ARAB TILINI NEGA O‘RGANAMIZ? (3-qism)
ARAB TILINI NEGA O‘RGANAMIZ? (3-qism)
Bugungi kunda turli millat va elat vakillari bo‘lgan musulmonlar orasida arab tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va rag‘bat tobora ortib bormoqda. Buning asosiy sababi shundaki, arab tili Islom dini bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u muqaddas Qur’oni Karim nozil qilingan tildir. Shuning uchun ham har bir musulmon kishi kamida arab tilining asoslarini bilishga intilishi lozim.
Arab tilini bilish nafaqat diniy bilimlarni chuqurroq anglashga, balki Islom manbalarini asl holida o‘rganishga ham katta imkon yaratadi. Tarjimalar orqali ma’no yetkazilsa-da, asl matndagi nozik ma’no va hikmatlarni to‘liq his etish faqat arab tilini bilish bilangina mumkin bo‘ladi. Qur’oni Karim oyatlari, Payg‘ambarimiz ﷺ hadislarida qo‘llanilgan iboralar va istilohlarni asl holida anglash insonning diniy saviyasini oshiradi.
Hozirgi davrda odamlar arab tilini turli maqsadlarda o‘rganmoqdalar. Avvalo, Alloh taolo tomonidan musulmonlarga hidoyat sifatida nozil qilingan Qur’oni Karimning tili arab tili bo‘lgani sababli, uni to‘g‘ri o‘qish va mazmunini chuqur tushunish uchun arab tilini o‘rganishga ehtiyoj seziladi. Qur’on oyatlarini anglab tilovat qilish bandaning iymonini mustahkamlaydi va ibodatdagi xushu’ni oshiradi.
Arab tilini kasbiy maqsadlarda o‘rganayotgan insonlar ham anchagina. Bugungi kunda arab tili mutaxassisi bo‘lish, ushbu fandan dars berish yoki ilmiy izlanishlar olib borish istagida bo‘lganlar bu tilni chuqur o‘rganishga intilmoqdalar. Arab tili fiqh, hadis, tafsir, aqida kabi ko‘plab islomiy ilmlarning asosiy manbai bo‘lgani sababli, diniy ta’lim olayotgan talabalar uchun bu tilni bilish nihoyatda muhim hisoblanadi.
Haj va Umra ziyoratiga boruvchi musulmonlar ham ibodatlarni to‘g‘ri va xotirjam ado etish, shuningdek, boshqa mamlakatda turli qiyinchiliklarga duch kelmaslik uchun arab tilini o‘rganib borishga harakat qilmoqdalar. Chunki Makka va Madina shaharlarida kundalik muomalada asosan arab tilidan foydalaniladi. Arab tilini bilish ziyorat davomida insonning ruhiy hotirjamligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, arab mamlakatlarida tahsil olish yoki mehnat faoliyatini olib borishni maqsad qilgan insonlar uchun ham arab tilini bilish muhim ahamiyat kasb etadi. Arab davlatlarida ta’lim, savdo-sotiq va xizmat ko‘rsatish sohalarida ushbu til yetakchi o‘rinda turadi. Ayrim insonlar esa arab tiliga bo‘lgan ixlosi va qiziqishi sababli, uni bilim va madaniyat manbai sifatida o‘rganadilar.
Siyosiy va diplomatik doiralarda faoliyat yurituvchi shaxslar ham arab tilini siyosiy va xalqaro munosabatlar nuqtayi nazaridan o‘rganadilar. Chunki arab dunyosi bugungi global siyosatda muhim o‘rin egallaydi. Arab tili Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan rasmiy ravishda tan olingan olti xalqaro tildan biri hisoblanadi. Xalqaro anjumanlar, siyosiy uchrashuvlar va ilmiy konferensiyalarda arab tilida nutqlar so‘zlanadi, ilmiy maqolalar va hujjatlar yoziladi.
Arab tilini o‘rganish va arab yozuvida o‘qish inson salomatligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, arab matnlarini o‘ngdan chapga qarab o‘qish miya faoliyatini faollashtiradi hamda ko‘z mushaklari uchun foydali mashq hisoblanadi. Ayrim hollarda bu jarayon ko‘rish qobiliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.
Xulosa qilib aytganda, arab tilini o‘rganish diniy, ilmiy, kasbiy va shaxsiy rivojlanish uchun muhim ahamiyatga ega. U Qur’oni Karimni chuqurroq anglashga, islomiy ilmlarni mukammal o‘rganishga hamda xalqaro maydonda erkin muloqot qilishga xizmat qiladi. Shu bois har bir musulmon va ilm talabidagi kishi arab tilini o‘rganishga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.
Tayyorladi: ta’lim muassasasi talabasi R. Abdug‘afforova
Mas’ul: ta’lim muassasasining arab tili fani o‘qituvchisi R. Mannobjonova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية