28.04.2025
1

XXI ASRDA MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING AHAMIYATI

    Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Hanafiy as-Samarqandiy al-Moturidiy Islom dinining nazariy (usul ad-din), fiqh asoslari va manbalarini o‘rganadigan (ilm usul al-fiqh) sohasi bo‘yicha hanafiylik mazhabining yirik faqihi (qonunshunosi), kalom ilmida yangi bir yo‘nalish-maktabga asos solgan yirik alloma hisoblanib, Samarqand yaqinidagi Moturid (arabcha “xohlagan narsang” ma’nosiga ega) qishlog‘ida milodiy 870-yilda tug‘ilgan. Samarqandda hanafiylik qonunshunoslaridan fiqh ilmini o‘rgangan. Abu Mansur Moturidiy Samarqandda yashagan olim Muhammad ibn Fazlning shogirdi bo‘lgan. Keyinchalik o‘zi shu yerda fiqh va kalomdan dars bergan. Hijriy 333 yoki 335-yil (milodiy 946 yoki 947-yil) Samarqandda vafot etgan.

      Abu Mansur Moturidiy Qur’on tafsiri, kalom, fiqh ilmi usullari sohasida bir qancha kitoblar yozib qoldirgan. Ularning sirasiga “Kitob al-usul”, “Kitob ta’vilot al-Qur’on”, “Sharh fiqh al-akbar”, “At-tavhid”, “Kitob al-maqolat”, “Ma’xuz ash-sharoi” kabilarni kiritish mumkin.[1:57]

    Moturidiyning kalom sohasida asos solgan yo‘nalishi keyinchalik “ moturidiya ” nomi bilan shuhrat qozonib, musulmonlar orasida, xususan, Movarounnahrda keng tarqaldi. Uning asarlarida qarmatiylar, rofiziylar va mo‘taziliylar ta’limotlari rad etiladi.

  Qarmatiylar shia mazhabidagi ismoliylarning asosiy shahobchalaridan biri bo‘lib, IX asr oxirida Iroqda vujudga kelgan, Suriya va Yamanda keng tarqalgan. Ular, asosan, dehqonlar, ko‘chmanchi badaviylar va humnarmandlardan tashkil topgan. Islom qonun-qoidalariga itoat etmaganlar, ularda masjid bo‘lmagan, musulmonlar ziyoratgohi qora tosh (Ka’ba)ga ziyoratni, unga sig‘inishni bid’at, butparastlik deb hisoblaganlar.

   Rofiziylar shialarga, ayniqsa, imomiylarga mansub laqab bo‘lib, “inkor etuvchilar”, “tan olmaydiganlar” kabi ma’nolarni anglatadi. Ular payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyingi chohoryor xalifalardan Abu Bakr roziyallohu anhu va Umar roziyallohu anhu hokimiyatini tan olmaydilar. 

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hazrati Alini voris qilib qoldirgan, – deb da’vo qiladilar.

  Mo‘taziliylar (ajralib chiqqanlar, uzoqlashganlar) esa VIII asr o‘rtasida Arab xalifaligida yuzaga kelgan. Uning asoschisi Vosil ibn Ato(699-748) bo‘lgan. Feodal ziyolilar vakillari bo‘lgan mo‘taziliylar antik falsafa va mantiqning usul va tushunchalarini ilohiyotga tadbiq qilib, tasavvufni inkor etishga uringanlar, Qur’on va sunnat ta’limotini aql-idrokka mos talqin etishni ilohiyot asoslaridan biri deb e’tirof etganlar, o‘zlarini yakka xudolik (tavhid) va adolat tarafdorlari deb ataganlar. Ularning ta’limotida Qur’on xudo tomonidan yaratilgan (nozil bo‘lgan emas) deyiladi, iroda erkinligi e’tirof etiladi. Bu oqim XI-XII asrlarda Xorazmda tarqalgan. Buyuk olim Zamaxshariy (1075-1144) uning oxirgi vakili edi. Mo‘taziliylar o‘zining ko‘plab yirik rahnamo va tarafdorlariga ega bo‘lgan. Lekin doim ta’qib ostiga olingan, Iroq va Eronda XI-XII asrlarda O‘rta Osiyoda XIII-XIV asrlarga kelib bu ta’limot yo‘qolib ketgan.[1:59]

  Moturidiy tan olgan yo‘nalish ash’ariya ta’limotidir. Bu haqda Subkiy, Bayoziy kabilarning asrlarida ma’lumotlar uchraydi. [2:10] Uning nazariyotchisi Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy (873-915) dir. Bu ta’limot Qur’on aqidalariga suyangan holda, jannat va do‘zaxni azaliy mavjud, insonda iroda erkinligi yo‘q, ammo o‘z qilmishlari uchun Alloh oldida javobgar, – deb qaraydilar. Al-Ash’ariy 100 dan ortiq asar yozgan bo‘lsa ham ulardan faqatgina ikkitasi yetib kelgan.

    Abu Mansur Moturidiyga ba’zi tarixchilar “Ansoriy” nisbatini beradilar, chunki ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, uning nasabi sahoba Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhuga borib taqaladi. 

  Moturidiy somoniylar davrida, ijtimoiy, siyosiy vaziyat tahlikali bo‘lgan bir davrda yashab o‘tgan. Mana shunday bir davrda Moturidiy Islom dini rivoji, kalom ilmi ravnaqi uchun munosib hissa qo‘sha olgan. Shu boisdan ham Abu Mansur Moturidiyning Islom olami va musulmonlar orasidagi mavqeyi nihoyatda yuqoridir.

   Allomaga jumhur tomonidan ko‘plab oliy unvonlar berilgan. Masalan, “Alamul xuda” – “Hidoyat bayrog‘i”. Moturidiy rahmatullohi alayh musulmonlarning hidoyatda sobitqadam bo‘lishlarida, turli adashuvlardan saqlanishlarida ko‘rsatgan ulkan xizmatlari uchun, “hidoyat bayrog‘i”ni baland ko‘tarib, Islom ummatini to‘g‘ri yo‘lga boshlaganlari uchun shunday ulug‘ nomga sazovor bo‘lgan. Darhaqiqat, Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh yashab, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan paytlarda Islomning hidoyat bayrog‘ini pastlatishga urinayotgan ichki dushmanlar urchib ketgan edi. Musulmon olami zalolatdagi va mo‘min-musulmonlarni zalolatga ketkazish yo‘lida jonini jabborga berib urinayotgan turli firqalar bilan to‘lib-toshgandi. Ko‘pchilik hayron bo‘lib, nima qilishni bilmay qolgan, Islom olamining hidoyat bayrog‘i qulashiga oz qolgan edi. Ana shunday o‘ta tahlikali bir paytda Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini – Islomning hidoyat bayrog‘ini nafaqat baland ko‘tardilar, balki o‘zlari hidoyat bayrog‘iga aylandilar. Shuning uchun dunyo musulmonlari ommasi bir ovozdan u kishini “Alamul xuda” – “hidoyat bayrog‘i” deb nomladilar.[3:101]

  Shuningdek, Moturidiy “Imamul xuda” – “Hidoyat imomi” degan sharafli nomga ham sazovor bo‘lgan.  Alloma musulmonlarning hidoyat yo‘lini tutishlarida peshvo bo‘lganlari, ularga yo‘lboshchilik qilganlari uchun ushbu nom berilgan.  Hijriy III asrning ikkinchi yarmi va hijriy IV asrning birinchi yarmida – Imom Abu Mansur Moturidiy yashagan davrda musulmon ummatining asl o‘zagini tashkil etgan ahli sunna val jamoa aqiydaviy mazhabiga mansub barcha xalqlar imomsiz qolgan edi. Turli buzg‘unchi firqalar ahli sunna val jamoa aqiydaviy mazhabiga har tarafdan shiddatli hujum uyushtirgan bir payt edi.

   Bu davrda ahli sunna val jamoa musulmonlari hayratda edilar. Mufassirlar, muhaddislar, faqihlar, voizlar, usulchilar, imomlar, qozilar, voliylar, podshohlar, kattalar-u kichiklar – hamma-hamma hayratda edi. Ularni chor tarfdan turli firqalar o‘rab olgan edi. Mazkur buzg‘unchi firqalarning kitoblari hamma yoqqa yoyilib ketgandi. Ularning choparlari, da’vatchilari hamma tarafga tarqalib, hammasi bir ovozdan ahli sunna val jamoaga hujum qilardi.

   Ana shunday o‘ta og‘ir bir vaziyatda Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh ahli sunna val jamoaga mansub musulmon ummatining oldiga tushib, yo‘l boshladilar, haqiqatni baralla bayon qildilar. Ahli sunna val jamoa haqda ekanini ko‘rsatib berdilar.

  Barcha u zotga ergashdi. Mufassirlar, muhaddislar, faqihlar, voizlar, usulchilar, imomlar, qozilar, muftiykar, mutafakkirlar, amirlar, voliylar, podshohlarning barchasi Moturidiyga ergashdi va allomani ““Imamul xuda” – “Hidoyat imomi” deb nomladilar.

   Shuningdek, Imom Moturidiy “Musohhihu aqoidi ahlis-sunna” – “Ahli sunna aqiydalarini to‘g‘irlovchi”, “Imamul mutakallimin”, “Raisu ahli sunna” kabi nomlarga ham sazovor bo‘lgan.[3:106]

   Hozirgi kunda ham turli aqiydaviy adashgan toifalarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi kurashda moturidiylik ta’limoti asoslari g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.  Bu esa bevosita mazhab va aqiydaviy yo‘nalishlar musulmonlarning birligi ramzi ekanini yana bir bor ta’kidlaydi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Hoji Ismatulloh Abdulloh, “Markaziy Osiyoda islom madaniyati” “Sharq” nashriyoti, T:2005

2. Ulrix Rudolf  “Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti” T:2001

3. Shayx Muhammad Sodiq  Muhammad Yusuf, “Hidoyat Imomi Abu Mansur Moturidiy”  Hilol nashr, T: 2024, 


                                                Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi

 2-kurs talabasi Abdug‘afforova Muxlisa Habibulloh qizi

 

Другие новости

O'TMISHDAN ERTAKLAR "Falokatning shafoati"
26.04.2025 3
Biz Yaypanda Olim buva degan bir novvoyning tashqarisida turar edik.Novvoyxonaning orqasi tashqining qariyb yarmini egallagan, hovli juda ham tor, ayam uning o‘rtasini tesha bilan chopib qo‘qongul, sariqgul, rayhon, jambul ekkan,...
Подробнее
IMOM MOTURIDIY VA UNING IZDOSHLARI ILMIY MEROSINING ISLOM ILMLARI RIVOJIDAGI O‘RNI
21.04.2025 8
Islom millati uchun eng tahlikali bir paytda musulmonlarning aqiydasini mardonavor himoya qilgan, musulmonlar ommasi aqiydasining to‘g‘ri yo‘lda, Qur’oni Karim, nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, ahli sunna val jamoa yo‘lida sobitqadam...
Подробнее
Kiroman katibiyn va oʻlim farishtalariga iymon keltirish bayoni
19.04.2025 9
Alloh taolo har bir insonga ikki farishtani: oʼng tarafdan bittasini, chap tarafdan bittasini biriktirib qo'yganiga iymon keltiramiz. Ikki farishta insonning yaxshilik va yomonliklarini yozib boradi. Va yana boshqa ikki farishta...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry