22.02.2025
84

AVVALGʻI MU’MAN BIHNING SHARHI

AVVALGʻI MU’MAN BIHNING SHARHI

(Ishonish shart bo‘lgan birinchi narsaning sharhi)

(1-QISM)

Bobur Mirzo “Mubayyan”da eng muhim islomiy ilmlarni saralab, o‘zining din olimi, faqih ekanini ham ko‘rsatgan. “Mubayyan” Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928-yili (mil. 1521) she’riy yo‘lda tasnif etilgan. Asarda ahli sunna val jamoa aqidasi ravshan bayon qilingan. Bobur asarni o‘z valiahd o‘g‘illari Nosiruddin Humoyun va Komron Mirzolarga dastur-ul amal sifatida mo‘ljallab, ularning siymosi orqali butun xalq ommasiga besh farz fiqhiy masalalarini ta’lim qiladi[1].

Darhaqiqat, asarda muqaddas islom dinining besh rukni: iymon-e’tiqod, namoz, ro‘za, zakot  va haj  masalalari  go‘zal she’riy  tilda  bayon etilgan. Ushbu asarda Bobur iymonning farzligi va nimalarga iymon keltirish farz ekanini zikr qilganidan so‘ng ishonish shart bo‘lgan birinchi narsaning sharhini keltiradi:

(Iymonning birinchi sharti)

Budur iymon Xudog‘a kelturmak,

shirk cherigin zamirdin surmak,

Aytqil:  “Lo iloha illalloh”,

Ayt, ma’nosidin ham o‘l ogoh.

Kalima ushbudur, muni to‘xtat,

Demagi farz bo‘ldi bir navbat.

Allohga  iymon keltirish  va  shirk lashkarini  zamirdan  surish shuki, “Lo iloha illalloh” (“Allohdan boshqa iloh yo‘q”) deb aytgil.

Aytgil-u, buning ma’nosidan ham ogoh – xabardor bo‘l.

Iymon kalimasi (Kalimayi toyyiba – insonni kufrdan poklovchi kalima) shudir, buni yodingda saqlab qo‘y. Bu kalimani bir marta aytish farzdir.

Yana mundin keyinki kelgusidur,

Bu aqoyidkim, ul deyilgusidur.

Bilg‘ilu e’tiqodni muncha tuz

Jonu  ko‘nglungda mundog‘  o‘lturg‘uz  –

Kim Xudodur borni hast etkan,

Yeru ko‘ki balandu past etkan.

Bilki, ma’budi bosazo Uldur.

Jumlayi xalqdin sizo Uldur.

Yana bundan keyin keladigan narsa bu aqoiddir – e’tiqod qilinadigan narsalardirki, endi aytiladi. E’tiqodni shu qadar to‘g‘ri bilib ol hamda uni jon va ko‘ngilda to‘g‘ri,  mahkam o‘rnashtirki,  butun  mavjudotni bor  qilgan,  osmon-u yerning birini yuksak, birini past qilib qo‘ygan zot Allohdir. Balki, ma’budi bosazo – ibodatga loyiq va munosib bo‘lgan zot Udir, barcha xalqdan – yaratilmish butun maxluqotdan o‘zgacha, tengi va o‘xshashi, misli va misoli bo‘lmagan zot Udir.

Har nekim bordur, Ul yaratqandur,

Hastlik jarchasiga qotqandur.

Birduru yo‘q sherik Aning ishiga,

O‘xshamas hech ishta hech kishiga.

Ehtiyoji kishiga yo‘qtur Aning,

Yoru yovar ishiga yo‘qtur Aning.

Bor ediyu hamisha bo‘lg‘usidur,

Ne kam o‘lg‘usidur, ne to‘lg‘usidur.

Nimaiki bor bo‘lsa, hammasini U yaratgandir va borlik, mavjudlik qatoriga qo‘shgandir. U birdir, yakka-yu yagonadir va Uning ishiga sherik yo‘qdir. Hech bir ishda hech bir kishiga o‘xshamaydi. Uning hech bir kishiga ehtiyoji yo‘q (hojasiz hojatbarordir). Uning eshi, jufti, yordamchisi yo‘qdir (chunki bunga muhtoj emasdir). U zot (avvaldan) bor edi va hamisha bor bo‘ladi – abadiy tirik va qoyim turguvchidir, na kam bo‘ladi, na ortadi – na o‘zgaradi!

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta 

maxsus  islom ta’lim muassasasi 

o‘qituvchisi, ToshDO‘TAU II-kurs 

doktoranti Gulruh Kenjaboy Mirzo qizi

 

 

 


 

[1] I.Ramazonov. Zahiriddin Muhammad Boburning ilmiy-ijodiy merosining  milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishidagi o’rni. Toshkent: “Ziyo” nashriyoti 2018.- B. 29

 

Другие новости

Ilmning Fazilatlari
09.07.2025 1
Islom dini ilm-fan, tafakkur va aqlni yuksak qadrlagan dindir. Ilm — insonni jaholat zulmatidan najot topishga, to‘g‘ri yo‘lni tanlashga, Alloh taologa yaqinlashishga yordam beradigan eng ulug‘ ne’matlardan biridir. Ilmning fazilati...
Подробнее
QABUL - 2025
28.06.2025 15
#qabul_2025QABUL - 2⃣0⃣2⃣5⃣✅ "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta'lim muassasasida 2025-2026 o‘quv yili kunduzgi ta’lim uchun abituriyentlarning hujjatlari offlayn shaklda qabul hay’ati tomonidan 2025-yil 25-iyundan 20-iyulgacha qabul qilinadi.📝 QABUL...
Подробнее
Bid’at tushunchasi, uning turlari va hukmlari
20.06.2025 20
Bid’at tushunchasi, uning turlari va hukmlari"Bid’at" so‘zi lug‘atda bir narsani yangitdan paydo qilish ma’nosini anglatadi."Bid’at"ning shar’iy istilohi – ta’rifiga keladigan bo‘lsak, ulamolar bu masalada bir xil fikrga ittifoq qilmaganlar. Mazkur...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry