18.02.2025
2

Ayol qabristonga borsa...

Aytishlaricha, agar ayol kishi qabristonga borsa, qabr ahliga xuddi kiyimsiz turgan holida ko‘rinar emish, ayollar qabristonga borsa la’nat yog‘ilar emish, ayol kishi qabristonga borsa yaqinlariga ozor bo‘lar ekan, shu rostmi?

Umuman qabristonga borib, qabrlarni ziyorat qilish haqida savollar ko‘p-ko‘p takrorlanib turadi. Balki, bu boradagi ilmlarimiz sayozligi sababidan bu singari savollar bot-bot takrorlanib turar, balki, o‘qib o‘rganish vaqti allaqachon kelib bo‘lgandir, degan mulohazalar bilan dinimiz ko‘rsatmalarani o‘rganamiz, xo‘sh, dinimiz bu boradi nima deydi!? 

Islomning ilk davrlarida insonlar diniy ta’limotni chuqur anglamagan paytlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrlarni ziyorat qilishni taqiqlagan edilar. Chunki, o’sha vaqtlarda qabrlarni ziyorat qilishda ba’zi johilona odatlar saqlanib qolgan, o’tganlar bilan g‘ururlanish, baqir-chaqir qilish, oshkora yig‘i-sig‘i, qabrlarga sig‘inish bor edi. Islom odob va axloqi insonlar qalbiga chuqur singib borgach, qabrlar ziyoratiga izn berildi:

Hazrati Burayda roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytadilar: 

“Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi ijozat berdim: ziyorat qilaveringizlar”(Imom Muslim, Imom Termiziy, Abu Dovud, Nasoiy rivoyatlari).

Boshqa bir rivoyatda Rasul akram sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Qabrlarni ziyorat qilishni istagan kishi ziyorat qilsin. Chunki qabr ziyorati bizga oxiratni eslatadi”(Imom Termiziy, Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kimki har juma kunlari ota-onasining yoki ulardan birining qabrini ziyorat qilsa, gunohlari kechiriladi hamda «Ota-onasining roziligini topgan», deb yozib qo‘yiladi», dedilar» (Tabaroniy rivoyati

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birodarining qabrini ziyorat qiladigan, uning qabri yonida o‘tiradigan kishiga qabr ichidagi odam to o‘rnidan turgunicha uns-ulfat bo‘ladi va uning salomiga alik oladi», dedilar».

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Kishi uni taniydigan (kishining) qabr(i) yonidan o‘tsa va salom bersa, (qabr ichidagi) unga alik oladi va uni taniydi. Tanimaydigan (kishining) qabri yonidan o‘tsa, unga salom bersa, unga alik qaytaradi» (Bayhaqiy «Shuabul iyman»da keltirgan). 

Shu singari hadislarda qabrlarni ziyorat qilish erkakdir ayoldir hammaga umumiy aytilgan. Ammo yuqorida zikr qilingan gaplar ham bejizga xalq orasida kezib yurmagan, buning sababi Rasululllohi sallallohu alayhi vasallamdan  kelgan hadisdir:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Alloh qabrlarni ziyorat qiluvchi ayollarni la’natlasin”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadisda ayol kishilarning qabrlar ziyoratiga borishi yaxshi emasligi qattiq ta’kidlanmoqda. Jumhur ulamolar: «Hadisda aytilgan la’nat qabrlar ziyoratiga borib, dod solib yig‘lagan, sabrsizlik qilgan va noshar’iy hatti-harakatlar qilgan ayollarga xosdir», deydilar. Ular ayollarning qabrlarni ziyorat qilishlarini makruh sanashadi.

Hanafiy mazhabi ulamolari esa makruh emas, deyishgan. 
Alxoyrur-Romliy: “Agar qabr ziyorati o‘zlaridagi xafagarchilik, doimgidek yig‘i-sig‘ilarini, baqir-chaqirlarini yangilash uchun bo‘lsa, joiz emas. Agar yig‘lamasdan, qarindosh-urug‘chilik muhabbati e’tiboridan, solih kishilarning qabrlari ziyorati bilan ibratlanish maqsadida bo‘lsa, yoshi o‘tgan bo‘lsa, zarari yo‘q, bo‘yi yetgan qiz bo‘lsa, makruh bo‘ladi”, deb, ikki hadisni muvofiqlashtirgan.

Agar ayollarning qabristonga borishlari nojoiz bo‘lganida mashhur hadisda kelganidek, bir ayol farzandining qabri tepasida yig‘lab o‘tirgan vaqtda,  Rosululloh sallallohu alayhi vasallam uni ko’rib, sabrga chaqirdilar, qabristonga kelishi joiz emasligini aytmadilar. Ayollarning mayyitlar ko‘ziga kiyimsiz ko‘rinishi borasida gap ketadigan bo‘lsa, Oisha onamizning fe’llari bunga dalil bo‘ladi.

Oisha raziyallohu anho bunday deganlar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dafn etilgan uyimga odatiy uy kiyimimni kiyib, nomahramlar oldida kiyadiganlarimni kiymay, kiraverar edim va «Birlari erim, birlari otam (Abu Bakr)ku!», der edim. Vaqtiki, u joyga Umar ham dafn etilgach, Allohga qasamki, qachon kirgan bo‘lsam, Umardan hayo qilib, albatta, kiyimboshimni bog‘lab kirganman». (Imom Ahmad rivoyati).

