20.02.2025
1

ANGAKIM, BO`LDI IYMON AMRI KIRDOR KERAK ISLOMDIN BO`LSA XABARDOR

 

(1-QISM)

Alisher Navoiy oʻzbek shoiri, oʻzbek sheʼriyati mulkining sultoni ekanligi hech kimga sir emas. Biroq, uning asarlariga yanada teranroq nazar bilan qaralsa, Alisher Navoiyning buyuk islom olimi ekanligi ham namoyon boʻladi. Zero, uning barcha asarlarining asl manbasi Qurʼoni karim, sunnat, islom tasavvufi va islom hikmatidir.  

Hazrati Navoiy butun hayoti va ijodini Qurʼon va hadisi shariflarda kelgan hukmlar asosiga qurgan komil musulmonning ibratli namunasidir. Shoir hamisha Qurʼon tilovat qilishni va unga amal qilishni komillikning asosiy sharti deb tushunadi. Shu boisdan ham Alisher Navoiy Qurʼoni karim taʼsirida bir nechta asarlar yozgan. Ulardan biri “Siroj ul-muslimin”asarida shariat ahkomlari, islom asoslarini nazmiy usulda bayon qiladi[1].

“Siroj ul-muslimin” masnaviy shaklida yozilgan boʻlib, 197 baytdan iborat. Asar aruzning hazaji musaddasi mahzuf (mafoiylun mafoiylun fauvlun) vaznida yozilgan. “Siroj ul-muslimin” hamd va naʼt, 24 bob va xotimadan tashkil topgan. 

Hazrat Navoiy, avvalo, Allohga hamd va Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salot va salomlarini yoʻllagach, mazkur kitob nazmining sababi bayoniga oʻtadi. Dastavval sulton Husayn Boyqaroga cheksiz hurmatini izhor etib, bir voqeani bayon qiladi. Unga koʻra, shoh majlislaridan birida bir nuktadon inson Husayn Boyqaroga: “Navoiyning sheʼrlari juda ajoyib, undan bahramand boʻlgan odam yana bahra olmoqni xohlaydi, lekin bundan ne foyda bor?”, – degan maʼnoda fikr bildiradi. Aslida shoir koʻpdan buyon fiqh va aqidaga doir asar yozishni niyat qilib yurardi-yu, azbaroyi yumush koʻpligidan bunga fursat topolmayotgan edi. Samarqanddan bir ulugʻ insonning Hirotga tashrif buyurib, piri murshid Xoja Ahror Valiyning shoirdan diniy masalalar sharhini yorituvchi kitob yozishni soʻraganini aytganidan soʻng Alisher Navoiy katta ishtiyoq bilan ishga kirishadi:

…Chu soʻrdi Iso anfosi bu damni,

Ham ul dam azmigʻa yoʻndum qalamni…

Alisher Navoiy “Kitob nazmining sababi” qismida avval aqida sharhini, soʻng farz, vojib, sunnatni bayon etishini, bundan ahli islomga foyda boʻlishini aytadi:

…Ham etkaymen burun sharhi aqoyid,

Ki, islom ahligʻa bergay favoyid.

Yana ham farz, ham vojib, sunan ham,

Neki oriz boʻlur yaxshi, yomon ham…[2]

Asarning asosiy qismida Alisher Navoiy oʻzi aytganidek, dastavval aqoid hamda shariat hukmlari sharhiga toʻxtaladi. Bunda shoir islom ahkomi ikki qism: aqida va amal (shariat)dan iborat deb yozar ekan, aqida pok boʻlmasa, amalning ahamiyati yuqori boʻlmasligini taʼkidlaydi.

Alisher Navoiy iymon shartlari sifatida Allohning bir-u borligiga, farishtalarga, ilohiy kitoblarga, paygʻambarlarga, oxirat kuniga, qadar – taqdirga ishonish kabilarni sanab oʻtadi.

Keyingi qismda shoir Allohning sifatlarini bayon etadi. Unga koʻra, moʻmin inson Allohning zamon va makondan munazzah – holi ekaniga, sherigi yoʻqligiga, uning bezavol ilmiga, eshitish va koʻrishiga, kalomiga, taqdir egasi ekaniga ishonishi shart. Hazrat Navoiy, shuningdek, Allohning oʻxshashi yoʻq, uning qudrati har qanday jismdan holi boʻlib, bandalar kabi ehtiyojmand emasdur, degan islom aqidasidagi fikrni uqtirar ekan, bunga isbot tariqasida “Shoʻro” surasidagi 11-oyatni keltiradi:

“U Zotga oʻxshash hech narsa yoʻqdir. U Zot oʻta eshitguvchi, oʻta koʻrguvchi Zotdir”. 

Keyingi bobda shoir islom aqidasidagi – qabr azobi, qabrdagi savol-javob, sirot koʻprigi, tarozi, doʻzax, jannat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shafoati, nabiylar moʻjizalari, avliyolar karomati haq ekanini taʼkidlaydi hamda kohinni tasdiq etish kufr ekanini ham aytib oʻtadi.

Xadichai Kubro ayol-qizlar o`rta 

maxsus  islom ta`lim muassasasi 

o`qituvchisi, ToshDO‘TAU II-kurs 

doktoranti Gulruh Kenjaboy Mirzo qizi


 

[1]A.Navoiy. “Siroj ul-muslimin”. – Toshkent: Fan.2000.- B. 78.

[2] A.Navoiy. “Siroj ul-muslimin”. – Toshkent: Fan.2000.- B. 48

Другие новости

ANGAKIM, BO`LDI IYMON AMRI KIRDOR KERAK ISLOMDIN BO`LSA XABARDOR (2-QISM)
21.02.2025 1
Islom aqidasi shartlari bayonidan soʻng Alisher Navoiy islom ahkomlarini yoritadi. Bunda shoir islom dini farzlari – tahorat, gʻusl, namoz, zakot, ramazon roʻzasi, haj bilan bogʻliq shariat hukmlarini batafsil bayon etadi.Fiqh...
Подробнее
MAHMUD ZAMAXSHARIYNING   “NUKATU-I-E’ROB” ASARI 
19.02.2025 2
Mahmud Zamaxshariyning 70 dan ortiq asari bor. Shulardan biri “Nukatul e’rob fil g‘arib e’rob fil Qur’onil Karim” kitobidir. Asar qo‘lyozma holatda bo‘lib, olim uni “Nukatul e’rob fiy g‘aribil e’rob” nomi...
Подробнее
NECHАKIM HАQ BILMАKI АQIDАDINDUR (2-QISM)
18.02.2025 3
Fiqh-ul akbar kitobida Abu Hanifa rahimahulloh bu mavzuda quyidagilarni bayon qildilar:وَ سُؤَالُ مُنْكَرٍ وَ نَكِيرِ حَقٌّ كَائِنٌ فِي القَبْرِ وَ إِعَادَةُ الرُّوحِ إِلَى جَسَدِ العَبْدِ فِي قَبْرِهِ حَقٌّ، وَ ضَغْطَةُ...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry