
Ajdodlari buyuk yurt
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yurtimizda ilm fanga, ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayishi bilan birga, milliy qadriyatlarimiz, urf odatlarimizni qayta tiklash, milliy o‘zligimizni anglash va dunyoga tanitishga qaratilgan turli chora tadbirlar va islohotlar amalga oshirilmoqda. Ajdodlarimiz ruhini yod etib ularning tavalludlarini keng nishonlash ham shular jumlasidandir.
Diyorimizda har yili fevralь oyida buyuk bobokalonlarimiz temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur va Alisher Navoiylarning tavalludlarini keng nishonlash an’ana tusiga kirgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bobur Mirzo barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh, arab va fors tillarini yoshlikdan o‘rgandi. Ilm-fanga, she’riyatga ixlos qo‘ydi. Jasurligi va dovyurakligi uchun ham yoshligidan “Bobur” (sher) laqabini oldi.
Otasidan erta ajragan Bobur Mirzo oilaning to‘ng‘ich farzandi sifatida 12 yoshida taxtga o‘tirdi. Yosh bo‘lishiga qaramay turli nizolar, taxt uchun kurashlar avj olgan davrdagi Bobur Mirzoning yuritgan oqilona siyosati, harbiy mahorati, Hindistonni egallash va unda ulkan davlat barpo etishdagi sa’y harakatlaridan Zahiriddin Muhammad Bobur ulug‘ sarkarda, buyuk davlat arbobi ekanligi barchaga ma’lum. Bobur Mirzo o‘zining yozgan asarlari, she’rlari va ruboiylari bilan mumtoz adabiyotimiz ravnaqiga ham ulkan hissa qo‘shdi. Samarqanddalik vaqtida Alisher Navoiy tashabbusi bilan o‘zaro yozishmalar yozishar edi va Bobur o‘z atrofida ko‘plab ijodkor va adabiyot ixlosmandlarini to‘plagan edi. Siyosiy vaziyat har qancha tang bo‘lgan holatlarda ham ijoddan chekinmadi, doim ilm ahlini o‘z atrofiga jamlab ularga homiylik qilar va rag‘batlantirar edi. Ko‘plab g‘azallar, ruboiylar muallifi bo‘lgan sarkarda davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur yetuk diniy bilimlar egasi ham edi. Bobur Mirzo Hindistonga yurishlari davrida o‘zining “Mubayyan” asarini yaratdi. Ko‘pgina ilmiy va adabiy manbalarda “Mubayyin” nomi bilan kelgan asarning asli nomi “Mubayyan” bo‘lib, “Mubayyin” bu unga yozilgan sharhning nomidir. Masnaviy tarzida yozilgan ushbu asar hanafiy fiqhiga oid bo‘lib, unda islom diningng asosi besh farz-iymon, namoz, zakot, ro‘za va haj masalari batafsil yoritilgan. Bu asarni muallif o‘z farzandlari Humoyun va Kamron Mirzolarga dasturul amal sifatida yozgan. Ba’zi manbalarda bu asar “Fiqhi Boburiy” deb ham yuritiladi. Ushbu asarni Bobur Mirzo o‘z farzandlari uchun yozgan bo‘lsada lekin u bu bilan butun xalqqa islom dinining asosini ta’lim berishni xohlagan. Asarning birinchi bobida iymon e’tiqod masalasi, iymonning shartlari batafsil yoritilgan. Ikkinchi namoz bobida esa namozning farzlari, tahorat masalasi, tahoratning farzi, sunnati, odoblari, suvlarning hukmlari, tahoratda o‘qiladigan duolar, nafl va sunnat namozlar kabi masalalar batafsil yoritilgan. Shu kabi keying zakot, ro‘za va haj masalalariga oid boblarda ham bu ibodatlarning eng nozik va ahamiyatli jihatlari hadislar asosida yoritib berilgan. Ushbu asarning matni nazmiy ya’ni she’riy ifodalanishi ham ajdodimizning nihoyatda yetuk ilmidan darak beradi. Asarning duo matnlari ham ishonchli hadis kitoblaridan ya’ni mashhur olti muhaddisning kitoblaridan tanlab olinganligi ham ilmiy tadqiqotlarda ma’lum bo‘lgan.
Bobur Mirzo o‘z faoliyati davomida arab xatini soddalashtirib “Xatti Boburiy” degan yozuvni ishlab chiqqani va shu xatda Qur’oni karimni ko‘chirtirib Makkayi mukarrama ma’murlariga yuborgani ham vatandoshimiz diniy ilmlarga muhabbatli va ularni puxta egallagan olimlardan ekanligiga dalildir.
Mustamlaka davrida ushbu asar matni va mazmuni xalqdan yashirildi va sir tutib kelindi. Mustaqillik sharofati va yurtboshimiz tashabbuslari bilan mustaqillikdan so‘ng ajdodlarimiz ilmiy merosini o‘rganish va xalqqa taqdim etish ishlari yo‘lga qo‘yilishi bilan ushbu asar ham ilmiy tadqiqot obekti sifatida o‘rganildi va bir necha bor nashr etildi.
Buyuk ajdodlarimizning barchalari nafaqat davlat arbobi yoki shoir bo‘lish bilan diniy bilimlar egasi, olimi zamon ham bo‘lishgan. O‘z faoliyatlarida oqu qorani, halolu haromni, yaxshi yomonni ajrata olishgan. Mustahkam iymon, har bir ishda halollik, adolat kabi tamoyillarga og‘ishmay amal qilishlari ham balki ularning nomlari bugungi kunimizgacha tarix sahifalarida faxrla eslanishiga sababdir. Shunday Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Imom Buxoriy, Termiziy kabi buyuk zotlarni dunyoga keltirgan yurt o‘z ajdodlari kabi buyuk bo‘lur.
Xadichai Kubro ayol qizlar
o‘rta maxsus islom bilim
yurti mudarrisasi
Abduvaliyeva Komila
Другие новости

-middle.jpg)
-middle.jpg)