Demak, ayollar ham qabrlarni ziyorat qilmoqchi bo‘lsalar, tiriklar bilan munosabatlari qandy bo‘lsa o‘liklar bilan ham shunday munosabatda bo‘lishlari kerak, chunki yuqoridagi hadisda Rosululloh sallalohu alayhi vasallam kim bir birodarini qabrini ziyorat qilsa xuddi tirik holida ulfatchilik qilgani singari unga uns ulfatchilik qiladi va salomiga alik qaytaradi dedilar. Ayollarning qabrlarni ziyorat  qilishlari, qabristonga kirishlari joiz bo‘ladi, qachonki ayol nomahramlar huzurida kiyingani singari kiyingan, taholatli holatda, g‘am-qayg‘ularini yangilab, dod-faryod solmaydigan qabr ziyoratiga rioya qilgan holda bo‘lsa Hanafiy mazhabi bo‘yicha joiz hisoblanadi. 

Agar ayollarning qabristonga borishlari mumkin bo‘lmasa edi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Oisha onamizga: “Menga Jabroil kelib: “Robbing seni ahli Baqiy’ga kelib istig‘for aytishingga amr qiladir”, deb aytdi”, der edilarmi!?

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: 
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga Jabroil kelib: “Robbing seni ahli Baqiy’ga kelib istig‘for aytishingga amr qiladir”, deb aytdi”, dedilar. Oisha roziyallohu anho: “Ularga nima deyman, ey Allohning Rasuli?” dedim. “Assalomu ala ahlid diyarim minal mo‘miniyn val muslimiyn va yarhamullohu al-mustaqdimiyna minna val musta’xiriyn. Va inna inshaallohu bikum lalahiqun. (Mo‘minlar va muslimlardan bo‘lgan diyor ahliga salom. Alloh bizdan o‘tganlarni va qolganlarni rahm qilsin. Albatta, biz ham, inshaalloh, sizlarga qo‘shilamiz)”, deb ayt”, dedilar”.
Boshqa bir rivoyatda:  “Assalomu alaykum ahlid diyarim minal mo‘miniyna val muslimiyn. Va inna inshaallohu bikum lalahiqun. As’alulloha lana va lakumul afiyata. (Mo‘minlar va muslimlardan bo‘lgan diyor ahliga salom. Albatta, biz ham, inshaalloh, sizlarga qo‘shilamiz Allohdan bizga ham, sizga ham ofiyat so‘rayman)”, deyilgan. (Muslim rivoyat qilgan).

Yuqoridagi hadislar va ulamolarning xulosalaridan kelib chiqqan, qabristonga borganda rio qilish lozim bo‘lgan odoblar bilan tanishib o‘tamiz: 

- niyatni to‘g‘rilamoq;

- xolis Alloh uchun ziyorat qilmoq;

- tahoratli bo‘lmoq;

- dunyo mashg‘ulotlarini tark etmoq;

- oxiratni o‘ylamoq;

- viqor bilan, sokin yurmoq;

- qabr ahllariga salom bermoq;

- tik turib duo qilmoq; 

- "Yasin" surasini o‘qimoq;

- "Ixlos" surasini o‘n bir marta o‘qimoq;

-   mo‘minlarning yaxshi sifatlarini esga olmoq;

- ziyoratdan qaytishda behad sokin bo‘lmoq;

- qabrlarni bosmaslik va ular ustiga o‘tirmaslik;

Rosululloh salllaohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga muvofiq qabrlarni ziyorat qilib oxiratni eslashimizda Alloh taolo tavfiq bersin. 

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi: D.Maxmudova

Другие новости

ANGAKIM, BO`LDI IYMON AMRI KIRDOR KERAK ISLOMDIN BO`LSA XABARDOR (2-QISM)
21.02.2025 1
Islom aqidasi shartlari bayonidan soʻng Alisher Navoiy islom ahkomlarini yoritadi. Bunda shoir islom dini farzlari – tahorat, gʻusl, namoz, zakot, ramazon roʻzasi, haj bilan bogʻliq shariat hukmlarini batafsil bayon etadi.Fiqh...
Подробнее
ANGAKIM, BO`LDI IYMON AMRI KIRDOR KERAK ISLOMDIN BO`LSA XABARDOR
20.02.2025 1
(1-QISM)Alisher Navoiy oʻzbek shoiri, oʻzbek sheʼriyati mulkining sultoni ekanligi hech kimga sir emas. Biroq, uning asarlariga yanada teranroq nazar bilan qaralsa, Alisher Navoiyning buyuk islom olimi ekanligi ham namoyon boʻladi....
Подробнее
MAHMUD ZAMAXSHARIYNING   “NUKATU-I-E’ROB” ASARI 
19.02.2025 1
Mahmud Zamaxshariyning 70 dan ortiq asari bor. Shulardan biri “Nukatul e’rob fil g‘arib e’rob fil Qur’onil Karim” kitobidir. Asar qo‘lyozma holatda bo‘lib, olim uni “Nukatul e’rob fiy g‘aribil e’rob” nomi...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry