Fiqh ilmining tarixi va ahamiyati
Fiqh ilmining tarixi va ahamiyati
Fiqh ilmining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Islomning avvalgi davrida tafsir, hadis, usulul fiqh va boshqa ilmlar kabi, fiqh ilmi ham alohida ilm shaklida ajralib chiqmaganligini ko‘ramiz.
Dastlab Makkai Mukarramada o‘n uch yil davomida asosan aqiydaga oid oyatlar nozil bo‘ldi. Keyinroq, ayniqsa Madinai Munavvaraga hijrat qilinganidan so‘ng shar’iy hukmlarga tegishli oyatlar ham nozil bo‘la boshladi. Ularning hammasini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hali uncha ko‘paymagan musulmonlar jamoasiga o‘qib, tushuntirib berar edilar. U vaqtdagi musulmonlarning deyarli barchasi arablar bo‘lib, arab tilini nozik joylarigacha yaxshi tushunar, Qur’oni Karim oyatlari va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hadislarini mutlaqo qiynalmay anglar va ularga amal qilar edilar. Mabodo ba’zi tushunmovchiliklar bo‘lsa, darrov Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan so‘rab olar edilar. O‘sha vaqtda sahobalarning sodda hayotlaridagi asosiy ishlari ham shundan iborat edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining oxiriga kelib, Qur’oni Karim oyatlari nozil bo‘lishi nihoyasiga yetib qoldi. Keyingi bosqichdagi oyatlarning aksari shar’iy hukmlar xususida edi.
Ma’lum vaqt o‘tgach, turli qabila va yurt odamlari Islomni qabul qilishdi. Yangi musulmonlar qarshisida deyarli yigirma uch yil davomida nozil bo‘lib to‘plangan oyatlarni o‘qib-o‘rganish, ularga amal qilish, shariat ahkomlarini o‘z hayotlariga tatbiq qilish vazifasi turar edi.
Tabiiyki, yosh sahobalar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar avvalgilaridan shar’iy masalalarni so‘ray boshlashdi. Bu ishlarda ba’zi sahobalar o‘z ilmlari, topqirliklari bilan boshqalardan ajralib chiqdilar. Ulamolarimiz fiqh bilan mashhur bo‘lgan sahobalardan to‘rt xalifani, Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Os, Zayd ibn Sobit, Oisha onamiz roziyallohu anhum va boshqalarni misol qilib keltiradilar.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aholisi musulmon bo‘lgan uzoqroq yurtlarga o‘sha yerdagilarga shariat ahkomlarini o‘rgatish, ularning hayotida oriz bo‘ladigan masalalarni hal etish uchun o‘z vakillarini yubora boshladilar.
Birinchi hijriy asrning ikkinchi yarmi va ikkinchi hijriy asrda Islom dini dunyo bo‘ylab keng tarqaldi. Arab bo‘lmagan turli xalqlar ham musulmon bo‘ldilar. Tabiiyki, ular o‘zlariga Qur’oni Karim oyatlari va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan shariat ahkomlarini chiqarib, tartibga solish imkoniga ega emas edilar. Bir tarafdan, til bilmaydilar, qolaversa, ilmlari yo‘q.
Nima qilish kerak? Bilganlardan so‘rash kerak. Shunday qilib, asta-sekin kishilarga diniy hukmlarni o‘rgatadigan, ularning savollariga javob beradigan kishilar ajrab chiqa boshladi.Keyinchalik sharoit butun boshli kitoblar ta’lif etishni, masalalarni jamlab bayon qilishni ham taqozo qilib qoldi. Bu haqiqatni xalifa Ja’far Mansur va imom Molik oralarida bo‘lib o‘tgan hodisadan ham bilib olsak bo‘ladi.
Imom Molik ibn Anas yoshliklarida Ja’far Mansur bilan birga o‘qigan ekanlar. Katta bo‘lganlarida yo‘llari turlicha bo‘lib, imom Molik ilmda, ayniqsa fiqhda ulkan allomalik darajasiga yetib, hammaning hurmatiga sazovor bo‘ldilar. Og‘aynilari va hamdarslari bo‘lmish xalifa Ja’far Mansur imom Molik bilan majlis qurdi va u kishiga: «Yaqin orada men bilan sendan bilimliroq odam yo‘q, o‘zing ko‘rib turibsan, men manavi ish (ya’ni xalifalik) ila mashg‘ul bo‘lib qoldim. Sen odamlarga diniy ishlarni yengillashtirib bersang», dedi. Imom Molik rozi bo‘ldilar va «Muvatto» nomli kitobni ta’lif qildilar. Yanagi haj mavsumida «Muvatto» kitobi bilan tanishgan xalifa Ja’far Mansur qoyil qoldi va imom Molikka: «Juda yaxshi qilibsan, agar xohlasang, hamma odamlarni shu kitobga jamlayman», dedi Imom Molik: «Yo‘q, unday qilma, Rasulullohning saho-balari hamma yoqqa tarqalib ketishdi, ularning har biri o‘zi bilan yaxshilikni olib ketdi», dedilar.
Ushbu qissadan ko‘rinib turibdiki, o‘sha davrda hatto davlat boshlig‘i ham kishilarga fiqhiy ko‘rsatmalar majmuasi lozimligini anglab yetgan. Ulamolar, jumladan, imom Molikdek zabardast olim ham bu zaruratni tushunib yetganlar. Shuning uchun ham Islom olamining turli joylarida faqih ulamolar yetishib chiqa boshladilar.
Keling, bu ilmning ahamiyati qanchalik katta ekanini his qilish uchun ma’lum bir muddatga uni butunlay unutaylik va faqihlardan sodir bo‘lgan ma’lumotlarning birortasidan foydalanmaslikka ahd qilaylik. Fiqh ilmining ahamiyatini yaxshiroq anglab yetish uchun faqat birgina misol keltirish bilan kifoyalanishni kelishib olaylik. Keling, o‘sha masala tahoratda yuzni yuvish bo‘lsin.
Tabiiyki, avvalo Qur’oni Karimni qo‘lga olamiz. Ammo muqaddas Kitobimizdan “Tahorat” nomli surani topa olmaymiz. Zotan, Allohning Kitobi bu kabi masalalardan oliydir. Nima qilamiz? Qur’oni Karimni to‘liq yoddan bilmaymiz. Yod bilganlarimizning asosiy qismi esa uning ma’nosini bilmaydi. Bir ilojini qilib, “yuz” so‘zi bor oyatlarni topamiz. Ularning ichidan “yuz yuvish” haqida so‘z yuritilgan oyatni topamiz
يَتَأَيُّهَا الَّذِينَ ءَامَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَينِ
“Ey iymon keltirganlar! Namozga tursangiz, yuzlaringizni va qo‘llaringizni chig‘anoqlari ila, boshlaringizga mas'h tortib, oyoqlaringizni to‘piqlari ila (yuvinglar)” (“Moida” surasi, 6-oyat). Mana, Qur’onda tahorat qilgan odam yuzini yuvishi kerakligi haqida amr bor ekan, deymiz. Bu ma’lumot bizga ozroq ko‘rinadi va hadislarga murojaat qilishga o‘tamiz. Fiqhiy boblar asosida jamlangan hadis kitoblarida faqihlarning ta’siri bor, deb boshqa uslubda jamlangan hadis kitoblariga qaraydigan bo‘lsak, o‘zimizga kerak hadislarni topa olmay garang bo‘lamiz. Oxiri bir amallab, o‘zimizga kerakli hadislarni topamiz va yuzni yuvish haqidagi iboralarga sinchkovlik bilan nazar solamiz. Usmon roziyallohu anhuning ozod qilgan quli Humron roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Usmon roziyallohu anhuga tahoratga suv olib keltirdi va tahorat qildi: ikki qo‘lini uch marta yuvdi. So‘ngra og‘zini chayqadi va burniga suv olib, tozaladi. Keyin yuzini uch marta yuvdi. So‘ngra o‘ng qo‘lini chig‘anog‘i bilan uch marta yuvdi. Keyin chap qo‘lini ham shunga o‘xshatib yuvdi. So‘ngra boshiga mas'h tortdi. Keyin o‘ng oyog‘ini to‘piklari bilan uch marta yuvdi. So‘ngra chap oyog‘ini ham shunga o‘xshatib yuvdi. Keyin: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mening ushbu tahoratimga o‘xshatib tahorat qilganlarini ko‘rdim, dedi va: Kim mening ushbu ta-horatimga o‘xshatib tahorat qilsa va turib borib, ikki rak’at namoz o‘qisayu, unda biror narsani ko‘nglidan o‘tkazmasa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, deb qo‘shib qo‘ydi”. Beshovlari rivoyat qilishgan. Bu hadisi sharifdan tahorat qilishni mukammal o‘rganish bilan birga, a’zolarni, jumladan, o‘zimiz bahs qilayotgan yuzni ham uch marta yuvishni o‘rganib oldik. Bu, albatta, arab tilini yaxshi bilgan kishilarga muyassar bo‘ladigan ish. Endi xuddi shu masalaning o‘zini fiqh ilmi ustozlari yuqoridagi oyat va hadisdan kanday tushunganlari bilan tanishib chiqaylik.
Buning uchun elimizda ma’lum va mashhur bo‘lgan fiqh kitobi «Muxtasari Viqoya»ning matni va sharhidan foydalanamiz. “Bas, tahoratning farzi yuzni sochdan quloqqacha va jag‘ning tagigacha, ikki qo’l va ikki oyokni chig’anoqlari hamda to‘piqlari bilan yuvmoq. Boshining to’rtdan biriga va soqolining yuzini to‘sib turgan qismiga mas'h tortmoqdir”. Demak, yuzni yuvish tahoratning farzlaridan biri ekan. Bu amalning farz ekanini faqihlar uzoq va mashaqqatli tahlillardan keyin aniqlashgan. Siz bilan biz bu haqda o‘ylab ham ko‘rmagan edik. Chunki Qur’oni Karimda ham, hadisi sharifda ham “Tahoratda yuzni yuvish farz”, degan gap yo‘q. Zotan, bu narsa ularning vazifasi ham emas. Yuzni yuvish haqidagi gap Quro’ni Karimda buyruq maylidagi fe’l ila ifoda etilgan, Allohning buyrug‘i farz bo‘ladi, deydigan bo‘lsak, boshqa ko‘pgina oyatlarda buyruq maylida kelgan fe’llar farzni ifoda qilmaganini ko‘ramiz. Misol uchun, Juma surasidagi: “Bas, namoz tugaganidan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling”, degan oyatni olib ko‘raylik. Ushbu oyati karimadagi ilohiy farmonga binoan, namoz tugaganidan keyin hamma tarqalib ketishi lozim. Ammo amalda bu holni ko‘rmaymiz. Tarqalgan tarqaladi, qolganlar ibodat, duo kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tirsalar hechqisi yo‘q.
Alloh taoloning oxirgi kitobi bo‘lmish Qur’onda buyruq maylida kelgan ikki fe’lning biri farzni, ikkinchisi mubohni anglatishini siz bilan biz qayerdan bila olamiz? Ammo faqihlar o‘z qoidalarini ishga solib, bunga oid barcha narsalarni chuqur tahlil qilib, hammasini o‘z joyiga qo‘yganlar.
Ikki oyatni va unda zikr qilingan talabni atroflicha, chuqur o‘rganib chiqib, tahoratda yuzni yuvish farz ekanini, juma namozini o‘qib bo‘lgandan keyin tarqalish esa farz emasligini aniqlaganlar. O‘rganayotgan oyat va hadisimizdan tahoratda yuzni yuvish amali borligini bilgan edik. Ammo faqihlar o‘sha narsani: “Yuzni sochdan quloqqacha va jag‘ning tagigacha yuvqmoq”, demoqdalar. Ular “yuz” arab tilida nimani ifoda qilishini arablarning asl lug‘atlaridan o‘rganishgan va ulardan quyidagi bayonotni topishgan: “Yuzning uzunasiga bo‘lgan chegarasi peshonaning soch o‘sgan joyidan jag‘ning ostigachadir. Yuzning ko‘ndalangiga chegarasi bir quloqning yumshoq joyidan ikkinchi quloqning yumshoq joyigachadir”. Bu bilan ham kifoyalanib qolmasdan, faqihlar yuzga oid kichik a’zolarni ham aniqlab, aytib o‘tishgan va tahoratda ularni yuvish ham farzligini bayon qilishgan: “Ikki labning va burunning ust qismlari ham yuz hisoblanadi. Qosh, kiprik, mo‘ylab, yuzdagi tuklar, pastki labning o‘rtasiga chiqadigan tuklar va soqol-ning yuzdagi qismini yuvish ham farzdir”. Oyat va hadisdagi “yuz” so‘zini qoyilmaqom qilib anglatib bo‘lgan faqih endi “yuvish”ni tahlil va tadqiq qilishga o‘tadi. Bu so‘zning ham tahoratga oid ma’nosini: “Bu yerdagi yuvishdan murod, a’zodan kamida ikki qatra tomadigan darajada suvni o‘tkazish yoki quyishdir”, deb bayon qiladi. Keyin necha marta yuvishning hukmini aytadi: “A’zolarni bir marta yuvmoq farzdir, uch marta yuvmoq sunnatdir”. Bir marta yuvish Qur’onning amriga binoan farz, uch marta yuvish Rasululloh alayhissalomning hadislariga binoan sunnatdir. Misolimizga shu yerda yakun yasaymiz va insof bilan tafakkur qilishga kirishamiz. Bitta ishning mohiyatini oyat va hadis bo‘yicha anglab yetishda faqihlarning xizmatlari shunchalar katta bo‘lsa, diniy ahkomlarning barchasini tushunib yetishdagi xizmatlarini har kim o‘zi bilib olaversin. Oyat va hadisda kelmagan hukmlarni chiqarishdagi ularning xizmatlarini aytib o‘tirishga hojat ham bo‘lmasa kerak.
Yo‘q! Keling, bu borada ham juda qisqacha bo‘lsada, faqihlarning beqiyos xizmatlarini to‘liq anglab yetish uchun bir-ikki misolni ko‘rib chiqaylik.Faqihlar nafaqat oyat va hadislarni, balki shar’iy masalalarga bog‘liq voqe’likni, xususan, siz bilan bizga eng arzimas bo‘lib ko‘rinadigan narsalarni ham mislsiz diqqat-e’tibor bilan o‘rganadilar. O‘rganibgina qolmay, ular yuzasidan shar’iy hukmlarni ham chiqaradilar. Misol uchun, imom Ibn Nujaym “Al-Ashboh van-nazoir” kitobida quyidagi masalani zikr kilgan:
Agar quduqqa butun tezak tushsa, uni najas qilmaydi. Yarimtasi tushsa, najas qiladi. Farq shulki, butun tezakning quduqqa tushganda uning tarqalishini man qiladigan pardasi bo‘ladi, yarimta tezakda esa u bo‘lmaydi. Hayvondan tushadigan tezakda undagi najasning tarqalib ketishini man qiladigan parda bo‘lishi, o‘sha parda yirtilganda najasning suvga tarqalishi birortamizning xayolimizga ham kirib chiqmagan bo‘lsa kerak. Muhtaram faqihlarimiz esa bu masalani allaqachon o‘rganib chiqib, kitoblariga yozib qo‘yganlar. Faqihlarimiz odamlarning og‘izlaridan chiqadigan har bir so‘zning farqini va undan chiqadigan hukmlarni o‘rganishni ajoyib tarzda yo‘lga qo‘yganlar. Eski fiqh kitoblarimizda “Otdan tushsam, xotinim taloq bo‘lsin”, deb ont ichgan odamning hukmi nima bo‘ladi, degan masala o‘rtaga qo’yilgan. Otdan tushmasa, bo‘lmaydi. Otdan tushsa, xotini taloq bo‘ladi.Faqihlar uchun bu masalani yechish hech gap emas. Ular shunday hukm qiladilar: “O‘sha odamning otini biror daraxtga yaqin olib borilsin va u otdan emas, daraxtdan tushsin, hech narsa bo‘lmaydi”. Mana sizga fiqh ilmining ahamiyati! Mana sizga faqihlarning xizmati!
"Xadichai Kubro" ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi talabasi Sh.Jamolxonova
Другие новости
УЗ
РУ
EN
العربية