ZAMONAVIY KOSMETIK VOSITALARDAN FOYDALANISHNING FIQHIY HUKMLARI
ZAMONAVIY KOSMETIK VOSITALARDAN FOYDALANISHNING FIQHIY HUKMLARI
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Batahqiq, biz insonni eng goʻzal suratda yaratdik”. (Tiyn surasi 4-oyat.) Har bir odam bolasi eng goʻzal suratda yaratildi. Bu qiyofani yaratgan Zot uni har tomonlama mukammal holatda yaratgandir. Lekin bu zamonamizda biz shunday voqealarni guvohi boʻlyapmizki, insonlar oʻz tashqi koʻrinishlaridan koʻngillari toʻlmayapti. Shuning uchun ba’zi insonlar goho bilib, goho bilmagan holatda shariatga xilof boʻlgan amallarni bajarmoqdalar.
Kosmetika - bu terini tozalash, parvarish qilish yoki bezash uchun ishlatiladigan ba’zi moddalardan olingan ekstraktlar. Ushbu atama yuz kukunlari, tirnoq laklari, turli kremlar hamda suyuqliklar, yogʻlar, dezodorantlar va boshqa mahsulotlarni oʻz ichiga oladi. Kosmetika shartli ravishda gigiyenik, tibbiy va pardoz kosmetikasiga boʻlinadi. Gigiyenik kosmetika odamning tabiiy goʻzalligini saqlab qolish, teri kasalliklarining oldini olish va unda yuzaga keladigan nuqsonlarni bartaraf etish muolajalarini amalga oshiradi. Bu turdagi kosmetik vositalarning tarkibi halol boʻlsa, ulardan foydalanishga hech qanday monelik yoʻq. Lekin pardoz kosmetika vositalaridan foydalanishda niyat katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ulardan foydalanishda ehtiyot boʻlish shart. Hanafiy mazhabiga koʻra, agar zamonaviy goʻzallik vositalari tarkibida shariatda harom qilingan moddalar - masalan, oʻlik hayvon moddalari yoki najas tarkibiy qismlar mavjud boʻlmasa va bu vositalar begona erkaklar oldida ziynat koʻrsatish (tabarruj) maqsadida ishlatilmasa, ulardan foydalanish joizdir. Bunday mahsulotlar yuzdagi muammolar-masalan, ugri (akne), dogʻlar yoki quyuq halqalar (koʻz ostidagi qora doiralarni) davolash uchun ishlatilishi mumkin. Bu masalada keltirilgan dalillar “Allohning yaratgan fitratini oʻzgartirmang” degan Qur’oniy tanbeh bilan zid, deb koʻrilgan boʻlishi mumkin. Ammo, ulamolar bunga shunday javob berishgan: Agar shar’iy ehtiyoj yoki zarurat mavjud boʻlsa, unda bunday oʻzgartirishlar istisno sifatida ruxsat etiladi. Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Agar zarurat bor boʻlsa, u holda bunday oʻzgartirishlar harom hukmidan mustasno boʻladi”. Zamonaviy goʻzallik vositalaridan foydalanishga oid fiqhiy yechimlar mahsulotning tabiati va undan foydalanish maqsadiga bogʻliqdir. Sogʻlom a‘zolarini hoy-u havasga berilib, boshqalarga taqlid qilib yuz shakli yoki rangini oʻzgartirish, burun, lab yoki koʻkrakni katta yoki kichkina qilish kabi ishlar shar‘an joiz emas. Zero, shayton insonlarga Alloh taolo yaratgan narsalarni oʻzgartirishni buyuradi. Qur‘oni Karimda shunday deyiladi:
“Ularni adashtiraman, xom xayollarga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarining quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini oʻzgartirarlar”, dedi. Kimki Allohni qoʻyib shaytonni doʻst tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir. (Niso surasi 119-oyat).
Insonning oʻziga qarab yurishini muboh amal ekanini ulamolar quyidagilar bilan bayon qilishgan: Alloh taolo Qur’onda:
“Ey odam bolalari, har bir ibodat chogʻida oʻz ziynatlaringizni olinglar...”, deydi (A’rof surasi 31-oyat).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasalam dedilar: “Alloh goʻzal, goʻzallikni sevadi” (Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, zamonaviy kosmetologik vositalardan foydalanishda niyatni toʻgʻri qilish, hamda unga doir fiqhiy hukmlarni puxta oʻzlashtirib olish muhim ekanligini doim yodda tutishimiz zarurdir.
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية