
ANGAKIM, BO`LDI IYMON AMRI KIRDOR KERAK ISLOMDIN BO`LSA XABARDOR (2-QISM)
Islom aqidasi shartlari bayonidan soʻng Alisher Navoiy islom ahkomlarini yoritadi. Bunda shoir islom dini farzlari – tahorat, gʻusl, namoz, zakot, ramazon roʻzasi, haj bilan bogʻliq shariat hukmlarini batafsil bayon etadi.
Fiqh ilmiga bag`shlangan “Hidoya” asari bevosita tahoratga oid hukmlar bilan boshlangan boʻlsa, “Siroj ul-muslimin”da aqidaviy masalalardan keyin tahoratning bayoni bilan farʼiy hukmlar bayoni boshlangan:
Tahorat ichra bilkim, toʻrt erur farz,
Gar etsang istimoʻ, aylay ani arz.
Ya`ni, tahoratning to`rt farzi bordir, timglagin, senga uni bayon qilurman.
Yu(v)mogʻliq yuzni manglay to zaqandur,
Quloqdin to quloq vajhi hasandur.
Ya`ni, yuzni peshonadan iyakgacha (iyak bilan), quloqning “shaxmat” deb ataluvchi qismigacha yuvish farzdir.
Mahosin boʻlsa onchakim, yopar yuz,
Ani gʻusl aylamak, ey niyating tuz.
Ya`ni, yuzni to`liq yuvish shunday go`zal bo`lur, uni yuvishni niyat ham qil. Bu yerda tahoratni niyat qilish sunnatligiga ishora qilinmoqda.
Iki qoʻlni iki tirsak bila yu(v),
Vuzu aylarda bilkim, farz erur bu.
Ya`ni, ikki qo`lni tirsaklari bilan qo`shub yuv, bilginki, tahoratda buni qilish farzdir.
Yana bosh masʼhini ham farz bilgʻil,
Valekin, toʻrt ulushtin birni qilgʻil.
Ya`ni, boshning ¼ qismiga mas`h tortish ham farz ekanini bil.
Yu(v)mogʻ iki oyogʻni farz erur ham,
Iki oshugʻni ham qilmoq anga zam,[1]
Ya`ni, ikki oyoqni to`piqlari bilan qo`shib yuvish farz ekanini bil.
Navoiy ushbu 12 misra orqali tahoratning farzlarini bayon qilgan. Yaʼni, yuzni chegaralari bilan: soch chiqqan joydan jagʻ osti va quloqning ikki yumshoq yerlarigacha yuvish, ikki qoʻlni tirsaklari bilan yuvish, boshning toʻrtdan bir qismiga masʼh tortish va oyoqlarni toʻpiqlari bilan yuvishdir. Shuningdek, Hazrati Navoiy mazhablar oʻrtasida xilofga sabab boʻlgan qoʻlning chegarasi, boshning qanchasiga masʼh tortish lozimligi borasidagi masalalarning Hanafiy mazhabidagi yechimini bayon qilgan.
Tahoratning farzlari bayoni “Hidoya”da quyidagicha keladi: “Alloh taolo: “Ey moʻminlar, namozga turganingizda yuzlaringizni hamda qoʻllaringizni chigʻanoqlarigacha yuvingiz, boshlaringizga masʼh tortingiz va oyoqlaringizni oshiqlarigacha yuvingiz!” degan. Demak, tahoratning farzi, mazkur dalilga asosan, uchta aʼzoni yuvish va boshga masʼh tortishdir. Yuvish bu (aʼzoning ustidan) suvni oqizish. Masʼh esa, (suvni aʼzoga) tekkizish, degani. Yuzning chegarasi, soch chiqqan joydan (peshona sochidan) jagʻ osti va quloqning ikki yumshoq yerlarigacha. Chunki yuzlashish shu chegara bilan amalga oshadi va “yuz” soʻzi ham, yuzlashmoq soʻzidan olingan. Bizga koʻra, tirsak va toʻpiqlar, (tahoratda) yuvishga kiradi. Zufar rahmatullohi alayh aks fikrdadir. U kishi: “Chegara chegarasi belgili narsaning ostiga doxil boʻlmaydi, xuddi roʻza bobida “kecha”ning roʻza (tutish vaqti)ga kirmagani kabi”, degan. Bizning dalil shuki, (tahoratdagi) chegara oʻzidan keyingi joyni yuvishni soqit qilish uchun kelgan, aks holda yuvish majburiyati qoʻlning hamma qismini qamrab olgan boʻlar edi. Roʻza bobida esa, chegara roʻzaning hukmini kechgacha davom ettirish uchun oʻrnatilgan. Chunki “sovm”(roʻza) soʻzi aslida bir muddat (taom, ichimlik va jinsiy aloqadan) tiyilib turish demakdir. Toʻpiq deganda, boʻrtib chiqqan suyak tushuniladi va bu soʻz toʻgʻridir. “Koʻib” (koʻkrak) soʻzi shu oʻzakdan olingan.
Quduriy rahmatullohi alayh aytadi: Boshga masʼh tortishda farz qilingan miqdor peshona miqdoricha. Bu boshning toʻrtdan biriga toʻgʻri keladi. (Bu hukm) Mugʻiyra ibn Shoʻba roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisga koʻra: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qavmning axlatxonasiga borib bavl qildilar, tahorat oldilar va peshonalari va mahsilariga masʼh tortdilar”. Oyati karimadagi “Masʼh tortinglar”, – degan buyruq umumiy boʻlib, hadis unga aniqlik kiritish uchun kelgan. Mazkur hadis Shofeʼiy rahmatullohi alayhning “Uch dona sochga masʼh tortish bilan farz ado boʻladi, degan soʻzlariga”, hamda Molik rahmatullohi alayhning “Boshning hammasiga masʼh tortish shart”, degan soʻzlariga hujjatdir. Baʼzi rivoyatlarda, ayrim faqihlarimiz masʼhning miqdorini uch barmoq miqdoricha, deb bilganlar, chunki uchta barmoq masʼh tortishda eng koʻp ishlatiladi”.
Guvohi boʻlganimizdek, ikkala asarda ham tahoratning farzlarini bayon qilishda Qurʼoni Karimdagi Moida surasi, 6-oyatga tayanilgan:
“Ey iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi boʻlsalaringiz, yuzlaringizni va qoʻllaringizni chigʻanoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga masʼh tortinglar. Va oyoqlaringizni toʻpiqlari ila yuvinglar”.
Alloh taoloning Oʻzi aynan qaysi aʼzolarni yuvish lozimligini bayon qilgani uchun hech kim bunga ziyoda yoki noqislik, yoki oʻzgartirish, yoki oyatdagi aʼzolarni emas, boshqasini farz sanamaydi. Zero, bunday qilish Allohning hukmiga qarshi chiqishdir. Shu boisdan nafaqat “Siroj ul-muslimin” va “Hidoya”da, balki jamiki fiqh manbalarida tahoratning farzlari bayoni xuddi shundaydir. Biroq, oyatlarni mazhabboshi imomlarimiz oʻz ijtihodlariga koʻra tushunishgan va shunday tushuntirishgan, bu esa juzʼiy xiloflarga sabab boʻlgan. “Siroj ul-muslimin”da faqatgina hanafiy mazhabidagi fatvo berilgani bayon qilingan boʻlsa, “Hidoya”da hanafiy mazhabining ichidagi turli fikrlar bilan birgalikda boshqa mazhablarga raddiyalar ham berib oʻtilgan.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o`rta
maxsus islom ta`lim muassasasi
o`qituvchisi, ToshDO‘TAU II-kurs
doktoranti Gulruh Kenjaboy Mirzo qizi
[1]Alisher Navoiy. Siroj- ul Muslimiyn. – Toshkent: Fan.2000.- B. 69
Другие новости
-middle.jpg)
-middle.jpg)
