05.01.2026
2

HANAFIY MAZHABIDAGI TO‘RTTA MO‘TABAR FIQHIY MATN

HANAFIY MAZHABIDAGI TO‘RTTA MO‘TABAR FIQHIY MATN

 Mutaaxxir ulamolar nazdida Hanafiy mazhabiga oid to‘rtta mo‘tabar fiqhiy matn kitoblari bor bo‘lib, ular “Muxtasarul Quduriy”, “Viqoyatur rivoya”, “Kanzud daqoiq” va “al-Muxtor lil-fatvo” bo‘lib, “Mutunil arba’a” (to‘rtta matn) nomi bilan yuritiladi. “Al-Muxtor”ning o‘rniga “Majma‘ul bahrayn”ni ham keltirganlar bor. “Mutunu salasa” (uchta matn) deyilganda esa avvalgi uchtasi nazarda tutiladi.

1) “Muxtasarul Quduriy”

Abul Husayn Ahmad ibn Muhammad Quduriy Bag‘dodiy qalamiga mansub (972–1037) asar bo‘lib, hanafiy mazhabidagi fiqhiy matn kitoblari ichida eng e’tiborli va o‘rni yuksagidir. Xoji Xalifa (1609–1657) aytishicha, hanafiylikda “Kitob” deb fiqhiy manba aytilsa, ushbu asar nazarda tutilgan bo‘ladi. U taniqli faqihlar orasida shuhrat qozongan, e’tibor topgan eng qulay matn hisoblanadi. Unda 12000 fiqhiy masala zikr qilingan. “Muxtasarul Quduriy”ning e’tibori va shuhrati shu darajaga yetganki, uni vabo kunlari o‘qilsa, vabo yo‘qoladi, deb tabarruk sanashgan. Abu Ali Shoshiy bunday degan: “Kimki ushbu “Muxtasarul Quduriy”ni yod olsa, ashoblarimizning eng hifzlirog‘i bo‘ladi. Kim “Muxtasarul Quduriy”ni tushunsa, ashoblarimizning eng fahmlirog‘i bo‘ladi”. “Muxtasarul Quduriy”ning mashhurligi, e’tibori sababli unga juda ko‘p sharhlar, hoshiyalar bitilgan, uni nazmga solishgan.

2) “Al-Viqoya”

Ushbu asarning to‘liq nomi “Viqoyatur rivoya fiy masoilil Hidoya” (“Hidoya” masalalarida rivoyatlarni asrovchi) bo‘lib, u “Muxtasarul Viqoya” sohibining bobosi Burxonush Sharia (ba'zilar “Tojush Sharia” deydilar) Mahmud ibn Sadrush Sharia Ahmad Mahbubiy (vaf. 630/1232) qalamiga mansubdir. U Buxorodan chiqqan yetuk hanafiy mazhabi faqihlaridandir. Kafaviyning (vaf. 990/1582) aytishicha, bu asar “Al-Hidoya”, “Al-Fatvo”, “Al-Voqeot” masalalaridan tanlab olib yozilgan. Muallif  Mahmud ibn Ahmad Mahbubiy uning nevarasi Ubaydulloh ibn Mas’ud Mahbubiy uchun ozgina-ozgina yozar, nevara esa har bir yozilgan qismini yod olar edi. Kitob tugagandan keyin nevarasi uni to‘liq yod olgan. Bu haqida Ubaydulloh ibn Mas’ud Mahbubiy ushbu asarga yozgan “ Sharhul viqoya” asarida shunday deydi: “Bu bobom va ustozim Mahmud ibn Sadrush Shariyaning mening yodlashim uchun yozgan “Viqoyatur rivoya fiy masoilil Hidoya” asarining yopiq joylarini ochish maqsadida yozilgan sharhdir. Muallif sohib uni bir saboq-bir saboq qilib yozar, men esa yodlash maydonida bir chopish-bir chopish qilib yurar edim. Hatto kitob yozilishining tugashi bilan mening yod olishim to‘g‘ri keldi...”

