
ALLOMA ZAMAXSHARIYNING AXLOQSHUNOSLIKKA OID ASARI VA UNING QOʻLYOZMA VA TOSHBOSMA NUSXALARI
ALLOMA ZAMAXSHARIYNING AXLOQSHUNOSLIKKA OID ASARI VA UNING QOʻLYOZMA VA TOSHBOSMA NUSXALARI
Hozirgi kunda yurtimizda yetishib chiqqan buyuk allomalar hayoti va qoldirib ketgan bebaho ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish O‘zbekistonda Uchinchi Renessans davrini barpo etishning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilanmoqda. Mazkur yo‘nalishda zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Xususan, davlat rahbari tomonidan qabul qilingan bir qator qaror va farmonlar bu jarayonning huquqiy-me’yoriy asoslarini mustahkamlamoqda. Ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga ajdodlar merosini xolis va to‘g‘ri yetkazish, mazkur merosda mujassam bo‘lgan ijtimoiy va ma’naviy qarashlarni yoshlar ongiga singdirish hamda ma’naviy yetuk, barkamol avlodlarni tarbiyalashdan iborat.
Mana shunday buyuk allomalarimizdan biri Xorazm faxri boʻlgan, Jorulloh nomi bilan mashhur Mahmud Zamaxshariydir. Zamaxshariy oʻz davrining yetuk ulamolaridan boʻlib, turli sohalarga oid asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Ushbu maqolada allomaning adabiy merosidan axloqshunoslikka oid “Navobigʻu-l-kalim” (Fasohatli iboralar yoki qisqa va mazmunli soʻzlar)asari haqida fikr yuritiladi.
“Navobigʻul-l-kalim” asari hikmat va nasihatlar majmuasidan iborat boʻlib, 291 ta turli mavzudagi hikmatlarni oʻz ichiga olganligi bilan ahamiyatli. Alloma asarda hayotning mazmun-mohiyatini ochib berishga, inson ma’naviyatini yuksaltirishga, shu orqali jamiyatda yuksak fazilatli kishilar sonining ortishiga umid qilgan. Oʻzining hikmatlari, fasohatli iboralari bilan insonning qalbiga chuqur kirib borib, insoniy his-tuygʻularni ma’naviyatning eng choʻqqisiga olib chiqadi, vijdonini uygʻotadi. Din ahkomlarini mahkam tutishga, fazilatli, adolatli, shijoatli, pokdomon boʻlishga, boshqalarni hurmat qilish va yaxshi koʻrishga chaqiradi. Shuningdek, razolat, zalolat, johillik, dangasalik, hasad, zulm, manmanlik, ochkoʻzlik kabi insoniyat va jamiyatni tanazzulga olib boradigan yomon ishlardan qaytaradi. Demak, koʻrib turganimizdek, asar har qaysi davr uchun zururiy koʻrsatma, pand-nasihatlar va tarbiyaviy qoʻllanma sifatida qimmatlidir. Zero, yuqorida sanab oʻtilgan fazilatlarga targʻib qilmasdan, yomonliklardan qaytarmasdan turib barkamol va ma’rifatli avlodni tarbiyalash mushkul ish hisoblanadi. Shunday ekan, ushbu va’z-nasihatlarni oʻzida jamlagan, qisqa iboralarda keng ma’nolarni qamrab olgan asarni har taraflama tadqiq qilish, vatandoshimizning ilmiy merosini kelajak avlodga etkaza olish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Zamaxshariyning “Navobigʻu-l-kalim” asari islom olamida keng tarqalgan va uning qoʻlyozmalari turli mamlakatlarda bir necha nusxalarda saqlanib kelinmoqda. Jumladan, asarning Berlinda (8676-raqamda), Leydenda (891 va 92 raqamlarda)[3, 27-b], Britaniya muzeyida (3733-raqamda)[1] [1, 836-b], Biblioteca Apostolica Vaticana kutubxonasida (1380-raqami ostida), Bogʻdodda Iroq milliy muzeyida (563-raqamda)[2] [1, 836-b], Saudiya Arabistonidagi Malik Abdulaziz kutubxonasida, Madinai Munavvaradagi Orif Hikmat kutubxonasida (324, 48 va yangilangan 167, 144 va yangilangan 221 raqamlarda) uchta nusxasi, Xalabdagi Ahmadiya kutubxonasida (1180-raqamda), Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonalarida 19 ta nusxasi boʻlib, shulardan biri 3897-raqamda saqlanadi, Oshir Afandi kutubxonasida (416-raqamda) majmua tarkibida [2, 27-b], Sulaymoniya kutubxonasiga biriktirilgan Oyo Sofiya kutubxonasida (4339-raqamida), Izmir shahrida (763-raqamida), Ragʻib Posha kutubxonasida (1165-raqamda) saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalari mavjud. Shuningdek, yurtimizda OʻzFAShI Qoʻlyozmalar fondida 3938, 7104 hamda 8319 inventar raqami ostida ja’mi 3 ta toshbosma nusxasi bor [4, 64-b].
