02.03.2025
8

ILMGA E’TIBOR – TARAQQIYOT OMILI

ILMGA E’TIBOR – TARAQQIYOT OMILI

 

"Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur" deya marhamat qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin.

“Yaxshilikni ta’lim beruvchi kishiga barcha narsalar, hatto dengizlardagi baliqlar ham duo va istig‘for aytib turadilar” deya yaxshilikni ta’lim berishda eng go‘zal ibrat bo‘lgan Payg‘ambarimizga cheksiz salovatu durudlar bo‘lsin!

Ilmning, olimlikning sharofati ulug‘. Ilm o‘z sohibining nomini yuksaklarga ko‘tarish barobarida u tug‘ilib o‘sgan zaminni ham sharaflarga burkaydi. Shayx ul-islom Imom Burhonuddin Marg‘inoniy, yurtimizdan yetishib chiqqan ulugg‘ olim Hadis ilmining amiri Imom Buxoriy, Imom Termiziylar ayni shunday allomalar sirasiga kiradi. Ularning barchalari o‘z asarlarida ilm va olimlik fazli maslaasiga alohida e’tibor qaratib, to‘xtalib o‘tganlar.

Buyuk mutafakkir olim Alisher Navoiyning asarlarida ko‘plab ilm va olimning fazli masalasiga to‘xtalinadi. Ularda ba’zi misralarni misol qilib keltirsak. “Nazm ul-javohir” asari yuksak e’tirofga sazovor ulug‘ sahoba, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning amakisi Abu Tolibning o‘g‘li, payg‘ambarimizning sallallohu alayhi vasallamning kuyovlari hazrat Alining 255 hikmati sharhiga bag‘ishlangan.

Hazrat Alisher Navoiyning 1485-yili yozilgan “Nazm ul-javohir” asari islom ma’rifatining nazmiy ifodasi sifatida alohida ahamiyatga ega bo‘lib, unda shunday misralar bor:

 

Ilm o‘ldi sharaf din aro har oying‘a, 

Bormoq bo‘lur o‘rgangali ani Ching‘a, 

Dinda ulamo mujib erur tazying‘a, 

O‘lmoqlik alarg‘a raxna soldi ding‘a.

 

Birinchi satrda “Ilm ¬– dunyoning izzati va oxiratning sharafidir”, ikkinchi misrada “Xitoyga borib bo‘lsa-da, ilm o‘rgan” mazmunidagi hadislar mohiyati yuksak badiiy talqin etilgan. Ruboiyga asos sifatida olingan “Olimlarning o‘limi dinga tushgan darzdir” mazmunidagi hikmat ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslangan. Hadis mazmuni quyidagicha: “Alloh taolo ilmni shunchaki sug‘urib olmaydi, balki olimlarning o‘limi bilan ko‘taradi. Hatto birorta olim qolmaydi va odamlar o‘zlariga johillarni yo‘lboshchi qilib oladi. Odamlar ulardan savol so‘rashadi va ular o‘zlari bilmagan hollarida fatvo beradilar. O‘zlari ham adashadilar, odamlarni ham adashtiradilar”. Ulug‘ mutafakkir nazmda ifodalagan bu hikmat olimlar jamiyat uchun qanchalik zarur ekani, ularni qadrlamay turib taraqqiyotga erishib bo‘lmaligi haqidagi benihoya muhim xulosaga olib keladi. 

Hazrat Navoiy “Farhod va Shirin” dostoni Sulton Husayn Boyqaroning o‘g‘li Shohg‘arib Mirzoga nasihat o‘laroq yozilgan bobida mana bunday ta’kidlaydi:

 

Birovkim qilsa olimlarg‘a ta’zim,

Qilur go‘yoki payg‘ambarg‘a ta’zim.

 

Buyuk bobokalonimiz fikricha, olimlarga ehtirom ana shunday darajada bo‘lmog‘i kerak. Olimlarning o‘limi dinga tushgan darz ekani haqidagi hadis yana boshqa bir muborak hadisni yodga soladi: “Olimning o‘limi – olamning o‘limi”. Inson kamoloti va jamiyat taraqqiyotining asosi ilmdadir. Shu bois olimlardan ayrilish bora-bora jamiyatning tanazzuliga sabab bo‘ladi.

Ilm sohiblari va tolibi ilmlar o‘zlarini Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan meros bo‘lgan go‘zal xulq bilan ziynatlashlari ham lozim bo‘ladi.

Bu borada ulamolarning ko‘plab tavsiyalari mavjud. Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan Gʻiyosiddin Habibulloh, Ne’matulloh Isomov qilgan tarjimasida quyidagilar keltiriladi: 

"Agar siz tolibi ilm bo‘lsangiz, halim bo‘ling! Ilm va halimlik (yumshoqfe’llik) birlashganda yuzaga keladigan go‘zallik boshqa hech qayerda topilmaydi.

Ulamolarning fikrlarini, hakim zotlarning fahmini o‘zlashtirishga harakat qiling. Zero yolg‘iz odamning fikri qanchalik kuchli bo‘lmasin, toyilib qolishi mumkin. Shunday ekan ko‘pchilikning fikri tomon yuring.

Biror ma’lumotni kimdandir naql qilsangiz, albatta aytgan odamga nisbatlab ayting. Ma’lumotni egasiga nisbatlash ilmning shukrini ado etish hisoblanib, ayni vaqtda bu ilmingizga baraka olib keladi".

Shayx Saiyd Tantoviy rohimahullohning tolibi ilmlarga aytgan nasihatlariga qarang: “Ey bolalarim, topganlaringiz ichida eng yaxshilarini o‘qingiz.

O‘qiganlaringiz ichidan eng yaxshilarini yozib olingiz. Yozganlaringiz ichra eng yaxshilarini yod olingiz va yodlaganlaringiz ichidan eng yaxshilarini odamlarga gapiringiz”.

Bugun milliy istiqlol sharofati bilan yurtimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganiga butun dunyo guvoh. Istiqlol yillarida Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiy, Al-Farg‘oniy, Sohibqiron Amir Temur va boshqa ko‘plab ulug‘larimizning muborak nomlari, bebaho ilmiy merosi xalqimizga qaytarib berildi. Ularning sha’niga munosib muazzam obidalar qad rostladi. Buyuk ajdodlarimiz qoldirgan boqiy merosni o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazildi va o‘tkazilayotir. Bunday xayrli ishlarni sanab adog‘iga yetish qiyin. Birgina Imom al-Buxoriy masjid-majmuasini olaylik. Uning tarixi va bugungi darajasini qiyoslashning o‘ziyoq istiqlol yillarida amalga oshrilgan bunyodkorlikning ulkan ahamiyatini chuqur anglash, teran his etish imkonini beradi. 

Chor Rossiyasi yurtimizni bosib olar ekan, mustamlakachilar bu yerda o‘zlaridan bir necha barobar yuksak madaniyat sohibi bo‘lgan bir millatga duch keldi. Rus akademigi V.Bartold o‘zining "Turkiston safari haqida hisobot" nomli asarida "... biz shu paytgacha madaniy saviyasi o‘zimizdan past bo‘lgan xalqlarning yerlarini bosib olgandik. Turkiston misolida esa tamoman teskari holatga duch kelib turibmiz. Turkistonliklar bizning harbiy ustunligimizga tan berishdi, ammo ma’anaviy jihatdan bizni tan olishgani yo‘q", – deb yozgan edi. Endi bu millat ustidan chinakamiga hukmronlik qilish uchun uni ma’naviy merosidan uzoqlashtirish, qalbiga qullik psixologiyasini joylash zarur edi. 1909-yili Turkiston general-gubernatori A.Samsonov Samarqanddagi tarixiy va me’moriy yodgorliklarni ko‘rish uchun keladi. Sayohat so‘ngida arxeolog V.Vyatkin bu yodgorliklarni saqlash va ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishni iltimos qiladi. General buni keskin rad etib: "Eng yaxshisi, to‘rtta artilleriya vzvodini olib kelib, bu vayronalarni tekislab tashlash kerak", – deydi. Keyinroq general-gubernator Samsonovga yana shunday iltimos qilinganda: "Bu obidalar qanchalik tez vayron bo‘lsa, biz uchun shunchalik yaxshi", – deya javob beradi. Sho‘rolar zamonida ham madaniy yodgorliklarimizga bo‘lgan munosabat shu tarzda davom etdi. Hatto, undan ham yomonlashdi. Ajdodlar merosi bo‘lgan bu obidalar, jumladan, Imom al-Buxoriy ziyoratgohi ham chiqindixonaga aylantirildi. Ba’zi yodgorliklarda cho‘chqa va boshqa turli hayvonlar boqildi. Maqsad o‘sha-o‘sha edi: xalqni, millatni o‘z shonli o‘tmishidan ayirish, ajdodlari kimlar bo‘lganini bilmaydigan va hatto bu haqda o‘ylab ham ko‘rmaydigan manqurtlarni yetishtirish.

Mustabid Chor Rossiyasi, undan keyin sho‘ro istibdodi hukm surgan murakkab va ziddiyatli bir davrda milliy axloqni saqlash masalasi kun tartibida turgan dolzarb masalalardan edi. Jadidlar milliy axloqni milliyatning asosi deb bildilar. 

Taraqqiyotga erishmoq uchun Sharqning shuhrat-shonini ta’min etgan buyuk daholar yo‘lini tutmoq, ulug‘ avliyo bobolarning ezgu duolariga tayanmoq zarurligi haqidagi xulosa barcha zamonlar uchun ahamiyatlidir.

Bizning yurtimizda bugungi kunda taraqqiyot sari aynan shu yo‘ldan yuritayotgani ham Vatanimiz taraqqiyotining asosi bo‘lmoqda deyishimiz mumkin. Buning uchun Alloh taologa ko‘pdan ko‘p shukrlar qilishimiz lozim. Zero, Alloh taoloning haq va’dasi bor: Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlarni) eslangiz: «Qasamki, agar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Endi agar kufroni (ne’mat) qilsangizlar, albatta, azobim ham juda qattiqdir».

Alloh taolo bizlarni ko‘plab shukr qiluvchilardan aylab, bergan ne’matlarini ziyoda va bardavom qilsin!

 

Xadichai Kubro islom ta‘lim muassasasi oʻqituvchisi, 

ToshDO‘TAU doktoranti Kenjaboy G.

Другие новости

💐NAVRO’Z - O’n ikki maqom ✨
04.03.2025 7
#Navruz #Bahor_shukuhi #Inson_qadri 🌿Navro’z (fors. - yangi kun) - shamsiya (quyosh) yil hisobida yilning birinchi kuni (Kalendar); O’rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy an'anaviy bayrami. Bahorgi teng kunlikka...
Подробнее
Ramazonda to‘g‘ri ovqalanishni 9 ta oltin qoidasi!
04.03.2025 7
Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Uzoq soatlik ochlikdan so‘ng, turli taomlarga boy iftorlik dasturxoni bizning Ramazonda sog‘lom ovqatlanish haqidagi orzularimizni yo‘qqa chiqarishi mumkin. Ramazonda to‘g‘ri ovqatlanish haqida bilish...
Подробнее
“MUBAYYAN”DA E’TIKOF MASALALARI
27.02.2025 11
“Mubayyan”da e’tikof borasidagi hukmlar bilan tanishib chiqamiz. “Mubayyan”da e’tikofning ta’rifi va unga oid hukmlar quyidagicha kelgan: “Ramazon oyi, bilki, sunnatdur: so‘nggi ashrida e’tikof o‘ltur. Ushbu sunnat muakkadadur, bil, lek muni...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry