13.10.2025
38

Qur’onda payg‘ambarlar qissalaridan ibratlar

Qur’onda payg‘ambarlar qissalaridan ibratlar

O‘z bandalariga rahm aylab, ularga doimiy ravishda anbiyo va rasullar yuborib, to‘g‘ri yo‘lga boshlab turgan Allohga O‘ziga munosib hamdu sanolar bo‘lsin. Allohning ta’limotlarini avval o‘zlarida tatbiq qilib, so‘ngra o‘z ummatlariga omonat ila yetkazgan nabiy va rasullarga Alloh taoloning eng pok salovotu salomlari bo‘lsin! Payg‘ambarlarning afzali va xotami, bandalarning shafiy’i va sarvari Muhammad mustafoga Robbil olamiyn tomonidan mukammal va batamom salovotu durudlar bo‘lsin! 

Muhtaram payg‘ambarlar Allohning bandalari ichidan tanlab olgan va ularga O‘z ta’limotlarini vahiy orqali yuborib, ummatlariga yetkazishni topshirgan ma’sum va abror bandalari ekanini yaxshi bilamiz. Shu bilan birga, har bir nabiy va rasulning hayoti, bosib o‘tgan yo‘li, qilgan ishlari hamma uchun ibrat va o‘rnak ekanini ham juda yaxshi bilamiz.

 Alloh taolo Qur’oni Karimda bizlarga ulardan o‘rnak olishimiz, ibrat olishimiz, fikr yuritshimiz uchun o‘zining tanlab olgan bandalari haqida qissalar keltirgan. Qur’onda hammasi bo‘lib 25 nafar ana shunday zotlar yani payg‘ambarlarni ismlarini zikr qilinib, ular bilan guzal ibratli qissalar keltirilgan.

Qur’oni karimda nomlari zikr qilingan payg‘ambarlar quyidagilar:

1. Odam (alayhissalom).

2. Idris (alayhissalom).

3. Nuh (alayhissalom).

4. Hud (alayhissalom).

5. Solih (alayhissalom).

6. Ibrohim (alayhissalom).

7. Lut (alayhissalom).

8. Ismoil (alayhissalom).

9. Is'hoq (alayhissalom).

10. Ya’qub (alayhissalom).

11. Yusuf (alayhissalom).

12. Ayyub (alayhissalom).

13. Shuayb (alayhissalom).

14. Muso (alayhissalom).

15. Horun (alayhissalom).

16. Yunus (alayhissalom).

17. Dovud (alayhissalom).

18. Sulaymon (alayhissalom).

19. Ilyos (alayhissalom).

20. Al-Yasa’ (alayhissalom).

21. Zakariyo (alayhissalom).

22. Yahyo (alayhissalom).

23. Zulkifl (alayhissalom).

24. Iso (alayhissalom).

25. Muhammad (alayhissalom).

Qur’onda bor-yo‘g‘i yigirma besh payg‘ambarning nomi zikr qilingan. Bu degani faqat yigirma besh payg‘ambar haq, degani emas. Ularning soni qat’iy bir adad bilan chegaralanmaydi. Biz barcha payg‘ambarlarga imon keltiramiz. Quyda  ba’zi payg‘ambarlar va ularning ibratli hayotlari va kechinmalari bilan tanishtirib o‘tamiz.

Odam (a.s.) qissasidan ibratlar

Odamning yaratilishi va unga barcha farishtalar hurmat bajo keltirib sajda qilgan holda, Iblis Odamni mensimasdan takabburlik bilan sajdadan bosh tortgani haqidagi qissa Qur’oni karimning turli suralarida qaytaqayta zikr etiladi. Sababi bu qissada musulmonlar uchun bir qator dars va ibratlar mavjud.

1. Insoniyatning boshqa maxluqot va mavjudotlardan ulug‘ligi.

Avvalo, bu qissa orqali Alloh taolo Odamning Yer yuziga xalifa, ya’ni Yer yuzining egasi, xo‘jayini qilib yaratgani xabarini bermoqda.(Baqara, 30.)

Alloh taolo Odamni boshqa maxluqotlarga, hatto farishtalarga ham nasib etmagan moddiy dunyoni bilish va tahlil qila olish qobiliyati, ya’ni ilm bilan ziynatladi, unga kelajakda foydalanish va barchasiga egalik qilish uchun jamiki mavjudotning nomlarini, yaratilish hikmatlarini o‘rgatdi. Mufassir olimlarning fikrlaricha,

وَعَلَّمَ آدَمَ الأسْمَاءَ آُلَّهَا

«Alloh taolo Odamga barcha narsalarning ismlarini o‘rgatdi»,(Baqara, 31.) - oyati karimasida insonga berilgan ilmning hududsiz ekanligiga ishora bor. Odam farzandi, ya’ni inson tajriba orqali hamma narsani tushunish va bilish quvvati bilan butun borliqlarga hokim bo‘lish uchun yaratilgan. Bu oyatda inson bilim darajasining farishtalarnikidan anchayin ustun ekanligi ko‘rsatilmoqda. Bunday bilim sohibi bo‘lgan Odamning ulug‘ligini bildirish uchun farishtalarni unga sajda qilishga buyurdi. Bu martaba faqat Odam otaning o‘zinigina emas, balki uning barcha zurriyotlarining ham martabalaridir. Bunga quyidagi oyati karima dalolat qiladi:

وَلَقَدْ آَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى

آَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلا (٧٠)

«Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini aziz va mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (otulov, kemaga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik».(Isro, 70.)

Odam farzandlari, ya’ni insoniyat Yer yuzining qayerida bo‘lmasin, millati, jinsi, rangi, tili va dinidan qat’iy nazar teng va mukarramdirlar.Yer yuzidagi barcha mavjudotlar, maxluqotlar odamzodning tasarrufida bo‘lib, uning uchun xizmat qiladi:

هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُمْ مَا فِي الأرْضِ جَمِيعًا ثُمَّ اسْتَوَى إِلَى السَّمَاءِ فَسَوَّاهُنَّ سَبْعَ سَمَاوَاتٍ

وَهُوَ بِكُلِّ شَيْءٍ عَلِيمٌ (٢٩)

«U shunday zotki, sizlar uchun Yerdagi barcha narsalarni yaratdi».(Baqara,29.)

2. Takabburlikning yomonligi. Insoniyat yaratilishdan boshlab aqlli, go‘zal qaddi-qomatli, ilmli, dunyoga egalik qiladigan darajada fahm-farosatli, barcha maxluqot, hatto farishtalar ham sajda qilib ulug‘lagan martaba sohibidir. Ammo inson bunday ulug‘ martabaga noil etilgan ekan, bundan g‘ururlanib, kibru havoga berilib ketsa, katta xatoga yo‘l qo‘yadi. Alloh uni shu xatardan qaytarish uchun, uning o‘ziga berilgan hayvoniy nafs tuzog‘iga tushib, Iblisdek kibrhavoga berilmasligi, uni yaratgan, ne’mat bergan zot – Allohni unutmasligi uchun, aslini tuproqdan, qora balchiqdan ajratib olingan yopishqoq loydan yasaganligini takror-takror oyatlarda eslatiladi. Iblisning takabburligi, manmanligi uning o‘ziga qanchalik qimmatga tushgani, Allohning dargohidan va farishtalarning orasidan haydalganini bayon etish bilan Alloh taolo insoniyatni shunday manfur illatdan saqlanishga amr etadi. Chunki, Alloh taolo manmanlikni yoqtirmaydi:

إِنَّ اللَّهَ لا يُحِبُّ آُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ

«Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymaydi».(Luqmon, 18.)

Iblis farishtalar orasidagi hurmati va mavqe’idan g‘ururlanib, o‘zini ulardan ham katta olgan edi, uning bu manmanligi yaratganga ham itoatsizlik qilishiga sabab bo‘ldi va natijada Allohning dargohidan quvildi:

قَالَ فَاهْبِطْ مِنْهَا فَمَا يَكُونُ لَكَ أَنْ تَتَكَبَّرَ فِيهَا فَاخْرُجْ إِنَّكَ مِنَ الصَّاغِرِينَ (١٣)

(Alloh) aytdi: «Undan (jannatdan) chiq! U yerda takabburlik qilishing senga joiz emas. Bas, chiq! Albatta, sen haqirlardandirsan».( A’rof, 13.)78

Kibrning yomonligini, oqibati xorlikka olib borishini Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday ta’riflaganlar: «Kimki, Alloh uchun kamtarlik qilsa, Alloh uni ko‘taradi. Kimki, takabburlik qilsa, Alloh uni tushiradi».

3. Ma’naviy poklik zarurati. Alloh taolo o‘z kitobida Odamni oddiy tuproqdan yaratganligini eslatib turib, unga o‘zining ruhidan puflab, jon ato etganini bayon qiladi:

إِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلائِكَةِ إِنِّي خَالِقٌ بَشَرًا مِنْ طِينٍ (٧١)فَإِذَا سَوَّيْتُهُ وَنَفَخْتُ فِيهِ مِنْ رُوحِي

فَقَعُوا لَهُ سَاجِدِينَ (٧٢)

«Eslang, Rabbingiz farishtalarga degan edi: «Albatta, men loydan bashar yaratuvchidirman. Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan so‘ng, unga sajda qilgan hollaringizda yiqilinglar!».(Sod, 71-72.)

Ruh haqida olimlar juda ko‘p kitoblar yozganlar, fikrlar aytganlar.(Ibn Qayyim al-Javziy. «Ar-ruh». Dorul-fikr. 1986. 336-bet. Ushbu ktob bu sohada yozilgan mukammal asarlarning biridir.) Shunga qaramasdan uning mohiyati haqida inson to‘liq tasavvurga ega emas. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الرُّوحِ قُلِ الرُّوحُ مِنْ أَمْرِ رَبِّي وَمَا أُوتِيتُمْ مِنَ الْعِلْمِ إِلا قَلِيلا (٨٥)

«(Ey Muhammad), Sizdan ruh haqida so‘raydilar. Ayting: «Ruh faqat Rabbimning ishidandir». Sizlarga esa oz ilm berilgan».(Isro, 85)

Faqat bir narsa ma’lumki, oddiy tuproqdan tayyorlangan loydan yaratilgan insonga Alloh o‘z ruhidan puflash bilan uni yuksaltirdi, azizu mukarram qildi. Inson o‘ziga berilgan ilm va tafakkur qobiliyatini yomonlikka ham, yaxshilikka ham, ya’ni sharrga ham, xayrga ham ishlatishi mumkin. Inson tabiatidagi tuproq, loy uni pastga, zalolatga tortsa, unga ingan «Allohning ruhi» yuksaklikka, poklikka, ma’naviy kamolot sari intilishga undaydi. Ilohiy kitoblar inson uchun hidoyat yo‘li bo‘lsa, insonga yaratilishdan Alloh tomonidan nasib etilgan pok ruh ushbu kitoblar mazmunini, payg‘ambarlar da’vatini anglashga imkon yaratadi. Darhaqiqat, insondan o‘zga hech bir tirik («jonli») mavjudot ushbu kitoblar mohiyatini anglashga qodir emas. Bundan tashqari yuqorida eslab o‘tilgan ilm va tafakkur qobiliyati, hayotiy hodisalar ustida mushohada yuritib, undan tegishli xulosalar chiqarish imkoniyati ham faqat insonga xos.

Shunday ekan, inson o‘ziga berilgan bunday noyob imkoniyatlarni besamara qoldirmasligi, tafakkur bilan, borliqni va ilohiy kalom mazmunini anglash orqali o‘z ma’naviy kamolatini yuksaltirib borishi lozim. Alloh taolo tomonidan bandaga in’om etilgan pok ruh uni yaratganga imon keltirish, ne’matlariga shukr etish, hayotlik davrida Allohning murodini haq deb bilib, adolat, rostlik, yaxshilik, haqiqatni sevish sifatlari bilan hayot kechirishni taqozo etadi. Shunda inson unga Alloh ato etgan ulug‘ ne’matni zoye qilmagan bo‘ladi. Agar kimki, shunga loyiq amal qilmasa, uning oqibati achchiq pushaymonlikdir.

4. Yomonlikdan saqlanish. Alloh taolo Iblisning Odam otaga qattiq adovatli dushman ekanini aytadi. U Odamni shunday ustalik bilan aldadiki, natijada Odam Allohning qaytarig‘ini unutdi, uning amriga qarshi borib, isyon qilganini sezmay qoldi va natijada ulug‘ ne’matdan – jannatdan ayrilib qoldi. Ammo uning Odamga dushmanligi shu bilan tugamadi, balki Odam zurriyotlarini yo‘ldan urish va zalolatga tortishda to Qiyomat davom etadi. Shuning uchun Alloh taolo bandalarni ogohlantirib deydi:

يَا بَنِي آدَمَ لا يَفْتِنَنَّكُمُ الشَّيْطَانُ آَمَا أَخْرَجَ أَبَوَيْكُمْ مِنَ الْجَنَّةِ

“Ey Odam avlodi! Shayton ota-onalaringiz (Odam va Havvo)ni jannatdan chiqargani kabi sizlarni ham aldab qo‘ymasin!”. (A’rof, 27.)

Alloh taolo Odamga bergandek, uning zurriyotiga ham o‘zining ruhidan berdi. Bu ruh sababidan ularda ham yaxshi sifatlar, adolat va ehson mavjud. Iblis esa doimiy ravishda insonni yomonlikka boshlaydi. Shu yerda Allohning imtihoni boshlanadi. Banda ruhning ezgulikka boshlashi bilan, shaytonning badbaxtlikka yetaklashi orasida sinovdan o‘tadi. Shu sababli inson sinov muddatida Iblisning tuzog‘iga tushib qolmasligi uchun Alloh taolo uni hushyorlikka chaqiradi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ آُلُوا مِمَّا فِي الأرْضِ حَلالا طَيِّبًا وَلا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ

عَدُوٌّ مُبِينٌ (١٦٨)إِنَّمَا يَأْمُرُآُمْ بِالسُّوءِ وَالْفَحْشَاءِ وَأَنْ تَقُولُوا عَلَى اللَّهِ مَا لا تَعْلَمُونَ

(١٦٩)

«Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan yenglar va shaytonning izlaridan ergashmanglar! Albatta, u sizlarning aniq dushmaningizdir. U sizlarni faqatgina yomonlik va buzuqlikka va Alloh sha’niga bilmagan narsalaringizni gapirishga buyuradi».(Baqara, 168-169.)

Shayton qiziqtiradigan va tezlaydigan narsalardan eng zararlisi qimor va aroqxo‘rlikdir. Bu ikki tuban narsaga mukkasidan ketgan odamlar hayotda doim muhtojlikda, xorlikda yashaydilar:

الشَّيْطَانُ يَعِدُآُمُ الْفَقْرَ وَيَأْمُرُآُمْ بِالْفَحْشَاءِ

«Shayton sizlarni faqir bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi va doim fahsh ishlarga buyuradi». (Baqara, 268.)

Shuning uchun Alloh taolo shaytonning asosiy quroli bo‘lgan va isrofgarchilikka sabab bo‘ladigan bu ikki narsani musulmon kishiga harom qildi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأنْصَابُ وَالأزْلامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ

فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ (٩٠)

«Ey imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad najot topsangiz».(Moida,90.)

وَآتِ ذَا الْقُرْبَى حَقَّهُ وَالْمِسْكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَلا تُبَذِّرْ تَبْذِيرًا (٢٦)إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ آَانُوا

إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَآَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ آَفُورًا (٢٧)

«Isrofgarchilikka mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi».(Isro, 26-27.)

 Allohning va insonlarning ashaddiy dushmani bo‘lgan shaytondan uzoq bo‘lish, uning yomonligidan saqlanish Allohga yaqin bo‘lish bilandir. Allohga yaqin bo‘lish esa, Uning buyurgan farzu vojibotlarini bajarish, qaytargan haromu makruhotlaridan saqlanish bilan, U ato etgan pok ruhning pokligini himoya qilishdir.

. IDRIS (a.s.)

Shis (a.s.)dan keyin odamlar Allohni qo‘yib, har xil butlar va sanamlarga sig‘ina boshladilar. Qobilning avlodlari bo‘lgan bu adashgan qavmga chin e’tiqodni singdirish, yolg‘iz Allohning o‘ziga ibodat qilishni o‘rgatish uchun Odam (a.s.)dan 1140 yil keyin dunyoga kelgan Idris (a.s.) payg‘ambar qilib yuborildilar.

Idris (a.s.)ning payg‘ambarliklari haqida ushbu oyati karimalarda xabar beriladi:

وَإِسْمَاعِيلَ وَإِدْرِيسَ وَذَا الْكِفْلِ آُلٌّ مِنَ الصَّابِرِينَ (٨٥)

«Ismoil, Idris va Zul-kiflni eslang! Barchalari sabr qiluvchilardandir».(Anbiyo,85.)

وَاذْآُرْ فِي الْكِتَابِ إِدْرِيسَ إِنَّهُ آَانَ صِدِّيقًا نَبِيًّا (٥٦)وَرَفَعْنَاهُ مَكَانًا عَلِيًّا (٥٧)

«Yana ushbu kitobda Idris qissasini yod eting! Darhaqiqat, u sadoqatli payg‘ambar edi. Biz uni yuksak maqomga ko‘tardik».(Maryam, 56-57.)

Idris (a.s.)ning tug‘ilgan joylari xususida ulamolar turli fikrlar aytganlar. Ba’zilarining so‘zlariga qaraganda, Idris Misrda tug‘ilganlar. Misrliklar u kishini «Hirmus al-haromisa» deb nomlaganlar. Yunonchasiga Armis, ibroniychada Xanux, arabcha Axnux, Allohning kalomida esa Idris deyiladi .(Afif Abdulfattoh Tabbora. Ma’al Qur’anil Karim. 56-bet.)

Ulamolarning yana bir guruhlari shunday deydilar: «Idris (a.s.) Bobilda tug‘ilganlar, shu yerda o‘sganlar. Dastlabki ilmni Shis ibn Odamdan o‘rganganlar va xalqni Odam(a.s.) va Shis (a.s.)ning shari’atlariga da’vat qilganlar. Idris (a.s.)ga kam odam itoat qildi, ularni olib Misrga keldilar. Misrda o‘zlariga tushirilgan o‘ttiz

sahifalik shari’at dasturi bilan qavmni butparastlikdan qaytardilar, to‘g‘ri yo‘lga chaqirdilar. Qobilning avlodlari esa Allohning payg‘ambarini pisand qilmay, har xil yomonliklardan zavqlandilar. Idris (a.s.) ular bilan jang qilishga buyurildilar Ularning ustidan g‘olib kelib, haq dinni ular orasiga yoydilar. Idris (a.s.) zamonlariga qadar odamlar hayvonlar terisidan kiyim kiyishar edi. Idris (a.s.) esa matodan birinchi bo‘lib kiyim tikkan tikuvchi bo‘ldilar. Hayvonlarning yungidan bo‘lgan matoni ayollar qo‘l bilan to‘qir edilar. Qalam bilan birinchi marta yozuv yozgan, birinchi marta tosh-tarozu ishlatgan ham Idris (a.s.)dirlar. Idris (a.s.) o‘simliklardan dori tayyorlab, turli kasalliklarni davolar edilar. Dunyoviy ilm bilan diniy ilmni shogirdlariga qo‘shib o‘rgatgan birinchi muallim ham Idris (a.s.)dirlar.

Abu Zar al-Gʻiforiy aytadilar: «Menga Rasululloh (s.a.v) dedilar: «Ey Abu Zar, mursal payg‘ambarlarning to‘rttasi suryoniylardandir. Ular: Odam, Shis, Nuh va Xanuxdirlar. Xanux (Idris) birinchi bo‘lib qalam bilan yozgan kishidir va Alloh taolo unga o‘ttiz sahifa nozil etgan» .(Tarixi Tabariy. 1-jild. 116-bet.)

Idris (a.s.) har kuni namoz va ro‘zadan tashqari 12 ming marta Allohga tasbeh aytardilar. Ko‘p ibodat qilganlaridan Idris (a.s.)ga Alloh osmon sirlarini ochdi va u zot tiriklayin osmonga ko‘tarilib ketdilar. Hilol ibn Yasof aytadilar: «Ibn Abbos (r.a.) Ka’bul-ahbordan so‘raganlarida men o‘sha yerda eshitib turdim.

Ibn Abbos (r.a.): «Ey Ka’b, «Biz Idrisni baland darajaga ko‘tardik» - degan oyatning ma’nosini qanday tushunamiz?» - deb so‘radilar. Ka’bul-ahbor shunday deb javob berdilar: «Alloh taolo Idris (a.s.)ga: «Men sizni har kuni barcha odamzodning amali darajasida ko‘taraman» - deb vahiy tushirdi. Idris (a.s.) yanada amallari ko‘payishini xohladilar. Shu payt Idris (a.s.)ning farishta do‘stlaridan biri yo‘liqib qoldi. Idris (a.s.) unga: «Alloh menga shunday vahiy tushirdi, shuning uchun o‘lim farishtasi bilan gaplashaylik, (menga tegmay tursa) men yanada ko‘proq amal qilaman» - dedilar. Farishta Idris (a.s.)ni qanotlari ustiga o‘tirg‘izib, to‘rtinchi osmonga ko‘tarildi. U yerda shoshib kelayotgan o‘lim farishtasini ko‘rishdi. Idrisning gaplari esga olinganda, o‘lim farishtasi: «Idris qayerda?» - deb so‘radi. Farishta o‘z ustidagi Idrisga ishora qildi. Shunda o‘lim farishtasi:

«Taajjub, Alloh menga Idrisning jonini to‘rtinchi osmonda olishimni buyurgan edi. Men: «Yerdagi Idrisning jonini qanday qilib to‘rtinchi osmonda olar ekanman!» - deb kelayotgan edim» - dedi va Idris (a.s.)ning jonlarini qabz qildi» .(Ibn Kasir. Qisasul-Anbiyo. Qohira. 49-bet.) Maryam surasining 56-57 oyati karimalarida Idris (a.s.) haqlarida:

وَاذْآُرْ فِي الْكِتَابِ إِدْرِيسَ إِنَّهُ آَانَ صِدِّيقًا نَبِيًّا (٥٦)وَرَفَعْنَاهُ مَكَانًا عَلِيًّا (٥٧)

«Yana ushbu kitobda Idris qissasini zikr qiling! Darhaqiqat, u juda rostgo‘y payg‘ambar edi. Va biz uni yuksak martabaga ko‘tardik», deyiladi va Allohning huzurida u zotning martabasi yuksakligi bildiriladi.

(Idrisning Yer yuzida uch yuz oltmish besh yil umr ko‘rib, keyin osmonga ko‘tarilib ketgani haqida Tavrotning «Ibtido» kitobida yozilgan. 5-bob, 9-bet.)

Idris (a.s.) qissaidan ibratlar

Idris (a.s.) birinchi faylasuf ham hisoblanadilar. U zotning qilgan ishlari va aytgan so‘zlari barchaga ibratdir. Idris (a.s.)ning uzuklari ko‘ziga quyidagi gaplari o‘yib yozilgan edi: «Allohga imon keltirish zafarga eltadi».

Idris (a.s.)ning namoz vaqtida kiyadigan liboslarida esa: «O‘zining nafsiga e’tibor beradigan, yaxshi amallari parvardigor huzurida shafoat qiladigan kishi eng baxtli kishidir, - deb yozilgan edi.

Quyidagi falsafiy gaplar ham Idris (a.s.)ga mansubdir:

1. Hech bir kishi Allohning unga berayotgan ne’matlariga munosib shukr aytolmaydi.

2. Alloh huzuriga duo qilsangizlar, ro‘za tutsangizlar va namoz o‘qisangizlar niyyatingizni xolis qilinglar.

3. Odamlarning boyligini ko‘pligiga hasad qilmanglar, chunki undan juda oz foydalanadi.

4. Kimki keragidan ortiq narsaga urinsa, hech narsa bilan boy bo‘lmaydi.

5. Umrboqiy bo‘lish donishmandlikdadir .(Afif Abdulfattoh Tabbora. Ma’al anbiy fil-Qur’anil karim. Lubnon. 57-bet.

Doktor Shavqiy Abu Xalil. Atlasul-Qur’an. Damashq. 2001. 17-bet.)

NUH ( a.s )

Nuh payg‘ambar qissasidan dars va ibratlar

Nuh (a.s.)ning qavmlariga jazo tariqasida yuborilgan To‘fon balosi haqida Qur’on oyatlarini o‘qir ekanmiz, avvalo bu balo insoniyat boshiga tushgan balolarning eng qattig‘i va dahshatlisi ekanini ko‘ramiz. Bunday jazoga, hattoki undan qattiqrog‘iga ham Alloh qodirdir:

وَقَوْمَ نُوحٍ لَمَّا آَذَّبُوا الرُّسُلَ أَغْرَقْنَاهُمْ وَجَعَلْنَاهُمْ لِلنَّاسِ آيَةً وَأَعْتَدْنَا لِلظَّالِمِينَ عَذَابًا أَلِيمًا(٣٧)

«Nuh qavmini eslang! Qachonki, ular payg‘ambarlarini inkor etishgach, Biz ularni g‘arq qildik va ularni odamlar uchun ibrat qilib qo‘ydik. Yana biz bu kabi zolimlar uchun oxiratda ham alamli azob tayyorlab qo‘yganmiz».(Furqon, 37.)

Bu qissaning bayonida kitobxon uchun bir necha ibratli masalalar mavjud:

1. Qissani bayon qilish uslubi. Alloh taolo To‘fonning dahshatini shunday tasvir etganki, bundagi balog‘at va fasohat Qur’oni karimning moʻjizalaridandir. Alloh taolo shunday deydi:

آَذَّبَتْ قَبْلَهُمْ قَوْمُ نُوحٍ فَكَذَّبُوا عَبْدَنَا وَقَالُوا مَجْنُونٌ وَازْدُجِرَ (٩)فَدَعَا رَبَّهُ أَنِّي مَغْلُوبٌ

فَانْتَصِرْ (١٠)فَفَتَحْنَا أَبْوَابَ السَّمَاءِ بِمَاءٍ مُنْهَمِرٍ (١١)وَفَجَّرْنَا الأرْضَ عُيُونًا فَالْتَقَى

الْمَاءُ عَلَى أَمْرٍ قَدْ قُدِرَ (١٢)وَحَمَلْنَاهُ عَلَى ذَاتِ أَلْوَاحٍ وَدُسُرٍ (١٣)تَجْرِي بِأَعْيُنِنَا جَزَاءً

لِمَنْ آَانَ آُفِرَ (١٤)

«Ulardan (Makka kofirlaridan) oldin Nuh qavmi ham (Uni) inkor etgan edi. Ular bandamiz (Nuh)ni yolg‘onchiga chiqarishib: «(U) bir majnun», - dedilar va u (payg‘ambarlik ijrosidan) to‘sib qo‘yildi. Shunda u Parvardigoriga: «Men mag‘lubdirman, yordam qilgin!» - deb duo qildi. Biz osmon darvozalarini tinimsiz quyiluvchi suv bilan ochib yubordik. Yana Yerdan buloqlar chiqarib yubordik.

Bas, (osmon va Yer) suvi taqdir qilib qo‘yilgan bir ish uzra uchrashdilar. Uni (Nuhni) esa taxtalaru mixlar yasamasida (kemada) ko‘tardik. U kema bizning «ko‘zlarimiz» o‘ngida suzar. (Bu) inkor qilingan kishi (Nuh) uchun mukofotdir».(Qamar, 9-14.)

Oyatning ma’nosiga e’tibor berilsa, Alloh taolo agar «osmondan qattiq yomg‘ir yog‘dirdik» yoki «Yerdagi buloqlardan suv toshirdik» desa, bu iboralar butun Yer yuziga yoyilgan To‘fon balosi to‘g‘risida to‘liq tasavvur bermasdi. To‘fonning to‘xtatilishi haqidagi tasvirda esa balog‘atning eng yuqori darajasidan foydalanilgan, ya’ni Alloh o‘zining hamma narsaning egasi, hamma ishga qodir ekanligiga ishora qilish bilan birga, To‘fon balosi Uning hukmi va bu albatta sodir etilganiga hech qanday shak-shubha yo‘qligini qisqa va qat’iy ibora bilan

bayon etgan:

وَقِيلَ يَا أَرْضُ ابْلَعِي مَاءَكِ وَيَا سَمَاءُ أَقْلِعِي وَغِيضَ الْمَاءُ وَقُضِيَ الأمْرُ وَاسْتَوَتْ عَلَى

الْجُودِيِّ وَقِيلَ بُعْدًا لِلْقَوْمِ الظَّالِمِينَ (٤٤)

«(So‘ngra) aytildi: «Ey Yer! Suvingni yutgin! Ey osmon! O‘zingni tutgin (yog‘ishni bas qil)!» Suv quridi, buyruq ado etildi va kema Judiy tog‘i uzra qo‘ndi hamda «Zolimlar qavmiga - halokat!» - deyildi.(Hud, 44.)

Oyatdagi oxirgi jumla esa, halok bo‘lganlarning barchasi shunday jazoga loyiq bo‘lganlarini ko‘rsatadi.

2. Qur’onning barcha xabarlari ilmiy haqiqatdir.

Qur’oni karimda shunday xabar va ma’lumotlar borki, ularning barchasini o‘n to‘rt asrdan buyon arablar o‘z aql-idroklariga yarasha tushunib keladilar va tasdiq etadilar. Bu ma’lumotlarning rostligini endilikda turli millat  olimlari ilmiy tajriba, kuzatish va tahlillar natijasida isbot qilmoqdalar. Ilmiy kashfiyotlar bilan o‘z isbotini topgan ma’lumotlar Qur’oni karimda juda ko‘p. Misol tariqasida shulardan ikkitasini ko‘rib chiqamiz. Alloh taolo «Nuh» surasida:

وَجَعَلَ الْقَمَرَ فِيهِنَّ نُورًا وَجَعَلَ الشَّمْسَ سِرَاجًا (١٦)

«(Alloh) oyni ular ichida nur qilib, quyoshni esa chiroq qilib qo‘ydi»(Nuh, 16.) – degan jumla bilan, quyoshni ichidagi yog‘ va pilik bilan yonadigan chiroqqa, oyni esa uning nuridan akslanib yorug‘ beradigan narsaga o‘xshatadi. Olimlar quyosh va oy ustida tadqiqot olib borib, quyoshning yonayotgan gaz majmu’asidan

iborat ekanini, u o‘zining yadrosidan quvvat olib yonishi natijasida, ham issiqlik, ham yorug‘lik tarqatib turishini, oy esa Yer singari oddiy moddadan iborat bo‘lib, quyoshning nuridan akslanib, olamga uning nurini taratishini isbotlaganlar.

Alloh taolo ushbu surada:

وَاللَّهُ أَنْبَتَكُمْ مِنَ الأرْضِ نَبَاتًا (١٧)ثُمَّ يُعِيدُآُمْ فِيهَا وَيُخْرِجُكُمْ إِخْرَاجًا (١٨)

«Alloh taolo sizlarni (Odamni) yerdan undirdi (paydo qildi). So‘ngra (vafot etganlaringizda) sizlarni yana yerga qaytarur va (Qiyomatda) sizlarni yana chiqarur»(Nuh, 17-18.) deb, insonning asli yerdan yaratilganiga ishora qilyapti. Haqiqatdan ham insonning yaratilishi tuproqdan bo‘lgani uchun, uning hayotini

davom etishi ana shu tuproqqa bog‘liqdir. Inson o‘ziga kerakli moddani tuproqdan chiqqan o‘simliklar, mevalar va donlardan oladi. Hattoki u hayvonlarning, parrandalarning va suvdagi baliqlarning go‘shtini iste’mol qilsa ham, ularning tarkibida yerdan unib chiqqan o‘simlik moddasi mavjud. O‘simliklarning manbai esa yerdir. Bu narsa biolog olimlar tomonidan ilmiy isbotlangan haqiqatdir.

Demak, o‘n to‘rt asr avval Qur’oni karim orqali juda qisqa iboralar bilan aytib o‘tilgan ma’lumotlarning ilmiy isbotlanishi uning moʻjizaviy ilohiy kalom ekanligiga dalolat qiladi.

3. Alloh nazdida barcha insonlar tengdir. Alloh taolo Nuh payg‘ambar zamonidan boshlab ikki tabaqaga – kiborlar va fuqarolarga bo‘linib ketgan Odam avlodini bir-birlaridan ortiqliklari yo‘qligini, hammalari ham bir ota, bir onadan yaratilganliklarini, shuning uchun bir-birlarini kamsitmasdan, aksincha qo‘llab-quvvatlab yashashlari lozim ekanligini eslatadi. Chunki, kiborlik illati inson ko‘zini ko‘r, aqlini zaiflashtirib qo‘yadi. Natijada, unday kimsalar haqni tan olmaydi, zaiflarga zulm qilishga o‘tadi, Alloh huzuridan kelib, imonga da’vat etadigan payg‘ambarlarni ham inkor etadi, tajovuz qiladi. Barcha yaxshiliklardan, ne’matni bardavomligidan, imondan va oxiratdagi mukofotdan manmanlik sababli mahrum bo‘ladi. Alloh taolo Nuh (a.s.)ning qissalarida ham ikki tabaqaning shunday tafovutini bayon etadi, ularning fuqarolari Nuh (a.s.)ning da’vatlariga quloq tutgan holda, kiborlari Nuhning payg‘ambarliklarini inkor qildilar:

فَقَالَ الْمَلأ الَّذِينَ آَفَرُوا مِنْ قَوْمِهِ مَا نَرَاكَ إِلا بَشَرًا مِثْلَنَا وَمَا نَرَاكَ اتَّبَعَكَ إِلا الَّذِينَ هُمْ

أَرَاذِلُنَا بَادِيَ الرَّأْيِ وَمَا نَرَى لَكُمْ عَلَيْنَا مِنْ فَضْلٍ بَلْ نَظُنُّكُمْ آَاذِبِينَ (٢٧)

«Bas, (Nuh) qavmi orasidagi kufrga ketgan zodagonlari dedilar: «Seni (biz) xuddi o‘zimizdek (oddiy) inson deb bilamiz va senga faqat bechorahol kishilargina (o‘ylamay) bir ko‘rishda ergashayotganini ko‘rayapmiz. Sizlarning bizdan ortiq joyingizni ko‘rmayapmiz. Balki, sizlarni yolg‘onchi deb gumon qilmoqdamiz». (Hud, 27.)

Zodagonlar o‘zlarini kambag‘allar bilan birga teng bo‘lib Nuh (a.s.)ning da’vatlarini qabul etishga ko‘nmadilar, bunga ulardagi manmanlik yo‘l bermadi. Buning ustiga ular, Nuh (a.s.)ning huzuriga kelgan va imonni qabul etgan kambag‘allarni haydab yuborishni ham Nuh (a.s.)dan talab qildilar. Nuh (a.s.) esa ularga javoban shunday dedilar:

وَيَا قَوْمِ لا أَسْأَلُكُمْ عَلَيْهِ مَالا إِنْ أَجْرِيَ إِلا عَلَى اللَّهِ وَمَا أَنَا بِطَارِدِ الَّذِينَ آمَنُوا إِنَّهُمْ

مُلاقُو رَبِّهِمْ وَلَكِنِّي أَرَاآُمْ قَوْمًا تَجْهَلُونَ (٢٩)

«Men (sizlarning talabingiz bilan) imon keltirganlarni (huzurimdan) quvib chiqaruvchi emasman. Zero, ular Parvardigorlari bilan ro‘baro‘ bo‘luvchilardir. Lekin sizlarning johil qavm ekanligingizni ko‘rib turibman».(Hud, 29.)

Alloh taolo Nuh (a.s.) qissalari orqali boylar va kiborlar bilan kambag‘al fuqarolar o‘rtasida biror tafovut yo‘qligini, kiborlar uchun hech qanday imtiyoz ham berilmasligini bayon etishni iroda qildi. Allohning huzuridagi huquq va vojibot-burchda hamma insonlar teng. Faqatgina taqvoli va ilmli insonlargagina dunyoda ham, oxiratda ham fazl beriladi:

إِنَّ أَآْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاآُمْ

«Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir». (Hujurot, 13.)

Alloh taolo «Nuh» surasidagi oyati karimada shundan ogohlantiradiki, agar boy va kiborlar Alloh payg‘ambarining haq da’vatiga quloq osganlarida, insonlar orasida tabaqalanish paydo bo‘lmas edi.

4. Inson jasoratli va qat’iyatli bo‘lishi kerak. Nuh (a.s.) qissalaridan yana bir dars shuki, inson sifatlari orasida jasorat va qat’iyat juda katta fazilatdir. Bu fazilat bilan har qanday muammoni hal etish, har qanday qiyinchilikdan qutulib ketish mumkin. Alloh taolo Nuh (a.s.)ga ana shu fazilatni bergan edi. Qavm uni jinni deb masxara qildi, toshbo‘ron qilamiz deb qo‘rqitdi:

إِنْ هُوَ إِلا رَجُلٌ بِهِ جِنَّةٌ فَتَرَبَّصُوا بِهِ حَتَّى حِينٍ (٢٥)

«(Zodagonlar): «U (ya’ni Nuh) faqat bir jinni odamdir. Bas, uni biroz vaqtgacha kuzatib turinglar», - dedilar».(Mu’minun, 25.)

قَالُوا لَئِنْ لَمْ تَنْتَهِ يَا نُوحُ لَتَكُونَنَّ مِنَ الْمَرْجُومِينَ (١١٦)

«Ular dedilar: «Qasamki, agar (da’vatingdan) to‘xtamasang, ey Nuh, albatta, toshbo‘ron qilinuvchilardan bo‘lursan!».(Shuaro, 116.)

Nuh (a.s.)dagi ana shu jasorat va qat’iyatlik Allohga bo‘lgan imonlarining mustahkamligida, yaxshilik ham, yomonlik ham Uning xohish-irodasisiz amalga oshmaslikka ishonishlarida edi. 

Payg‘ambarlarning insoniyatga elchi bo‘lib kelishligi Hakimu Xobir Alloh taolo insoniyatni pog‘anama-pog‘ana asta-sekin tarbiyalab kelganini ko‘rsatadi. Payg‘ambarlar hamisha xalq ommasi bilan bo‘lib ularning ikki dunyo saodati uchun harakat qilganlar. Hatto podshohlik va payg‘ambarlikni o‘zlarida jamlagan Dovud va Sulaymon alayhissalomlar ham oddiy xalq manfaati uchun jiddu jahd qilganlar. Payg‘ambarlar doimo maqsadga qiynalib erishganlar. U zotlarning hech biriga osonlik ila maqsadga erishish nasib qilmagan. Alloh taolo barchamizga bu zotlarning hayotlarini o‘rgnib ulardan ibrat olib, hayotimizga to‘g‘ri  tatbiq qilishligimizni nasib aylasin.

 

Foydalanilgan manbaalar

1.TOSHKENT ISLOM UNIVERSITETI Rahmatulloh qori Obidov

 PAYG'AMBARLAR TARIXI ISLOMIYAT TARIXIDIR (Qur'oni Karimda payg'ambarlar siymosi) Birinchi kitob Toshkent "Movarounnahr" 2005

2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub olti jildlik «Tafsiri Hilol»  Nashriyot: «HILOL NASHR» Nashriyot-matbaasi

3. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Islom tarixi» «HILOL NASHR» nashriyot-matbaasi

 

“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qtuvchisi Xodjayeva Munisa

Другие новости

Allohning muhabbati va g‘azabi
28.11.2025 4
Allohning muhabbati va g‘azabiRobbimiz bizni Oʻz diniga hidoyat qilib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bizga ulug‘ Payg‘ambar qilib yuborishi Uning bizga ko’rsatgan ulug‘ marhamatlaridandir. Muhabbat izhori birinchi kim tomonidan boʻladi, banda...
Подробнее
Moturidiy ta’limotining kelib chiqishining zarurati va ijtimoiy-siyosiy muhit
27.11.2025 4
Moturidiy ta’limotining kelib chiqishining zarurati va ijtimoiy-siyosiy muhitBuyuk alloma, ilohiyotshunos Abu Mansur Moturidiy Islom olamining ilm o‘choqlaridan biri, Movarounnahrda tavallud topdi. Bu o‘lka esa Abbosiylar hukmronligi davrida markazga mustahkam bog‘lanmagan...
Подробнее
O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi
26.11.2025 4
O‘zbekiston Respublikasi Davlat MadhiyasiO‘zbekiston Respublikasi Davlat va istiqlol ramzi.O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi — xalqning tarixiy o‘ziga xosligi, g‘ururi, ozodlikka intilishi va mustaqil davlat sifatidagi salohiyatini ifodalovchi muhim ramzlardan biridir. U...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry