
Mahmudxo’ja Behbudiy asarlarida islom dini
“Oyna” jurnalida aqidaga doir maqolalarni o‘z bilganimizcha tahlil qildik. Shu bilan bir qatorda fiqhiy masalalarga oid maqolalar ham bir qancha. Ular quyidagi mavzular ostida berilgan. Hozir ulardan bir nechtasini keltirib, tahlil qilishga kirishamiz
“Tahsil va safar zamoni va taom” ushbu maqolada farzandiga rus tilini o‘rgatmoqchi bo‘lgan ota-onalar farzandlarini 8-9 oy rus xonadoniga bersa va bu xonadonda bolaning ovqat yeyishi mumkin yoki, mumkin emasligi masalasiga berilgan fatvoni ko‘rib chiqamiz. Hazrat Behbudiy ushbu maqolani o‘sha davr ijtimoiy hayotida bo‘lib turgan diniy tortishuvlarga yakun yasash maqsadidan kelib chiqib yozdilar. U vaqtda jamiyatdagi yosh bolalarni til o‘rganib, Turkiston idoralari kursilarini ruslar emas, Turkiston yoshlari egallashlari jadidlarning orzusi edi. Idora egalari ruslar emas balki, Turkiston farzandlari bo‘lishini xohlagan Behbudiy oyat asosida javob berganini ko‘rishimiz mumkin.Dalil sifatida Jurnaldagi maqoladan keltiramiz: “Endi rus taomining masalasi shu hadis ila va ham ushbu oyati sharifa ila hal bo‘lur. Xudoi taolo Qur’oni karimda der:”Alyavma uhilla lakum ut-toyyibatu, va toamullazini u’tul kitaba hillun lakum” alayatu, ya’ni[1] “Bu kun halol qilindi siz musulmonlar uchun toza nimarsalarni va ahli kitobning taomi sizlar uchun haloldur”.” Ana Xudo va rasulining farmoyisha va marhamati shudur. Oyatdan, Tavrot va injilni o‘zlari uchun kitob bilguvchi, nosoro va yahudiy taomining musulmonlarg‘a yemoq durustligi ham pok, ham hallolligi chiqar.
Agarda Xudo va Payg‘ambar halol qilgan nimarsani yemayturgan bo‘lsak, va halolni yemaslik ila taqvolik va so‘filik sotaturgan bo‘lsak, ul albatta, shariatdan boshqa, vijdoniy va yoinki xohishi nafsoniy bir ishdur. Albatta, shubha qilaturg‘onlar borki, nasorolardan bir qismi kres-salb osar, ibodatxonalarig‘a suvrat qo‘yar, “Aknum suls”g‘a e’tiqod etar va muning ila ahli kitoblik chiqar. Farazan bu shubhani qabul qilganda va ba’zi nosorolar bo‘lgan suratda ham yuqoridagi oyat ila taomlarini “Bismillah deb yemoqimiz shar’an mumkindir. Holbuki ba’zi nosorolarni “suls salosa so‘zlari” ko‘pdab beri bo‘lub, Qur’oni karimni rad vahdoniyati Xudoni isbot etsa ham alarni ul so‘zlarini Qur’onda zikr etib turib, yana “Ya ahlal kitab”, deb qur’onda zikr va nido etar. Ya’ni kitobiyligidan chiqormaydur. Yahudiylarga hokazo”[2].
Shu o‘rinda Shayxh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Tafsiri Hilol” Qur’oni karim ma’nolaridan tarjima kitoblaridan misol keltirishni o‘rinli deb topdik. Behbudiy hazratlari tafsir ilmini ham chuqur bilganliklarini guvohi bo‘ldik. Behbudiy hazratlari keltirgan taom masalasidagi dalil shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf keltirgan dalillari bilan deyarli bir xil. Moida surasining ma’nolari tarjimasida shunday keladi:”Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir”. Yuqorida zikr qilib o‘tilgan oliymaqom ma’no yana bir bor ta’kidlanmoqda.Keyin esa, halol-harom masalasida g‘ayridin millatlar bilan ham o‘ziga xos muammolar, kengchiliklar borligi eslatilib, bu haqda ba’zi hukmlar bayon qilinmoqda:” Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir”.[3]
Islom musulmonlarga nomusulmonlar bilan birga tinch—omon yashashga ruxsat bergan. Lekin shuning o‘zi yetarli emas. Modomiki, musulmonlar jamiyatda boshqa din vakillari bilan birgalikda yashar ekanlar, tabiiyki, o‘rtada turli shakllardagi yaqinliklar paydo bo‘lishi, o‘zaro bordi-keldi qilishlari mumkin.Shundan kelib chiqib musulmonlarga ahli kitoblarning so‘yishlari halol qilingan.Bu oyatda taom so‘zi qo‘llangan, ammo undan ahli kitoblarning barcha taomlari, jumladan, cho‘chqa yoki boshqa harom hayvonlarning go‘shti, aroqqa o‘xshash ichimliklari ham halol ekan-da, deb tushunilmasligi kerak. Bu narsalarning haromligi o‘z- o‘zidan hammaga ma’lum. Asli o‘zi halol bo‘lgan boshqa narsalar haqida ham avval aytib o‘tildi. Demak, bu yerda gap go‘shti asli halol bo‘lgan hayvonlar ahli kitoblarning dinlari asosida so‘yilgan bo‘lsa, halol bo‘lishligi haqida ketmoqda.
Ba’zi kishilar: “Sizlarning taomingiz ular uchun haloldir”, deyishlik nima uchun kerak bo‘ldi ekan? Ular Qur’on hukmiga amal qilishmaydi-ku? Halol –haromning ham farqiga borishmaydi-?, deyishlari mumkin. Ulamolarimiz bunga javoban: “Mazkur xitob mo‘minlarga qaratilgan, sizlar ham ularga o‘z taomingizdan bersangiz bo‘laveradi, deganidir”, - deydilar.[4]
Boshqa din vakillariga nisbatan Islomdagi bag‘rikenglik ushbu hukm bilan chegaralanib qolmaydi. Behbudiy hazratlarida bag‘rikenglik tushunchasi ham yuqori bo‘lganligini ushbu ahli kitoblarga nisbatan xolis yondashganlaridan ham bilishimiz mumkin. O‘sha davr nuqtai nazaridan olib qaralsa ruslar Turkiston o‘lkasini bosib olgan davr edi. Tabiiyki bunday vaziyatda hukumat ishlari uchun ko‘plab ruslar O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar, o‘zbeklar bilan qo‘shnichilik qilganlar va birga yashaganlar. Ijtimoiy turmushdagi barcha marosimlarda o‘zaro aloqadorlik bo‘lgan albatta. Bir – birlarini to‘y va azalarida qatnashganlar. Maktablarda o‘zbeklar va ruslar birga ta’lim olganlar va bir – birlari bilan birodarlik qilib uylariga tashrif buyurib taomlaridan tanavvul qilganlar.Shunday vaziyatlarni Behbudiy hazratlari inobatga olib oyatlardan hukm qilganlar. Shu vaziytlarni hisobga olgan holda ushbu oyatga binoan ahli kitoblarning taomini yeyishlik halol bo‘lishi borasida fatvo bergan deb tahmin qildik.
Keyingi maqolamiz isrof masalasida bo‘lib, “Oh banklar bizni barbod etdi!” deb nomlanadi. Maqola mazmuniga keladigan bo‘lsak, 1913-1914- yillarda Turkistonda bank atalmish yangilik kirib keldi va uning nomi bank deb ataldi. O‘sha kezlarda ko‘plab musulmonlar banklarga pullarini qo‘yishar va bankdan pul olib to‘y va aza uchun sarf qilib, isrof qilishar edi. Behbudiyning maqolalari aynan bankdan pul olish yoki bankka pul qo‘yish islom shariatida joiz yoki joiz emasligi masalaida emas, balki, bankdan pul olib, uni isrof qilib qarzga botish masalasida. Shu o‘rinda aytishimiz mumkinki Behbudiy hazratlari bankka ruxsat berganmi yo‘q? U kishi boshqa taraflama yondashganlar balki o‘sha pullarni olib to‘ylarga sarflayotgan o‘zbeklarni qattiq tanqid ostiga olganlar. Maqoladan parcha keltiramiz: “Bonk sababi ila yahudiy, Armani va boshqalar davlatluk bo‘lur. Biz bo‘lsa, bilaks davlatimizdan, mulku obro‘yimizdan ayrilarmiz. Chunonchi,qo‘lda bor nimarsamizni to‘y-u azag‘a, behuda odatlarg‘a sarf etarmiz. Qarz ila imorat, to‘y qilib fisq –u boylik qilarmiz, isrof qilarmiz. Oxiri” xusrud- dunyo va oxira” bo‘lurmiz”. Bu sabab ila faqirlik darajasinda tushub, so‘ngra bonkdan dodxoxlik qilarmiz”[5]. Ushbu maqolada bankdan pul olib olgan pullarini noo‘rin ishlatib isrof qiladiganlarga xitob bor. Behbudiy hazratlari bankdan olingan pullarni vaqtida qaytarmay qarzga botgan zamondoshlariga bu ishlari mutlaqo joiz emasligi oxiratda ham isrof qilib gunohga botib, javob berishlari haqida yozganlar. Shunga o‘xshash maqolalardan yana keltirishimiz mumkin. “Mayda qarz mulki kredit”,[6] “Andijonda yangi bank”[7] sarlavhasi ostidagi maqolalar ham shular jumlasidandir. Bundan tashqari yana koplap fiqhiy mavzudagi maqolalarni ko‘rishimiz mumkin.
“Oyna” jurnalidagi keyingi turkum maqola islom tarixi mavzusidagi maqolalardir.Mahmudxo‘ja Behbudiy diniy ilmlardan tafsir, hadis, aqoid, fiqh, usul ilmlarini yaxshi bilgan balki, islom tarixiga oid bilimlarni ham puxta egallagan olim edi. U zotning “oyna” jurnalini tatqiq etish davomida ushbu ilmlarni puxta egallaganlarini ham ko‘rishimiz mumkin. Jurnalning 1915-yil,30-yanvar da chop etilgan sonida “Qur’oni karim tarixiga bir nazar” maqolasini isbot sifatida keltirishimmiz mumkin. Ushbu maqolada Qur’oni karim tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, to kitob holiga kelgunigacha bo‘lgan voqealar yoritib berilgan. So‘zimiz isboti sifatida ushbu maqoladan parcha keltiramiz.”Hazratimiz Makka yaqinidagi Xiro tog‘iga chiqqon kunlarcha vajd va istig‘roq holatida edilarki, payg‘ambarimizga malak tajalli etib:| “Iqro” ya’ni o‘qu” deb xitob etdi. Bani zi shonimiz hazratlari “Ma ana biqorin”, “Men o‘qiy olmayman” dedilar. Bu xitob va daf’a 3 karra davom etdi. Va mundane so‘ngra uch sanag‘acha vahiy[8] kelmadiki, muni zamoni fitrat vahiy derlar”.[9] Yuqorida Behbudiy hazratlari ilk vahiyning ko‘rinishi va ilk nozil bo‘lgan oyatlar haqida yozmoqdalar. Shayh Muhammad Sodiq Muhammad yusuf hazratlarining “Hadis va hayot” 19-juz kitoblarida ham vahiyning ilk nozil bo‘lishi va qaysi sura nozil bo‘lgani haqida keltiriladi. Voqealar deyarli bir xil. Ana endi maqolaning davomini tahlil qilamiz. “U zamonda bu kungi qog‘oz yo‘q edi. Hatto Ubay ibn Ka’b, Umar, Usmon, Ali, Zayd, Ibn Mas’ud, Solim roziyallohu anhum hazaroti o‘z-o‘zlaridan Qur’oni karimni jam etib edilar. Bu barchalarining jam’ida ixtilof yo‘q edi. Zamoni halofat[10] hazrat Abu Bakr bir necha mahorabalar bo‘lub, faqat “Yamoma”[11] mahorabasinda Qur’onni hifz bilaturgon sahobalardan bir necha yuz kishi shaxid bo‘lgan uchun hazrat Umar ul-Foruqni mashvarat berishlari ilan hazrat abu Bakr Qur’oni karimni bilaturg‘on ko‘p kishilardan, yana jam bo‘lishi uchun vahiy kotiblaridan, zayd bin roziyallohu anhuni zeri sadoratlarinda (Ubay ibn Ka’b, Ali, Abdulloh bin Abbos, Abdulloh bin Umar, Abdulloh bin Zubayr, Abdulloh bin Mas’ud, Abdulloh bin Soib, Xolid bin Valid kabi ittifoqlari mashhur bo‘lgan huffoz qorilar Hazrat Umarni xonalarinda birinchi daf’a jam bo‘lub,so‘ngra Madina masjidida jam bo‘lur edilar”.[12] Bu o‘rinda Behbudiy Qur’oni karimni jam bo‘lishi haqida aytayabdilar. Ushbu maqolada Qur’oni karimni nozil bo‘lishidan to kitob holiga kelguniga qadar sodir bo‘lgan voqealar bayon qilingan. Behbudiy hazratlari islom tarixiga, siyratga oid kitoblarni yaxshi bilganliklarini shu o‘rindagi maqoladan bilishimiz mumkin. Bunga o‘xshash islom tarixiga oid maqolalardan yana biri “Avvalgi musulmonlardagi madaniyat” nomi ostidagi maqoladir. Ushbu maqolada qadimgi Andalusiya[13] va u yerni musulmonlar iste’lo qilib hukumronlik qilganliklari, o‘sha yerda islom dinini keng yoyganliklari to‘g‘risidagi voqealar yoritib berilgan. Maqoladan misol keltiramiz:”Va mo‘jizakarona bir suratda hozirgi “Ispaniya va Portugaliyani va Fransiyadan bir qismini istilo etdilar. 985 hijriyasigacha anda qolib, tom 893 sana saltanat surdilar.
Katta shaharlar, jannat misol bog‘chalar, yuz ming jildlik kata kitobxonalar, dorululumlar, rofi-ul martaba qasr va koshonalar barpo etib, Andalusni jannatdan namuna etdilar. Oqibat oralarinda, jaholat va sahofat yer tutdi, bir-birlarig‘a dushman bo‘ldilar. Ilm va ulamo o‘rnig‘a qiz va kanizlar, cholg‘u va o‘yunchilar ila suhbat etib, vaqt kechurdilar, ulamo amri ma’ruf erig‘a sukut va nafi shaxsiyni ixtiyor etdilar, digar tarafdan, faranglar islomlarini ul zamonga ilm va fanini o‘qub, aning vositasi ilan o‘zlarini musulmonlarni (ng) tobeligidan qutqardilar va hukumatni zabt etdilar, oxir barcha musulmonlarini nosoro bo‘lmoqg‘a va mamlakatdan chiqmoqg‘a jabr etdilar. Yahudiylarg‘a ham bu hukm joriy edi.
Oqibat, dinini vatanidan yaxshi ko‘rgan muslim va yahudiylar, chor- najor u go‘zal Andalusdan chiqdilarki, bul alarni zamonig‘a muvofiq turmag‘onlarning va mag‘rur bo‘lub, ilm va fan o‘rnig‘a safohat va zavqparast va ixtilofga mayl etgonlarining jazosi edi”[14]. Ushbu maqoladan xulosa qiladigan bo‘lsak, hozirgi Ispaniya va Portugaliya davlatlari qadimda Andalusiya deb atalgani hamda u yerda Musulmonlar yashab istiqomat qilganlari hamda islom dinini yoyganlari haqida bilishimiz mumkin. Hozirgi kunimizdagi islom tarixiga doir kitoblarda ham shunday ma’lumotlar keladi. Masalan, shayh Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Islom tarixi“ kitoblarida ham shunday ma’lumotlar keltirilgan. Bundan ayta olamizki, hazrat Behbudiy islom tarixini yaxshi bilganlar. Islom tarixiga oid keyingi maqolamiz “Milliy tarix haqinda” [15]deb nomlanadi. Ushbu maqolada hazrat Behbudiy Turkistonga islom dini kirishidan avvalgi holi va islom kirgandan keying holati haqida xabar berganlar. Bu davrlar quyidagi zamonlarni o‘z ichiga oladi.
1.Dini islomga kirishdan avval Turkistonliklar qaysi dinda ekanligi.
2. Turkistonliklarning johiliyat davridan qolgan e’tiqod, bid’atlari[16] hozir ham bor yoki yo‘qligi.
3.Islomiyatdan avval Turkistonliklar qaysi tilda so‘zlashar edilar.
Xulosa qilsak, Behbudiy hazratlari o‘z zamonasining yetuk jonkuyar va fidokor xalq g‘amida yuradigan insonlaridan edi. U kishining nomlari qilgan ishlari qadar saqlanib qoladi. Jasurlik va mardlik u zotga xos xususiyatlardan ekanligini guvohi bo‘lamiz. Chor Rossiyasi Turkistonni bosib olgan bir vaqtda ruslar hukumronligi ustun bo‘lib musulmonlar o‘z dinida tahlikada turgan bir vaqtda behbudiy hazratlari o‘zlarini maqolalariga diniy qarashlarni kiritishlari bu chinakam musulmonning ,mard insonning ishidir. Shu o‘rinda payg‘ambarimiz Muhammad Sollollohu alayhi vasallamning kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroqdir degan hadislarini eslasak. Kuchli mo‘min o‘z diniga sadoqat bilan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ushmay ojiz bo‘lmagan holda diniga xizmat qiladi. Ijtimoiy hayotimizda sodir bo‘layotgan ishlarni barchasida dinimizning o‘rni beqiyos. Musulmon inson nafaqat ibodatlarida balki, insoniylik amallarida ham o‘z diniga xizmat qilib sodiq bo‘lishi zarur. Behbudiy hazratlari ham davr ijtimoiy hayotidan kelib chiqib dinimizni sofligini ushlab qolishga harakat qilgan olimlardandir. Alloh taolo u zotning qabrlarini jannat bog‘chalaridan qilsin, qilgan ishlari va yozgan asarlari insoniyatga manfaatli bo’lishini va amal daftarlari qiyomatga qadar yopilmasligini Alloh taolodan so‘rab duo qilamiz. Amiyn!
[1] Qur’on. Moida” surasi 5-oyat. – Toshkent: Hilol, 2024. – B. 17.
[2] Mahmudxo‘ja Behbudiy.”Oyna”.1915-yil.10-son.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.Tafsiru Hilol. “Hilol nashr”.2019.B.18.
[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.Tafsiru Hilol. “Hilol nashr”.2019.B.19.
[5] Norqulov N., Rabbimov K.Oyna.Maqolalar. – Toshkent:Akademiya,2001. – B.35.
[6] Mahmudxo‘ja Behbudiy.Oyna, 1913-yil,1son. – 324bet.
[7] Mahmudxo‘ja Behbudiy.Oyna. 1914,13-son. – 211-bet.
[8] Alloh taolo o‘zining rosullariga yuborgan xabarlari.
[9] Mahmudxo‘ja Behbudiy.Oyna,1915-yil. 8-son.
[10] Yer yuzidagi musulmonlarni yagona boshqaruvchisi.
[11] Arab diyorlaridagi o‘lka nomi.
[12] Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar 2-jild . Toshkent:Akademnashr,2018. – B.47-48.
[13] Hozirgi Ispaniyaning musulmonlar iste’lo qilgan davrdagi nomi.
[14] Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar 2-jild. Toshkent:Akademnashr,2018. – B.50-51.
[15] Norqulov N., Rabbimov K.Oyna. – Toshkent:Akademiya,2001. – B.50.
[16] Shari’atga kiritilgan yangiliklar.
Другие новости


