21.10.2025
30

“SIROJUL MUSLIMIN” VA “ SABOTUL-OJIZIN” MANTNLARARO MUNOSABAT

“SIROJUL MUSLIMIN” VA “ SABOTUL-OJIZIN” MANTNLARARO MUNOSABAT

Alloh taoloning sifatlari zotidan boshqa emas, deyiladi. Aslida, ushbu masalaga bunchalik urg‘u berilishining asosiy sababi Alloh taoloning sifatlari hodis[1] emasligini isbotlashdir. Chunki Alloh taoloning sifatlari Undan mutlaqo boshqa deyiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan boshqa barcha narsalar hodis bo‘lgani uchun U zotning sifatlari ham hodis, degan ma’no chiqib qoladi. Shuning uchun Alloh taoloning sifatlari zotining ayni o‘zi bo‘lmagani bilan, zotidan boshqa ham emas, deyilgan. Ya’ni Alloh deganda mazkur sifatlar bilan birga tushuniladi. 

“Sabotul – ojizin”da Alloh taoloning sifatlari bayonida quyidagicha keltiriladi: 
Subutidur aning sakkiz sifoti
Sifat zoti emas, na g'ayri zoti.
Ya`ni, Alloh taoloning sakkiz sifati ham subutiy bo`lib, sifatlar uning zoti emas, undan boshqa ham emas. Ushbu baytning sharhi Mulla Ali al Qorining “Badul amoliy” asarlaridagi bayt ayni bilan bir xil desak xato bo`lmaydi. Ya’ni sakkizta sifat subutiy sifatlar deyiladi va ular Alloh taoloning zotining ayni o‘zi ham emas, zotidan bo‘lak ham emas, deb e’tiqod qilinadi. Sakkizta subutiy sifat qaysi sifatlar ekanini “Sabotil ojizin”da shunday bayon qilgan:
Hayotu, ilmu, qudrat ham basar, sam’,
Irodayu, kalom, takvindur, ey sham’.
Ya’ni hayot, ilm, qudrat, basor (ko‘rish), sam’(eshitish), iroda, kalom va takviyn (vujudga keltirish) sifatlari subutiy sifatlardir. Bayt oxirida kelgan “ey sham’” so‘zi “ey chirog‘im” ya’ni “ey bolaginam” ma’nosida ishlatilgan. Mazkur sifatlar aqoid kitoblarida quyidagi nomlar bilan atalgan:
– Ma’oniy sifatlar. Bu sifatlar Alloh taoloning zotidan boshqa ma’nolarga ham dalolat qilgani e’tiboridan “ma’oniy” (zotdan boshqa ma’noni ifodalovchi) sifatlar deb nomlangan;
– Zotiy sifatlar. Bu sifatlar Alloh taoloning zotidan hech qachon ajralmagani e’tiboridan “zotiy” (zotdan ajralmaydigan) sifatlar deb nomlangan;
– Subutiy sifatlar. Bu sifatlar Alloh taoloning zotida keyinchalik paydo bo‘lmagani e’tiboridan “subutiy” (borligi azaliy ekani isbotlangan) sifatlar deb nomlangan.
Faqatgina zotiy va fe’liy sifatlar to‘g‘risidagi bahslar e’tiboridan zotiy sifatlar deganda, asosan, quyidagi yettita sifat tushuniladi: 1.Qudrat, 2. Iroda, 3. Ilm, 4. Hayot, 5. Sam’ (eshitish), 6. Basor (ko‘rish), 7. Kalom (gapirish).

Fe’liy sifatlar deganda esa “tiriltirish”, “o‘ldirish” va “rizq berish” kabi ko‘plab sifatlar bo‘lib, ularning umumiy nomi “takvin”dir. Moturidiylarda “takvin” ham qadim hisoblangani uchun So‘fi Ollohyor bobomiz mazkur yettita sifatga takvinni ham qo‘shib, sakkizta sifatni subutiydur, degan. Ash’ariylar esa mazkur yettita sifatni zotiy, ya’ni qadim hisoblaganlar.
Ulamolar: "Zotiy sifatlarni yettita deyish ham, mutlaq adadni bayon qilish jihatidan emas, balki ushbu yettita sifatni bilish mo‘minga kifoya qilishi e’tiboridandir", – deganlar.
Alloh taoloning ismlari va sifatlari orasidagi farqlar: Alloh taoloning ismlari va sifatlari o‘rtasidagi farqlar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar kelgan. Tahqiq qilinganda asosiy farq shu bo‘ladiki, Alloh taoloning ismlari Uning zotiga va Undagi komil sifatlarga dalolat qiladi. Masalan, “Al-Qodir”, “Al-Aliym”, “Al-Hakiym”, “As-Samiy’”, “Al-Basiyr” kabi. Sifatlar esa zot orqali tasavvur qilinadigan “ilm”, “hikmat”, “sam’”, “basor” kabi komil sifatlardir. Chunki bu ismlar Alloh taoloning zotiga ham, Undagi “ilm”, “hikmat”, “sam’”, “basor” kabi sifatlariga ham dalolat qiladi. Shu ma’noda aytish mumkinki, ism ikki narsaga, sifat esa faqat bir narsaga dalolat qiladi. 

Alloh taoloning ismlari va sifatlari bir-birlaridan quyidagicha farqlanadi:
 Ismlardan sifatlar kelib chiqadi. Sifatlardan esa ismlar kelib chiqmaydi. Alloh taoloning “Ar-Rohiym”, “Al-Qodir” va “Al-Aziym” ismlaridan “rahmat”, “qudrat” va “azamat” sifatlari chiqadi, lekin “iroda” va “makr” sifatlaridan “Muriyd” va “Maakir” ismlari chiqmaydi.

Alloh taoloning ismlari fe’llaridan chiqarilmaydi. Alloh taoloning yaxshi ko‘rishi, yomon ko‘rishi va g‘azablanishidan “Yaxshi ko‘ruvchi”, “Yomon ko‘ruvchi” va “Gʻazab qiluvchi” ma’nosidagi “Muhib”, “Karih” va “Gʻozib” ismlari chiqmaydi. Sifatlari esa Uning fe’llaridan chiqariladi. Mazkur fe’llaridan “yaxshi ko‘rish”, “yomon ko‘rish” va “g‘azablanish” sifatlari chiqadi. Shuning uchun ham sifatlarning turi ismlarning turidan kengroqdir, deyilgan.

Alloh taoloning ism va sifatlari panoh so‘ralish va qasam ichilishda teng qo‘llanadi, lekin Unga qullikni ifodalash va duo qilishda farqlanadi. Alloh taoloning ismlarini aytib Unga qullik ma’nosi ifoda qilinaveradi. Masalan, Abdulkarim (Al-Karimning quli), Abdurrohman (Ar-Rohmanning quli), Abdulaziz (Al-Azizning quli), kabi. Lekin Uning sifatlari aytilib qullik izhor qilinmaydi, masalan: Abdulkaram (Lutfu karamning quli), Abdurrohmat (Rahmatning quli), Abdulizzat (Izzatning quli), deyilmaydi. Shuningdek, Alloh taologa Uning ismlarini aytib duo qilinadi. “Ey Rahim, bizlarga rahim qilgin, ey Kariym, bizlarni ikrom qilgin, ey Latiyf, bizlarga lutf qilgin”, kabi. Lekin Uning sifatlarini aytib duo qilinmaydi. Masalan, “Ey Rahmatulloh, bizlarga rahm qilgin, ey Karamulloh, bizlarni ikrom qilgin, ey Lutfulloh, bizlarga lutf qilgin”, deyilmaydi. Chunki sifat mavsufning, ya’ni sifatlanmishning ayni o‘zi bo‘lmaydi. Shu ma’noda rahmat, karam va lutflar Alloh taoloning ayni O‘zi emas, balki Uning sifatlaridir. Bandalikni izhor qilish va duo qilish esa faqatgina Uning O‘ziga bo‘ladi, undan boshqaga joiz emas”.

Xadichai Kubro ayol-qizlar islom ta`lim

 muassasasi o`qituvchisi, ToshDO`TAU 

2-bosqich doktoranti Kenjaboy Gulruh

 


 

[1] Paydo bo`luvchi

Другие новости

Alloh taoloning zotiy sifatlari
03.12.2025 1
Alloh taoloning zotiy sifatlariInsonga bilmagan narsasini o‘rgatib, musaffo aqidaga yo‘llagan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin. Bu musaffo aqidani bizga mukammal yetkazgan payg‘ambarimizga va u zotning ahli oilalariga va sahobalariga salavot va...
Подробнее
Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalidan Axloqiy-ta’limiy maqolalarning bibliografik tavsifi (2-qism)
02.12.2025 1
Afsus, aziz umrimiz, bekora o‘tub, taraqqiyada sotolmaymiz! Har qaysimiz o‘z manfaati shahsimizni ko‘rsatub, millatg‘a yetmag‘onimizdanmi yoki ziyofat va to‘yda behuda va bid’at nimarsalarga oqchalarimizni isrof qilganimizdanmi? Taraqqiyparvarlarimiz juda ko‘p, ammo...
Подробнее
The Role of Knowledge and Language in Islam: Education as a Path to Light
29.11.2025 1
The Role of Knowledge and Language in Islam: Education as a Path to LightBy Munirakhon Khaydarova, Khadichai Kubro Madrasah, TashkentAbstractIslam places extraordinary emphasis on knowledge, reflection, and understanding. From the...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry