22.11.2025
1

Islom shariatida vasiyat tushunchasi

Islom shariatida vasiyat tushunchasi
“Vasiyat” so‘zi lug‘atda “yetkazish” ma’nosini anglatadi. Chunki u bilan vasiyat qiluvchi bu dunyodagi yaxshiligini oxiratiga ham yetkazadi.Vasiyat shariat bo‘yicha, o‘limdan keyin qo‘shimcha haq sifatida ixtiyoriy sadaqa tayin qilishdir. Unga Qur’on, Sunnat, Ijmodan dalil bor.
           Alloh taolo Baqara surasi 180-oyatida:

كُتِبَ عَلَيْكُمْ إِذَا حَضَرَ أَحَدَكُمُ الْمَوْتُ إِن تَرَكَ خَيْرًا الْوَصِيَّةُ لِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ بِالْمَعْرُوفِ حَقًّا عَلَى الْمُتَّقِينَ

     “Birortangizga o‘lim kelganda, agar u yaxshilik (boylik) qoldirayotgan bo‘lsa, ota-ona va qarindoshlarga ma’ruf ila vasiyat qilish taqvodorlarning burchi o‘laroq sizlarga farz qilindi”, deya marhamat qiladi. 
Demak, o‘lim oldidan vasiyat qilish ham farz ekan. Bu ham taqvoning bir sharti ekan. Agar o‘layotgan odam mol-mulk qoldiradigan bo‘lsa, o‘sha molning kimga qanchasi berilishini vasiyat qilmog’i lozim. Bu vasiyat ota-ona va yaqin kishilarga bo‘ladi. Bu oyati karima meros haqidagi oyatdan avval nozil bo‘lgan, keyinchalik meros oyati nozil bo‘lib, vasiyat qilmasa ham, o‘lgandan qolgan mol meros sifatida yaqin kishilarga bo‘lib berilishi bayon qilinadi.
Islomning avvalida ota-ona va yaqin qarindoshlar foydasiga vasiyat qilish vojib edi. Musulmon kishi o‘limidan oldin “Molining bunchasini otamga, bunchasini onamga, yana bu qismini falonchiga, u qismini pistonchiga beringlar”, deb vasiyat qilar edi.
Meros oyatlari tushishi bilan bu narsalar amaldan qolib, qolgan molni merosxo‘rlar orasida oyat asosida taqsimlash joriy qilindi.
Vasiyat qilish esa mandub bo‘lib, faqat molning uchdan biriga o‘tadigan bo‘lib qoldi. Vasiyat faqat uni qilgan kishining vafotidan keyin amalga oshiriladi.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: مَا حَقُّ امْرِئٍ مُسْلِمٍ لَهُ شَيْءٌ يُرِيدُ أَنْ يُوصِيَ فِيهِ يَبِيتُ لَيْلَتَيْنِ إِلَّا وَوَصِيَّتُهُ مَكْتُوبَةٌ عِنْدَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Vasiyat qilgudek narsasi bor musulmon kishiga vasiyatini yozilgan holda huzuriga qo‘ymay, ikki kecha (bemor bo‘lib) yotib qolishga haqqi yo‘q”, dedilar. (Beshovalari rivoyat qilganlar)
Sharh: Issiq jonga ishonib bo‘lmaydi. Kishi bemor bo‘lib yotib qolishi bilan guvohlar oldida vasiyatini yozdirib qo‘ygani yaxshi. Chunki bu ish mol-dunyoga tegishli ishdir. Yozib qo‘yilmasa, keyinchalik merosxo‘rlar o‘rtasida janjal chiqib, qarindosh-urug‘, aka-uka, opa-singillar o‘rtasiga sovuqlik tushishi mumkin. Ba'zilar: “Mayyitning nomidan xayr-ehson qilaylik, tariqasidan savobli joylarga sarf qilaylik”, desa, boshqalar ko‘nmasligi mumkin.
Shuning uchun molning egasi merosdan ortgan molini xayrli narsalarga sarflamoqchi bo‘lsa, ko‘zi ochiqligida o‘zi tayin qilgani yaxshi. Bu bilan u savobli ish qilgan bo‘ladi. Ammo yozishning o‘zi kifoya qilmasdan, guvohlar ham bo‘lishi kerak. Yozilgan narsa guvohlarsiz tan olinmasligi mumkin.
Bizning davrimizga kelib, ushbu ishga amal qilish yo‘q darajasiga tushib qolganligidan deyarli har bir mayyitning ortidan uning mol-mulki to‘g‘risida janjal chiqadi. Shu e’tibordan har bir musulmon odam bu ishga jiddiy qarashi kerak.

وَقَالَتْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا: مَا تَرَكَ رَسُولُ الله ﷺ دِينَارًا وَلَا دِرْهَمًا وَلَا شَاةً وَلَا بَعِيرًا وَلَا أَوْصَى بِشَيْءٍ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.

Oisha roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dinor ham, dirham ham qoldirmadilar. Bir qo‘y ham, tuya ham qoldirmadilar, bir narsani vasiyat ham qilmadilar”, dedilar.
Sharh: Bu rivoyatdagi va umuman, ushbu fasldagi hamma vasiyat ma’nosi kishining o‘limi oldidan molu mulki haqida vasiyat qilishi haqidadir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan oldin vasiyat qilmaganlar, chunki u zotda vasiyat qilinadigan mol-mulkning o‘zi bo‘lmagan.
Bu hol esa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ulug‘vorliklari, kamtarliklari va dunyo tashvishidan uzoqliklarining alomatidir. Alloh taoloning O‘zi u zotni bunday tashvishdan forig‘ qilgan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ ﷺ قَالَ: إِنَّ الرَّجُلَ لَيَعْمَلُ أَوِ الْمَرْأَةَ بِطَاعَةِ اللَّهِ تَعَالَى سَتِّينَ سَنَةً ثُمَّ يَحْضُرُهُمَا الْمَوْتُ، فَيُضَارَّانِ فِي الْوَصِيَّةِ فَتَحِبُ لَهُمَا النَّارُ، وَقَرَأَ أَبُو هُرَيْرَةَ: - مِنْ بَعْدِ وَصِيَّةٍ يُوصَى بِهَآ أَوْ دَيْنِ غَيْرَ مُضَآرٍ -رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتَّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ صَحِيحٍ. وَاللَّهُ وَأَعْلَمُ.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, bir erkak yoki ayol oltmish yil Alloh taoloning toatida amal qilur, so‘ngra ikkisiga o‘lim hozir bo‘lur. Ana shunda zararli vasiyat qilib qo‘yib, ikkisiga ham do‘zax vojib bo‘lur”, dedilar”, deb turib, Abu Hurayra: “Qilingan zararsiz vasiyat yoki qarzdan so‘ng” oyatini qiroat qildi”. (Abu Dovud va Termiziy sahih sanad bilan rivoyat qilganlar. Alloh bilguchiroqdir.)
Sharh: Xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin, vasiyat qilishda nihoyatda ehtiyot bo‘lishi kerakligi ushbu rivoyatdan ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Umr bo‘yi toat-ibodatda o‘tib, o‘lim oldidan bitta zararli vasiyat qilish bilan do‘zax bo‘lib qolish mumkin ekan. O‘limi oldidan birovga, xususan, o‘z merosxo‘rlariga zarar yetkazadigan vasiyat qilish musulmon kishi uchun harom. “Falonchiga merosimdan berilmasin”, kabi vasiyatlar zararli vasiyatlar qatoriga kiradi.
Qur’oni Karimning meroslar oyatida ham bunday vasiyat qilish noto‘g‘ri ekanligiga ishora bor. Abu Hurayra roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini aytib bo‘lganlaridan keyin o‘sha oyatni ham dalil sifatida tilovat qilganlar.

 

Другие новости

MUTASHOBIH OYATLAR BORASIDA SALAF VA XALAF ULAMOLARINING QARASHLARI
24.11.2025 1
MUTASHOBIH OYATLAR BORASIDA SALAF VA XALAF ULAMOLARINING QARASHLARI Qur’on oyatlari ma’no jihatidan ikki qismga: muhkam va mutashobihga bo‘linadi. Bu haqida Oli Imron surasining 7- oyatida shunday deyilgan:هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَيْكَ...
Подробнее
HAJ IBODATIDAGI JINOYATLAR VA JAZOLAR
23.11.2025 1
HAJ IBODATIDAGI JINOYATLAR VA JAZOLARHaj va umra bobidagi jinoyat deb, ehrom va Haram man qilgan ishlarga aytiladi. Jinoyatlar ikki xil bo‘ladi.[1]1.Ehromga bog‘liq jinoyatlar. Haj va umrada ehromga kirgan kishilarga xos.2.Haramga...
Подробнее
Fiqh ilmining tarixi va ahamiyati
19.11.2025 5
Fiqh ilmining tarixi va ahamiyatiFiqh ilmining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Islomning avvalgi davrida tafsir, hadis, usulul fiqh va boshqa ilmlar kabi, fiqh ilmi ham alohida ilm shaklida ajralib chiqmaganligini ko‘ramiz.Dastlab...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry