02.09.2025
5

Imom Tahoviy o‘zlarining "Aqidatut-Tahoviyya" nomli kitoblarida iymonning ta’rifi

Imom Tahoviy o‘zlarining "Aqidatut-Tahoviyya" nomli kitoblarida iymonning ta’rifini quyidagicha keltiradilar: 
Iymon – til bilan iqror bo‘lish va qalb ila tasdiq qilishdir.
Boshqa ulamolar iymonning haqiqati nimadan iborat ekanligi haqida ixtilof qilganlar:
1. Imom Abu Mansur Moturidiy bu borada aytadilarki: "Iymonning haqiqati faqat qalb bilan tasdiqlashdir. Ammo qalbdagi narsa yashirin bo‘lgani va undan voqif bo‘lishning imkoni yo‘qligi sababli iymonning dalili o'laroq va dunyoviy hukmlar (masalan jizya to‘lamaslik, meros olish, janoza o‘qish, musulmonlar qabriga dafn qilish kabilar)ning joriy bo‘lishi sharti sifatida til bilan iqror bo‘lish shariatga kiritilgan. Shunday ekan, agar bir kishi iymonni qalbi bilan tasdiqlasa-yu, lekin tili bilan iqror bo‘lmasa, u Alloh taoloning huzurida mo‘min hisoblanaveradi. Chunki Alloh taolo qalblardagi narsani biluvchi va uning tasdig‘idan xabardor bo‘lgan Zotdir. Lekin unday kishi tili bilan iqror bo‘lmagani tufayli shariat hukmlari (ya’ni dunyoviy muomalalar) borasida mo‘min deyilmaydi. Chunki biz bandalar uchun tasdiqning belgisi til bilan tasdiqlashdir. Biz zohirga (ya’ni ochiq ko‘ringan narsaga) qarab hukm qilamiz, yashirin ishlarni esa Alloh O‘zi biladi va O‘zi xohlaganini hukm qiladi"
Bu fikr yana mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rohimahullohdan ham "Alim val-Muta’allim" nomli kitoblarida rivoyat qilingan.
2. Imom Saraxsiy va Faxrul Islom Pazdaviy rohimahumulloh esa bu borada shunday deganlar:
"Til bilan iqror bo‘lish xuddi qalb bilan tasdiqlash kabi iymonning bir ruknidir. Ammo iqror — qo‘shimcha rukn bo‘lib, ba’zi uzrli hollarda (masalan, majburlik holatida) soqit bo‘lishi mumkin. Qalb bilan tasdiqlash esa asliy rukn bo‘lib, u hech qachon, hech qanday holatda soqit bo‘lmaydi. Shu boisdan, agar bir kishi qalbi bilan tasdiqlab, lekin hech qanday uzrsiz tili bilan iqror bo‘lmasa, u mo‘min hisoblanmaydi. Muallif (ya’ni matn egasi Imom Tahoviy) ham bunga ishora qilib:
"Iymon — til bilan iqror va qalb bilan tasdiqdan iborat", deganlar.
3. Amallar iymonning haqiqati tarkibiga kirmaydi. Ba’zi ulamolar esa buning xilofida "Iymon — qalb bilan tasdiqlash, til bilan iqror bo‘lish va a’zolar bilan amal qilishdan iboratdir", deb aytadilar. Bu fikr Imom Shofe’iy, Ahmad ibn Hanbal va Zohiriy mazhabi ulamolaridan rivoyat qilingan.
Imom Faxriddin Roziy esa "Amallar iymon atamasi tarkibiga kirmaydi", deb aytganlar. 
Amallarni iymon tarkibiga kiritganlar  o‘zaro ixtilof qilganlar. Imom Shofe’iy: "Fosiq (ya’ni gunohkor) odam fosiqligi sababli iymondan chiqib ketmaydi" deganlar.
Bu esa murakkab masaladir.
Chunki agar yuqoridagi fikrga ko‘ra iymon deganda tasdiq, iqror va amallar majmuasi tushunilsa, unda ularning bir qismi yo‘qolsa, iymon butunlay yo‘qolgan bo‘lib, amal qilmagan odam mo‘min bo‘lmay qolishi lozim bo‘lib qolardi.
Alloh taolo:
          {إن الَّذِينَ ءَامَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَات}
"Albatta, iymon keltirgan va solih amallar qilganlar..." (Baqara, 277) kabi ko‘plab oyatlarda iymon bilan amalni alohida-alohida zikr qilgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, agar amal iymonning haqiqiy juz’i bo‘lsa, amal yo‘q bo‘lganda iymon ham yo‘q bo‘lishi lozim bo‘ladi. Chunki bir narsaning bir juz’i yo‘q bo‘lishi uning hammasining yo‘q bo‘lishidir. 
Qolaversa, Jabroil alayhissalom Nabiy alayhissalomdan iymon haqida so‘raganlarida, u zot: 
"Iymon–Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirishingdir" deb javob beradilar va hadisning oxirida "Bu Jabroildir. Sizlarga dinlaringizni o‘rgatgani kelibdi" deydilar. Agar iymon iqror va tasdiqdan tashqari amal qilishdan ham iborat bo‘lganida edi Nabiy alayhissalom buni bayon qilgan bo‘lar edilar.

Tayyorladi: 3-kurs talabasi
Rahmonberdiyeva M
Mas'ul ustoz: Aqoid fani oʻqituvchisi S.Muxamedxodjayeva

Другие новости

Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir
05.09.2025 2
#rabiul_avval#mavlid🌙 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam📖 Alloh taolo aytadi: "Ayt: «Agar Allohni sevsangiz, bas, menga ergashing, Alloh sizni sevadir va sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qiladir». Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir",Oli Imron surasi,...
Подробнее
Zaif va ohad xabarlarga amal qilishning hukmi
03.08.2025 30
Zaif hadisning ta’rifi: Zaif so‘zi lug‘atda ismi foil bo‘lib, o‘zagi ضعف يضعف fe’li, beshinchi bobdan olingan. Zaif so‘zining antonimi "quvvatli" degan ma’noda. Zaif bo‘ldi iborasining ma’nosi: kuchi yoki sog‘lig‘i yo‘qoldi,...
Подробнее
Ilmning Fazilatlari
09.07.2025 47
Islom dini ilm-fan, tafakkur va aqlni yuksak qadrlagan dindir. Ilm — insonni jaholat zulmatidan najot topishga, to‘g‘ri yo‘lni tanlashga, Alloh taologa yaqinlashishga yordam beradigan eng ulug‘ ne’matlardan biridir. Ilmning fazilati...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry