
Navoiy asarlarida turkiy tilning o‘rni
Inson o‘zining ma’naviy dunyosi bilan boshqa mavjudotlardan ajralib turar ekan, har bir kishining insonlik darajasi ham uning ma’naviy boyligi bilan belgilanadi. Ma’naviy yetuklik kishini ezgu amalga boshlaydi. Shunday ekan ezgulik xamma davrda ham bir xil bo‘lavermaydi. Ezgulikni olim ilmi bilan, ona yaxshi tarbiyasi bilan, boshliq sodiqligi bilan ham qilaveradi. Ana shunday yaxshilik va ezgulik bilan yashagan olimlar sirasiga navoiyshunos olim Alibek Rustamovni ham kiritishimiz mumkin. Alibek Rustamov Navoiy asarlarini o‘zgacha uslub, mukammal fasohat va ijodning chiroyli uslubidan foydalanib yoritadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, har qanday asarning g‘oyaviy mazmuni va badiiy o‘zgachaliklari, uslubini anglab yetish, ayniqsa, Navoiydek buyuk so‘z ustasining asarlari mazmun-mohiyatini anglab yetish uchun, birinchi navbatda, tilning fonetik, morfologik va semantik xususiyatlarini o‘rganish lozim edi. Olim o‘z ilmiy izlanishlariga sabab bo‘lgan omillarni keyinchalik shunday izohlaydi: “Kommunist rahbarlar qardosh xalqlarni bir-biridan ajratish va ularni tarixi, merosi, dini, urf-odatlaridan judo qilish siyosatini istibdod yo‘li bilan amalga oshirdi. Turkiston xalqini kirill yozuviga o‘tkazish shu siyosat bilan bog‘liq amallardan biri edi. Buning natijasi shu bo‘ldiki, xazrati Navoyiyni tushunmaydigan adabiyotshunos va tilshunos professorlar (ta’kid bizniki – A.Q.) oliy o‘quv yurtlarida dars beradigan bo‘ldilar. Maktabda va oliy o‘quv yurtlarida tarixiy, ilmiy, diniy va adabiy merosni o‘qib o‘rganishdan mahrum bo‘lgan olim va adiblarimiz necha minglab so‘zlarni bilmas holga keldilar. Bilgan so‘zlarining asl ma’nosini anglamaydigan bo‘ldilar” (Aliybeg Rustamiy. “Xazrat-i Navoyiyning ma’naviy va suvariy sharoblari”). Bu yillari olim matbuotda e’lon qilgan “Klassik asarlarning puxta tahlili uchun” (“Sharq yulduzi”, 1954), “O‘zbek klassik asarlari uchun lug‘at” (“Sharq yulduzi”, 1955), “Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asaridagi ba’zi bir eski o‘zbek tiliga xos xususiyatlar” (ilmiy to‘plam, 1958), “Navoiy asarlari muqaddimasi tilining bir xususiyati haqida” (“O‘zbek tili va adabiyoti”, 1961), “XV asr o‘zbek tilining vokalizmi” ( “O‘zbek tili va adabiyoti”, 1962), “Sab’ai sayyor” tilining xususiyatlari” (ilmiy to‘plam, 1964) va boshqa maqolalar aynan yuqorida zikr etilgan yuksak maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan edi.
Alohida eslatib o‘tish kerakki, Alibek Rustamovning bu ilmiy muvaffaqiyatlari zamirida fors tili, keyinchalik arab tilini puxta o‘rganish va qadimgi turkiy tilni teran o‘zlashtirishdek katta mehnat bor. Ana shu maqsadda olim avval O‘rta Osiyo davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) sharq fakultetidagi fors bo‘limini bitirib, keyinchalik ikkinchi mutaxassislik – arab tilini ham o‘rgangan edi. Agar olim turkiy, fors va arab tillarini puxta egallamaganida Navoiy asarlarini tilini o‘rganish va ilmiy-tadqiqotlarida bunchalik muvaffaqiyatlarga erishmagan bo‘lur edi. Chunki Navoiy asarlarining tili o‘sha davr o‘zbek tili me’yorlariga ko‘ra forsiy va arabiy o‘zlashmalarga boy, diniy va tasavvufiy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan, Qur’on va hadislardan iqtiboslar bilan bezalgan edi. Undan tashqari, Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish uchun o‘rta asr klassik adabiyotining o‘ziga xos badiiy vositalar sistemasi: ilmi bade, ilmi maoni, ilmi balog‘a, ilmi aruz, ilmi qofiya va boshqa badiiy san’atlarni puxta egallash lozim edi. Alibek Rustamov yuqoridagi ilmlarni puxta o‘rganib kitoblarida Navoiy ijodini quyidagicha tavsiflaydi
“ Navoiyning asarlari barcha jihatdan nihoyat darajada rango-rangligi bilan ajralib turadi. Ularda voqyea, qahramon, tabiat, narsa, buyum, inshoot, makon va zamon ham, tasvir va bayon ham, vazn, qofiya, saj’ va badiiy vositalar ham har asarda: har bobda, har faslda, har bayt va har jumlada turlichadir. Shu bilan birga boshqalariga nisbati yo‘q na bir bob, na bir fasl, na bir bayt yoki jumla, na bir so‘z, na bir ma’no va na bir tovush bor. Voqyea va qahramonlarning turliligini, masalan, «Xamsa»da ko‘rish mumkin, lekin bu turlilik zidlik va uyg‘unlikni o‘z ichiga olganligi uchun birlikning turliligidan iborat. Navoiy asarlarida tilga olinmagan tabiiy va sun’iy narsalar, ilmiy tushunchalar juda kam. Shoir qalamiga tushmagan o‘lka, manzil, zamon, fasl va vaqt ham yo‘q. Uning qofiya, vazn va badiiy vositalarining turli-tumanligini ko‘rishimiz mumkin. Shuni ham ta’kidlash kerakki, turlilik Navoiyning butun ijodidagina emas, uning har bir asariga va har bir asarining har bir bo‘lagiga ham xosdir. Navoiy turkiy lahjalarni mukammal o‘rgangan, arab va fors tillarini a’lo darajada bilgan va bu tillarda yozilgan ilmiy va adabiy kitoblarni chuhur tahlil hilib yaxshi o‘zlashtirgan. Shoir tilning juda nozik tomonlarini yaxshi anglay olgan va uning til borasidagi adabiyot maydonidagi ulkan badiiy muvaffaqqiyatlariga asos bo‘lgan. Navoiy tildan to‘liq hamda aniq foydalanibgina qolmay, uni har tomonlama boyitdi va juda yuksak darajaga ko‘tardi. U o‘zbek adabiy tilini qaysi manbalar hisobiga boyitdi? Navoiy eng ko‘p foydalangan va eng boy manba turkiy lahjalar bo‘ldi. Ikkinchi manba ilmiy risolalar va o‘sha davr ziyolilarining og‘zaki nutqi. Navoiy asarlarida uchraydigan arab va fors elementlari Navoiy davridagi ziyolilar tilida mavjud bo‘lgan deb taxmin qilishga to‘gri keladi. Chunki og‘zaki tilda ishlatilmasligi aniq bo‘lgan o‘zga til elementlari Navoiy tilida ham uchramaydi. Turkiy lahjalardagi lug‘aviy va grammatik elementlar Navoiy asarlariga chegaralanmagan holda, arab va fors tillariga oid elementlar chegaralangan holda o‘tgan. Bundan tashqari, Navoiyning o‘zi ham til qonunlarini buzmagan holda ko‘pgina so‘z va iboralar ijod etgan hamda mavjud so‘z va iboralarni yangi ma’nolarda mohirona ishlatgan. Yana shunisi ham borki, Navoiy chet so‘zlarga juda to‘g‘ri munosabatda bo‘lgan. Ba’zi adabiyot va ilm arboblari yo chet so‘zlardan butunlay voz kechishga undaydilar, yoki chet so‘zlar hisobiga o‘z so‘zlarini yo‘qotishni talab qiladilar. Navoiy turkiy so‘zlardan to‘lih foydalangan holda fors va arab so‘zlaridan ham foydalanadi. Navoiyning o‘zbek xalqiga til jihatidan ko‘rsatgan bebaho xizmatlaridan biri shundaki, u o‘zbek adabiy tilini turkiy lahjalar hisobiga yangi tub so‘zlar bilan boyitdi. Masalan, «quyosh» ma’nosidagi «kunash», yolg‘on ma’nosidagi «o‘truk», «turmoq» ma’nosidagi «ho‘pmoq» shular jumlasidandir. Ikkinchi xizmati — bor so‘zlar va qo‘shimchalar asosida o‘zi yangi so‘zlar yaratdi va yangi so‘zlarni vujudga keltirish, ayniqsa badiiy talablarga javob beradigan lug‘aviy birliklarni hosil hilishning nozik usullarini kashf qildi. Navoiyning «Xamsa»sida «raxsh-i tamanno surmak», «shikasta mahol kelmak», «kamol tutmoq», «ganjfishonliq qilmoq» singari o‘zi yaratgan so‘z va iboralar juda ko‘pdir. Uchinchi xizmati — adabiy tilda o‘zigacha ham ishlatilgan so‘zlarni yangi ma’nolar bilan boyitganligidir. Bunda ham Navoiy turkiy lahjalar va folklordan yaxshi foydalangan. Masalan, turkiy lahjalarda kechagi kunni kech vaqtini anglatuvchi so‘zlar bilan, erta kunni esa tong ma’nosiga aloqador so‘zlar bilan ifodalash odati bor. Janubi-g‘arb turklari kechagi kunni «dun» (tun) deydilar. Navoiy ham «tun» so‘zini xuddi shu ma’noda yangi «kecha» so‘zining ma’nodoshi sifatida ishlatadi
Tun oqshom keldi kulbam sari ul gulrux shitob aylab,
Xiromi sur’atidin gul uza xaydin gulob aylab
Bu baytdagi «tun oqshom» kecha kechqurun degan ma’nodadir. Ko‘pgina so‘zlarga Navoiyning o‘zi ham tilning qonun va qoidalariga asoslangan holda yangi ma’nolar bergan. To‘rtinchi xizmati — o‘zbek adabiy tilini grammatik jihatdan ham boyitganligidir. Bu borada Navoiy turkiy til va lahjalar hisobiga so‘z formalari va sintaktik konstruksiyalarni ko‘paytirdi, ularning ma’no va funksiya doirasini kengaytirdi. Navoiyning mana shu ulug‘ xizmatlari tufayli o‘zbek adabiy tilining ifoda vositalari ko‘paydi va kuchaydi, estetik imkoniyatlari benihoya darajaga yetdi, adabiy va ilmiy qudrati oshdi”.
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, Alisher Navoiy beqiyos darajada katta adabiy muvaffaqiyatlarga muvaffaq bo‘lgan buyuk shoirdir. U o‘zining yuksak g‘oyaviy badiiy asarlari tufayli abadiy ma’naviy hayotga erishdi va jahon madaniyatining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
Xadichai kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
Nurmuxamedova Iroda
Другие новости

-middle.jpg)
-middle.jpg)