18.11.2025
1

SALOHIDDIN MUSO IBN MUHAMMAD IBN MAHMUD (Qozizoda Rumiy)

SALOHIDDIN MUSO IBN MUHAMMAD IBN MAHMUD

(Qozizoda Rumiy)

XV asr boshlarida Movarounnahrda shuhrat qozongan ulkan matematik, astronom yetuk olimlardan biri Qozizoda Rumiydir. Qozizoda Rumiy hozirgi Turkiyaning shimoliy g‘arbidagi marmara dengizidan janubroqdagi Bursada tavallud topgan. Salohiddinning tug‘ilgan yili aniq emas, turkcha manbalarda u hijriy 755-765. milodiy 1354-1364 yillar orasida tug‘ilgan deb tahmin qilinadi. Uning otasi Muhammad “Xoji afandi” laqabi bilan ma’lum bo‘lib Salohiddinning bolalik yillarida vafot etgan. Hoji afandi ancha olim va komil odam bo‘lib, ko‘p yillar Bursaning qozisi lavozimida xizmat qilgan. Salohiddinning otasi Muhammad bobosi Mahmud o‘z davrida Bursada qozilik faoliyati bilan shug‘ullangan, shuning uchun o‘sha paytning o‘zida Qozizoda degan nom bilan mashhur bo‘lib o‘z davrining yetuk olimlaridan saboq olganlar. “Qozizoda” deb “qozidan tug‘ilgan” degan ma’noni anglatadi. Astronomiya, Riyoziyot fanlari bo‘yicha ham ilk ta’limni Bursada keyinchalik Konyada tahsil olganlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Otasidan erta ayrilgan Salohiddinga “ro‘zg‘or” zimmasiga tushadi, shunga qaramasdan ilm-ma’rifatga qiziqqan bo‘lib, o‘sha paytda Nasroniylarning “Manaster” nomli madrasasi bo‘lib. Mavlono Shamsiddin Fanoriydan Usmonli poytaxtining shayhul islomi, qozisi bo‘lgan shu bilan birga astornom, matematik yetuk olimdan dastlabki madrasa ta’limini olgan bo‘lib, hatto Salohiddinning ilmga chanqoqligi, mahorati mulla Fanoriyning ham nazariga tushadi, Mulla Fanoriy vafotidan avval o‘ziga meros bo‘lib qolgan 15 ming turli xildagi kitoblarni Salohiddinga meros qilib qoldiradi.

Qozizoda Rumiy yoshligidan Movarounnahr va Xurosonda ilm-fanning yuksak darsjada ekanligini eshitib, u yerga ketishga taraddud ko‘ra boshlaydi. Bu haqda XX asr boshlaridagi turk tarixchisi Solih Zakiy bunday yozadi: “Mavlono Fanoriydan Xuroson va Movarounnahr ulamosining ulumi riyoziyadaki ovozai shuhratini eshita-eshita, nihoyat ikmoli tahsil uchun u joniba getmakka qaror vermish”. Oila a’zolari bu sayohatga monelik qilishlaridan qo‘rqib, buni sir tutadi. Qozizoda XIV asr oxirlarida bir kun to‘satdan Bursadan g‘oyib bo‘ladi. Avvaliga u Xurosonga borib, u yerda poytaxt Samarqandning shuhrati haqida eshitadi va o‘sha shahar tarafga intiladi. Bu orada Amir Temurning yetti yillik yurishi boshlanib qoladi. Qozizoda yo‘lda Temurning ulamolari qatoriga qo‘shilib qolib, ular bilan orqaga qaytib, yurishda ishtirok etadi va shu ketishda o‘zining Bursadagi ustozi mullo Fanoriyning “Anmuzaji ulum” asariga sharh bitadi. U Xuroson va Movarounnahrga kelib olimlardan tahsil olib, bilimini kamolotga yetkazadi. Xususan u Temurning saroy astronomi Mavlono Ahmaddan astronomiya va matematika fanlaridan chuqur ma’lumotlar oladi. Amir Temurning yetti yillik yurishi tugagach, 1404 yil yoz faslida Salohiddin birinchi marta Movarounnahr poytaxti Samarqandga keladi. O‘sha paytlar 1405 yil boshida Amir Temur vafotidan keyin hokimiyat uning o‘g‘li Shohruh Mirzoga o‘tgan edi. Shohruh Samarqandni nazorat qilishni o‘g‘li Ulug‘bekka topshirdi, Bu yerda u bir necha yil davomida bo‘lajak buyuk olimga astronomiya va matematika fanlaridan saboq beradi va unda shu fanlarga nisbatan chuqur va so‘nmas mehr uyg‘otadi. Ulug‘bek keyinchalik o‘z “Zij”ida Qozizodani minnatdorchilik bilan “ustozim” deb tilga oladi.

Ulug‘bekning o‘zi aytganidek, uning ustozi Qozizoda Rumiydir.

Ulug‘bek Samarqandda 1417-1420 yillarda madrasa ta’sis etib, Mirzo Ulug‘bek 60 nafar olimni, jumladan, Qozizoda Rumiy, al-Koshiy, G‘iyosiddin Jamshidni bu ta’lim dargohiga mudarris qilib tayinladi. Hususan Qozizodani u yerda rais ul-muallimin nasabiga tayinlaydi va aksariyat hollarda Ulug‘bek uning darslarida o‘zi ham ishtirok etadi. Qozizoda Samarqanddaligida juda ko‘p shogirdlar yetishtirdi. Bularning avvali va eng buyugi Ulug‘bekdir. Ikkinchi shogirdi Fathulloh Shervoniy bo‘lib, u 1449 yili Ulug‘bek o‘ldirilishi bilan darhol Kichik Osiyoga ketadi va Kastamonu shahrida mudarrislik bilan shug‘ullanadi. Qozizoda Samarqandda uylanib, bu nikohdan bo‘lajak yirik olim Miram Chalabiyning otasi Qutbiddin dunyoga keladi.

Qozizoda Rumiy G‘iyosiddin Jamshiddan bir oz keyin, astronomik jadvallarni tuzish ishi tugamasdanoq (ya’ni 1437-yilgacha) vafot etdi. Qozizoda Rumiyning qadrdon do‘sti va kasbdoshi Ulug‘bek olimning qabri ustiga ulug‘vor maqbara qurdirgan. Bu maqbara Samarqandda “Shohi Zinda”dagi bir guruh maqbaralar yonidan joy olgan. 

Olimning qalamiga mansub asarlar quyidagilardir:

1. “Risola fil-hisab” (“Hisob haqida risola”). Arifmetikaga doir arab tilida yozilgan risola bo‘lib, unda kasr va butun sonlarning o‘nlik uslublaridagi hisobi bayon etilgan. Risola 1382 yili Bursada yozilgan. Ikkita qo‘lyozmasi Mashhadda imom Rizo kutubxonasida saqlanadi.

2. “Sharhi mulaxxis fil-hay’a” (“Astronomiya haqida qisqacha risolaning sharhi”). Asar Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Xorazmiy al-Chag‘miniyning (XIII asr) “Mulaxxis fil-hay’a” nomli asariga arab tilida yozilgan sharhidan iborat. Sharh hijriy 1412 yili Ulug‘bek uchun Samarqandda yozilgan. Risolaning 150 dan ortiq qo‘lyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxonalarda saqlanadi.

3. “Sharhi ashkol at-ta’sis”. Bu risola XV asrda yashagan matematik Shamsiddin Samarqandiyning “Ashkol at-ta’sis” (“Asoslangan jumlalar”) nomli geometriyaga doir risolasiga arabchada yozilgan sharhidir. Bu ham 1412 yili Samarqandda Ulug‘bek uchun yozilgan. Bu risolaning ham 70 dan ortiq qo‘lyozmalari bo‘lib, turli kutubxonalarda mavjuddir.

4. “Risola al-jayb” (“Sinus haqida risola”). Bu risolada bir darajaning sinusini aniqlashning yangi bir usuli bayon etilgan bo‘lib, arab tilida Samarqandda yozilgan. Uning ikki qo‘lyozmasi Istambulda Sulton Muhammad kutubxonasida saqlanadi.

5. “Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja” (“Bir daraja sinusini aniqlash usulining bayoni haqida”). Bu risola ham oldingi risola mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, fors tilida Samarqandda yozilgan.

6. “Dastur al-amal va tashiq al-jadval” (“Amal dasturi va jadvallarini tuzatish”). Bu asar arab tilida yozilgan bo‘lib, Ulug‘bek “Zij”idagi bir matematik masalaning sharhiga bag‘ishlangan. Birgina qo‘lyozmasi Tbilisida saqlanadi.

7. “Misoxa” (“O‘lchash”). Bu risola ham arab tilida yozilgan bo‘lib, yuzalarni o‘lchashga bag‘ishlangan. Bir nusxasi Mashhadda Mavlaviy kutubxonasida saqlanadi.

8. “Risola fil-hay’a val-handasa” (“Astronomiya va geometriya haqidagi risola”). Birgina nusxasi Turkiyada, Bursa shahrida saqlanadi.

9. “Sharh at-Tazkira”. Nasiriddin Tusiyning “At-Tazkira” nomli arab tilidagi risolasiga sharh.

10. «Sharh Tahrir al-Majistiy» arab tilida yozilgan. Astronomiyaga doir risola, ikki qo‘lyozmasi Berlin va Londonda saqlanadi.

11. «Risola fi ilm al-hay’a» («Astronomiya ilmi haqida risola»). Birgina qo‘lyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi.

12. «Risola fi rub’ al-mujayab» («Sinus kvadrat haqida risola»). Arab tilida. Qo‘lyozmalari Sankt-Peterburg, Mashhad va Tehron kutubxonalarida saqlanadi.

13. «Lima kana halla kavni nisba irtifa’ a’zam al-jibol ila qutri al-arz kanisba sub’ ard sha’ira ila zira’» («Nima uchun tog‘larning eng balandining Yer diametriga nisbati arpa donining bir gazga nisbati kabi ekanligi qabul qilingani»). Yer o‘lchamiga bag‘ishlangan arab tilidagi risola. Birgina qo‘lyozmasi Berlinda saqlanadi.

14. «Risola fi samiy al-qibla» («Qibla azimuti haqida risola»). Qo‘lyozmasi Bursada (Turkiya) saqlanadi.

15. «Sharh hikmat al-ayn». Al-Qazviniyning «Hikmat al-ayn» nomli risolasiga sharh, arab tilida. Qo‘lyozmalari Bog‘chasaroy (Qrim), Berlin, Dushanbe, Qozon, Qohira va boshqa ko‘plab shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi.

Ulug‘bek rasadxonasining yetuk namoyandalaridan sanalgan va Ulug‘bekdek buyuk olimni tarbiyalagan Qozizoda Rumiy qoldirib ketgan adabiy-ilmiy meros bugungi avlodning oltin mulki hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Ziyouz.uz t.f.d. A. Ahmedov.
  2. Ulug‘bek hazinasi. Odil Yoqubov
  3. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi.

https://www.youtube.com/@islommarkazi

Muallif: "Xadichai Kubro" ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o'qituvchisi Munisa Xodjayeva

Другие новости

Fiqh ilmining tarixi va ahamiyati
19.11.2025 1
Fiqh ilmining tarixi va ahamiyatiFiqh ilmining tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, Islomning avvalgi davrida tafsir, hadis, usulul fiqh va boshqa ilmlar kabi, fiqh ilmi ham alohida ilm shaklida ajralib chiqmaganligini ko‘ramiz.Dastlab...
Подробнее
Murobaha savdosining zamonaviy ko‘rinishlari
10.11.2025 9
Murobaha savdosining zamonaviy ko‘rinishlariSavdo-sotiq va unga oid masalalar insoniyat tarixining ajralmas qismi bo’lib, bu sohaning taraqqiyoti turli davrlar va mamlakatlarda har xil shakllarda namoyon bo’lgan. Islom dini halol tijoratni rag‘batlantirib,...
Подробнее
Intercultural Communication in Language Teaching: Building Bridges Through Education
29.10.2025 15
AbstractIn the twenty-first century, language learning has become more than the acquisition of grammar, vocabulary, and pronunciation. It is also the study of how people think, interact, and live across...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry