Arab tilini nega o‘rganamiz? (1-maqola)
Arab tilini nega o‘rganamiz? (1-maqola)
Hammamizga ma’lumki, arab tili eng boy va eng go‘zal tillardan biridir. Qur’oni Karim ham aynan arab tilida nozil qilingani barchaga ayon. Bu haqiqatni Alloh taolo O‘zining “Zuxruf” surasining 3-oyatida shunday bayon qiladi:
“Albatta, Biz uni arabcha Qur’on qildik. Shoyadki, aql yuritsangiz.”
Islomdan avval arab tili grammatik jihatdan to‘liq tizimlashtirilmagan bo‘lsa-da, lug‘at boyligi hamda ifoda ravonligi jihatidan boshqa tillar orasida alohida ajralib turgan. O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida arab tili haqida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi:
“Arab tili somiy tillar guruhining janubiy tarmog‘iga mansub. Yaqin va O‘rta Sharq hamda Afrika shimolidagi yigirmadan ortiq mamlakatning rasmiy tili hisoblanadi. Arab tilida 200 milliondan ortiq aholi so‘zlashadi. Qadimiy arab tili miloddan avvalgi V–IV asrlarga oid yodgorliklar orqali ma’lum. Ushbu til mumtoz arab tilining shakllanishiga zamin bo‘lgan. Mumtoz arab tilining leksik va grammatik asoslari johiliya davri (V–VII asrlar) shoirlarining og‘zaki ijodida namoyon bo‘la boshlagan. Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi natijasida mumtoz arab tili badiiy jihatdan yanada sayqallanib, grammatik me’yorlari mukammallashdi. VIII–IX asrlarda esa uning grammatikasi to‘liq ishlab chiqildi va islom yoyilgan hududlarda rasmiy hamda ilmiy til sifatida qo‘llanila boshlandi”.
Yuqoridagi fikrlar ichida ayniqsa “Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi natijasida…” degan jumla alohida e’tiborga loyiqdir. Darhaqiqat, arab tili Qur’oniy, islomiy va Payg‘ambarimiz ﷺ tili maqomiga ega bo‘lgach, dastlab somiy tillar orasida, keyinchalik esa butun dunyo tillari ichida yuksak mavqega erishdi. Arab tilining sharafi va qadri oxiratda ham davom etishiga oid Rasululloh ﷺ hadislarida ham bu holat zikr qilingan. Jumladan, Imom Taboroniy “Musnad” asarida rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Arablarni uch narsa sababli yaxshi ko‘ringlar: chunki men arabman, Qur’on arab tilida nozil bo‘lgan va jannat ahlining tili ham arab tilidir”.
Yuqorida keltirilgan fikrlar arab tilining tarixi va fazilatlariga oid qisqacha mulohazalardir. Bu borada ilmiy adabiyotlarda yanada keng va batafsil ma’lumotlar mavjud.
Bugungi kunda arab tili yer yuzidagi qariyb 500 million insonning ona tili, ikki milliardga yaqin musulmonning esa xalqaro muloqot tili hisoblanadi. Shuningdek, u dunyodagi 22 ta arab davlatining rasmiy tili bo‘lib, hozirda oltita jahon tillaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Arab tilini o‘rganinglar, chunki u diningizdandir”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati). Yana bir rivoyatda esa: “Arab tilini o‘rganinglar, chunki u odob va oliyjanoblikni oshiradi”, deb ta’kidlaganlar (Bayhaqiy rivoyati).
Tayyorladi: ta’lim muassasasi 1-C guruh talabasi Soyibjonova Fotima
Mas’ul: ta’lim muassasasining arab tili fani o‘qituvchisi R. Mannobjonov
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية