Islom shariatida taloq tushunchasi va uning fiqhiy ahkomlari
Islom shariatida taloq tushunchasi va uning fiqhiy ahkomlari
Muqaddas Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini, jumladan, oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi mukammal ilohiy nizomdir. Dinimizda oila qurishga targ‘ib qilinishi bilan bir qatorda, uning mustahkamligi va bardavomligiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Nikoh - bu shunchaki er va ayol o‘rtasidagi ijtimoiy kelishuv emas, balki Qur’oni karimda “misoqan g‘alizo” (mustahkam ahd) deb atalgan muqaddas rishtadir. Oila jamiyatning asosi va tayanchi bo‘lgani bois, Islom shariati uning darz ketishini, parchalanishini aslo xushlamaydi. Biroq insoniy munosabatlarda turli vaziyatlar, kelishmovchiliklar yuzaga kelishi tabiiy hol. Taqdir taqozosi bilan er-xotin o‘rtasida totuvlik yo‘qolib, birga yashash imkonsiz bo‘lib qolganda, zulm va adolatsizlikka barham berish, er-xotinning har biri o‘z huquqlarini saqlab qolishlari maqsadida shariatimizda taloq hukmi joriy qilingan.
Bugungi kunda jamiyatimizda diniy ilmlarning yetishmasligi va oilaviy qadriyatlarga yengil-yelpi qarash oqibatida taloq so‘zini o‘yinchoq qilish, g‘azab ustida shar’iy oqibatlarni o‘ylamay so‘zlash holatlari uchramoqda. Vaholanki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o'z hadisi shariflarida:
«أَبْغَضُ الْحَلالِ إلَى اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ الطَّلاقُ»
“Alloh azza va jalla nazdida halol narsalarning eng g‘azablisi (yoqimsizi) taloqdir”, deya marhamat qilganlar (Abu Dovud rivoyati). Ushbu maqolada taloqning shar’iy mohiyati, uning turlari va bu boradagi mas’uliyat xususida mo‘tabar manbalar, xususan, Hanafiy mazhabi fiqhiy asarlari asosida so‘z yuritamiz.
Taloqning lug‘aviy va istilohiy mohiyati
“Taloq” (طَلَاقٌ) so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, lug‘atda “tugunni yechish”, “ozod qilish”, “qo‘yib yubormoq” ma’nolarini anglatadi. Shar’iy istilohda esa maxsus lafzlar orqali nikoh tugunini yechish va er-xotinlik aloqasini tugatishga aytiladi. Fiqh ulamolari ta’kidlaganidek, taloq - bu zarurat yuzasidan joriy qilingan ruxsatdir. U erning o‘z hukmini o‘tkazishi, ayolni qo‘rqitishi yoki shunchaki g‘azabini sochishi uchun berilgan qurol emas, balki birga yashashning imkoni qolmaganda, barcha isloh choralari (nasihat, hakamlar aralashuvi) foyda bermaganda qo‘llaniladigan so‘nggi choradir.
Taloqning shar’iy hukmi aslida muboh (ruxsat etilgan) bo‘lsa-da, u vaziyatga qarab o‘zgarib turadi. Agar er-xotin o‘rtasida nafrat kuchayib, birga yashash ularni Allohning chegaralaridan chiqishga va gunohga yetaklaydigan bo‘lsa, ajrashish vojib yoki mustahab bo‘lishi mumkin. Ammo sababsiz, shunchaki havoyi nafs yo‘lida oilani buzish harom va katta gunoh sanaladi.
Taloqning ruknlari va shartlari
Taloq amali shar’iy jihatdan haqiqiy hisoblanishi uchun ma’lum shartlar mavjud. Avvalo, taloq qiluvchi shaxs, ya’ni er, mukallaf (aqli raso va balog‘atga yetgan) bo‘lishi shart. Islom huquqida yosh bola, majnun (aqli zaif) va uxlab yotgan kishining so‘zlari e’tiborga olinmaydi va ularning talog‘i ham voqe’ bo‘lmaydi. Bu hukm Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflaridan olingan:
«رُفِعَ الْقَلَمُ عَنْ ثَلَاثَةٍ: عَنِ النَّائِمِ حَتَّى يَسْتَيْقِظَ، وَعَنِ الْمَجْنُونِ حَتَّى يُفِيقَ، وَعَنِ الصَّبِيِّ حَتَّى يَحْتَلِمَ»
“Uch toifadan qalam ko‘tarilgan: uxlayotgan kishi uyg‘onguncha, aqli yo‘q (majnun) kishi aqli kirguncha va yosh bola balog‘atga yetguncha.” (Abu Dovud rivoyati).
Shu o‘rinda “Hidoya” va “Kifoya” kabi manbalarda keltirilgan nozik bir jihatni ta’kidlash lozimki, ixtiyoriy ravishda mast qiluvchi ichimliklar yoki giyohvand moddalar orqali sarxush bo‘lgan kishining talog‘i Hanafiy mazhabida tushishi belgilangan. Bu hukm mastlik holatida qilingan jinoyat va xatolarga jazo sifatida joriy qilingan bo‘lib, insonni harom narsalardan qaytarish va tiliga ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.
Shuningdek, taloq masalasida niyatning o‘rni lafzning turiga qarab belgilanadi. Agar er “sen taloqsan”, “seni taloq qildim” kabi sarih (ochiq-oydin) lafzlarni ishlatsa, niyatidan qat’i nazar, taloq tushadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nikoh, taloq va raj’at (qaytib olish) masalalarida hazillashish ham jiddiy qabul qilinishini qat’iy ta’kidlab Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: ثَلَاثٌ جِدُّهُنَّ جِدٌّ وَهَزْلُهُنَّ جِدٌّ: النِّكَاحُ، وَالطَّلَاقُ، وَالرَّجْعَةُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ
"Uch narsaning jiddiysi ham jiddiy, hazili ham jiddiy: nikohning, taloqning va raj’atning." (Abu Dovud, Termiziy va Hokim rivoyat qilganlar. Hokim sahih, degan).
Demak, “hazillashdim” yoki “qo‘rqitmoqchi edim” degan bahonalar shar’iy hukmni bekor qilmaydi. Ammo kinoyaviy, ya’ni ikki xil ma’noga ega so‘zlar (masalan, “uyingga ket”, “yo‘qol”, "ko'zimga ko'rinma”) ishlatilganda, taloq tushishi uchun erning taloqni niyat qilgan bo’lishi shart qilinadi.
Sunniy va bid’iy taloq tushunchalari
Shariatimizda nafaqat oila qurishning, balki uni tugatishning ham o‘ziga xos odobi, tartibi va qoidalari mavjud. Ushbu qoidalarga rioya qilinishiga ko‘ra taloq sunniy (sunnatga muvofiq) va bid’iy (sunnatga xilof) turlarga bo‘linadi.
Sunniy taloq - bu shariat ko‘rsatmalariga muvofiq, eng to‘g‘ri va kam zararli yo‘l bilan qilingan ajrimdir. Fiqh kitoblarida uning eng afzal ko‘rinishi “ahsan taloq” deb ataladi. Bunda er o‘z ayolini hayz va nifosdan poklangan hamda jinsiy yaqinlik qilinmagan tuhur (poklik) davrida bir marta taloq qiladi va idda muddati tugaguncha uni o‘z holiga qo‘yadi. Bu usulning hikmati shundaki, ayol homilador bo‘lmaganligi aniq bo‘lishi bilan birga, er-xotin uchun idda davomida o‘ylab ko‘rish, g‘azabdan tushib, balki yarashib ketish imkonini beradi. Hasan (yaxshi) taloqda esa uchta poklik davrida bittadan taloq qilinadi.
Afsuski, ko‘pchilik bilib-bilmay qo‘l uradigan shakl bu - bid’iy taloqdir. Bid’iy taloq deb, shariat qaytargan va gunoh hisoblangan holatda taloq berishga aytiladi. Bunga ayolni hayz ko‘rib turgan vaqtida, nifos paytida yoki poklik davrida bo‘lsa-da, jinsiy yaqinlik qilingandan so‘ng taloq qilish kiradi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida, bir lafz bilan “uch taloq” deb aytish ham bid’iy, ya’ni sunnatga xilof hisoblanadi. Ulamolarimiz, jumladan Hanafiy mazhabi fuqaholari, bid’iy taloq qilgan kishi gunohkor bo‘lishini, lekin uning aytgan talog‘i huquqiy jihatdan kuchga kirishini bayon qilganlar.
Taloqning shar’iy oqibatlari: raj’iy va boin taloqlar
Taloq aytilgandan keyingi huquqiy holatga ko‘ra u raj’iy va boin turlarga ajratiladi. Bu tushunchalarni bilish har bir musulmon uchun g‘oyat muhimdir, chunki oilani saqlab qolish yoki butunlay ajrashish shunga bog‘liqdir.
Raj’iy taloq - bu erga o‘z xotinini idda muddati ichida nikohsiz va yangi mahrsiz qaytarib olish (rajoat qilish) huquqini beruvchi taloqdir. Bu odatda jinsiy yaqinlikdan keyin aytilgan birinchi yoki ikkinchi ochiq taloqdan so‘ng sodir bo‘ladi. Alloh taolo Baqara surasida shunday marhamat qiladi:
أَلْطَلَقُ مَرْتَانِ ۖ فَإِمْسَاكٌ بِمَعْرُوفٍ أَوْ تَسْرِيحٌ بِإِحْسَانٍ ۗ
“Taloq ikki martadir. So‘ngra, yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo‘yib yuborish...”. Demak, birinchi va ikkinchi taloqdan so‘ng erda oilani tiklash imkoniyati mavjud.
Boin taloq esa nikoh rishtasini uzuvchi va erni qaytib olish huquqidan mahrum qiluvchi taloqdir. U ikki xil bo‘ladi: kichik boin va katta boin. Kichik boin taloqda (masalan, idda muddati tugagach yoki kinoyaviy so‘zlar bilan ajrashganda) er-xotin qayta yarashishni istasalar, yangi nikoh va yangi mahr talab qilinadi.
Eng og‘ir va qaytarib bo‘lmas holat bu - katta boin, ya’ni uch taloqdir. Agar er xotiniga uch marta taloq bersa, u ayol eriga butunlay harom bo‘ladi. Qur’oni karim hukmiga ko‘ra, bunday ayol boshqa erga tegib, u bilan tabiiy ravishda yashab, so‘ng ajrashmagunicha yoki vafot etmagunicha, avvalgi eriga halol bo‘lmaydi. Bu shariatimizda halola deb ataladi va u erkaklarni o‘z so‘ziga mas’uliyat bilan qarashga, oilani o‘yinchoq qilmaslikka chaqiruvchi jiddiy ogohlantirishdir.
Xulosa
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Islom shariatida taloq - bu oilani buzish vositasi emas, balki birga yashashning imkoni qolmaganda, kattaroq zararning oldini olish va adolatni qaror toptirish yo‘lidir. Biroq, bu nozik masalaga ilm va taqvosiz, g‘azab va johillik bilan yondashish bugungi kunda ko‘plab oilaviy fojialarga, bolalarning tirik yetim bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.
Har bir musulmon kishi nikoh va taloq masalasiga o‘ta jiddiy yondashishi, arzimagan sabablar va o‘tkinchi his-tuyg‘ular sababli Allohning arshini larzaga keltiradigan bu amalga qo‘l urishdan saqlanishi lozim. Agar ajralish muqarrar bo‘lib qolsa, uni Alloh buyurganidek “yaxshilik bilan ushlab qolish yoki yaxshilik bilan qo‘yib yuborish” tamoyili asosida, g‘azab va adovatni chetga surib, sunnatga muvofiq amalga oshirish shartdir. Zero, oila - bu Allohning omonati, uning mustahkamligi esa jamiyatning saodatidir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Qur’oni Karim.
2. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Toshkent: “Hilol Nashr”, 2019.
3. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjimasi. Toshkent, 2001.
4. Burhonuddin Marg‘inoniy. Hidoya. 2-juz. Toshkent: “Hilol Nashr”, 2020.
5. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Kifoya (Sharhi Muxtasari Viqoya). 2-juz. Toshkent: “Hilol Nashr”, 2020.
Tayyorladi:“Xadichai kubro” ayol-qizlar oʻrta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Homidova Feruza
Mas’ul: “Xadichai kubro” ayol-qizlar oʻrta maxsus islom ta’lim muassasasi arab-tili fani o‘qituvchisi, ToshDO‘TAU tayanch doktaranti M.Axmedova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية