06.12.2022
262

Mamlakatimizda diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashning dolzarb yo‘nalishlari


Ma’lumki, O‘zbekiston davlati mustaqillikning ilk kunlaridanoq o‘zining dinga munosabatini aniq va qat’iy belgilab oldi. Davlatning dinga munosabati “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik – dahriylik emas” degan aniq tamoyillar asosida belgilandi. Bu tamoyil bosh qomusimiz Konstitutsiya hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘zining huquqiy ifodasini topgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 238 diniy tashkilot faoliyat olib bormoqda. Ulardan 2064 tasi islomiy, 157 tasi xristian, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, bittadan Krishnani anglash jamiyati va Budda ibodatxonasidir. Bulardan tashqari konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat yuritmoqda.
Diniy tashkilotlar qaysi konfessiyaga taalluqliligidan qat’i nazar, faoliyat borasida bir xil huquqqa egadirlar. Ushbu diniy tashkilotlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglikning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, respublikada mavjud dinlar orasida islomning mavqei nihoyatda katta. Xususan, hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining soni 31 mln.dan oshgan bo‘lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanadi. Fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e’tiqod qiladi. Shu bois, islom dini davlatimiz tub xalqlarining tarixiga, o‘tmish merosiga, madaniyatiga, ruhiyatiga chuqur singib ketgan. Prezident I.A.Karimov ta’kidlagani kabi: “… biz o‘z millatimizni mana shu dindan ayrim holda aslo tasavvur qila olmaymiz… Xalqimizning ming yillik tarixini, bugungi ma’naviy hayotini, dinu diyonatimizni muxtasar ifodalab aytish mumkinki, Alloh bizning qalbimizda, yuragimizda”. Islom dini qadriyatlari mamlakatimizdagi ro‘y berayotgan ma’naviy yangilanish jarayoni va milliy g‘oya mezoni shakllanishining eng muhim omillaridan biridir.
Bugungi kunda dinga bo‘lgan qiziqishning kuchayib borishi globallashuv jarayonlarining o‘ziga xos in’ikosi deyish mumkin. Zero, globallashuv dunyoni bir butun va yaxlit qila borishi bilan bir qatorda, uning hosilasi sifatida alohida olingan millat va jamiyatlar darajasida o‘z-o‘zini anglashga bo‘lgan intilishning chuqurlashuviga ham zamin yaratmoqda.
Afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur’atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysindirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solmoqda.
So‘nggi yillarda dunyoning qator mamlakatlarida, xususan, Yaqin Sharq mamlakatlarida turli noqonuniy qurolli tuzilmalar tomonidan islomiy davlat qurish shiori ostida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda. Oqibatda, Iroq, Suriya, Liviya kabi aslida ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mamlakatlar chuqur ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy tanazzulni boshidan kechirmoqda. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, turli to‘qnashuvlar natijasida arab mamlakatlari iqtisodiyoti 2011-2014 yillar oralig‘ida 800 mlrd AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgan. Qonli fojealar tufayli ushbu davlatlar yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’atlari keskin pasaygan, ishsizlik darajasi deyarli ommaviy tus olgan.
Eng dahshatlisi, hozirgi kunda Iroq va suriya davlatlari hududida qariyb 8,5 million kishi terrorchi guruhlar to‘liq nazorat o‘rnatgan hududda, har qanday fuqaroviy huquq va erkinliklardan marhum bo‘lgan holda kun kechirishga majbur bo‘lmoqda. Terrorchilar ushbu mamlakatlarda ommaviy qatl, garovdagilarni qiynab o‘ldirish, xotin-qizlarni ayollarni zo‘rlash yoki ularni qul qilib sotish kabi jirkanch va qabih ishlarga qul urib, o‘zlarini e’tiqodi puch, imonsiz kimsalar ekanliklarini namoyon etmoqda. Yuzlab ziyoratgohlar, shia musulmonlarining masjidlari, xristianlarning cherkov va monastirlari, maktab va kutubxonalar vayron qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda 500 ga yaqin terrorchilik tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 80 foizi islom niqobi ostida faoliyat yuritadi. Ular qatoriga “IShID (Iroq va Shom islom davlati)”, “Jabha an-Nusra”, “Ansaru ash-Sham” (Suriya), “al-Qoida”, “al-Jihod al-Islomiy”, “at-Takfir va-l-Hijra” (Misr), “Abu Sayyaf” (Filippin), “Ozod Achex”, “Lashkari jihod” (Indoneziya), “Qurolli islomiy harakat” (Jazoir), “Boko haram” (Nigeriya), “Islom jihodi uyushmasi”, “O‘zbekiston islomiy harakati” Tolbion (Afg‘oniston, Pokiston) kabi tashkilotlarni kiritish mumkin.
Siyosiy hokimiyatga intilayotgan, diniy shiorlarni niqob qilib olgan aqidaparast oqimlar Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir o‘tkazishga harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda “jihodchilar”, soxta “salafiylar” kabi diniy-siyosiy guruhlar, shuningdek, “Xizbut tahrir” diniy-ekstremistik guruhi respublikamizda faol harakat qilishga urinmoqdalar.
So‘nggi yillarda mutaassib oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini xorijiy mamlakatlardagi mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “Internet” orqali targ‘ibot o‘tkazish, oila a’zolari, yaqinlari va qo‘shnilarini o‘z guruhiga tortish, yashirin “hujralar” tashkil etish, diniy-ekstremistik mazmundagi materiallarni bosma, elektron ko‘rinishda tarqatish kabi usullarda amalga oshirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha hozirda 100 mingdan ortiq ekstremizmning turli ko‘rinishlarini o‘zida tashuvchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullanuvchi saytlar faoliyat olib bormoqda. Internet orqali suhbat olib borish jarayonida yoshlarga kufr diyori, hijrat, jihod, shahidlik, xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar singdirlib, ular turli to‘qnashuv va nizo o‘choqlariga jalb qilinmoqda. Muayyan siyosiy kuchlarning nog‘orasiga o‘ynayotgan diniy-ekstremistik va terrorchi oqimlar tomonidan u yerlarda amaliyotni o‘tab kelgan aqidaparast, diydasi qotgan, mustaqil fikrlashdan mahrum, rahnamolarining har qanday buyruqlarini qonun deb biluvchi zombi jangarilardan tinch mintaqalarda ham turli nizolar va beqarorliklarni keltirib chiqarishda foydalanish maqsadi bugun ko‘pchilikka ayon haqiqatdir.
Ayniqsa, “jihodchi” guruhlar o‘z safiga yangi shaxslarni jalb etishda internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqda. Turli internet saytlari, “Odnoklasnik”, “Tvitter” kabi ijtimoiy saytlarda tashkil etilgan turli nomlardagi forum va guruhlar, “You Tube” portalidan keng foydalanilmoqda. Mazkur guruhlarning targ‘ibotchilari ko‘p vaqtini internetda o‘tkazuvchi, vaqtincha ishsiz, xorijda pul topish ilinjida yurgan va ijtimoiy holatdan norozi shaxslarni o‘z saflariga qo‘shish maqsadida ular bilan go‘yoki “musulmonlarning azoblanayotgani” suhbatlar olib boradilar.
So‘ngra islom olamidagi “muammolar” sanab o‘tilib, aybdorlar sifatida dunyoviy davlat va jamiyat ko‘rsatiladi. Bundan keyin esa barcha muammolarning “yechimi” sifatida “kofirlarga” qarshi “jihod” qilish taklif etiladi. Buning uchun esa avvalambor “hijrat” qilish lozimligi uqtiriladi. Bilimsiz, o‘z mustaqil fikri va atrofdagi hodisalarni tahlil etish malakasiga ega bo‘lmagan yoshlar bunday da’vatlarga uchib, aqidaparast oqimlarga moyil bo‘la boshlaydilar. Qisqa qilib aytganda “ijtimoiy tarmoqlar” “ekstremistik qarmoqlar” vazifasini o‘tamoqda.
Aslida esa, yoshlarni o‘z safiga chorlayotgan, o‘zini “mujohid” deb tanitayotgan kimsalar tinch aholini qatl etmoqda, ayol-qizlarni xo‘rlab, nomuslariga tajovuz qilmoqda. Norasida bolalarni o‘ldirmoqda. Islomning beshinchi arkoni bo‘lgan haj amalini bajarishga borayotganlarni “toshga sig‘inuvchilar” deb e’lon qilib, ularga tahdid qilmoqda. Dinimiz qiblasi bo‘lgan muqaddas Baytullohni vayron qilishga va’da bermoqda. Uy-joylar, maktab va kutubxonalar, qishlog‘u-shaharlarni buzib, mo‘ysafid otaxon, mushipar onalar, norasida go‘daklarni  ko‘chalarda sargardon qilmoqda.
Ming taassufki, bizning yurtimizdan ham ayrim yoshlar ota-onasini qon yig‘latib Suriya, Iroq kabi fitna o‘choqlariga ketib qolmoqdalar. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o‘qtalib o‘z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag‘dag‘a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.
Aqidaparastlik jamiyatimizdagi fuqarolarni “haqiqiy” va “soxta” dindorlarga ajratishi bilan ham tahdid solmoqda. Bunday harakatlarning oddiy misollari sifatida go‘yoki islomiy libos deb ilgari surilayotgan “hijob” masalasiga haddan tashqari urg‘u berish, dunyoviy hayot kechiruvchi fuqarolarni go‘yoki “imoni sust” sifatida ko‘rishni qayd etish mumkin. Ta’kidlash joizki, bunday fitna chiqarishlar qanday oqibatlarga olib kelishi Afg‘oniston, Pokiston va Jazoirda sodir bo‘lgan hamda hozirda Iroq va Suriya davlatlarida yuz berayotgan voqealardan bizga ma’lum. Barcha buyumlarni “halol” va “harom”ga ajratishda g‘uluvga ketish oqibatida ba’zi qo‘shni mamlakatlarimizda hattoki “halol taksi” chiqqanini qanday izohlash mumkin? Vaholanki, islom dini o‘rtalik, mo‘’tadillikka chaqiradi.
Darhaqiqat hozirgi kunga kelib diniy-ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Avvalo, barcha ekstremistik tashkilotlar bir tadqiqot markazlari, ta’bir joiz bo‘lsa, “g‘oyaviy laboratoriya”lar mahsuli ekanini alohida qayd etishimiz lozim.
Birinchi guruh qatoriga “Tablig‘chilar” jamoasi tashkilotini kiritish mumkin. Ikkinchi guruhlar qatoriga “Nurchilar”, “Hizbut-tahrir” kabi diniy-ekstremistik tashkilotlarni kiritish mumkin. Uchinchi guruhga esa barcha jihodiy, soxta “salafiy” jamoalar kiradi.
Diniy-ekstremistik ruhdagi terrorchi tashkilotlarning strategik maqsadlari, avvalo, go‘yoki, shariatga asoslangan davlat tuzish bo‘lib, bu bir necha bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda aholini keng ko‘lamda “islomiylashtirish” nazarda tutiladi. Bunda, avvalo, diniy ilmi sayoz bo‘lgan kishilar orasida islomning farzlariga amal qilish lozimligi, bu ishlarni bajarmaganlar musulmonchilikdan chiqishi uqtiriladi. Shu bilan birga, yashirin “hujralar”  tuzish va ularda o‘qiyotganlarga, diniy ta’lim niqobi ostida, o‘z qarashlarini singdirish ishlari olib boriladi. Bir qarashda bunday “da’vat”dan hech qanday zarar yo‘qdek ko‘rinishi mumkin, aslida esa bu “chuqur o‘ylangan strategiya”ning bir qismidir.
Ikkinchi bosqichda endi “islomiylashtirilgan” aholida hukumat, mavjud konstitutsiyaviy tuzum, rasmiy diniy tuzilmalar va ulamolarga nisbatan norozilik kayfiyatini uyg‘otish va shu orqali ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish ko‘zlanadi. Unda aholi orasida “imonli” va “imonsiz”, “musulmon” va “kofir”, “islom diyori” va “kufr diyori” kabi tushunchalarni keng yoyish, diniy-ekstremistik ruhdagi varaqa, adabiyot, video va audio tasmalarni tarqatish orqali dinlararo va millatlararo munosabatlarni keskinlashtirish asosiy maqsad hisoblanadi.
Uchinchi bosqichga kelib, to‘plangan “jamoat”ni mavjud hukumatni ag‘darish va “islom davlatini” tuzishga da’vat etiladi. Bunda, “jihod”, “shahidlik” g‘oyalarini targ‘ib qilish, yashirin guruhlar tuzish va uning a’zolarini maxsus (da’vat, qo‘poruvchilik va h.k.) tayyorgarlikdan o‘tkazish, ayollardan iborat yacheykalarni kuchaytirish va oxir-oqibat terror vositalaridan foydalangan holda maqsadga erishish ko‘zlanadi.
Shu nuqtai-nazardan, mustaqil hayotni boshlayotgan yoshlarimizni turmushda ularni og‘ir sinovlar kutib turayotgani, xususan, bizning yurtimiz, xalqimizga do‘st bo‘lmagan, soxta g‘oyalar bilan hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan o‘smirlarimizni oilasi va Vatanidan ayirib olib, o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilishdek g‘araz maqsadlar ega kuchlar borligidan ogohlantirishimiz biz kattalarning, ayniqsa, diniy soha vakillarining burchimiz hisoblanadi.
Diniy-ekstremistik oqimlarning jamiyatimiz barqarorligiga tahdidi respublikamizdagi ijtimoiy siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlarni keskinlashtirish, fuqarlarni, ayniqsa, yoshlarni qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan hududlarda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlarga jalb qilish kabi harakatlarda, shuningdek, mamlakatimizda terrorchilik harakatlari sodir etish uchun suqilib kirishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Yuqorida qayd etilgan holatlar hushyorlikni qo‘ldan boy bermaslik, hamisha ogoh bo‘lib yashash zaruratini yana bir marta ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda xalqaro maydonda ko‘p va ikki yoqlama hamkorlikni kuchaytirish, BMT, Shanhay hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning faoliyatini samaradorligini oshirish masalasini qat’iy qilib kun tartibiga qo‘ymoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston qator mintaqaviy tashkilotlar doirasida qabul qilingan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashga qaratilgan shartnomalarni bajarishda faol qatnashib kelmoqda. Terrorizmga qarshi kurash, uni bartaraf etish masalalariga oid siyosiy-huquqiy hujjatlar BMT, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doiralarida imzolangan.
Hozirda O‘zbekiston BMTning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashga qaratilgan asosiy 13 ta hujjatini ratifikatsiya qilgan. BMT Xavfsizlik kengashi Aksilterroristik qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashdagi xalqaro hamkorligi yuksak baholanadi.
xossatan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazi davlat idoralari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida dastur asosida tizimli faoliyat yuritmoqdalar. Targ‘ibot va tushuntirish ishlari OAV, Internet, tele- va radiodasturlardagi chiqishlar, o‘quv muassasalari, mahalla fuqaro yig‘inlari, turli tashkilot va korxonalarda ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish shakllarida amalga oshirilmoqda.
Olimlar va ulamolarimiz, soha mutaxassislari tomonidan aqidaparastlikning turli ko‘rinishlarini fosh etuvchi qo‘llanmalar nashr etilib, aholining keng qatlamlari ichida tarqatilmoqda.
Ulamolarimiz juma ma’ruzalarida, chegara hududlarda davriy ravishda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda mutaassib da’vatchilarning soxta da’volarini dalillar bilan fosh etib, aholini, ayniqsa, yoshlarni aldovlarga uchmaslikka chaqirmoqdalar.

Muallif: 2 kurs talabasi F.Shodixonova
Mas'ul: “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat  va ma’rifat bo‘limi” boshlig‘i G.Maxamedova

Другие новости

Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”
17.10.2024 29
Аҳмад Ол Қосимий: “Юртингизда бўлиб ўтган конференцияни эзгулик анжумани, деб аташ мумкин”ЖамиятТанлашРўйхатдан ўтингЧоп этиш11:56 / 17.10.2024Давлатимиз раҳбари ташаббуси билан Тошкент ва Хива шаҳарларида ўтказилган “Ислом – тинчлик ва эзгулик дини”...
Подробнее
ИСЛОМ – ТИНЧЛИК ВА ЭЗГУЛИК ДИНИ
15.10.2024 32
Тинчлик қарор топган юртда хотиржамлик ҳукм суради, жамиятда ҳар томонлама юксалиш бўй кўрсатади. Мамлакат тараққиёти, фаровонлиги, юрт аҳлининг тумуш ободлиги осойишталик туфайлидир.Шу нуқтаи назардан айтиш жоизки, давлатимиз раҳбарининг ташаббуси билан...
Подробнее
Ислом – маърифат, тинчлик, эзгулик дини Жамият
14.10.2024 32
Шу йилнинг 15-16 октябрь кунлари Тошкент ва Хива шаҳарларида “Ислом – тинчлик ва эзгулик” дини мавзусидаги халқаро конференция бўлиб ўтади. Ислом динининг пок ва маърифатга йўғрилган, тинчликпарвар ғояларини кенг тарғиб...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry