22.12.2022
277

„Johiliyat“ asri jamiyatlariga aylanganlar

Diniy ekstremizm — baʼzi diniy tashkilotlar yoki ayrim dindorlarning jamiyat qonun-qoidalariga mos kelmaydigan mafkurasi va faoliyatidir. Diniy ekstemizm koʻpchilik dinlarda mavjud boʻlib, uning tarafdorlari oʻz oldiga siyosiy maqsadlarni qoʻyadi. Islom ekstremizmining aqidasiga koʻra, birinchidan, goʻyo barcha hozirgi zamon musulmon jamoalari islomiy tuslarini yoʻqotganlar va „johiliyat“ asri jamiyatlariga aylanganlar. Bunday yondashuv hukumat va uning olib borayotgan siyosatini keskin tanqid qilish uchun „asos“ boʻlib xizmat qiladi. Ikkinchidan, goʻyo faqat „haqiqiy“ musulmonlar hokimiyatga kelgach, barpo boʻlajak „islomiy tartib“ni o'rnatish uchun keskin va agressiv harakat qilmoqlari lozim. Bunday harakatning qonunga muvofiqligi masalasi ular tomonidan umuman oʻrtaga qoʻyilmaydi, zero, ular faqat shariatga (bu ham ularning tor talqinida) tayanib ish koʻradilar va oʻzlarini islomdan chekingan hokimni agʻdarishga go'yo haqli deb biladilar. Islom ekstremizmining „nozik“ tomoni uning „din“ga (haqiqiy dinga emas) asoslanganidadir. Guruh rahbarlari oʻz qoʻl ostidagi aʼzolarining ongiga shu darajada taʼsir oʻtkazadilarki, ular xatto oʻzlarini qurbon qilishga, muayyan maqsad yoʻlida „shahid“ yoki „kamikadze“ boʻlishga tayyor turadilar. „Musulmon birodarlar“ harakati (Misr, 1928) dan yetishib chiqqan Sayyid Qutb (1906—1965) hozirgi zamon islom ekstremizmining gʻoyaviy asoschisi sifatida tan olingan. Uning „nazariya“siga koʻra, oʻzini musulmon deb hisoblovchilarning koʻpchiligi aslida musulmon emas va umuman, barcha davlatlar islomga qarshidirlar. Demak, maqsad — islom davlatini barpo qilish va jamiyatni toʻligʻicha islomlashtirishdir.
Xristian dinining baʼzi sektalariga asoslangan koʻplab diniy ekstremistik harakatlar ham mavjud. Ayniqsa, „yahvechilar“, „pyatidesyatniklar“, „tashabbuskor baptistlar“ umuman qonuniy hokimiyat va dunyoviy qonunlarni tan olmaydilar. Ularning fikricha, goʻyo cherkov davlatdan yuqori. Pyatidesyatniklarning baʼzi guruhlari esa oʻz tobelarini oʻta shafqatsizlik bilan ado etiladigan ibodatlarga zoʻrlaydilar, dunyo neʼmatlaridan voz kechib, tarkidunyochilik bilan yashashga daʼvat etadilar.
Diniy ekstremizm yoki ashaddiy aqidaparastlik turli koʻrinishlarda namoyon boʻlishi mumkin. Mas, Olsterdagi „ultra“ protestantlar, Yaqin va Oʻrta Sharqdagi „Musulmon-birodarlar“, Markaziy Osiyo va Kavkazda paydo boʻlgan vahhobiylar (qarang Vahhobiylik) va boshqa. Ular jamiyatga va qonunlarga deyarli bir uslubda qarshi kurash olib boradilar.
Diniy ekstremizm muayyan koʻrinishda Oʻzbekistonda ham paydo boʻldi. Islom ekstremizmi guruhi faoliyati natijasida 1997 yil dekabrda Namangan shahrida bir necha qotilliklar yuz berdi. Oʻtish davriga xos iktisodiy qiyinchiliklar, xalqning diniy qarashlarga taʼsirchanligi va diniy urf-odatlarga moyilligidan foydalanib, ekstremistlar ochiqdan-ochiq kuch bilan Fargʻona vodiysida ijro va sud hokimiyatining ayrim vazifalarini oʻzlashtirishga harakat qildilar. 1999-yil 16 fevralda Toshkent shahrida yuz bergan voqealar diniy aqidaparastlarning asl maqsadi konstitutsiyaviy tuzumga zarba berish va hokimiyat tepasiga kelish ekanini koʻrsatdi. Diniy ekstremizmning Oʻzbekistonga tahdidini aqidaparastlikni yoyish orqali mavjud davlatga ishonchni yoʻqqa chiqarishga urinishda kuzatish mumkin. Ekstremistlar jamiyatda erksiz, mute, faoliyatsiz kishilar safini orttirish, „soxta“ va „haqiqiy“ dindorlik belgilari boʻyicha qarama-qarshilikni keltirib chiqarishni koʻzlaydilar. Ular oʻz maqsadlariga erishish uchun jangarilarni tayyorlashga ham harakat qildilar. Oʻzbekistonni Gʻarbga „islomlashtirilgan“, Sharqqa esa, aksincha, „dinsiz“, „daxriy“ shaklda koʻrsatib, respublikaning xalqaro obroʻsiga putur yetkazish niyatida boʻldilar. Ular umuman islom sivilizatsiyasi bilan noislomiy sivilizatsiyalar oʻrtasida yalpi qaramaqarshilikni kuchaytirish kabi yovuz rejalarni tuzishdan ham qaytmadilar.
        2000-yilning kuzida ekstremistlarning Oʻzbekistonga qurolli hujum uyushtirgani ularning Afgʻonistonda in qurib olgan xalqaro terrorchilar va narkobiznes bilan uyushib ketganidan dalolat berdi. Shu munosabat bilan Prezident Islom Karimov: "Bugun dinimizni asrash kerak, moʻmin-musulmonlarni himoya qilish kerak. Lekin dinimizni, birinchi galda, oʻzini „chin musulmon“ deb daʼvo qilayotgan ana shu yovuz kuchlardan, har qadamda „jihod“ deb ogʻiz koʻpirtirib, din nomidan buzgʻunchilik qilayotgan qonxoʻr va qotillardan asrash kerak", — degan edi. Faqat 2001-yil 11-sentabr kuni Nyu-York va Vashingtonda sodir etilgan mudhish terrorchilik hujumlaridan keyingina dunyodagi yetakchi davlatlar AQSH boshchiligida bu yovuz illatga qarshi keng miqyosda kurashga bel bogʻladi.

Tayyorladi: 2 kurs talabasi R.Abdurasulova
Mas'ul: “Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat  va ma’rifat bo‘limi” boshlig‘i G.Maxamedova

Другие новости

MAXLUQOTLAR ALLOHGA OʻXSHAMAS
24.12.2024 3
Imom Abu Ja'far At-tahoviy o'zlarining "Aqiydatut Tahoviyya" nomli kitoblarida shunday keltiradilar: لا يُشْبِهُهُ الأنامُ Ya'ni, Alloh taologa hech narsa oʻxshamaydi.Yuqoridagi matnda kelgan أنام soʻzi 3 xil ma'noda ishlatiladi: 1.Har bir...
Подробнее
KITOB -MA'RIFAT CHIROG'I
23.12.2024 4
Dunyoni faqat ilm bilan zabt etish mumkinligi bugungi kunda hech kimga sir emas. Ilmni chuqur egallashning yo'li esa bitta – kitob o'qishdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mutolaa haqida fikr bildirib, jumladan,...
Подробнее
Kichik amalning ulkan ajri!
23.12.2024 4
Bir hadis sharhi🌸“Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir”-, deya marhamat qilgan Alloh taologa cheksiz hamd-u sanolar bo’lsin.“Jonim izmida bo‘lgan Zotga...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2024 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry