QIYOMAT KUNI VA UNING KICHIK ALOMATLARI
QIYOMAT KUNI VA UNING KICHIK ALOMATLARI
Olamlar-u yerni, ins-u jinsni, nabotot-u hayvonontlarni yaratib, har narsani o‘lchovli qilib qo‘ygan Xoliq va Mudabbir Zot, buyuk Robbimiz Alloh taologa hamdlar, insonlarning komili, sayyidimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallamga salovat-u salomlar bo’lsin.
Ma’lumki, islom dini besh asos ustiga qurilgan. Ular: iymon, nomoz, ro’za, haj va zakotdir. Mana shu asoslardan ham eng muhimi iymon hisoblanadi. Chunki inson “Laa ilaaha illalloh” deyish ila musulmon sanaladi.
Biz asl musulmon bo‘lishimiz uchun, Allohdan o’zga iloh yo’qligiga, uning farishtalariga, kitoblariga, u yuborgan rosullarga, kitoblariga, Oxirat kuniga, yaxshilik ham yomonlik Allohdan ekaniga iymon keltirishimiz kerak. Bulardan bariga teng iymon keltirish bilangina asl musulmon sanalamiz. Iymon keltirishimiz kerak bo’lgan asoslardan biri Qiyomat kuniga bo’lgan iymondir.
Har bir ins-u jins qilgan ishlaridan hisob-kitob qilinadigan, kim do’zaxga, kim jannatga kirishi aniq bo’ladigan, qalblarni qo’rquvga soladigan, foniy dunyoning abadiy yakuni bo‘lgan Qiyomat kuni haqida bilish va bu kunga tayyorgarlik ko‘rish har bir musulmon uchun shart va zarurdir. Ushbu muhim kun haqida Qur’oni Karimda ko’plab so‘z brogan, hadisi shariflar vorid bo‘lgan. Quyida aynan shu kunning katta va kichik alomatlari, vasfi haqida so‘z boradi.
Qiyomat qachon bo‘lishini Alloh taolodan boshqa hech bir zot bilmaydi. Bu ulkan haqiqat Qur’oni Karimda ko‘p marta ta’kidlangan.
Jumladan Alloh taolo “A’rof” surasida: “Sendan soat (qiyomat) qachon sobit bo‘lishi haqida so‘rarlar. Sen: “Uning ilmi faqat Robbim huzuridadir. Uni faqat O‘zigina zohir qiladir. U osmonlaru yerda og‘ir ish bo‘ladi. Sizlarga faqat to‘satdan keladir”, deb ayt. Xuddi sen uni bilishing kerakdek, sendan so‘rarlar. Sen: “Uning ilmi faqat Allohning huzuridadir. Lekin ko‘p odamlar bilmaslar”, deb ayt”, degan.
O‘limni, oxirat kunini, ul kun har bir odam bu dunyodagi qilmishlari yuzasidan so‘roq-savol qilinishini o‘ylash har qanday shakkok, kofirni ham o‘ylantirib qo‘yadi. Shunday lahzalarda ular oxirat haqida savol bera boshlaydilar. Ba’zi hollarda qiyomat bo‘lishiga shak keltirganlaridan, o‘z fikrlarini tasdiqlash, qiyomat bo‘ladi, degan aqiydadagilarni ojiz qoldirish uchun so‘raydilar. Ba’zi vaqtlarda sinash uchun so‘raydilar va hokazo.
Quraysh mushriklari ham vaqti-vaqti bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qiyomat haqida, ayniqsa, uning qachon sobit bo‘lishi va kelishi haqida so‘rar edilar.
“Sendan soat (qiyomat) qachon sobit bo‘lishi haqida so‘rarlar”.
Ya’ni, bo‘ladigan bo‘lsa, qachon bo‘lishini aytib ber, deb da’vo qilardilar. Bu savoldan qachon bo‘lishini aytib bera olmasang, qanday Payg‘ambarsan, shuni ham bilmaysanmi, degan g‘arazgo‘ylikning hidi keladi.
Aslida, qiyomat Allohdan boshqa hech kim bilishi mumkin bo‘lmagan hodisadir. Uning qachon ro‘y berishini faqat Allohning O‘zigina biladi. Lekin mushriklar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni sinash, ul zotni xijolat qilish uchun, qiyomat qachon bo‘ladi, deb so‘roq qiladilar. Agar har bir so‘zni Allohdan qabul qilib oladigan haqiqiy Payg‘ambar bo‘lmasa, bunga turli javoblar berish mumkin. Xususan, Payg‘ambarlikni da’vo qiluvchi tabiatan telba va buzuqlar odamlar e’tiborini jalb qilish uchun ularning qiyomatga nisbatan bo‘lgan ehtirosli qiziqishidan foydalanishga harakat qilishlari keyingi paytlarda oshkor bo‘ldi. Qiyomat falon vaqtda bo‘ladi, deb qo‘yib, so‘ng sharmanda bo‘lganlari ham juda ko‘p.
Lekin Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bu savolga qanday javob berishni Allohning O‘zi so‘zma-so‘z uqdiryapti:”Uning ilmi faqat Robbim huzuridadir. Uni faqat O‘zigina zohir qiladir. U osmonlaru yerda og‘ir ish bo‘ladi. Sizlarga faqat to‘satdan keladir”, deb ayt”
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham odam, u kishi hech qachon g‘ayb ilmini bilaman, deb da’vo qilmaganlar. U zot: “Uning ilmi faqat Allohning huzuridadir”, deydilar. Ya’ni, “Qiyomatning qachon bo‘lishini faqat bir zot–Robbim biladi, xolos. Boshqa hech kim bilmaydi. Men ham bilmayman” derlar
“Uni faqat O‘zigina zohir qiladir”.
Qiyomatni yuzaga keltiruvchi Zot ham yagona Alloh taoloning O‘zidir. Boshqa hech kim bu ishga aralasha olmaydi.
“U osmonlaru yerda og‘ir ish bo‘ladir”.
Uning haqida bilganim shu: Qiyomat osmonlar va yer qancha ulkan bo‘lmasin ularga ham og‘ir keladigan darajada ulug‘ hodisadir. Shuning uchun o‘sha kunga tayyorlanish kerak.
“Sizlarga faqat to‘satdan keladir”.
Bilmay qolasizlar. Avval e’lon qilib, vaqtini tayinlab kelmaydi. U sodir bo‘lmasdan biroz oldin o‘zini o‘nglab, u yer-bu yerini tozalab, hech narsani ko‘rmagandek mo‘min-qobil bo‘lib turishga imkon yo‘q. Uning kelishiga doim tayyor turish kerak. Uning qachon sodir bo‘lishini so‘rab yurishdan samara yo‘q. Buning ustiga, bu savolga javob beradigan odamning o‘zi yo‘q. Mushriklarning savoli esa noo‘rin.
“Xuddi sen uni bilishing kerakdek, sendan so‘rarlar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining daxllari yo‘q narsalarni Allohdan so‘ramaydilar.
“Uning ilmi faqat Allohning huzuridadir. Lekin ko‘p odamlar bilmaslar”, deb ayt.”
Qiyomatning qachon bo‘lish ilmi Allohning O‘ziga xos ilmidir. Uni hech kimga, hatto Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ham bildirmagan. U zot faqat qiyomatning qachon bo‘lishinigina emas, boshqa g‘ayb ilmlarini ham bilmaydilar. Bu bilmasliklari esa ayb emas.
Shuningdek, Alloh taolo “Ahzob” surasida: “Odamlar sendan soat (qiyomat haqida so‘rarlar. Sen: “Uning ilmi faqat Allohning huzuridadir”, deb ayt. Nedan bilursan, ehtimol o‘sha soat yaqindir”, degan.
Muhammad sollallohu alayhi vasallam odamlarni qiyomat soati bilan qo‘rqitar, bu dunyoda qilgan ishlarining jazosini qiyomatda tortishlarini qayta-qayta takrorlar edilar. Qur’oni Karimda ham qiyomat va uning vasfi, undagi dahshatlar haqida ko‘plab oyatlar kelgani ma’lum. Kofirlar doimo, qiyomat qachon bo‘ladi, deb so‘rar edilar. Ular qiyomat qoim bo‘lishiga shak-shubha qilganlari uchun ham u haqda ko‘p so‘rardilar. Qani, bo‘lsa, bo‘lmaydimi? deb shoshilar edilar. Lekin qiyomatning ilmi Alloh taoloning O‘ziga xosdir. Alloh taolo uning qachon bo‘lishini boshqaga bildirishni istamadi. Hatto Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham, farishtalarga ham bu ilmdan xabar bergani yo‘q.
Shu bilan birga, oyati karimada qiyomat qachon qoim bo‘lishini faqat Alloh taoloning O‘zigina bilishining, boshqalarga bildirilmaganining hikmatlaridan biri ham bayon qilinadi:
“Nedan bilursan, ehtimol o‘sha soat yaqindir”.
Qiyomat soati yaqindir, sen buni bilmaysan, sendan boshqa ham bilmaydi. Shuning uchun hamma doimo hushyor bo‘lib, tayyorgarligini ko‘rib turadi. Hozir yoki ertaga qiyomat qoim bo‘lib qolsa, nima qilaman, deb yaxshi ishlarni ko‘proq qiladi, yomonlikdan qochadi.
Qachon qiyomat qoim bo‘lishini Alloh taolodan boshqa hech bir zot bilmasligi haqidagi haqiqatni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida ham qayta-qayta ta’kidlangan.
Tayyorladi: Ta’lim muassasasi talabasi A.Xoliqova
Mas’ul ustoz: Ta’lim muassasasi o’qituvchisi M.Qutbiddinova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية