqhiy masalalarini taʼlim qiladi[2].

Darhaqiqat, asarda muqaddas islom dinining besh rukni: iymon-eʼtiqod, namoz, roʻza, zakot va  haj  masalalari goʻzal  sheʼriy  tilda bayon  etilgan.

 “Mubayyan” asarining asosiy tayangan manbalari muborak 
“Muxtasar ul-Viqoya” hamda “Hidoya”i  sharif  kitoblaridir. Asardagi  duo  matnlari esa  asosan  kutubi sittada, yaʼni  olti  ulugʻ muhaddisning  kitoblarida  kelgan hadislardan  hamda  Imom Gʻazzoliyning “Ihyo-u  ulumid-din”  asaridan tanlab  olingan.

Endi esa asarda kelgan ahli qibla takfiri joiz emasligi masalasining bayoniga kirishamiz.

ISHORAT ANGAKIM, AHLI QIBLA TAKFIRI JOIZ ERMASTUR

(Iymon-eʼtiqod kitobi ahli qiblani kufrda ayblamoq joiz ermasligiga  ishorat)

Har nekim, Tengridin ketursa Rasul,

Har kishikim, alarni qilsa qabul,

Ul kishi ahli qibladur, bilingiz,

Oni kofir demakni bas qilingiz[3].

Hazrati Rasululloh (alayhissalom) Alloh taolodan nimaiki keltirgan boʻlsalar, har kishiki ularni qabul qilsa (yaʼni, iymon keltirsa), bilingki, u kishi ahli qibladir, uni kofir deyishni bas qiling. 

Garchi koʻb zulmu koʻb xato qilsa,

Mubtadiʼ boʻlsa, yuz havo qilsa,

Hukm qilmang aning shaqovatigʻa,

Doʻzaxiyligʻ bitimangiz otigʻa.

Gar kishi boʻlsa solihu obid,

Tun-u kun boʻlsa qoyimu sojid,

Amrlar tark qilmasa hargiz,

Nahiylar zohir etmasa hargiz,

Hukm qilmang ani saodatligʻ,

Demangiz ani jazm jannatligʻ[4].

Garchi koʻp zulmu koʻp xato qilsa ham, bidʼatchi – haddan oshuvchi boʻlsa, yuz kibr-u havo qilsa ham, uni shaqovatga – badbaxtlikka  (yaʼni  kufrga) hukm  qilmang,  uning nomini  doʻzaxiy deb atamang.

Agar  bir  kishi solih  va  obid –  yaxshi  va ibodatli  boʻlsa, kecha-yu kunduz namozlarda turib, sajdalar qiluvchi boʻlsa, hargiz  Allohning amrlarini  (namoz,  roʻza va  boshqa  amallarni) tark etmasa, hargiz man etilgan ishlarni sodir qilmasa, uni ham (oxiratda) saodatli deb hukm qilmang va qatʼiy jannatlik deb aytmang.

 

Magar ul oʻnki, doʻstdori iloh,

Jannatliklariga boʻldi guvoh.

Yana jamini Hazrat olidin,

Bil mubashshar Nabiy maqolidin.

 

Faqatgina Allohning habibi – sevikli bandasi (va Paygʻambari hazrati Muhammad alayhissalom) jannatiy deb guvoh boʻlgan (yaʼni, bashorat bergan) oʻnta zot (asharayi mubashshara) qatʼiyan jannatiy deb aytiladi (va eʼtiqod qilinadi).

Yana ul Hazrat (Paygʻambar alayhissalom)ning xonadonlaridan iborat jamoatni ham hazrati Paygʻambar alayhissalomning soʻzlari bilan jannatiy deb bashorat berilgan, deb bilgin.

 Aqidayi Tahoviyda  

وَلا نُخَالِفُ جَمَاعَةَ المسْلِمينَ, ولا نُكَفِّرُ أَحَداً مِنْ أَهْلِ القِبْلَةِ بِذَنْبٍ لَمْ يَسْتَحِلَّه 

Ahli qibladan hech kimni biror gunoh sababli kofirga chiqarmaymiz, modomiki uni halol sanamagan boʻlsa. Bizning qiblamizga qarab namoz oʻqiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad sallallohu alayhi vasallam keltirgan barcha maʼlumotlarni eʼtirof etadigan boʻlsalar[5] deyilgan.      

Zahiriddin Muhammad Boburning ushbu asari shohlik, sarkardalik va olimlik isteʼdodidan tashqari fiqh ilmining olimi bo`lganini dalili bo`ladi. 

 

Adabiyotlar ro‘yxati 

1. Zahiriddin Muhammad Bobur / “Mubayyan va nasriy bayoni”.-T: 

Sharq-2014

2. Zahiriddin Muhammad Bobur / “Risolai Volidiyya”.-T: Sharq-2014

3. Abdulhay Lavkhnaviy “Nuzhat ul-xavotir” ( “Xotiralar sayri” ). Lubnon / 

Bayrut , “ Dorul Ibn Hazm “ nashriyoti , 1999 yilda nashr bo‘lgan.

4. “Urdu doirai ma‘orifi islomiya” ensiklopediyasi, Panjob universiteti nahs-

ri. h.1392, m.1972 yil. 3-jild.

5. Mirzo Kenjabek, “Bobur Mirzo – buyuk faqih” // “Yer yuzi” jurnali, 2014-

yil, 2 (6)-son, 16-bet

6. Hasanxo’ja Nisoriy. “Muzakkiri abob” (“Do‘stlar yodnomasi”). Fors tili-

dan Ismoil Bekjon tarjimasi. Toshkent, Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi 

nashriyoti, 1993.

7. www.trtavaz.com. “Hindistonda boburiylar hukmronligiga asos solgan 

Zahiriddin Muhammad Bobur

8. Abdulqodir Pardayev. Sharhu aqidatil Imom at Tahoviyya; Toshkent:  Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2018.

[1] G’aybulloh as-Salom, N.Otajon. Jahongashta “Boburnoma”, Toshkent.:1996, -B. 19

[2] I.Ramazonov. Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy-ijodiy merosining  milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishidagi o’rni. Toshkent: “Ziyo” nashriyoti 2018.- B. 29

[3 Abdulqodir Pardayev. Sharhu aqidatil Imom at Tahoviyya; Toshkent:  Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2018.- B. 39

[4]  Abdulqodir Pardayev. Sharhu aqidatil Imom at Tahoviyya; Toshkent:  Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2018.- B. 42

[5] Abdulqodir Pardayev. Sharhu aqidatil Imom at Tahoviyya; Toshkent:  Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi. 2018.- B. 43

 

Другие новости

MUSULMONLARNING BOSHQA DIN VAKILLARIGA BO'LGAN MUNOSABATLARI
01.05.2025 7
Qur’oni karimda ham hadislarda ham boshqa din vakillariga qanday munosabat qilish lozimligi haqida ko’plab ko’rsatmalar kelgan. Islom dini tinchlik dini bo’lganligi uchun har qachon insonlar o’rtasida totuvlikni ta’minlashga uringan. Tarixdan...
Подробнее
XXI ASRDA MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING AHAMIYATI
28.04.2025 10
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Hanafiy as-Samarqandiy al-Moturidiy Islom dinining nazariy (usul ad-din), fiqh asoslari va manbalarini o‘rganadigan (ilm usul al-fiqh) sohasi bo‘yicha hanafiylik mazhabining yirik faqihi (qonunshunosi), kalom ilmida...
Подробнее
IMOM MOTURIDIY VA UNING IZDOSHLARI ILMIY MEROSINING ISLOM ILMLARI RIVOJIDAGI O‘RNI
21.04.2025 15
Islom millati uchun eng tahlikali bir paytda musulmonlarning aqiydasini mardonavor himoya qilgan, musulmonlar ommasi aqiydasining to‘g‘ri yo‘lda, Qur’oni Karim, nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, ahli sunna val jamoa yo‘lida sobitqadam...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry