
Mahmudxo’ja Behbudiy asarlarida islom dini
Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari noshir mutafakkir, yozuvchi, dramaturg bo‘lish bilan birga diniy ilmlarni ham puxta egallagan olim edi. U zot hazratlari yoshlik vaqtlaridayoq Qur’oni karimni to‘liq yod olib qorilik maqomini olgan. Shu bilan bir qatorda islom huquqshunosligiga oid bo‘lgan “Muxtasar ul-viqoya” va “Hidoya” kitoblarini puxta o‘rgangan olim ham edilar. Otalari Behbudxo‘ja o‘z davrining ilmli kishilaridan edi. Mahmudxo‘ja dastlabki diniy ilmlarni otasi Behbudxo‘ja va tog‘asi Muhammad Siddiqdan ta’lim oladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy diniy ilmlar olimi bo‘lganligini “Oyna” jurnaliga yozgan bir qator diniy mavzudagi maqolalaridan ham bilishimiz mumkin. Jurnaldagi diniy asarlarni islomshunoslikka oid yo‘nalishlarga ko‘ra quyidagicha tasniflashimiz mumkin.
1.Aqidaga oid maqolalar.
2.Fiqhga oid maqolalar.
3.Islom tarixiga doir maqolalar.
Bundan tashqari Qur’oni karim, tafsir, hadis, usul-ul fiqhga doir bir qancha maqolalarni Mahmudxo’ja Behbudiy asarlarida uchratishimiz mumkin.
“Oyna” jurnalidagi aqidaviy maqolalarni tasnif qilishdan avval aqida so‘ziga izoh berib o‘tamiz. Aqida ilmi islom dinining asosini tashkil etadi. U to‘g‘ri bo‘lmasa, qilingan ibodatlar Alloh dargohida ijobat bo‘lmaydi. Insonning e’tiqodi dinidagi birinchi unsur hisoblanadi. E’tiqod arab tilidagi bir fe’lning o‘zak so‘zi hisoblanib, arab grammatikasida masdardir. ”Aqd” so‘zi arab tilida bog‘lab qo‘yish deganidir. Lug‘at jihatidan tushunadigan bo‘lsak, bir narsani bog‘lab qo‘yish degani. Diniy iste’lohda esa iymonni bog‘lab qo‘yish deganidir. Tom ma’noda esa Alloh taologa ishonch tushuniladi.[1] E’tiqodda hech qanday ikkilanish bo‘lishi mumkin emas. Aqida va e’tiqod so‘zlari umumiy ma’noda sinonim qo‘llanib keladi. Bu borada So‘fi Allohyor bobomizning aqida bilmagan shaytonga eldur, agar ming yil ibodat deb qilsa ham yeldur degan gaplaridan shuni tushunishimiz mumkinki, musulmon kishining dindagi tushunchalari Alloh taolo buyurganiga muvofiq bo‘lmas ekan, u ibodatlar qabul bo‘lmasligi tushuniladi. Behbudiy hazratlari “Oyna” jurnaliga yozgan bir necha maqolalarida aynan aqidaviy masalalarni yoritib beradilar. Jurnalda aqidaga oid diniy maqolalarni aksar qismini Behbudiy o‘zlari yozganlar. Buning boisi shar’iy ilmlarni yaxshi bilganlaridan bo‘lsa kerak. Masalan "Oyna" jurnalining 1914-yil,12-sonidagi “Favqulodda takfir”[2] nomli maqolani oladigan bo‘lsak, bolalarini jadid maktablarida o‘qitayotganlar kofir bo‘lurlar, deganlar shariatga xilof ish tutayotganlardir, deb qoralanadi. Eng mo‘tabar arboblar ham farzandlarini jadid maktablarida o‘qitayotganlari ta’kidlanadi. Jurnalda shunday keladi:”Mirzo Ulug‘bek hazratlari jome’inda muazzin tarafidan usuli jadid maktabinda va ham ruscha o‘qumoqni yomonligi haqinda jum’adagi musulmonlarg‘a nutq qilingani va har kim usuli jadida maktabiga bola bersa “o‘zi kofir xotuni taloq” bo‘lishini forsiy til ila uzun va hayajonlik nutq ila xaloyiqqa bildurub, hamda …… larni “kofir va o‘rus” hamda “kofir va o‘ris qilguvchi” deb e’lon qilindi”[3]. O‘sha davrning sodda yoinki ilmsiz kishilari yangicha uslub maktablarida farzandini o‘qitayotgan ota-onalarini kofirlikda ayblab dinsizga chiqarganlar. Bu ham yetmaganday xotini taloq deya asossiz hukum chiqardilar. Islomda bir kishini kofirga chiqarish unga asossiz do‘zaxda qolasan deyishga teng gapdir[4]. Qolaversa, jamiyat kishilari orasida uning o‘rnini o‘z bilganicha belgilab berish demakdir. Maqola davomida: “chunonchi, muazzin derki, “Bu so‘zlarni o‘zumdan aytmayman, ulamo qavli va buyrug‘i ila derman. Maqzuf (tashlandiq) va maqduh (la’natlangan) lar ushbu to‘g‘rida shirkatlar va qonun mahkamalarig‘a va yer yuzindagi musulmonlarni vijdoniga ruju’ etarlar. Shunida favran yozayinki , kofir degan odamlari azaliy va abadiy musulmondur. Unlar kufrni abadan qabul etmaydurlar. Turkistonda yuz ming otalar borki, bolalari usuli jadid maktabig‘a o‘quydur”.[5] Maqolaning birinchi qismi shu yerda yakunlanadi. Maqolada usuli jadid maktablariga farzandlarini o‘qishga bergan ota-onalarni kofirga chiqargan muazzin, bu holatni o‘zining xohishi bilan emas balki, ulamoning gapi bilan aytarman demoqda. O‘sha davrda dunyoviy ilmlarni daxriylik, kofirlik, dinga xilof deya ta’qiq qilgan mahalliy mullalar ha