“Navobigʻu-l-kalim” asarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalarining ilmiy, matniy-qiyosiy tahlilini amalga oshirishda turli davlatlarda saqlanayotgan 3 ta qoʻlyozma (763, 1380, 4339-raqamlar ostidagi) hamda yurtimizda saqlanayotgan ikkita (3938, 7104-raqamlar ostidagi) toshbosma nusxalari tanlab olindi.
Ushbu sanab oʻtilgan qoʻlyozma va toshbosma nusxalarni oʻrganish, qiyosiy tahlil qilish mobaynida bir qancha tafovutlarga duch kelindi. Jumladan, birgina asar muqaddimasidagi farqlar manbaning barcha nusxalarini jiddiy oʻrganishni talab qiladi. Asarning qadimiy nusxasi boʻlgan 763-raqam ostidagi qoʻlyozma bilan keyingi asrlarda koʻchirilgan 1380, 4339-raqamlardagi nusxalar hamda yurtimizda saqlanayotgan toshbosma variantlar oʻzaro solishtirish natijasida kuzatilgan muqaddimadagi farqlarni koʻrib chiqamiz:
763-raqami ostidagi qoʻlyozma Turkiyaning Izmir shahrida saqlanadi. Qoʻlyozmada Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining ramzi bor. Ushbu manba qadimiy nusxa boʻlib, 794-hijriyda (1391 – 1392 mil.) ya’ni muallif yashagan asrga yaqin davrda koʻchirilgan. Shu sababdan bu nusxa asosiy nusxa sifatida ixtiyor qilindi. Asarning muqaddimasi quyidagicha boshlangan:
“Bismillahir rohmanir rohim, Robbim ne’matlantirganingdek, uni (ne’matni) ziyoda qil” bilan boshlangan. Soʻngra musannif nomi quyidagicha keltirilgan:
قال الشيخ الامام الأجل الزاهد شيخ العرب و العجم فخر الخوارزم رئيس الأفاضل جارالله العلامة ابو القاسم محمود ابن عمر الزمخشري تغمده الله بالرحمة الرضوان
(Shayx, ulugʻ imom, zohid, arab va a’jam (arab boʻlmagan)larning shayxi, Xorazm faxri, fozillar raisi, jorulloh (Allohning qoʻshnisi) alloma Abu-l Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy aytdi. Alloh u zotni rahmati va roziligi bilan chulgʻab olsin). Ushbu muqaddimada allomaning ulugʻ, fazilatli, taqvodor zotlardan ekani, arabu ajamning shayxi –ulamosi, Xorazmning faxri hamda jorulloh ya’ni Allohning qoʻshnisi deya e’tirof etilganini koʻrish mumkin. Ushbu qoʻlyozma nusxa 1380-raqam ostidagi nusxa bilan qiyoslanganda bir qancha farqlarga duch kelindi.
1380-raqam ostidagi qoʻlyozma Biblioteca Apostolica Vaticana kutubxonasida saqlanadi. Qoʻlyozma majmuadan iborat boʻlib, 4 ta kitob: Zamaxshariyning 3 ta; “Maqomatu-z-Zamaxshariy” (1-125 sahifalar), “Navobigʻu-l-kalim” (127-159 sahifalar), “Atvoqu-z-zahab” (161-220 betlar) va yana Abdulmoʻmin Isfaroyoniyning “Atboqu-z-zahab” (225-269 sahifalar) kitobi jamlangan. Barchasi Abdul Muznib Sulaymon ibn Marhum Rustam ogʻa tomonidan 1272, 1273 hijriy (1855-1856, 1856-1857 mil.) yilda koʻchirilgan. Bundan “Navobigʻu-l-kalim” asari 32 sahifadan iboratligi ma’lum boʻladi. Ushbu majmuadagi “Navobigʻu-l-kalim” asari qoʻlimizdagi qoʻlyozmalar ichida eng toʻligʻi boʻlib, hikmatlar soni 291 ta. Bu nusxa boshqa nusxalar bilan qiyoslash natijasiga koʻra eng mukammali, hikmatlar soni toʻligʻi, birorta hikmat tushib qolmagani, xato va oʻzgarishlari kam ekanligi bilan e’tiborli nusxa hisoblanadi. Zamonaviy nashrlar hamda asar sharhlari bilan solishtirganda ham ushbu nusxa hikmatlari toʻliq ekanligiga ishonch hosil qildik. Shu sababli ham bu nusxa yordamchi nusxa sifatida tanlab olindi. Ammo bu asarda turli nusxalarda turlicha koʻrinishda yozilgan muqaddima matni yozilmagan boʻlib, “Bismillahir rohmanir rohim”dan soʻng toʻgʻridan-toʻgʻri Zamaxshariyning munojati bilan boshlangan. Demak, bundan ma’lum boʻladiki, ushbu nusxada 763-raqam ostidagi qadimiy qoʻlyozmadagi muqaddima qismi mavjud emas.
Qiyosiy tadqiq uchun tanlab olingan uchinchi – 4339-raqamli qoʻlyozmani koʻrib chiqamiz. 4339-raqamli qoʻlyozma Turkiyaning Istanbul shahridagi Sulaymoniya kutubxonasiga biriktirilgan Oyo Sofiya kutubxonasida saqlanib kelinadi. Qoʻlyozmaning birinchi sahifasida uchta doira shaklida tamgʻa bosilgan. Shuningdek, ushbu sahifada bu nusxa Sultonu A’zim va Hoqon Sulton podshoh Gʻoziy Mahmudxon tomonidan vaqf qilingani, Ahmad Shayxzoda tahririni amalga oshirgani, bu ikki zotga duoi-xayr, asar hamda muallifining nomi haqida gap boradi.
Tamgʻalarning birida A’rof surasining 43-oyati: الحمد لله الذي هدانا لهذا و ما كنا لنهتدي لولا ان هدانا الله oyati hamda Sulton Mahmud ismi yozilgan. Bu muhr va qoʻlyozma ustidagi matn Usmoniy turklar podshohi Sulton Mahmud I ga oiddir. Sulton Mahmud I podshohligi 1168-1144 hijriy (1730-1754) yillarga toʻgʻri keladi. Demak, asarning vaqf qilinishi shu yillar oraligʻida boʻlgan. Qoʻlyozmada koʻchirilgan vaqti yozilmagan boʻlsa-da, vaqf qilingan yilidan avvalroq koʻchirilganini tahmin qilish mumkin. Ushbu nusxa koʻchirilish vaqti qadimiyligi va matndagi yozuvlarning aniqligi bilan e’tiborli hisoblanib, yordamchi nusxa deya tanlab olindi. Asar muqaddimasini koʻrib chiqamiz.
Qoʻlyozma “Bismillahir rohmanir rohim” bilan boshlangan. Soʻng muqaddima shaklida musannifning nomi va duoi xayr keltirilgan:
قال الشيخ الامام الزاهد جارالله العلامة شيخ العرب و العجم فخر الخوارزم ابو القاسم محمود ابن عمر الزمخشري برد الله ضريحه
(Shayx, imom, zohid, jorulloh, alloma, arab va ajam (arab boʻlmagan)larning shayxi, Xorazm faxri, Abu-l Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy aytdi. Alloh u zotning qabrini sokin qilsin). E’tibor berib qaralsa, bu nusxada 763-raqam ostidagi qadimiy nusxada kelgan ulugʻ imom soʻzidagi ulugʻ soʻzi hamda fozillar raisi jumlasi tushib qolgan. Shuningdek, jorulloh soʻzi boshqa oʻrinda kelgan. Birinchi nusxadagi Alloh u zotni rahmati va roziligi bilan chulgʻab olsin, degan duo Alloh u zotning qabrini sokin qilsin, degan koʻrinishda kelgan. Demak, bu nusxaning muqaddima qismi qadimiy nusxadan ba’zi soʻzlarning tushib qolishi, soʻzlar oʻrni almashgani hamda duolar boshqa soʻzlar orqali ifodalanishi bilan farqlidir.
Endi yurtimizda saqlanayotgan 3938, 7104-raqamdagi toshbosma nusxalarda muqaddima qismi mavjud yoki mavjud emasligini solishtirib koʻramiz. Aslida ushbu fondda 8319 inventar raqami ostida saqlanayotgan yana bir toshbosma mavjud boʻlib, bu nusxa 7104 nusxaning ayni oʻzidir. 3938 raqamli toshbosma hozirda yurtimizda Sharqshunoslik institutining asosiy fondidagi saqlanadi. Kitobning birinchi sahifasiga “Navobigʻu-l-kalim tarjimasi”, Shihobiddin ibn Abdullaziz tatarcha tarjimasi, deb yozilgan. Bosilgan joyi haqida Sankt-Peterburg, Qozon shahrida, bosilgan vaqti 1904-yil, avgust oyida, deb yozilgan.
Asar alifbo tartibiga koʻra boblarga ajratilgan. “Hamza bobi”dan boshlab “Vov bobi”gacha, jami 26 ta bobda shu harflar bilan boshlangan hikmatlar ajratib olingan. Shu bois asl matndagi tartib aralashib ketgan. Toshbosmaning 2-sahifasidan “basmala”dan soʻng toʻgʻridan-toʻgʻri munojat boshlanib ketgan. Bundan koʻrinib turibdiki, bu nusxada qadimiy qoʻlyozmada kelgan muqaddima uchramaydi.
Qiyosiy tadqiqi olib borilgan ikkinchi toshbosma ham Sharqshunoslik institutining asosiy fondida 7104 raqam ostida saqlanadi. Nashr etilgan joyi sifatidaQozon shahrida Olimjon Borudiy tomonidan 1896-yil 3-iyunda B.L.Dombrovskago bosmaxonasida chop etilgani aytilgan. Birinchi sahifada kitobning nomi “Navobigʻu-l kalim” va muallifi Zamaxshariy ekanligi quyidagicha yozilgan:
نوابغ الكلم (“Navobigʻu-l-kalim”) asari, للعلامة أبي القاسم محمود بن عمر للزمخشري رحمه الله (Alloma Abu-l Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy) muallifi, المتوفي سنة 538 (vafot etgan yili). 2-sahifadan “basmala” dan keyin muallif haqida qisqacha ta’rif berilgan: قال جار الله العلامة فخر خوارزم (jorulloh, alloma, Xorazm faxri aytdi.) Demak, bu nusxadagi muqaddima boshqa nusxalardan ancha qisqa shaklda berilgan.
Muqaddimalardagi turli koʻrinishlarni quyidagi jadval orqali ham koʻrishimiz mumkin:
№ | 763-raqamli qoʻlyozma. Turkiyaning Izmir shahrida saqlanadi. 794-hijriyda (1391-1392mil.) koʻchirilgan. | 4339- raqamli qoʻlyozma. (Turkiya Oyo Sofiya kutubxonasida saqlanadi.
| 1380-raqamli qoʻlyozma. Biblioteca Apostolica Vaticana kutubxonasi (1272-1273h.) (1855-1857m.) | 7104-raqamli toshbosma. OʻzFAShI asosiy fondidagi toshbosma 1896.Qozon.
| 3938-raqamli toshbosma. OʻzFAShI asosiy fondidagi toshbosma Qozon.1904 y. |
| بسم الله الرحمن الرحيم. رب كما انعمت فزد قال الشيخ الامام الأجل الزاهد شيخ العرب و العجم فخر الخوارزم رئيس الأفاضل جارالله العلامة ابو القاسم محمود ابن عمر الزمخشري تغمده الله بالرحمة الرضوان “Bismillahir rohmanir rohim, Robbim ne'matlantirganingdek, uni (ne'matni) ziyoda qil.” Shayx, ulugʻ imom, zohid, arab va a'jam (arab boʻlmagan)larning shayxi, Xorazm faxri, fozillar raisi, jorulloh (Allohning qoʻshnisi) alloma Abu-l Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy aytadi. Alloh u zotni rahmati va roziligi bilan chulgʻab olsin. | بسم الله الرحمن الرحيم
قال الشيح الامام الزاهد جارالله العلامة شيخ العرب والعجم فخر خوارزم ابو القاسم محمود بن عمر الزمخشري برد الله ضريحه “Bismillahir rohmanir rohim.” Shayx, imom, zohid, jorulloh, (Allohning qoʻshnisi) alloma, arab va a'jam (arab boʻlmagan)larning shayxi, Xorazm faxri, Abu-l Qosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy aytadi. Alloh u zotning qabrini sokin qilsin. | بسم الله الرحمن الرحيم
| بسم الله الرحمن الرحيم
قال جارالله العلامة فخر خوارزم “Bismillahir rohmanir rohim.” Jorulloh, (Allohning qoʻshnisi) alloma, Xorazm faxri aytadi. | بسم الله الرحمن الرحيم
|
Koʻrib turganimizdek, muqaddima qismi ba’zi nusxalarda mavjud boʻlsa, ayrimlarida uchramaydi. Jadvalda qiyosiy tadqiqi berilmagan, ammo ilmiy-qiyosiy tadqiq qilingan oʻnlab boshqa qoʻlyozma va toshbosma nusxalarda hamda nashr variantlarida ham biroz oʻzgarishlar bilan yoki aynan bir xil koʻrinishda boʻlgan muqaddimalar mavjud. Masalan: 1117-hijriyda koʻchirilgan 1165-raqamdagi nusxa bilan 1278-hijriyda koʻchirilgan 435-raqamli qoʻlyozmaning muqaddimasi bir xil. Bu esa kotib koʻchirayotganda boshqa kotib tomonidan yozilgan matnni ham koʻchirganligiga dalolat qiladi.
Odatda, qoʻlyozmalarda muallifning nomi, uning taxallusi berilgan muqaddima shaklidagi matnlar ayrim holatlarda muallif tomonidan boʻladi. Shuningdek, bu ish kotiblar yoki muharrirlar tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, asarning muqaddimasi Zamaxshariy tomonidan emas, balki kotiblar yoki uning shogirdlari tomonidan yozilgan. Toʻliq nusxa deya e’tirof etilgan 1380-majmuada hamda 3938-raqamli toshbosmada muqaddima faqatgina “basmala”dan tashkil topganligi shuningdek, muqaddima matni nusxalarda bir-birini takrorlamagani ham asl nusxada muqaddima boʻlmaganiga dalolat qiladi. Ammo bu muqaddimalar bir-biridan farqli boʻlsa-da, barchasining mazmunidan Zamaxshariyning yetuk olim boʻlgani, uning buyuk olimligi oʻz zamondoshlari va keying davr ulomalari, ziyolilari tomonidan tan olinib, e’tirof etilganini koʻrishimiz mumkin.
Adabiyotlar roʻyxati:
1.Bahija Husniy. “Majallatu-l arab”. Riyoz. 1-j. 5-yil. 1970.
2.Kamol Jabriy Abhariy. Zamaxshariy. Siyrati va naxvdagi mazhabi (yo‘li). Ummon. 2014.
3.Uvatov U. Nozik iboralar. Toshkent. “Kamalak”, 1992.
4. Muxamedxodjaeva.S. Alloma Mahmud Zamaxshariy va uning ijodiy faoliyati. O‘zbekiston. Til va madaniyat/2025/2/64.
[1] Bu nusxa majmu’adan iborat bo‘lib, qadimiy nusxalardan biridir. Majmu’a beshta asardan tashkil topgan bo‘lib, “Navobig‘u-l kalim”dan boshlangan ammo xato holatda “Nasoihu-u sug‘ro” deb atalgan. So‘ng Zamaxshariyning “Atvoquz-zahab” asari, so‘ng Hibatullohning “Atboquz-zahab” so‘ng Abdulloh ibn Maqfa’ning “Durratu-l yatima” asari, oxirida Abu Mansur Abdul Malik Saolobiyning “al-Faroid va-l qolaid” asari joylashgan. Kotib “Navobig‘u-l kalim”ning oxirida yozilgan vaqtini aytmagan ammo undan keyingi “Atvoquz-zahab”ning oxirida 1075 hijriyda tamomlaganini yozgan. Ushbu majmu’adagi “Navobig‘u-l kalim” asari 9 ta varoq ya’ni 18 ta sahifadan iborat. Har sahifada 15 ta hikmat joylashtirilgan.
[2] Birinchi varag‘ida unvon bo‘lib, kitob Zamaxshariyga oid ekanligi, kitobning nomi “Kitobu-n Navobig‘u-l kalim fil adab” deb nomlanishi shuningdek, asar “Nasoihu-s sig‘or” ham deb atalishi yozilgan. 12 varaqdan iborat. Hikmatlar 13 qatordan joshlashtirilgan. Har bir satr 8 tadan 14 tagacha so‘zlarlardan tashkil topgan. Xati chiroyli hamda o‘qilishi qiyinroq.
"Xadichai Kubro” ta’lim muassasi o‘qituvchisi Muxamedxodjayeva Sanobar
Другие новости


