14.12.2025
1

Xalq orasidagi bid’atlar

Xalq orasidagi bid’atlar

Insonga uning bilmagan narsasini oʻrgatib, musaffo aqidaga yoʻllagan Alloh taologa hamdu sanolar boʻlsin. Bu musaffo aqidani bizlarga mukammal holda yetkazgan paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning ahli oilalariga va barcha sahobalariga salavot va salomlar boʻlsin.

Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini tartibga soluvchi, aqida va amaliyotda aniq mezonlarga ega bo‘lgan mukammal dindir. Ushbu mezonlarning to‘g‘ri tushunilishi va avloddan avlodga buzilmay yetib borishi esa Qur’on va sunnatga mustahkam rioya qilish bilan bog‘liq. Dinga oxiridan qo‘shilgan yangiliklar — bid’at tushunchasi esa aynan shu musaffolikni saqlash jarayonida juda muhim mavzulardan biri hisoblanadi.

          Bid’at masalasi islom ilmlarida qadimdan bahs etib kelingan bo‘lib, u aqida, fiqh, tasavvuf va umumiy diniy madaniyatning muhim tarkibiy qismidir. Mashhur ulamolar bid’atning turlari, hukmlari, jamiyat hayotiga ta’siri haqida ko‘plab asarlar yozganlar. Zero, bid’atning to‘g‘ri tushunilmasligi diniy amaliyotda adashish, ijtimoiy muhitda esa noto‘g‘ri qarashlar shakllanishiga olib kelishi mumkin.

          Imom Muslim Jarir ibn Abdullohdan qilgan rivoyatda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim islomda chiroyli yoʻlni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri boʻladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi. Kim islomda yomon yoʻlni joriy qilsa, unga uning gunohi va undan keyin bunga amal qilganlarning ham gunohi boʻladi, ularning gunohlaridan hech narsa kamaytirilmaydi”[1].

           Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga boʻlganlar: bid’ati hasana  (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at). Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof boʻlmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega boʻlmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”-deganlar[2].

من أحدث في أمرنا هذا ما ليس منه فهو رد (رواه الإمام البخاري)[3]

          “Kim bizning bu dinimizda unda boʻlmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi”.         

           Oʻrta Osiyoga islom dini kirib kelganidan keyin xalqimizning milliy urf-odatlari qatoriga bevosita islom dini bilan bogʻliq boʻlgan odatlar ham qoʻshiladi. Bular jumlasiga xalqimizning islom dinini qabul qilishligi bilan qon qonigacha chuqur singib ketgan odatlar kiradi. Jumladan: Nikoh toʻyi, Azon aytish, Aqiqa, Tanglay kotarish, Sunnat toʻyi, Mavlud va boshqalar.        

          Bugungi kundagi toʻy-hashamlarda nechoglik isrofgarchilikka ruju qoʻyayotganimiz haqida telemushohada koʻrsatuvlarida muhokama qilinmoqda. Bu faqatgina toʻy-hashamlarda emas balki, diniy marosimlarda ham ba’zida haddan oshgan holda dabdabalarga berilmoqda. 

         Xalqimizda islom dini kirmasidan oldin amal qilinib kelayotgan marosimlar ham mavjudki, bevosita tarixi oʻtgan ajdodlarimiz oʻtmishida qilib kelgan marosimlarga borib taqaladi. Shulardan biri mushkul kushoddir. Mushkullarni oson qilish maqsadida (Masalan qizga sovchi kelmaganda, yigitga munosib qiz topilmaganda, biror ishi yurishmaganda) qilinadigan xurofot amallardan. Basharti bu marosim Rasulullohning: Sadaqa baloni qaytaradi degan hadislariga asosan joriy etilgan boʻlsa-da, sadaqani oʻz oʻrnida ado etib, yomon odatlarini tashlab, yaxshi solih amallarni koʻpaytirib, faqatgina Allohdan mushkulini oson qilishni umid bilan soʻrash kerak. Va Bibi seshanba va Anbar ona kabi marosimlar muhtaram zotlarning ruhidan madad soʻrash boʻlib, bular ham islom aqidasiga xilof amaldir . Shu bois ularni oʻtkazish shariatda man qilinadi. Chunki ruhlardan yordam-madad soʻrash ulkan gunohlardan biridir.         

          Xalqimizda bir kishi vafot etgandan keyin, uning ruhini shod qilishlik maqsadida yetti, qirq, yigirmalik, yil, payshanbalik, davra kabi marosimlar oʻtkaziladi. Aslida bular islom dinida koʻrsatilmagan bid’at amallardir. 

          Aza va maxsus kunlarda mayit ruhiyatiga savobi yetish uchun taom tayyorlab, uni ziyofat shaklida berish islomda mavjud boʻlmagan ishdir. Hatto, ba’zi joylarda musibatxonalarda 7, 20, 40 marosimlari munosabati uchun yoziladigan dasturxonlar, toʻy dasturxonlaridan hech qanday farqi qolmay qoladi. Ozgina farqi ichiladigan spirtli ichimliklar va xonanda-yu sozandalar yoʻqligida. Xoʻja koʻrsin qabilidagi ehsondan koʻra, Qur’on tilovat qilib, tasbeh aytib va sadaqa qilib savobini marhum ruhoniyatiga bagishlash mumkin. Bularning savobi marhum ruhoniyatiga yetadi va unga foyda beradi. 

          Bid’atning jamiyat hayotiga ta’siri haqida shuni aytish joizki, diniy yanglishishlar, e’tiqodiy adashishlar ko‘pincha bid’atning noto‘g‘ri talqin qilinishi yoki savodsiz tarzda tarqalishi natijasida kelib chiqadi. Shu bois, ushbu mavzuni o‘rganish, Qur’on va sahih sunnatga tayangan holda amallarni aniqlash, ishonchli ulamolarning izohlariga tayanish zamonaviy musulmonlar uchun ham dolzarbdir.

          Maqolamning yakuniy natijasi shuni ko‘rsatadiki, bid’atni to‘g‘ri anglash diniy barqarorlik, e’tiqodning sof holda saqlanishi va jamiyatda sog‘lom diniy muhit shakllanishiga xizmat qiladi. Mazkur masala bo‘yicha ilmiy yondashuv, ishonchli diniy manbalarga murojaat qilish va tarixiy tajribalarni o‘rganish bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.       

          Mazkur illatlarning barchasini boshida ilmsizlik yoki bilsada unga amal qilmaslik turibdi. Shu oʻrinda, bilganlar uchun eslatma, bilmaganlarga esa bilib amal qilishlari uchun xulosa oʻrnida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadisi sharifni naql qilib keltiramiz:

          Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, eng sodiq Kalom, Allohning Kitobidir, eng yaxshi hidoyat, Muhammadning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni, yangi paydo boʻlganlaridir. Har bir yangi chiqqan ish, bid’atdir. Har bir bid’at, zalolatdir. Barcha zalolat, doʻzaxdadir”-dedilar[4].

          Bid’at tushunchasi har qanday yangilikka emas, balki dinning asosiy manbalarida bo‘lmagan, aqida yoki amaliyotga zid holda kiritilgan yangiliklarga nisbatan qo‘llanadi. Shuningdek, islom ulamolari bid’atni faqat yomon ma’noda emas, balki foydali, dunyoviy yangiliklarga tatbiq etilmasligini ta’kidlab, uni diniy-me’yoriy sharhlarida tushuntirganlar.

          Bid’atning jamiyat hayotiga ta’siri haqida shuni aytish joizki, diniy yanglishishlar, e’tiqodiy adashishlar ko‘pincha bid’atning noto‘g‘ri talqin qilinishi yoki savodsiz tarzda tarqalishi natijasida kelib chiqadi. Shu bois, ushbu mavzuni o‘rganish, Qur’on va sahih sunnatga tayangan holda amallarni aniqlash, ishonchli ulamolarningizohlariga tayanish zamonaviy musulmonlar uchun ham dolzarbdir. Bid’atni to‘g‘ri anglash diniy barqarorlik, e’tiqodning sof holda saqlanishi va jamiyatda sog‘lom diniy muhit shakllanishiga xizmat qiladi. Umid qilamizki, ushbu ojizona maqolamiz jamiyatimizdagi bid’atlarni keskin kamaytirishda oʻz hissasini qoʻshadi. Amin…

                                                            

 

   Tayyorladi: Ta’lim muassasasi talabasi I. Fatxullayeva

                                                               Mas’ul ustoz: Ta’lim muassasasining arab tili fani o’qituvchisi S. Muxammadodilova

 


 

[1] Imom Muslim,“Sahihul Muslim”. T:“Hilol nashr” 2019.-B.546

[2] Ahmad ibn Hajar Al-Asqaloniy“Fathul Boriy”.Dorul Rayyani lit-turos.1986. 4-jild. -Bet.447

[3] Imom Buxoriy “Sahihul Buxoriy”. Bayrut. Dorul kutubil ilmiyya. 1992. -Bet.453

[4] Imom Muslim “Sahihul Muslim”. Dorul kutubil ilmiyya. Bayrut. Livan.T:“Hilol nashr”2019.-B.354

Другие новости

Ayollarga xos boʻlgan masalalarga doir zamonaviy hukmiy masalalar
15.12.2025 1
Ayollarga xos boʻlgan masalalarga doir zamonaviy hukmiy masalalarShuning uchun ham Islomda tashqi ko‘rinishga ahamiyat berishga ruxsat etilgan. Bunda ziynatlanishni harom qiladigan holatlar quyidagilardir:a) kofir yoki axloqsiz odamlarga o‘xshash uchun qilinsa;b)...
Подробнее
Islom shariatida taloq tushunchasi va uning fiqhiy ahkomlari
12.12.2025 1
Islom shariatida taloq tushunchasi va uning fiqhiy ahkomlari Muqaddas Islom dini inson hayotining barcha jabhalarini, jumladan, oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi mukammal ilohiy nizomdir. Dinimizda oila qurishga targ‘ib qilinishi bilan bir...
Подробнее
Homilador bo‘lish va homiladorlikdan saqlanishning shar‘iy yechimi
11.12.2025 1
Homilador bo‘lish va homiladorlikdan saqlanishning shar‘iy yechimiInson hayotida nikoh, oila va farzand Alloh taoloning buyuk ne’matlaridandir. Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U sizlar uchun o‘zingizdan juftlar yaratdi, toki...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry