
RAMAZONDAN KEYINGI IBODAT MAVSUMI
Butun dunyo musulmonlari bir oy davomida Alloh taologa yaqinlashishga to‘la bo‘lgan iymon muhiti ichida yashadilar. Ramazon — bu rahmat va mag‘firat oyi, ibodat va itoat oyidir. U tez keladi va juda tez o‘tib ketadi. Ammo bu oy tugashi bilan bir savol paydo bo‘ladi : “Ramazondan keyin ibodat ham tugaydimi?”.
Albatta, islom dinida ibodat muayyan vaqtlar bilan cheklanmaydi; balki bu - hayot tarzi hisoblanadi. Alloh taolo bizni faqat ibodat qilishimiz uchun yaratgan, bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan:
﴿وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالْإِنسَ إِلَّا لِيَعْبُدُونِ﴾
Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. (Zariyot surasi, 56-oyat).
Shu bois, ibodat faqatgina rasmiy diniy amallar bilan cheklanmaydi, balki har qanday ezgu amal, har bir insonni Allohga yaqinlashtiradigan ish ibodat sanaladi.
- Ramazonning qalbga ta’siri:
Ramazon — bu inson o‘z ustida tafakkur qilishi, ruhiy holatini yaxshilashi uchun muhim fursatdir. Bu oyda kishilar yomon odatlarni tark etish va xulq-atvorini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Oyning tugashi bilan har kim o‘zida shakllangan ijobiy xislatlarni saqlab qolishi muhim. Ramazon kishiga nafaqat ibodatda, balki odamlar bilan munosabat va muomalada ham qanday qilib yaxshi inson bo‘lishni o‘rgatadi.
- Ramazondan keyingi ibodatlar:
Ramazon tugashi bilan ibodatlar ham to‘xtab qolmasligi kerak. Shukrki, ibodatlar faqat ro‘za bilan cheklanmaydi. Biz bajara oladigan boshqa ko‘plab ibodatlar mavjud:
- Namoz:
Namoz – bu dinning ustuni boʻlgan ibodatdir. Har qanday holatda namozni o‘z vaqtida ado etish zarur. Agar siz Ramazonda namozni tartib bilan o‘qigan bo‘lsangiz, unda Ramazondan keyin ham shu tartibni davom ettiring!
- Qur’oni karim tilovati:
Qur’on o‘qish – eng ulug‘ ibodatlardan biridir. Agar Ramazon oyida Qur’oni karimni tilovat qilib, xatm qilgan bo‘lsangiz, endi har kuni ma’lum bir qismdan o‘qishni odat qiling. Masalan, har kuni muayyan bir vaqtni Qur’on o‘qishga ajrating. Zero, Qur’on o‘qish faqat yaxshilikka chorlaydi.
- Sadaqa va muhtojlarga yordam:
Sadaqa – Allohga suyukli amallardan biridir. Inson Ramazondan keyin ham boshqalarga yordam berishni davom ettirishi lozim: bu pul bilan yoki vaqt ajratib, boshqa xayrli ishlarda ishtirok etish bilan bo‘lishi mumkin. Zero muhtojlarga yaxshilik qilish faqat pul bilan bo‘lmaydi.
- Qarindosh-urug‘lar bilan aloqani mustahkamlash:
Ramazon oyi – yaqin insonlar bilan munosabatni mustahkamlash uchun ajoyib fursatdir. Oy tugaganidan keyin ham qarindoshlarni ziyorat qilishni, yaqinlaringiz bilan aloqani davom ettirish kishini o‘tgan oyda amallarni ixlos bilan bajarganiga dalolat qiladi. Bu nafaqat ijtimoiy, balki diniy tomondan ham savobli amal sanaladi.
- Uzoq muddatli ibodat rejasini tuzish:
Inson ibodatni bir oylik majburiyat deb emas, balki hayot davomida doimiy amalga oshiriladigan reja deb bilishi kerak. Masalan, yil davomida Qur’onni bir necha marta to‘liq o‘qish yoki har oyda ma’lum bir paytda savobli ishlar bilan shug‘ullanish kabi aniq maqsadlar qo‘yishi mumkin.
- Shaxsiy o‘zgarishlar:
Ramazon oyi bizga o‘z xulqlarimiz va odatlarimizni yaxshi tarafga o‘zgartirish imkonini beradi. Bu o‘zgarishlar albatta Ramazondan keyin ham davom etishi lozim. Kishi doimo har jihatdan yanada yaxshi inson bo‘lishga harakat qilishi kerak. Bu o‘zgarish Allohga nisbatan shuningdek, insonlarga nisbatan ham bo‘lishi mumkin..
- Iymon salomatligi:
Iymon – doimiy ravishda e’tibor talab qiladi. Uni mustahkamlash uchun eng samarali yo‘l ibodatdir. Kishi ramazondan keyin ham iymonni mustahkamlovchi qanday amallarni bajarayotganiga e’tibor qilishi lozim.
- Yomon odatlarga qaytishdan saqlanish:
Ramazon tugagach, eski yomon odatlarga qaytish oson bo‘ladi. Nafs bir oy mobaynida o‘z istaklarini amalga oshira olmay qiynalib yashagan bo‘lsa bu oy tugashi bilan qafasdan ozod bo‘lgan qushday erkinlikka chiqadi, xohishlarini tezroq ro‘yobga chiqarishni istaydi. Inson o‘z-o‘zini nazorat qilishi – ya’ni o‘zini nafs istaklari oldida qarshi tura olish juda muhimdir. Ramazondan keyingi kundalik hayotda istaklarga qanday munosabatda bo‘lishi qolgan oylarda bajaradigan ibodatlarga va xayrli amallarga ta’sir ko‘rsatadi.
- Ramazon tugashi yangi mavsum boshlanishidir:
Inson ramazon oyi tugaganda yangi mavsum – ibodat mavsumi boshlandi deb bilishi darkor. Har kunni ibodat, yaxshilik va xayrli amallar bilan to‘ldirishga intilishi kerak. Shuni unutmaslik kerakki ramazon oyi bu faqatgina boshlanish nuqtasidir, nihoya emas!
Xulosa:
Har bir shaxs ushbu oy tugashi bilan “Ramazondan keyin o‘z ustimda ishlashga tayyormanmi?”, degan savolni qo‘yishi lozim. Chunki Ramazon oyi aslida ibodat mavsumi. U tamom bo‘lgach yangi mavsumga tayyorlanish lozim. Ramazon oyi – ibodat va ixlosni o‘rgatuvchi aziz mehmon. Ammo uning darslari oy tugashi bilan yakun topmaydi. Hayot davom etar ekan, ushbu oyning saboqlari ham davom etishi lozim.
Munisa Asror qizi
Другие новости


