Aqoid masalalarida ohod xabarning qabul qilinishi
Aqoid masalalarida ohod xabarning qabul qilinishi
Islom ilmida xabarlarning ishonchliligi va ularning ilmiy darajasini aniqlash eng asosiy masalalardan biridir. Asrlar davomida muhaddislar, usulul fiqh ulamolari va kalom olimlari ohod xabarlarning ilmiy qiymati, ishonchlilik, qabul shartlari hamda qo‘llanish chegaralarini chuqur tahlil qilib kelgan. Ayniqsa, fiqhiy hukmlar, ijtimoiy odoblar, ibodat tartiblari va kundalik hayotga doir shar’iy ko‘rsatmalarni belgilashda ohod hadislar asosiy dalil sifatida ishlatilgani ularning ilmiy ahamiyatini yanada oshiradi. Xabarlar odatda ikki turga bo‘linadi: mutavotir va ohod. Mutavotir xabar - har davrda ko‘p sonli roviylar tomonidan bir-biridan mustaqil tarzda rivoyat qilingan, yolg‘on soʻzlashda kelishib olish ehtimoli bo‘lmagan xabar hisoblanadi. Ohod xabar esa - bu darajaga yetmagan, ya’ni kamroq roviylar orqali rivoyat qilingan hadis yoki xabardir. Ohod xabarlarning ilmiy ahamiyati shundaki, ular hadis ilmining asosiy qismini tashkil etadi. Ularni qabul qilish vojibligini ta’kidlash bilan birgalikda ular orqali aqiyda qat’iy ravishda sobit bo‘lmasligini, ya’ni ohod xabarlarda kelgan aqida masalalarini inkor qilgan kishini “kofir bo‘ldi” deb, hukm qilinmaydi balki fosiqlikka hukm qilinadi. Lekin aqida boʻyicha keltirilgan dalillarga qarasak, koʻplab narsalar ohod hadislar ila sobit boʻlganini koʻramiz. Yana hayron qolamiz. Jumhuri ulamolarga, siz muhtaramlar, ohod hadis ila aqida sobit boʻlmaydi, deydi. Ammo biz qarab koʻrsak, qabr azobi, Munkar, Nakirning savoli, Sirot, Havz, Miyzon, Shafoat kabi koʻplab aqida masalalari aynan ohod hadislar bilan sobit boʻlgan ekanku, deb soʻraymiz. Ular bizga, gapingiz juda toʻgʻri, biz hech qachon siz aytgan narsalarni va yana siz aytmagan koʻpgina narsalarni ohod hadislar bilan sobit boʻlmaydi, deganimiz yoʻq. Sizlar bizning istilohimizga tushunmabsizlar. Biz, zonn bilan, boshqacha qilib aytganda, ohod hadis bilan aqida sobit boʻlmaydi, deganimizda aqida ruknlarini, yaʼni bularni inkor qilgan inson Islom doirasidan butunlay chiqib ketadigan hukmlarni, chunonchi, Alloh taoloning mavjudligi, Paygʻambarlarning haqligi kabi masalalarni koʻzda tutganmiz. Shuning uchun, hammamiz hech qanday ixtilofsiz aqidaning far’iy masalalarida ohod hadislarni, agar ular sahih boʻlsa, qabul qilishga qaror qilganmiz, deydilar. Ana endi hamma narsa ravshan boʻldi. Islom aqidasining asosi hisoblangan, iymonning rukni boʻlgan, Alloh taologa, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga, Qur’oni Karimga, qiyomat kuniga, farishtalarga, qazoi qadarga va boshqa shunga oʻxshash dindan deb bilishlik zarur hisoblangan, iymon keltirmagan odam butunlay dindan chiqib kofir boʻladigan narsalarning sobit boʻlishi uchun ilmi yaqiniy lozim ekan. Bu esa, Qur’oni Karim kuchidagi dalilni taqozo qiladi. Darhaqiqat, mazkur narsalar Qu’oni Karim ila sobit boʻlgan. Bunga hech kim xilof qilmaydi. Lekin afsuski, ohod hadis ilmi yaqiniyni ifoda qiladimi, degan tortishuv natijasi keyinchalik ba’zi bir noqulayliklar keltirib chiqardi. Oʻsha masalada, jumhuri ulamolar, Ahli sunna val jamoa molikiysi boʻlsin, shofe’iysi boʻlsin, hanafiysi boʻlsin, hanbaliysi boʻlsin va yana boshqalari boʻlsin, ohod hadis, har qancha sahih boʻlsa ham, u bilan inkor qilgan kishini iymondan ajratadigan aqida sobit boʻlmaydi, deganlar. Muhaddislar va ba’zi qavllarga qaraganda imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh sahih ohod hadis ila ilmi yaqiniy, binobarin, inkor qilgan kishi kofir boʻladigan aqida sobit boʻladi, deganlar. Hozir ana shu gapni tutib olib, musulmonlarni sal narsaga kofirga chiqaradiganlar koʻpayib ketgan. Ba’zi bir hadisi shariflarda, ma’lum gaplarni aytgan yoki ishlarni qilganlarga kufr yoxud shirk nisbati berilgan. Oʻsha hadislar sahih boʻlishi mumkin. Lekin hammasi ohod hadislar. Bir so‘z bilan aytganda, ohod xabarlarda aqidaga oid kelgan masalalarni qabul qilamiz, rad qilmaymiz. Shu bilan birga kimdir uni inkor qilsa, kofirga chiqarmaymiz. Tavfiq Allohdan.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi F. Xoldorova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية