27.02.2025
11

“MUBAYYAN”DA E’TIKOF MASALALARI

 

“Mubayyan”da e’tikof borasidagi hukmlar bilan tanishib chiqamiz. “Mubayyan”da e’tikofning ta’rifi va unga oid hukmlar quyidagicha kelgan:

        “Ramazon oyi, bilki, sunnatdur: so‘nggi ashrida e’tikof o‘ltur. 

        Ushbu sunnat muakkadadur, bil, lek muni ’alal-kifoya degil. 

        E’tikof ichra shartdur ro‘za, bordur aning aqalli yak ro‘za. 

        Andakim masjidi jamo‘atdur, e’tikof anda, bilki, sunnatdur. 

        Qilding ar e’tikofga niyyat, chikmagil be zarur ul fursat.

        Chiqsang andin qazoyi hojat uchun, yo vuzu naqzida tahorat uchun,

        Qilur ishingni chunki qilding, bil, mu’takafga darangsiz kirgil.

        Uzrsiz so‘ate darang etmak, mubtili e’tikofdur, beshak.    

        Vaty ham e’tikof mubtilidur, ushbular shar’ ahlining tilidur. 

        Kuchmoq, o‘pmoq gar o‘lsa shahvatlik, e’tikof ichra bor harom bu shik. 

        Kilsa el lozim e’tikof o‘ziga, turmasa yana bu degan so‘ziga, 

        Favt bo‘lgon kunig‘a fidya berur. masalaye shar’ ichra mundoq erur” [1].

        Baytlarning ma’nosi: Bilki, ramazon oyida (e’tikof) sunnatdir: uning oxirgi o‘n kunligida. Bil, ushbu sunnat muakkadadir, lekin buni ’alal-kifoya (ya’ni, sunnati kifoya) degil. (Bir shahardan bir kishi o‘tirsa, kifoya, butun shahar xalqidan vabol ko‘tariladi). E’tikof vaqtida ro‘zador bo‘lish shartdir, u (e’tikof)ning eng ozi bir kundir. (Nafl e’tikofning eng ozi esa bir soatdir.) Jamo‘at masjidida (ya’ni, jum’a o‘qiladigan masjidda) e’tikof o‘tirmoq sunnatdir.

        Agar e’tikofga niyat qilsang, u vaqtda zaruriyasiz (masjiddan) chiqma. Undan qazoyi hojat uchun chiqsang, yoki tahorat buzilib, yangi tahorat olish uchun chiqsang, qilar ishingni (tahoratingni) qilib bo‘lishing bilan paysalga solmasdan tez e’tikofxonaga kir. Uzrsiz bir soat hayallamoq, shak-shubhasiz, e’tikofni botil qiladi.

        (Jufti halol bilan) jinsiy muomala ham e’tikofni botil qiluvchidir. Ushbular shari’at ahli (imom va fuqaholari)ning so‘zidir.

        Burhoniddin Marg‘inoniy e’tikofga oid hukmlarni quyidagi tarzda bayon qilganlar: “Quduriy rahmatullohi alayh aytadi: “E’tikof mustahab amaldir”. To‘g‘risi, u sunnati muakkadadir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishni o‘zlariga vazifa qilib olganlar. Vazifa qilib olishlari uning sunnat amal ekaniga dalildir.

        E’tikof bu kishi ro‘zador bo‘lgan holda e’tikof niyati bilan masjidda bir muddat turishdir. Bir muddat turish e’tikofning ruknidir. Chunki masjidda bir muddat qolish kishining e’tikofda ekanini bildiradi. Shunday ekan, e’tikof faqat masjiddagina ado etiladi. Bizga ko‘ra, ro‘zador bo‘lish e’tikofning shartidir. Bu hukm Shofe’iy rahmatullohi alayhga xilofdir. Niyat ham boshqa ibodatlardagi kabi e’tikofda shartdir. Shofe’iy rahmatullohi alayh: «Ro‘za o‘zi (Mustaqil) ibodat bo‘lib, u o‘zi alohida tamaldir. Shuning uchun, boshqa ibodatga shart bo‘lmaydi (ya’ni, boshqa ibodatlarga shart bo‘lishi uchun ro‘za asl emas, tobe bo‘lishi kerak)», deganlar.

        Bizning dalil: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Ro‘zasiz e’tikof bo‘lmaydi”, – degan so‘zlaridir. Bu to‘g‘rida dalil bo‘lib turgan paytda qiyos qilish qabul etiladigan ish emas. So‘ngra, (kishi qasam yoki nazr qilish orqali o‘z zimmasiga vojib qilib olgan) e’tikofning durust bo‘lishi uchun bir rivoyatda ro‘zador bo‘lishi shart, deyilgan. Nafl (ya’ni, sunnat) bo‘lgan e’tikofning durust bo‘lishi uchun niyatning shart bo‘lishi, biz rivoyat qilgan hadisning zohiriy ma’- nosiga ko‘radir. Bu qavlni Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan Hasan ibn Ziyod rahmatullohi alayh rivoyat qilganlar. Mazkur rivoyatga ko‘ra, e’tikofning muddati bir kundan kam bo‘lmaydi. (Mazkur hukm) «Asl» (ya’ni «Mabsut»)ning rivoyatiga ko‘ra, e’tikofning eng kami bir soatdir. Bu hukm Muhammad rahmatullohi alayhning ham so‘zlaridir. Shunda e’tikof ro‘zasiz bo‘ladi. Chunki nafl ibodat qulaylikka asoslangan. Bilasanku, kishi nafl namoz o‘qiyotganida turishga qodir bo‘la turib, o‘tirib namoz o‘qishi ham joizku! «Asl» (“Mabsut”)ning rivoyatiga ko‘ra, kishi e’tikofda o‘tirishni boshlab, so‘ng uni buzib yuborsa, unga e’tikofning qazosi vojib bo‘lmaydi. Chunki e’tikofning lum miqdori yo‘q bo‘lib, uni yarmidan buzib yuborish bilan ibodat botil sanalmaydi. Hasan ibn Ziyod rahmatullohi alayh rivoyatiga ko‘ra, e’tikofli odamga buzgan e’tikofining qazosi vojib bo‘ladi. Chunki u ro‘za singari bir kun (miqdori) bilan o‘lchab qo‘yilgan”[2].

        Ro‘zaga oid hukmlar tugaganidan so‘ng, ikkala kitobda ham Islomning beshinchi rukni hisoblangan haj haqidagi tafsilotlar bayoni boshlanadi. Avvalida, hajning farz etilishi, uning vojiblari, ruknlari, miyqotlar, ehrom bog‘lash kabi hukmlar keladi. Keyin “Mubayyan”da umraning bayoni beriladi. 

        Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta 

maxsus  islom ta’lim muassasasi 

o‘qituvchisi, ToshDO‘TAU II-kurs 

doktoranti Gulruh Kenjaboy Mirzo qizi

 


 

[1] M.Kenjabek. Mubayyan va nasriy bayoni, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi. Toshkent.:2014, -B. 25

 

[2] “Hidoya” asari 2-juz. Burhoniddin Marg’inoniy  – Toshkent: .2022.- B. 127

 

Другие новости

💐NAVRO’Z - O’n ikki maqom ✨
04.03.2025 8
#Navruz #Bahor_shukuhi #Inson_qadri 🌿Navro’z (fors. - yangi kun) - shamsiya (quyosh) yil hisobida yilning birinchi kuni (Kalendar); O’rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy an'anaviy bayrami. Bahorgi teng kunlikka...
Подробнее
Ramazonda to‘g‘ri ovqalanishni 9 ta oltin qoidasi!
04.03.2025 7
Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Uzoq soatlik ochlikdan so‘ng, turli taomlarga boy iftorlik dasturxoni bizning Ramazonda sog‘lom ovqatlanish haqidagi orzularimizni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Ramazonda to‘g‘ri ovqatlanish haqida bilish...
Подробнее
ILMGA E’TIBOR – TARAQQIYOT OMILI
02.03.2025 8
ILMGA E’TIBOR – TARAQQIYOT OMILI "Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur" deya marhamat qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.“Yaxshilikni ta’lim beruvchi kishiga barcha...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry