"Arba’in” qo‘lyozmalarining o‘ziga xos xususiyatlari
Annotatsiya: Ushbu maqolada “Arba’in” asarining mavjud 4 qo‘lyozma nusxasi tavsifi, Navoiyning hadislar to‘plamida keltirilgan axloqiy-tarbiyaviy jihatlar, hamda inson ma’naviyati, odobi, ma’rifatining shakllanishida tutgan oʻrni xususida so‘z yuritilgan.
Kalit so‘zlar: Qur’on, hadis, “Arba’in” qo‘lyozma nusxa, ruboiy, odob-axloq, ma’naviyat, juzv, kulliyot, fond.
Yurtimizda mavjud qo‘lyozmalar fondidagi yozma yodgorliklar orasida oʻzbek xalqining ulugʻ shoiri va mutafakkiri, madaniyat va sanʼat homiysi Alisher Navoiy asarlari salmoqli oʻrin egallaydi. Darhaqiqat, Alisher Navoiy hayoti va adabiy merosi besh yarim asr davomida turli millat vakillari bo‘lgan adabiyotshunos, sharqshunos, matnshunos olimlar tomonidan jiddiy o‘rganilmoqda. Xususan, Alisher Navoiyning diniy ma’rifat va tasavvuf aqidalari bilan sug‘orilgan asarlarini qisqartirilmagan, chegaralanmagan holda to‘laligicha, xolis o‘rganish, hamda o‘rgatish borasida jiddiy yutuqlarga erishilmoqda. Xususan, Hazrat Navoiyning tarbiyaviy manba bo‘lgan hadislar sharhiga bag‘ishlangan “Arba’in” asari asrlar mobaynida ana shunday qimmatli manbalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Islom dini asoslari bilimdoni Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (rahimahulloh) qayd etganlaridek: “Arba’in” “qirqta” degani bo‘lib, iste’molda qirqta saylanma hadisdan iborat hadis kitoblariga aytiladi. Ushbu uslubda asar yaratish Islom olamida yaxshi bir an’anaga aylangan. Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari asos bo‘ladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim ummatimga din ishlari borasida qirqta hadisni muhofaza qilib bersa, Alloh uni Qiyomat kuni faqih qilib tiriltiradi va Qiyomat kuni men unga shafoatchi va guvoh bo‘laman”. Mazkur hadisi sharifda aytilgan va’dadan umid qilib, musulmon shoirlar ham she’riy “Arba’in” lar yozishgan.
Arba’in - (qirq hadis) hadislarning she’riy tarjimasi bo‘lib, an’anaviy hamd va na’t bilan boshlanadi. “Arba’in” muqqaddima (46 misra), 40 ta hikmatli qitʼa (160 misra) va xotima (10 misra)dan iborat. Qitʼalar 40 ta qadimiy arabiy hadis (hikmat) mazmunidan kelib chiqib yozilgan. Shu sababli “Arba’in”ning hamma nusxalarida har bir qitʼa ustiga mazmunidan foydalanilgan hadis yozib qoʻyilgan.
Ad-dunyo mal’unatun va mal’unun ma fiyha illa zikrallohi taolo.
Dunyovu har ne andadur mavjud
Bo’ldi haq la’nati giriftori.
G’ayri haq zikrikim, erur zokir
Tengrining rahmati sazovori.
Musulmon sharqi mumtoz adabiyotida arbaʼin yozish anʼanasi Navoiygacha ham boʻlgan. Arbaʼin arabcha “arbaʼ” yaʼni, “qirq” soʻzidan olingan boʻlib, qirqta mashhur, sahih hadis mazmunini sheʼriy vaznda, aniqrogʻi, bir ruboiyda ifodalash sanʼatini anglatgan. Bunday asarlar oddiy xalq vakillari hadislar mazmunini oson tushunishi va xotirasida uzoq saqlab qolishi uchun xizmat qilgan. Navoiy zamonida ham butun ulus, xususan, oddiy xalq ommasi arab tilini bilmagan va bu tilda yozilgan manbalarni tushunmagan. Muallif asarda ustozi Abdurrahmon Jomiy “Arba’in” ida keltirilgan hadislarning ayrimlarini olib, ayrimlari o‘rniga boshqa hadislarni tanlagan va avval har bir hadisning arabcha matnini keltirib, ketidan uning mazmunini she’riy to‘rtlik shaklida ifoda etgan. Bunda hadislar so‘zma-so‘z tarjima qilinmay, ularning umumiy mazmuni aks ettirilgan. Zero, hadislarni nazmda so‘zma-so‘z tarjima qilishning umuman imkoni yo‘q. Shu bois, muallif avval hadisning matnini berib, ketidan uning umumiy mazmunini badiiy uslubda bayon qilgan. Bu ayrim ulamolarning “yetarli bilimga ega kishilar hadislarning ma’nolarini naql qilishlari mumkin”, degan fikrlariga asoslangan ishdir”. Navoiy asarning yozilish sababini quyidagicha izohlaydi:
Forsiydonlar aylabon idrok,
Oriy erdi bu nafdin atrok.
Istadimki, bu xalq ham bori,
Bo‘lmag‘aylar bu nafdin oriy.
Men demakni chu muddao aylab,
Ul ijozat berib duo aylab.
Alisher Navoiy o‘z asarini Jomiy bilan bir davrda yaratgan bo‘lib, Shoir Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarini avval arab tilida beradi va uning tarjimasini she’riy usulda taqdim etadi. “Arba’in” ning asosiy qismi “Sizlardan hech biringiz o‘ziga ravo ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha, chin mo‘min bo‘lolmaydi”, degan mashhur hadisning navoiyona talqini bilan boshlanadi:
Mo‘min ermastur, ulki iymondin
Ro‘zgorida yuz safo ko‘rgay.
Tokki qardoshiga ravo ko‘rmas
Har nekim o‘ziga ravo ko‘rgay.
Tanlangan hadislarning deyarli barchasi komil inson axloqiga oid qarashlarni o‘zida aks ettirganini ko‘rishimiz mumkin. Bu hadislarda insonlar yaxshilik qilishga chorlanadi, yomon illatlardan qaytariladi, umuman olganda, ular insonning hayot va jamiyatdagi vazifasini anglatadi. Masalan, “Insonlarning eng yaxshisi insonlarga foydasi tegadiganidir”, degan hadisni Alisher Navoiy turkiy tilda shunday ifoda etadi:
Xalq aro yaxshiroq, deding, kimdur?
Eshitib, ayla shubha raf’ andin.
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Etsa ko‘prak ulusqa naf’ andin.
Ko‘rib o‘tganimizdek, ushbu sharh orqali insonning ulusga jamiyatga xizmat qilishi ulug‘lanyapti. Umuman olganda, “Arba’in” asari insonning ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu haqda shoir asarning xotima qismida aytib o‘tadi:
Erur ul arba’inning avvali hol,
Ayla bu “Arba’in” bila a’mol.
Alisher Navoiyning “Arba’in”ini o‘rganib borar ekanmiz unda, asosan, Islom axloqiga doir hadislar jamlanganining guvohi bo‘lib boraveramiz. Shoirning niyati: asar muqaddimasida taʼkidlanganidek, “forsiydonlar idrok aylagan” qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni sheʼrga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanilishini ham nazarda tutganlar.
Navoiy asarlaridan maʼnaviy ozuqa olishning, ijodiy bahramand boʻlish, uning ajoyib anʼanalari, ayni chog‘da har bir davr badiiy kitobat sanʼati va hunarmandchiligining nozik mahsuli boʻlgan qoʻlyozmalar asrlar osha jahonning yirik shaharlaridagi qoʻlyozma fondlariga toʻplanib bordi. Ana shunday qo‘lyozmalar orasida “Arba’in” asarining ham alohida o‘rni bor. Hozirda Navoiy “Arba’in” ining jami 4ta qo‘lyozma nusxasi mavjud. Asar 1481-1482 yillarda yozilgan. Qo‘lyozmalar fondida Navoiy asarlarinnng kulliyot shaklida koʻchirilgan bitta qoʻlyozma toʻplami saqlanmoqda. Bundan tashqari kulliyot darajasiga yaqin turuvchi yana toʻrtta qoʻlyozma toʻplam ham bor.
316-inventar raqamli toʻplam Alisher Navoiy kulliyotining XIX asrda kitobat boʻlgan noyob nusxasi hisoblanadi. Nusxani Abdurahim ibn Muhammad Fozil Qoshgʻariy 1824-1830 yillarda Koshgʻarda tasnif etgan va koʻchirgan. Bu kulliyotga Navoiyning 18 ta asari kiritilgan, jumladan, “Arba’in” asari ham ushbu kulliyotdan o‘rin olgan. Kulliyotdagi mavjud 18 ta asarning har birining boshlanishida zarhal lavha mavjud. Ulardan 3 tasi alohida xarakterli bo‘lib, kishining e’tiborini tortadi. Bular: “Xazoyin-ul maoniy”, “Lison-ut tayr” ning boshlanishidagi har ikki sahifa yaxlit zarvaraq qilingan. “Arba’in” asari esa ziynatlanish jihatdan kulliyotda alohida o‘rin egallaydi. Undagi 40 hadisning har biriga alohida doira chizilgan va oltin suvi bilan hallangan. Shuningdek, doiralar ichiga suls xati bilan hadis yozilib, tagiga esa oʻsha hadis mazmuni asosida Navoiy yaratgan quyidagi ruboiy berib ketilgan:
Hadis: Xislatani laa yajtamiʼani fi moʻminin: al buxlu va suʼ ul-xulqi. Mazmuni: moʻmin kishida ikki xislat jam boʻlmaydi: baxillik va yomon xulqlilik.
Moʻmin ersang qilib durringni nisor,
El bila ravshan oʻl nechukkim sham.
Negakim, Tengri hech moʻminda
Buxlu badxoʻyliqni qilmadi jam.
Ushbu ruboiyni sharhlashga hojat yoʻq. Ruboiy mazmuni bugungi kun kishisiga ham ochiq-oydin tushunarli. Moʻmin kishi hech qachon yomon xulqli va baxil boʻlmaydi. Aks holda, moʻminlik maqomiga putur yetishi aniq.
Doira va qitʼa atroflari rangin qilib bezatilgan. Bir sahifaga toʻqqiz doira va toʻqqiz qitʼa (doiralar uch qatordan, qitʼalar olti yoʻldan) joylashgan. Har bir sahifa teksti zarhal jadval ichiga olingan. Har bir ustun bir-biridan ikki yoʻlli zarhal chiziq bilan ajratilgan. Har ikki sahifa uchun hoshiyadan yaxlit koʻk ramka tortilgan. Kulliyot oʻzining Koshgʻar uslubida ishlangan, dastlabki, karton muqovasiga ega. Muqova yuziga tamgʻa va tamgʻasimon naqshlar tushirilgan. Kitobning baʼzi varaqlari mutolaa jarayonida uringan va juzv yonida jadval chizigʻidan qirqilgan. Varaqlar soni - 692 ta. Tekst oʻlchovi - 18x28. Qoʻlyozma oʻlchovi -30x44.
“Arba’in” ning yana bir qadimiy toʻliq nusxasi “Nazm-ul javohir”, “Xamsat ul-mutahayyirin” va “Vaqfiya” bilan birgalikda koʻchirilgan va kitobat qilingan. Asarning avvalidan ikki varaq keyinchalik Qoʻqon qogʻoziga yozib qayta tiklangan. Nusxaning keyinchalik Qoʻqon qogʻoziga yozib tiklangan 1- va 2-varaqlarida tekst qora siyohda, toʻrtliklar ustidagi hadislar qizil siyohda oddiy nastaʼliq xatida yozilgan. Asarning 3-6 varaqlaridagi toʻrtliklar qora siyoh bilan, hadislar tillorang (zarhal) siyoh bilan Hirot uslubiga xos nafis, chiroyli nastaʼliq xatida bitilgan. Tekst har sahifada 15 yoʻldan ikki ustunda joylashgan. Xotimasi bor (10 bayt). Asar oxirida koʻchirilish taʼrixi yoʻq. Qoʻlyozmaga kirgan boshqa asarlarning soʻngida 1301-yil (milodiy 1884-yil) sanasi yozib qoʻyilgan. Qoʻlyozmani ochganda oʻng sahifaning tepasiga hadis va chap sahifaga Navoiy toʻrtligi joylashgan. Toʻrtliklar oddiy jadval ichiga olinib, qiyalatib yozilgan. Dastlabki, qalin kartonli muqova. Qoʻlyozma yaxshi saqlangan.
Ko‘rib turganimizdek, Navoiy me’rosi mavzu va janrlar bo‘yicha turlichadir. Uning asarlari hozirgi kungacha o‘zbek adabiyoti rivoji uchun xizmat qilib kelmoqda. Asrlar davomida uning asarlari taqlid va ilhom manbai sifatida qaralmoqda. Shunday ekan, Navoiy ijodi bizning asl adabiyotimiz oʻrnagidir. U insonni hamisha komil axloqqa, ezguliklarga chorlaydi, yomonliklardan qaytaradi, maʼnaviy falokatlardan ogohlantiradi. Buyuk mutafakkir asarlari yosh-u qari uchun birday foydali. Boshqacha qilib aytganda, koʻksida milliy faxri bor, oʻzbekman degan har bir kishi Navoiyni oʻqishi, oʻqiganida ham mehr va ixlos bilan oʻqishi shart. Navoiyni chuqurroq anglash, uni to‘la his qilish uchun asar qo‘lyozmasi bilan tanishib chiqishni maslahat beraman.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Arba’in / Nashrga tayyorlovchi: Karimbek va Saidbek Hasan; Sharhlovchi A.Rustam. T.: Meros, 1991.
2. Arba’in: Qirq hadis sharhi / So‘z boshi mualliflari va sharhlovchi: Q.Ahad, O.Mahmud. T. : Adabiyot va san’at, 1995.
3. M.Hakimov. Navoiy asarlari qo’lyozmalari tavsifi. T.: Fan,1983.
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi “Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi” boshlig‘i
Gulrux Maxamedova