Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asarida vaqf masalalari talqini
XV asr jahon maʼnaviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hijriy 844 yil ramazon oyining 17-kuni (1441 yil 9 fevral)da Hirotda tugʻilgan. Navoiyning otasi temiriylar saltanatida amaldor, Sabzazor shahrining hokimi bo’lgan. Onasi ham satanat bekalaridan bo’lgan.
Otam bu ostonning xokbezi ,
Onam ham bu sarobo‘ston kanizi.
(MAT,1-tom,17-bet)
Taqdir taqazosi ila Mir Alisher Navoiy bir muddat Samarqandda istiqomat qildi. Samarqandda ekanligi vaqtida she’rlar yozdi, arabcha so‘zlar lug‘ati bo‘lmish «Sab’at ul-abhur»ni tuzdi, Sayid Hasan Ardasherga masnaviy bitdi, hamda «Hiloliya» qasidasini yozdi.
Husayn Boyqaro Mir Alisher Navoiyning bolalikdagi do’sti edi. Husayn Boyqaro taxtga o’tirgach, do’sti Alisherni 1469 yili Samarqanddan Hirotga chaqirib oldi. Alisher Navoiy Hirotga kelib, Sulton Husayn Boyqaroning ramazon hayiti kunida o‘tkazilgan “taxtga rasman o‘ltirish” marosimida qatnashib, “Hiloliya” qasidasini unga taqdim qildi.
Zamondoshlari Navoiyni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ataganlar. Chunki u din ishlariga puxta amal qilgan hamda Husayn Boyqaro saroyidagi eng nufuzli amir bo‘lgan. Husayn Boyqaro hokimiyat ishlarida Navoiyning aql va sadoqatiga tayanib ish ko‘rdi. Husayn Boyqaro Mir Alisher Navoiyning qarshiligiga qaramasdan, yuqori martabaga tayinladi(1472). Shundan boshlab shoir «Amiri kabir» (ulug‘ amir), «amir ul-muqarrab» (podshohga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf bo‘ldi.
Mir Alisherning amirlik yillari Hirotda obodonlik ishlari avj oldi, ma’naviyat gullab, yashnadi, adolat va haqiqat bayrog‘i hilpirab turdi. Bu lavozimda Navoiy xalq manfaati, shahar va mamlakat obodonchiligi, adolat tantanasi uchun jonbozlik ko’rsatdi, bularning barchasi Husayn Boyqaro davlatining barqarorligi va nufuzini ta’minladi.
Olam ishidin meni ma’lul et, yo rab,
Faqr emgagi tortarg‘a hamul et, yo rab.
Bu ishki, sening rizong uchun qilmishmen,
Ham ayni rizo bila qabul et, yo rab.
Hirot bu davrda nihoyatda ko‘rkamlashdi, xalq turmushi yaxshilandi, she’riyat, rivoj topdi. Talabalar uchun «Ixlosiya» madrasasi, musofirlar uchun «Xalosiya» xonaqohi, bemorlar uchun «Shifoiya» shifoxonasi, masjidi Jome’ yoniga qorixona («Dor ul huffoz») qurildi. Ulug‘ amirning kutubxonasida 70 dan ortiq xattot va musavvirlar qo‘lyozmalarni oqqa ko‘chirish, ularni badiiy bezash bilan band edilar. Hirotda yana «Nizomiya», Marvda «Xusraviya» va boshqa madrasalar bino etildi.
Va «Ixlosiya» madrasasi o‘trusida bu xonaqohg‘akim, imorati har nav’ riyo va g‘ashdin xoli erdi va xotirg‘a ko‘p taraddudin xalos berdi: «Xalosiya» ot qo‘ydum «La xalasa illa bil ixlosi», deya xabar qilinadi “Vaqfiya” asarida.
Amir Navoiy imkon qadar zulmga qarshu turdi, xalqning masahqqatini yengillatishga astoydil tirishdi. Bu haqida o’z tilida quyidagicha bayon qilinadi:
“Iligimdan kelgancha zulm tig‘in ushotib, mazlum jarohatig‘a intixol marhamin qo‘ydim. Va iligimdin kelmaganni ul hazrat arzig‘a yetkurdim”, deb bayon qilgan.
Mir Alisher Navoiy Davlat ishlari bilan bir qatorda o‘zining sevimli mashg‘uloti — badiiy ijod bilan shug‘ullanishni kanda qilmadi. 1472 yil davlat ishiga jalb qilingan bo‘lsa-da, ayni shu yilida “Badoye ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”), 1476-1483-yillarda esa “Navodir un-nihoya” (“Tuganmas nodirliklar”) nomi bilan ikki devon tuzdi. Butun umr ilm-u ijod bilan shug‘ullandi. Sharqda o‘tgan mashhur shayxlar, so‘fiylar hayoti haqida ma’lumot beruvchi «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadalari») asarini yozdi. 1500-yilda esa buyuk mutafakkir hayot tajribalarini o‘zida mujassam etgan «Mahbub ul-qulub» («Ko‘ngillarning sevgani») asarini yozdi. Budan tashqari hazrat Alisher Navoiy mashhur “Vaqfiya” asarini ham yozdi.
“Vaqfiya” asari 1481-1482 yillar oralig‘ida yozilgan bo‘lib, Navoiyning davlat arbobi sifatidagi faoliyati, vaqf qildirgan yerlari, qurdirgan binolari haqida ma’lumot beruvchi asardir. “Vaqfiya” Hamd, na’t va Sulton Husayn Boyqaro madhini o‘z ichiga olgan kattagina muqaddima bilan boshlanadi. Asarni shartli ravishda ikki qismga bo‘lish mumkin:
1.Navoiyning Sulton Husayn Boyqaro saroyidagi davlat arbobi sifatidagi faoliyati aks etgan o‘rinlar.
2.Navoiyning xayriya ishlari va vaqf qilib qoldirgan mulk yerlari; vaqfiya joylardagi idora usuli, xizmat uchun belgilangan lavozimlar, tayin etilgan maosh, o‘rnatilgan tartib-qoidalar bayoni.
Asarda Navoiyning mamlakat obodligi va el-yurt farovonligiga doir muhim fikrlari ham o‘z ifodasini topgan:
To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas.
To zulmu sitam jonig‘a bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
“Vaqf” so‘zi lug‘atda “tutib turish”, “to‘xtatish” ma’nolarini anglatadi. Shar’iy ta’rifi esa: “Muayyan narsaning aslini saqlab qolib, undan keladigan foydani sadaqa qilishni bildiradi”.
Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, merosga qo‘shib taqsimlanmaydi. Masalan er, suv, uy, maktab, masjid, shifoxona, kutubxona, mevali bog‘lar va boshqalarni musulmonlar evazsiz foydalanishlari uchun vaqf qilinishi mumkin.
Vaqf joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad ikkita:
1) Allohga taqarrub hosil qilish. Ya’ni, savob umidida xayriya qilib, oxiratga savob jamg‘arish;
2) Jamiyatdagi muhtoj kishilarning og‘irini yengil qilib, ularga yordam berishni yo‘lga qo‘yish.
Vaqf madrasa, masjid, mozor, qorixona kabi muassasalar foydasiga belgilangan turli ko‘rinishdagi mol-mulk bo‘lib, uning rasmiy-huquqiy hujjati vaqfnoma (mulk egalari oʻz mol-mulklarini diniy extiyoj yoki xayriya ishlari uchun berganligi toʻgʻrisidagi hujjat. Vaqfnomada mulkning vaqfga oʻtkazilishi sababi, mulk egasining nomi, vaqf mulkidan foydalanish tartibi, vaqf qilingan mulkning boshqaruvchisi, guvohlar koʻrsatiladi. Vaqfnomaga guvohlar shahodati va qozi tasdigʻi kerak boʻladi) deb atalgan.
Vaqf xo‘jaligi ishlarini yurituvchi shaxs – mutavallini belgilash va vaqf daromadini taqsimlash voqifning ixtiyorida bo‘lgan.
Sahobalardan Zayd bin Sobit raziyallohu anhu shunday deganlar: “Mayyit uchun ham, tirik uchun ham vaqf qilingan mulklardan ko‘ra foydaliroq narsani ko‘rmaganmiz. Mayyit uchun uning savobi oqib borib turadi, tirik uchun esa, mulki saqlanib qoladi, u na hadya qilib yuboriladi, na merosga qoldiriladi va na yo‘qolib ketadi”.
Jobir raziyallohu anhu esa: “Payg‘ambar alayhissalomning sahobalaridan qodir bo‘lganlari borki, albatta vaqf qilgan”, – deganlar.
Demak, musulmonlar orasida xoh boy bo‘lsin, xoh o‘rtahol bo‘lsin, har kim o‘z holiga yarasha biror narsani vaqf qilishi yaxshi odatga aylangan. Kimdir masjid, madrasa, shifoxona kabi ko‘chmas mulklarni, kimlardir ilmiy kitoblarni va yana kimlardir uy-ro‘zg‘or anjomlarini mo‘min-musulmonlarga vaqf qilib qoldirganlar.
Jumladan, Qur’oni karimning Baqara surasida shunday deyiladi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
(سورة البقرة الاية-261)
ya’ni: “Mollarini Allohning yo‘lida sarflaydiganlarning misoli, xuddi bir dona donga o‘xshaydir. Undan yetti boshoq o‘sib chiqadir, har boshoqda yuztadan don bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko‘paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat).
Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
أَنَّ عُمَرَ بْنَ الْخَطَّابِ رضي الله عنه أَصَابَ أَرْضًا بِخَيْبَرَ، فَأَتَى النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم يَسْتَأْمِرُهُ فِيْهَا، فَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ إِنِّي أَصَبْتُ أَرْضًا بِخَيْبَرَ لَمْ أُصِبْ مَالًا قَطُّ أَنْفَسَ عِنْدِي مِنْهُ، فَمَا تَاْمُرُ بِهِ قَالَ: إِنْ شِئْتَ حَبِسْتَ أَصْلَهَا وَتَصَدَّقْتَ بِهَا قَالَ: فَتَصَدَّقَ بِهَا عُمَرُ أَنَّهُ لَا يُبَاعُ وَلَا يُوْهَبُ وَلَا يُوْرَثُ، وَتَصَدَّقَ بِهَا فِيْ الْفُقَرَاءِ وَفِي الْقُرْبَى وَفِي الْرِقَابِ وَفِي سَبِيْلِ اللهِ وَابْنِ السَّبِيْلِ وَالضَّيْفِ…
(أخرجه الامام البخاري)
ya’ni: “Umar ibn Xattob raziyallohu anhu xaybardagi ulushlari hisobidan yerga ega bo‘ldilar. Shunda Nabiy sallallohu alayhi vasallamning oldilariga maslahatga borib: “Ey Allohning Rasuli, menga Xaybardan bir yer tegdi, men hech qachon bunchalik yaxshi molga ega bo‘lgan emasman. Buni nima qilishimga buyurasiz?” – dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar istasangiz, aslini saqlab qolib, foydasini sadaqa qiling”, – dedilar. Shundan so‘ng Umar uni sotilmaydigan, hadya qilinmaydigan, meros qilib qoldirilmaydigan, faqirlarga, qarindoshlariga, qullarni ozod qilishga, Alloh yo‘lidagilarga, musofirlarga, mehmonlarga sadaqa qildilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ulamolar quyidagi hadisni aynan vaqf ishiga dalil deb aytganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ اِنْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلَّا مِنْ ثَلَاثٍ،:
صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ، أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ
(رواه الامام مسلم)
ya’ni: Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi vafot etgach, barcha amallari undan uziladi: faqat uchta amalidan savob kelib turadi: sadaqai joriyadan, foydalanib turiladigan ilmdan va haqqiga duo qilib turadigan solih farzanddan” (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarning ko‘pchiliklari ushbu hadisi sharifdagi “sadaqai joriya”dan jumlasini “vaqf” deya izohlashgan. Chunki vaqf qilingan mulkning ajri doimiy ravishda vaqf qilgan insonga borib turadi.
Vaqf ishlari qadimdan yurtimizda joriy bo‘lib kelgan. Aholining o‘ziga to‘q qatlami ixtiyoriy ravishda turli mulk (yer, do‘kon va boshqa daromad manba)larini asosan madrasalarning ustoz va talabalariga, masjidlarning ta’minotiga, faqir va miskin insonlarning ehtiyoji uchun vaqf qilganlar.
“Vaqfiya” asarida bayon qilinganidek, Navoiy masjid, madrasa, shifoxona va boshqa inshootlar qurdirib qo‘ya qolmasdan, ularni kerakli darajada jihozlash, o‘z-o‘zini ta’minlash uchun vaqf yerlar ajratib berish, mudarrislar, tabiblar va boshqa xodimlar bilan ta’minlash, ularga oylik maosh, ozuqa, kiyim-bosh belgilashgacha, talabalar nafaqasi va kitoblarigacha, barcha-barchasini mukammal boshqarib, tashkil etib, o‘zi doimo xabar olib, nazorat qilib turishni ham unutmasdi. Chunonchi, madrasada ustoz va talabalarining soni va ularga ajratilgan maoshi va nafaqalari (stependiya) haqida:
“Arbobi vazoif — ikki olimi muttaqiy mudarris bo‘lg‘ay: har birining yilliq vazifasi ming ikki yuz oltun naqda, yigirma to‘rt yuk oshlig‘kim, sulsi arpa, sulsoni bug‘doy bo‘lg‘ay. Har halqai darsda o‘n bir tolibi ilmkim borisi yigirma ikki bo‘lg‘ay, olti a’lo; har biriga oyliq naqda yigirma to‘rt oltun, yilda bug‘doy besh yuk; vasat — sekiz; oylig‘ har biriga naqda o‘n olti oltun, bug‘doy yilliq to‘rt yuk; adno — sekiz: oylig‘ har biriga naqda o‘n ikki oltun, oshlig‘ yilliq uch yuk”.
Nizomiddin Mir Alisher binolar qurilishi bilan bevosita shug‘ullanar, usta va shogirdlari mehnatidan boxabar bo‘lib turardi.
“Xayru saxovatli binokor amir Alisher o‘sha imoratni tiklash xususida ko‘p g‘amxo‘rligi bo‘lganidan har kuni o‘sha sharofatli manzilga tashrif buyurar, ko‘p kunlar etakni belga qistirib, yollangan ishchilar kabi ustalarga g‘isht olib berardi hamda boshqa yumushlarni qilardi, tez-tez o‘sha yerdagi me’morlar, ustalar va kosiblarga qimmatbaho sarupolar kiydirar va ularni ko‘p siylash va boshqa in’omlar bilan xushdilu xursand qilardi. Shu tariqa tangrining quvvatlashi hamda podshoning cheksiz yordami bilan uch-to‘rt yillik ish olti oy muddat ichida oxiriga yetkazildi”.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy o‘z ijodida odamiylik, adolatparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, o‘zaro mehr-oqibat singari yuksak insoniy fazilatlarni tarannum etish bilan birga, saxovat va muruvvat bobida ham ulkan shaxsiy ibrat namunasini ko‘rsatgan.
Alisher Navoiy o‘z asarlarida moliyaviy ibodatning vaqf, zakot, fitr, ushr, fidya kabi turlari hamda ish, mehnat haqqi yoki banda haqqi, to‘lov haqida juda muhim ma’lumot, izoh va sharhlar bitgan.
Vaqf insonning asosiy moliyaviy ibodatlaridan biri sanaladi, Alisher Navoiy bu xususida o‘zining vaqf mulklari haqida “Vaqfiya” asarining bir faslida alohida bayon etgan. Yuqorida zikr qilganimizdek, “Vaqfiya” asarini ikki qismga ajratish mumkin. Manashu ikkinchi qismi ya’ni “Mahdudot” qismida Navoiy vaqf, vaqf huquqi kabi o‘zining moliyaviy ibodati bilan yaqindan tanishtirishga harakat qilgan. Mahdudot (Mahdudning ko’plik shakli bo’lib, cheklangan, chegaralangan, tayin qilingan degan ma’nolarni bildiradi) iqtisodiy atama, tushuncha bo‘lib, chegaralangan, atrofi o‘ralgan, atrofi aniqlangan joylar, er-suv va boshqa mulklar degan lug‘aviy ma’noni bildiradi.
Navoiyning “Vaqfiya” asarida yozgan mahdudot fasli ham tadqiqotchilar uchun nihoyatda muhim manba hisoblanadi. Chunki Navoiy mahdudotda o‘z qalami bilan vaqf qilingan barcha ko‘chmas mulklarining ro‘yxatini, mulk turlarini, joylashgan hududlari nomini birma-bir, tartib bilan yozib qoldirgan. Chunonchi: “… vaqf qilingan mahdudlarkim, shahr va tavobindadur, mujmalan (qisqa) mazkur bo‘lur va tafsili forsi vaqfnomalardakim, muqarrar aytilibdur.” Qizig‘i shundaki, u o‘z mahdudotlaridan olingan daromad, tushumni o‘z mablag‘lari hisobidan qurdirgan masjid, madrasa, shifoxona, rabot, xonaqoh va shu kabi yuzlab binolar ta’minoti uchun belgilab qo‘ygan hamda vatan, yurt obodligi, xalq manfati yo‘lida og‘ishmay sarflagan.
“Vaqfiya”ning mahdudot fasli aynan rasmiy uslubda bitilgan bo‘lib, bu holat adibning mazkur hujjatli faslda vaqf qilingan ko‘chmas mulk turlarini sharhlashda qo‘llagan ifoda va bayon tarzida yaqqol ko‘rinadi.
Navoiyning mahdudotda bitishicha, uning vaqf qilingan barcha turdagi ko‘chmas mulklari qonuniy, ya’ni “shar’ tariqi” va qonun himoyasida bo‘lib, ko‘chmas mulklarining barcha tafsiloti vaqf hujjatlarida fors tilida aniq yozilgani hamda guvohlar ishtirokida qozi muhri bilan tasdiqlab qo‘yilgani aytilgan.
Alisher Navoiy vaqflarini musulmonlarga shunchaki topshirib qo‘ymagan, har bir vaqf molining iste’moli shartlarini ham bayon qilgan. Belgilangan maoshga haqli bo‘lsa bo‘lmasa berilavermagan, shartlar bajarilmasa kamaytirilgan yoki vaqf hududidan chiqarib yuborilgan. Shu bilan birga vaqf shartlari bitilgan “Vaqfiya” asarini har o‘ttiz yilda yangilab turishni tavsiya qilgan. Vaqf mulkidan noto‘g‘ri foydalanganlarni qattiq ogohlantirib o‘tgan.
«Vaqfiya»ki tortildi base zahmat anga,
To bo‘ldi sharoyit xatidin ziynat anga.
Mashrut ila kim qilsa amal rahmat anga,
Ulkim, munga tag‘yir berur, la’nat anga.
***
Bu qoidani kimki tuzar, bor bo‘lsun,
Tengri bori holatda anga yor o‘lsun.
Kim buzsa, buzuqluqqa sazovor o‘lsun.
Haq la’natu qahrig‘a giriftor o‘lsun.
“Madrasa va xonaqoh orasidakim, tosh solibdurlar — qachon buzulurdek bo‘lsa, yildin-yilg‘a marammat qilsunkim, musulmonlarg‘a o‘tar — borur dushvor bo‘lmag‘ay. Yana shart ulkim, har o‘ttuz yilda mutavalli «Vaqfiya»ni mukarrar yangi bitgan va asl bila muqobila qilg‘ondin so‘ngra quzot sijillot bila muqobala qilg‘ay to ayyom mururi bila churumagay. Yana shart ulkim, hech zamonda sadr gumashtalari va mutavallilar bu sarkorda madxal qilmag‘aylar. Modomiki, sharti voqif bila muvofiq amal qilg‘aylar — bu sarkor amalasidin jam’ va xarj nusxasi tilamagaylar va hech nav’ nima alardin olmag‘aylarkim, alarg‘a halol va muboh emas”.
Mahdudot o‘ziga xos xulosa qismga ega bo‘lib, ulug‘ Navoiy mahdudotning xulosasini “Bu jami’ mahdudotkim, hududi vaqfiyalarda muqarrar mazkur bo‘lubtur dag‘i bu varoqta mujmal (juda qisqa) bitildi, yuqori mazkur bo‘lg‘on biqo’g‘a vaqfi sahihi sha’riy qilildi” deb qisqa tarzda bayon qilgan.
Yuz shukrki, buq’alar mukammal bo‘ldi,
Vaqfi bu hududkim, mufassal bo‘ldi.
Sekkiz yuz ediyu sekson olti ta’rix
Vaqfiyasi ul kunki, musajjal bo‘ldi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAT RO’YXATI:
Qur’oni karim
“Tafsiri hilol” shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hilol -Nashr” nashriyoti, Toshkent – 2016.
Alisher Navoiy mukammal asarlar to‘plami, “Vaqfiya” , Yigirma tomlik, O‘n to‘rtinchi tom, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi «Fan» nashriyoti
Navoiy zamondoshlari xotirasida, “Gʻofur Gʻulom” nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, Toshkent – 1985.
“Oltin Silsila” saihihul Buxoriy, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hilol -Nashr” nashriyoti, Toshkent – 2013.
“Oltin Silsila” saihihul Muslim, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hilol -Nashr” nashriyoti, Toshkent – 2019.
Botirxon Valixo’jayev. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (davri, zamondoshlari, hayoti, faoliyati, merosi)
Hurriyat gazetasi, 2021 yil iyul, Burobiya Rajabovaning “Navoiyning moliyaviy ibodati”.
“An-Naim” arabcha-o’zbekcha lug’at. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent – 2003.
Qomus info, onlayn enseklopediya.
https://kun.uz/uz/news/2017/02/09/
ToshDO‘TAU “Matnshunoslik va adabiy
manbashunoslik” 1-bosqich magistranti
D.B. Maxmudova