Hanafiy Mazhabi kitoblari martabalari
Maʼlumki, Hanafiy mazhabiga oid kitoblar bir xil martabada emas. Bu kitoblar uch darajaga boʻlinadi.
Birinchi daraja.
Bu darajadagi kitoblarni “Usul” deb ataladi.
Mazkur darajadagi kitoblarni “Zohirur rivoya” deb ham ataladi. Ular imom Abu Hanifa, Abu Yusuf va Muhammadning qavllarini oʻz ichiga olgan boʻlib, Imom Muhammad tomonidan taʼliyf qilingan. Ular quyidagi kitoblar:
1. “Kitobul asl”. Bu kitobning ikkinchi nomi “Mabsut”.
2. “Kitobuz-ziyodot”.
3. “Kitobul Jomeʼus-Sagʻir”.
4. “Kitobul Jomeʼul Kabir”.
5. “Kitobus-Siyaris-Sagʻir”.
6. “Kitobus-Siyaril Kabir”.
Ikkinchi daraja.
Bu darajadagi kitoblarni “Navodir” deb ataladi.
Ular mazhabning katta imomlaridan rivoyat qilingan boʻlib, mazkur olti kitobga kirmay qolgan masalalardir.
Navodir kitoblarga Imom Muhammadning oʻsha mashhur olti kitobidan boshqa “Kasaniyot”, “Horuniyot”, “Jurjoniyot”, “Ruqayyot” kitoblari va Hasan ibn Ziyodning kitoblariga oʻxshash kitoblar kiradi.
Mashhur olim Ibn Obidiyn bu haqida quyidagilarni yozadi:
“Bunday kitoblar jumlasiga Abu Yusufning “Amoliy” kitoblari kiradi. “Amoliy” imloning jamidir. Bunda, mujtahid oʻtirganda uning atrofiga shogirdlari qogʻoz-qalamlarini olib oʻtiradi. Soʻng, olim ilmda Alloh unga bildirgan narsani yoddan gapiradi. Shogirdlar uni yozib boradi. Keyin, yozgan narsalarini jamlab kitob qiladilar. Ana oʻshani “imlo” yoki “amoliy” deb ataydilar. Oʻtgan fuqaho, muhaddis va arab tili olimlarining shunday odati bor edi”.
Bu darajadagi kitoblar avvalgi darajadagi kitoblardan past hisoblanadi. Agar bir masala usulda va navodirda kelgan boʻlsa, usuldagisi olinadi.
Uchinchi daraja.
Fatvolar va voqeʼalar kitoblari.
Bunda keyin kelgan mujtahidlar mazhabning avvalgi mujtahidlaridan rivoyat kelmagan masalalarda oʻzlaridan savol soʻralganda bergan javoblari yigʻilgan boʻladi. “Keyin kelgan mujtahidlar”dan murod Abu Yusuf va Muhammad hamda ulardan soʻng kelganlarning as'hoblaridir. Ular koʻpchilik boʻlib, xabarlari tabaqot kitoblarida kelgan.
Abu Yusuf va Muhammad rahmatullohi alayhilarning ashoblariga Isom ibn Yusuf, Ibn Rustam, Muhammad ibn Samoʼa, Abu Sulaymon al-Javzjoniy, Abu Hafs Buxoriy va ulardan keyin kelgan Muhammad ibn Salama, Muhammad ibn Muqotil, Nusayr ibn Yahyo, Abu Nasr Qosim ibn Sallomga oʻxshashlar kiradi.
Ular oʻzlariga zohir boʻlgan dalil va sabablarga koʻra mazhab sohiblariga xilof qilishlari mumkin. Ularning fatvolarini dastlab jamlagan Abu Lays Samarqandiyning “Navozil” kitobidir. Keyin mashoyixlar boshqa kitoblarni jamladilar. Misol uchun, Notifiy “Majmaʼul navozil” va “Voqeʼot”ni, as-Sodr ash-Shahid “Voqeʼot”ni jamlagan.
Keyingi ulamolar aralash kitoblar qildilar. Bunga “Fatovoi Qozixon” kitobi misol boʻladi. Baʼzilar esa, Roziyiddin Saraxsiy oʻzining “al-Muhiyt” kitobida qilganiga oʻxshab, har bir sohani ayri-ayri keltirdilar. U kishi avval usulga oid masalalarni, keyin navodirlarni keltirgan.
Albatta, fatvolar va voqeʼotlarning martabasi usul va navodirning martabasidan pastdir. Chunki, usul va navodirlar mazhab sohiblarining qavllaridir. Fatvo va voqeʼotlar esa, ularning qavllari asosida izdoshlari yechgan masalalardir.
Mazkur uch qismning qoʻshilishidan Hanafiy mazhabi tashkil boʻladi.
Hanafiy mazhabi ulamolari shariat ahkomlarini toʻgʻri tushunish, oyat va hadislardagi shoreʼning murodi nima ekanini topish uchun tinmay izlandilar, ijtihod qildilar. Salaf ulamolardan keyingi asr ulamolarining ham bu borada mehnatlari juda katta. Hanafiy mazhabida yozilgan yuzlab fiqh va usulul fiqhga doir asarlar yozildi. Ularning baʼzilarining hajmi shu qadar katta-ki, ulamolarninging bu asarlarni yozish uchun necha-necha yillarni fido qildilar. Ushbu asarlarning tarkibi nimadan iboratligi, mundarijasi, boblarining nomini oʻqib chiqquncha ham juda koʻp vaqt ketadi. Ushbu asarlardan baʼzilarini namuna sifatida keltirib oʻtamiz:
Ali ibn Sulton Muhammad al-Qori (An-Niqoya-Sharhi Muxtasaril Viqoya). Imperator universiteti bosmaxonasi. Qozon. 1908.
Abdurrahmon ibn Muhammad al-Kalibuliy Shayxizoda (Majmahul Anhur fi Multaqol Abhur). Dorul kutubil ilmiyya. Bayrut, Livan. 1989.
Abdulloh ibn Mahmud al-Muvsiliy al-Hanafiy (al-Ixtiyor li taʼlilil Muxtor). Dorul Arqam. Bayrut.
Alauddin ibn Mahmud al-Kosoniy al-Hanafiy (Badoiʼus Sanoiʼ fi tartibish sharoyeʼ). Dorul kutubil ilmiyya. Bayrut. 1997 Zafar Ahmad al-Usmoniy at-Tahonaviy (Eʼlous Sunnan) - Idoratul Qurʼani val ulumil Islamiyya. Karachi, Pokiston. 1415 h. y.
Ahmad ibn Muhammad at-Tahoviy al-Hanafiy (Sharhi maʼoniy al-Osor). Dorul kutubil ilmiyya. Bayrut, Livan. 1987.
Olim ibn Alo Ansoriy Andirbatiy Dehlaviy al-Hindiy. (Fatavo Tatarxoniyya fil fiqhil Hanafiy). Dorul kutubul ilmiyya. 2005 y. Bayrut.
Sayyid Sobit Abulmaʼoniy. (Fathur Rahmoniy fiy fatovo) Dorul iymon. 1976.
Nosiriddin Abul Qosim Muhammad ibn Yusuf al-Husayniy as-Samarqandiy. (al-Multaqot fil fatovo al-Hanafiyya).
Abulbarakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy. (al-Bahrur Roiq sharh Kanzud Daqoiq).
Muhammad ibn Ismoil Amir Yamaniy Sanʼoniy (Subulussalom sharhi Bulugʻul Marom).
Abulhasan Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Jaʼfar al-Quduriy. (Muxtasarul Quduriy fil fiqhil Hanafiy).
Abu Abdulloh Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy. (al-Jomiʼul Kabiyr) Darul Maʼorif.
Said Abu Hubayb. (Qomus al-Fiqhiy) Karochi.
Asʼad Muhammad Saʼiyd Sogʻurjiy. (al-Fiqhul Hanafiy va adillatuhu) Darul Kalimut Toyyib. Damashq, Bayrut.
Burhoniddin Abulhasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abdujalil al-Margʻinoniy. (al-Hidoya fiy sharhi Bidoyatul Mubtadiy)
Muhammad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ali Hanafiy al-Haskafiy. (ad-Durrul Muxtor) Darul kutubul ilmiyya. Bayrut.
Doktor. Vahba az-Zuhayliy. Al-Fiqhul Islomiy va Adillatuhu. Darul fikr.
Shayx Kamoliddin Muhammad ibn Abdulvohid. (Fathul Qodiyr). Maktabatur roshidiyya. Pokiston.
Fatavo Hindiyya). Shayx Nizom va jamoatun min ulamo al-Hind.
Abdulhamid Mahmud at-Tahmoz. (Fiqhul hanafiy fiy savbihil jadid). Darul qalam.
Alouddin Samarqandiy. (Tuhfatul Fuqaho). Darul kutubil ilmiyya. Bayrut.
Muhammad Amin Ibn Obidiyn . (Raddul Muxtor ʼala Durrul Muxtor sharhi tanvirul absor). Darul kutubul ilmiyya..
Mahmud ibn Ahmad ibn Muso ibn Ahmad Badriddin Ayniy al-Hanafiy. (al-Binoya sharhil hidoya) Darul kutub ilmiyya. Bayrut.
Hasan ibn Ammor ibn Ali Shirinbiloliy. (Maroqil faloh sharhi Nurul izoh). Darul maʼrifa. Bayrut.
Zayniddin ibn Nujaym. Al-Hanafiy (Bahrur roiq sharhi kanzud daqoiq). Pokiston, Karochi.
Abdulloh ibn Mahmud al-Muvsiliy. (Ixtiyor litaʼliylil muxtor). Darul arqam ibn Abul Arqam. Bayrut.
Mulla Ali al-Qoriy al-Hanafiy. Sharhi musnadi Abu Hanifa.
Zaynuddin ibn Ibrohim ibn Nujaym al-Hanafiy. (al-Ashboh van-Nazoir) Darul fikr.
Ahmad ibn Muhammad ibn Ismoil Tahtoviy al-Hanafiy (Hoshiyaitut Tahtoviy)
Jamoliddin Abu Muhammad Abu Muhammad Abdulloh ibn Yusuf al-Hanafiy az-Zaylaʼiy. (Nasburroya lilahadisul hidoya). Darul hadis.
Abdulgʻoniy al-Fonimiy ad-3imashqiy al-Maydaniy, (al-Lubab fiy sharhil kitab). Maktabatur riyozil hadiysa.
Sayyid Sobiq. (Fiqhus sunna) Dorul fikr. Bayrut
Ubaydulloh ibn Masʼd Sadrushshariyʼa. Shorih: Najmiddin Muhammad ad-Darkaniy. (Muxtasarul viqoya maʼa sharhihi ixtisorur rivoya). Darul kutubul ilmiyya. Bayrut, Livan. 2005 yil, 1-bosma.
Asʼad Muhammad Said Sogʻurchi. (at-Taysir fil fiqhil Hanafiy) Dorul kalimit toyyib. Dimashq.
Bular Hanafiy mazhabida yozilgan kitoblarning baʼzilari xolos. Ushbu kitoblarning ismlarini mazhabsizlikni daʼvo qilayotganlarga raddiya boʻlsin uchun nomma-nom keltirmoqdamiz. Hanafiy mazhabida shuncha kitoblar yozilgan boʻlsa, shofeʼiy, molikiy, hanbaliy mazhablarida ham shu kabi yuzlab asarlar mavjud. Hozirda xohlagan masalani u mazhabdan, xohlaganini bu mazhabdan oladiganlar, mazhab tutish shart emas deydiganlar ushbu kitoblarning aqalli bir nechtasinigina mutoala qilganlarida edi bu daʼvolaridan voz kechgan boʻlar edilar. Toʻrt mazhabning moʻtabar usul kitoblaridan birortasini toʻliq oʻrganib chiqqanlarida edi, ulamolarning mehnatlarini qadrlagan, ular amalga oshirib ketgan ishni naqadar buyukligini fahmlagan boʻlar edilar. Biror mazhabning eng moʼtabar kitoblaridan bir nechtasini oʻqib chiqqan odam “Qurʼon va Sunnatdan oʻzim mustaqil ravishda hukm chiqaraman, mazhabga ehtiyojim yoʻq” degan daʼvodan butunlay voz kechadi. Mazhabsizlikni oldini oladigan yechimlardan biri moʻtabar mazhablardan birortasini chuqurroq oʻrganish deb ayta olamiz.
"Xadichai Kubro" ayol-qizlar oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi o‘qituvchisi S.Ibragimova