
IMOM MOTURIDIY VA UNING IZDOSHLARI ILMIY MEROSINING ISLOM ILMLARI RIVOJIDAGI O‘RNI
Islom millati uchun eng tahlikali bir paytda musulmonlarning aqiydasini mardonavor himoya qilgan, musulmonlar ommasi aqiydasining to‘g‘ri yo‘lda, Qur’oni Karim, nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, ahli sunna val jamoa yo‘lida sobitqadam bo‘lishiga sabab bo‘lgan, “Hidoyat imomi”, “Musulmonlar e’tiqodining tuzatuvchisi’’ kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy hijriy 333-yil, milodiy 870-yilda [2:4] qadim Samarqandning Moturid qishlog‘ida tavallud topgan. U dastlabki ta’limni otasi Muhammad ibn Mahmuddan olgan. So‘ngra o‘sha davrdagi boshlang‘ich maktabda o‘qigan. Keyin esa ta’limni Samarqanddagi Raboti G‘oziyon masjidi huzuridagi madrasada davom ettirgan. Hayoti, asosan, Samarqandda o‘tgan. Samarqandda hanafiya mazhabi qonunshunoslaridan fiqh ilmini o‘rgangan. Moturidiy Samarqandda yashagan olim Muhammad ibn Fazlning shogirdi bo‘lgan. Moturidiy yashagan davr abbosiylar davlati hukmronligiga to‘g‘ri keladi. Xususan, alloma abbosiylar davrining 2-yarmida yashab o‘tgan. Bu davr hijriy 248-yildan boshlanadi. O‘sha davrda siyosiy maydonda abbosiy xalifalarining zaiflashishi, turk va fors xalqlarining kuchayishi, shunga o‘xshash boshqa omillar tufayli turli davlatlar paydo bo‘lishi yuz bergan. Abbosiylar davrida ilmiy harakat kengayishi davomida qadimgi yunon, lotin va boshqa tillardan kitoblarni tarjima qilish avj oldi. Mazkur tarjimalar orasida foydalisi ham, zararlisi ham bor edi. Ulardan zararlilari sababli musulmon olamida qarmatiylar, mo‘taziliylar, murjialar, qadariya, jabariya kabi botil toifalar yuzaga keldi. Qur’oni Karim va sunnat asosida emas, ko‘proq aqlga tayanib bahs va tortishuv olib boradigan bo‘ldilar. Bu, o‘z navbatida, musulmonlar ommasiga ham juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Mazkur aqiydasi buzilgan toifalardan zanjiylar, qarmatiylar, hashshoshiylar, ubaydiylar va botiniylar ochiq-oydin qarshilik ko‘rsatishga o‘tdilar. Maishatbozlik, mol-u dunyoga ruju qo‘yish va bekorchi dabdabalar ko‘paydi. Joriya tutish, xususan, qo‘shiqchi va raqqosa joriyalar tutish paydo bo‘ldi va avj oldi. Tasavvuf nomidan ish ko‘radigan tarkidunyochilik, qalbaki zohidlar va ularga o‘xshash boshqa toifalar ko‘paydi. Turli davlatlar markaziy davlatdan ajrab chiqib, musulmonlarning birligi yo‘qoldi. Ilmsizlik, bid’at va xurofotlar tarqaldi. [3:20]
Har bir asrdagi ijtimoiy holat o‘sha asrda yashagan jamoalarga ham, yakka shaxslarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatganidek, o‘sha davrdagi siyosiy, ijtimoiy va diniy-aqiydaviy holat Abu Mansur Moturidiyga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Moturidiy yashagan davrda yunon va boshqa tillardan tarjima qilingan kitoblardagi xudosizlik, axloqsizlik va boshqa buzg‘unchi fikrlar tufayli ham fikriy va aqiydaviy sohalarda katta salbiy o‘zgarishlar yuz berdi va bularga qarshi kurashish zarurati yuzaga keldi. Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh mazkur kurashning birinchi safida bo‘ldilar.
Shu sababdan alloma o‘z zamonasidayoq “Hidoyatga boshlovchi imom”, “Sunnat va hidoyat ahli peshvosi”, “Ahli sunna val jamoa bayrog‘ini baland ko‘taruvchi”, “Xurofot va bid’atga botgan uydirmalarni ildizi bilan qo‘poruvchi”, “Musulmonlar aqiydasini isloh etuvchi” kabi yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘lgan.
Abu Mansur Moturidiy Alloh taoloning inoyati ila o‘z zamonasining ahli sunna val jamoa e’tiqodidagi zabardast hanafiy ulamolaridan ilm oldi. Xususan, Abu Nasr Iyoziy, Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Muhammad ibn Muqotil Roziy, Nusayr ibn Yahyo Balxiy kabi olimlardan, asosan, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning kitoblaridan, “Fiqhul akbar”, “Risola”, “Fiqhul absat”, “Kitabul olimi val-mutaallim” kabi kitoblardan saboqlar oldi. [4:71]
Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh kalom ilmi va fiqhga alohida ahamiyat bergan. Faqatgina o‘rganish bilan cheklanmay, balki Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan keyingi davrda paydo bo‘lgan masalalarda mazkur ikki ilm bo‘yicha ijtihod qilib, muammolarga yechimlar topgan. Moturidiyning kalom sohasida asos slgan ta’limoti keyinchalik “moturidiya” nomi bilan shuhrat qozonib, musulmonlar orasida, ayniqsa, Movarounnahrda keng tarqalgan. [1:58] Ilmi kalomda peshqadam bo‘lib, ahli sunna val jamoa mazhabining imomi bo‘lish darajasiga yetgan. Moturidiy nafaqat mutakallim, aqiydashunos olim, balki mufassir ham bo‘lgan. Bunga alloma ta’lif qilgan “Ta’vilotu ahlis-sunna” (“Ahli sunna ta’villari”) nomli tafsir kitobi yorqin dalildir.
Shuningdek, Moturidiy kalom ilmiga doir “Kitabut-tavhid”, “Kitabul maqolot”, “Kitabu bayani vahmil mo‘tazila”, “Kitabur-raddi alal usulil xomsa li Abi Muhammad Boxiliy”, “Kitabur-raddi avoili adilla lil Ka’biy”, “Roddu tahziybil jadal lil Ka’biy” kabi kitoblarni yozgan. [4:88]
Bulardan tashqari Moturidiy usulul-fiqh va fiqh bo‘yicha “Ma’oxizush-sharia”, “Kitabul-jadal” kitoblarini ta’lif etgan.
Moturidiyning bizgacha uch asari “Kitobut tavhid”, “Ta’vilotul Qur’on” va “Pandnoma” yetib kelgan. [2:347]
Imom Abu Mansur Moturidiy musulmonlarning hidoyatda sobitqadam bo‘lishlarida, turli adashuvlardan saqlanishlarida ko‘rsatgan xizmatlari uchun, “hidoyat bayrog‘i”ni baland ko‘tarib, Islom ummatini to‘g‘ri yo‘lga boshlaganlari, tahlikali bir davrda hayratga to‘lgan, ahli sunna val jamoaga mansub musulmon ummatining oldiga tushib, yo‘l boshlaganlari, haqiqatni baralla bayon qilganlari, ya’ni ahli sunna val jamoa haq ekanini ochiqlab bergani keyingi davr ulamolari va ko‘plab davlat arboblari tomonidan ham e’tirof etilgan. Hattoki milodiy 944-yilda Moturidiy vafot etganida Abulqosim Hakim Samarqandiy uning qabriga: “Bu qabr nafis ilmlarni egallagan, iloji boricha ularni nashr qilish uchun kuch sarflagan va dinda asarlari maqtalgan … zotning qabridir”, – deb yozishni amr qilgan. [4:108]
Shuningdek, Abu Muyin Nasafiy, Imom Kafaviy, Zubaydiy, Kamoliddin Ahmad Bayoziy Hanafiy, Imom Kavsariy kabilar o‘z asarlarida Abu Mansur Moturidiyni e’tirof etganlar.
Davr o‘tishi bilan moturidiylikka xizmat qilgan va Moturidiyning yo‘lini davom ettirgan ulamolar yetishib chiqdilar. Ularning sirasiga Qozi Imom Abulyusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn Abdulkarim Bazdaviy, Abu Muyin Maymun ibn Muhammad Mu’tamid ibn Makhul Nasafiy, Najmuddin Abu Hafs Samarqandiy Nasafiy, Sa’duddun Mas’ud ibn Umar Taftazoniy kabilarni kiritish mumkin.
Mamlakatimizda ham Moturidiy va uning ilmiy merosini o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. 2000-yilda Moturidiy tavalludining 1130 yilligi keng nishonlandi va Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmuasi bunyod etildi.
2020-yil 3-4-mart kunlari Samarqand shahrida “Imom Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
2020-yil 11-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi yonida moturidiylik ta’limotini o‘rganish maqsadida kalom ilmi maktabi, Qarshida esa aqiyda maktabi faoliyatlari yo‘lga qo‘yildi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Hoji Ismatulloh Abdulloh, “Markaziy Osiyoda islom madaniyati” “Sharq” nashriyoti, T:2005.
2. Luqmon Bo‘rixon “Imom Moturidiy” “Yosh kuch” nashriyoti, T:2023
3. Ulrix Rudolf, “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti”, Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi, T:2001
4. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hidoyat Imomi Abu Mansur Moturidiy” Hilol nashr, T: 2024.
2-kurs talabasi Salimova Oishaxon Dilmurod qizi
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
Другие новости