3) “Kanzud daqoiq”

Hofiziddin Abul Barakat Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy (1232–1310) qalamiga mansub asar bo‘lib, kitobning to‘liq nomi “Kanzud daqoiq fi ilmil furuu’” (“Furuu’ ilmida nozik masalalar xazinasi”) bo‘lib, fiqhiy matn kitoblari orasida o‘ziga xos o‘ringa ega. “Kanzud daqoiq” muallifining “Al-Vofiy fil furuu’” (furuu’ul fiqh borasida vafo qiluvchi) asaridan qisqartirib olingan matn bo‘lib, muallif  tolibi ilmlarning keng va katta hajmli kitoblarni o‘qishdan zerikishlari, inson tabiati qisqa bitilgan kitoblarga rag‘batli ekanligi sababli ushbu kitobini yozayotganini aytgan va asari qiyin, mushkul o‘rinlardan holi ekanligini, unga “Fatovo” hamda “Voqeot” masalalari bilan ziynat berilganligini qayd qilgan. “Kanzud daqoiq”da boshqa fiqhiy matn kitoblarida uchramagan mavzular, jumladan, faroiz kabilar ham bor. “Kanzud daqoiq” asari asrlar davomida madrasalarda darslik sifatida o‘qitib kelingan. Shuning uchun unga ko‘plab sharh, hoshiyalar bitilgan. Bunday sharh va hoshiyalarning bitilishi bu asarning naqadar mashhurligini va hanafiy mazhabida mo‘tabar manba ekanligidan dalolat beradi.

 4) “Majma’ul bahrayn” 

To‘liq nomi “Majma’ul bahrayn va multaqan nahrayn fi furuu’il hanafiyya” (“Hanafiylik furuu’sidagi ikki anhor uchrashuvi va ikki dengiz qo‘shilishi”). Uni Muzaffariddin Ahmad ibn Ali ibn Salab ibn Saotiy Bag‘dodiy Ba’labakkiy Hanafiy (vaf. 694/1294) yozgan. “Majma’ul bahrayn” Abul Husayn Quduriyning (972–1037) “Muxtasar” hamda Abu Hafs Nasafiyning (1068–1142) “Manzuma” asarlari asosida tartib berilgan hanafiy mazhabidagi mo‘tabar fiqhiy matn kitobi hisoblanadi. “Kashfuz-zunun”da Xoji Xalifa (1609–1657) uni g‘oyat qisqaligidan yod olish osonligini, mushkul o‘rinlarini eshitish qulayligini, ozgina so‘zlar bilan ko‘p ma’nolarni ifodalaganini yozadi va unda ishlatilgan uslubning o‘ziga xosligini quyidagicha tushuntiradi: “Muallif, agar Imomi A’zamning gapiga uning ikki sohibi xilof qilganini bildirmoqchi boʻlsa, rivoyatni jumlai ismiya bilan, agar Abu Yusuf ikki zotga xilof qilgan boʻlsa, rivoyatni kelasi zamondagi jumlai fe’liya bilan, agar Muhammad ikki zotga xilof qilgan boʻlsa, oʻsha rivoyatni oʻtgan zamondagi jumlai fe’liya bilan keltirgan”. Sodda, moʻjaz, yodlashga oson boʻlganligi uchun unga ahli ilmlar katta e’tibor berib, unga oʻnlab sharhlar yozganlar. Muallifning Fotima ismli qizi otasidan ilm oʻrganib, otasining ushbu "Majmaul bahrayn" asariga chiroyli ta’liqot (qoʻshimcha izohlar) bitgan.

 

Tayyorladi: Komilova Salsabiyla

Qabul qildi: Abduvaliyeva Komila

 

Другие новости

ARAB TILINI NEGA O‘RGANAMIZ? (3-qism)
07.01.2026 2
ARAB TILINI NEGA O‘RGANAMIZ? (3-qism)Bugungi kunda turli millat va elat vakillari bo‘lgan musulmonlar orasida arab tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va rag‘bat tobora ortib bormoqda. Buning asosiy sababi shundaki, arab tili...
Подробнее
Arab tilini nega o‘rganamiz? (2-qism)
06.01.2026 2
Arab tilini nega o‘rganamiz? (2-qism)Arab tili boshqa tillardan o‘zining o‘ziga xos xususiyatlari, boy lug‘aviy zaxirasi va chuqur ma’no qatlamlariga egaligi bilan ajralib turadi. U fasohatli, ohangdor va ifodaga boy til...
Подробнее
Arab tilini nega o‘rganamiz? (1-maqola)
04.01.2026 2
Arab tilini nega o‘rganamiz? (1-maqola)Hammamizga ma’lumki, arab tili eng boy va eng go‘zal tillardan biridir. Qur’oni Karim ham aynan arab tilida nozil qilingani barchaga ayon. Bu haqiqatni Alloh taolo O‘zining...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2026 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry