Homilador bolish va homiladorlikdan saqlanishning shar’iy yechimi
Inson hayoti – Yaratganning insoniyatga ato etgan eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Bu ne’matning davomiyligi naslning davomiyligi bilan chambarchas bog‘liq. Shariatda nikoh ana shu davomiylikning kaliti, poklikning va barakotning manbai sifatida sharaflanadi. Nikoh – ikki qalbning, ikki ruhning va ikki taqdirning bir-biriga bog‘lanishidan iborat ilohiy rishtadir. Alloh taolo Rum surasining 21-oyatida: “U sizlar uchun o‘zingizdan juftlar yaratdi, toki ular bilan osoyishtalik topasizlar va oralaringizda muhabbat va marhamatni solib qo‘ydi”, deya marhamat qiladi. Ushbu oyat nikohning faqat dunyoviy emas, balki ma’naviy mohiyatga ega ekanini yoritadi.
Rasululloh ﷺ: “Nikoh mening sunnatimdandir. Kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar. Ushbu hadisi sharif nikohning qadri, oila qurishning sharafini ta’kidlaydi. Farzand esa bu nikohning mevasidir – Allohning in’omi, qalblarga quvonch bag‘ishlovchi mo‘jizadir. Hadisi sharifda: “Farzandli bo‘linglar, chunki men qiyomat kuni sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman”, deyiladi.
Biroq hayot sinovsiz emas. Ba’zan sog‘liq, iqtisodiy holat yoki boshqa omillar sababli oila farzand ko‘rishni vaqtincha kechiktirish zaruratida qolishi mumkin. Islom dini bu borada mo‘tadillikni targ‘ib qiladi. Sahobalar Rasululloh ﷺ davrida “azl” – urug‘ tushishini oldini olish amaliyotini qo‘llaganlar. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) rivoyatlarida: “Biz Rasululloh ﷺ davrida azl qilardik. Bu amaliyot Payg‘ambarimizga yetganda, U zot bizni bundan qaytarmadilar”, deyiladi. Ulamolar mazkur hadisdan kelib chiqib, farzand ko‘rishni vaqtinchalik kechiktirish joiz, biroq naslni butunlay to‘sish harom ekanini hukm qilganlar. Imom G‘azzoliy “Ihyou ulumiddin” asarida: “Farzand ko‘rishni zarurat sababli kechiktirish joizdir. Ammo naslni butunlay yo‘qotish niyati bilan bo‘lsa, bu Allohning yaratish qonuniyatiga qarshi chiqishdir”, deya ta’kidlaydi.
Zamonaviy tibbiyot rivojlanishi natijasida turli xil saqlanish vositalari paydo bo‘lgan. Shariat bu vositalarni inkor qilmaydi, biroq ularni sog‘liq, halollik va niyat mezonlari asosida baholaydi. Agar vosita sog‘liqqa zarar yetkazmasa, vaqtinchalik maqsad bilan qo‘llansa va naslning butunlay yo‘qotilishiga sabab bo‘lmasa, u joizdir. Ammo sterilizatsiya kabi naslni butunlay to‘xtatuvchi usullar shar’an man etiladi. Zero, Rasululloh ﷺ: “Sizlar nima qilsangiz ham, agar Alloh bir jonni yaratmoqni xohlasa, sizlar bunga to‘sqinlik qila olmaysizlar”, deganlar. Shariatning asosiy maqsadlaridan biri – naslni asrashdir. “Hifzun-nasl” jamiyatning barqarorligi va insoniyatning davomiyligi uchun muhimdir. Shu bois Islom zinoni qat’iy taqiqlaydi. “Zinoga yaqinlashmanglar! Albatta u fahshdir va yomon yo‘ldir”, (Isro surasi, 32-oyat) deya Qur’onda ta’kidlanadi.
Islom mo‘tadillik va hikmat dinidir. U hayotni, oilani, farzandni qadrlaydi. Shu bilan birga, zarurat tug‘ilganda vaqtinchalik saqlanishni ham joiz deb biladi. Muhimi – niyatning pokligi, masalaning ilm va shariat talablariga muvofiqligi va Allohga tavakkuldir. Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyatning poydevori, iymonli farzand esa millatning ertangi kunidir.
Alloh taolo: “Agar shukr qilsangizlar, Men sizlarga ne’matimni ziyoda qilurman”, (Ibrohim surasi, 7-oyat) deb marhamat qilgan. Demak, farzand – ne’mat va sinovdir. Uni halol yo‘l bilan dunyoga keltirish, asrash va tarbiyalash – ota-onaning eng buyuk mas’uliyatidir.
Tayyorladi: Isomiddinova G
Mas’ul ustoz: Zoyirova H
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية