13.06.2025
2

Alloma Mahmud Zamaxshariy va uning ijodiy faoliyati

 

Abstrakt
Ushbu maqolada Mahmud Zamaxshariyning hayoti va ijodiy faoliyati  haqida maʼlumotlarlar berilgan. Shuningdek, allomaning asarlari ro‘yxati, nomi va bu borada olib borilgan ilmiy tadqiqotlar haqida aytib o‘tilgan. Zamaxshariy nafaqat tilshunoslik va diniy ilmlar bo‘yicha balki adabiyotshunoslikka  doir bir qancha risolalar bitgani, ularning hozirgi kundagi ahamiyati, xususan, “Navobig‘u-l kalim” asari, uning qo‘lyozma, toshbosma, nashr nusxalari, tarjima va sharhlari hamda  asarning yozilish uslubi, mavzulari va  xususiyatlari haqida maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, asardagi bir qancha hikmatlardan namunalar, ularda qo‘llangan iqtibos san’ati va qisqacha sharhlariga to‘xtalib o‘tilgan. 
Kalit so‘zlar: Mahmud Zamaxshariy, Jorulloh, “Navobig‘u-l kalim”, hikmatlar, fazilat, go‘zal xulq, fiqh, aqida, axloqshunoslik, nasab, nozik ibora, Abu Hanifa, Moturidiy, alloma, Xorazm, Jurjoniya, iqtibos, qo‘lyozma, toshbosma.

Hozirgi kunda yurtimizda o‘zining bebaho ilmiy va maʼnaviy meroslari bilan jahon sivilizatsiyasiga munosib ulush qo‘shgan yurtimiz allomalarining asarlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va targ‘ib qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Hatto bu borada yurtboshimiz tarafidan  bir qancha qaror va farmonlar ham imzolandi.  Bularning barchasidan ko‘zlangan maqsad ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga ajdodlarimiz merosini to‘g‘ri yetkazish, undagi ijtimoiy, maʼnaviy qarashlarni yoshlar ongiga singdirib, barkamol avlodni tarbiya etishdir. 
Mana shunday buyuk allomalarimizdan biri arab-u ajamning ustozi, Xorazm faxri bo‘lgan, Jorulloh nomi bilan mashhur Mahmud Zamaxshariydir. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra Zamaxshariy hijriy 467-yil (milodiy 1075-yil) rajab oyida Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topgan. Hijriy 538-yil 71 yoshida Jurjoniya (Urganch)da vafot etgan. Misrlik tarixchi Qiftiy esa Abu-l Yaman Kindiydan rivoyat qilib, Zamaxshariy 468-yilda tug‘ilganligini keltiradi. Ibn Asirning fikriga ko‘ra,  76 yil yashagan. Tug‘ilgan va vafot etgan yiliga qaraladigan bo‘lsa, ibn Asirning maʼlumoti voqelikdan uzoq hisoblanadi. Chunki aksar izlanuvchilarning fikriga ko‘ra vatandoshimiz 467-yilda tug‘ilgan hamda 71 yoshda vavot etgan. 
Zamaxshariy hayoti va uning yozgan asarlari haqidagi xabarlarni, asosan, o‘rta asr arab manbalarida uchratishimiz mumkin. Olimning nasabi haqida Ibn Xallikon oʻzining “Vafoyatu-l a’yon” asarida: Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Umar[ ابن خلكان. وفايات الاعيان. ج-4. ص 254.  ], deya keltiradi. “Toju-l arus” kitobining muallifi :  Mahmud ibn Umar ibn Muhammad ibn Ahmad bo‘lgan[ تاج العروس. ج-3. ص 343. تحقيق الدكتور. صلاح الدين ابوالمجد. الكويت.. سيد محمد المرتضى الحسيني  الزبيدي ] desa, islom tarixchisi Zahabiy: Mahmud ibn Umar Xorazimiy Nahviy (nahvshunos) ekanligini aytadi[ العبر في الاخبار من عبر. ج-4. ] [Muhammad Abu Musa, 1988, 54]. Olimning nasabi haqida har xil qarashlar boʻlib, bu fikrlarga uning shogirdiga yoʻllagan maktubi aniqlik kiritadi. Unga koʻra u Makkai mukarramada yashagan paytida iskandariyalik shogirdi Shihobuddin Ahmad ibn al-Husayniy al-Molikiyga yo‘llagan maktubida o‘zi haqida: “Men Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Ahmad al-Xorazmiyman, keyin az-Zamaxshariyman. Xorazmning katta bir qishlog‘i – Zamaxsharga mansubman. Zamaxshar – tug‘ilgan yurtimdir”, – deb yozgan [Uvatov, 2010, 284].  Demak, vatandoshimizning  nasabi o‘zi ta’kidlaganidek, Mahmud ibn Umar ibn Muhammad Ahmaddir bo‘lib, Xorazmning Zamaxshar qishlog‘iga mansub ekan.


Allomaning  hayoti va oilasi haqida xulosa qilib shuni aytish mumkinki, otasi unchalik badavlat bo‘lmagan. Zamaxshar qishlog‘ida imomlik qilgan va Qurʼon o‘rgatgan. O‘zi  ilmli, taqvodor, diyonatli kishi bo‘lib, ko‘p vaqtlarini Qurʼon tilovat qilish va namoz o‘qish bilan o‘tkazgan. Zamaxshariy dastlabki ilmlarni o‘z otasidan olgan. Allomaning onasi ham taqvoli, savodli, dinyonatli ayol bo‘lgan. Demak, yuqoridagi keltirilgan maʼlumotlardan shu narsa maʼlum bo‘ladiki, ko‘pchilik olimlarning tadqiqotiga ko‘ra Zamaxshariy hijriy 467-yilda Xorazmda tug‘ilgan va  o‘sha yerning o‘zida vafot etgan. Allomaning  turli sohadagi ilmlarni egallashida  uning ota-onasining turtkisi ham muhim rol o‘ynagan.  Ilm olish maqsadida  bir qancha o‘lkalarga jumladan, Bog‘dod, Makka shaharlariga bir necha bor safar qilgan. O‘zining “Navobig‘u-l kalim” asarida ishora qilganidek, oila qurmagan. Shuningdek, fiqhda Hanafiy mazhabida, aqidada mo‘taziliy bo‘lgan.
        Zamaxshariy o‘z davrining yetuk olimlaridan biri hisoblanib, fanning turli sohalariga oid to‘qsonga yaqin asar yozgan, shulardan baʼzilarigina bizgacha yetib kelgan. U, asosan, arab tilida asarlar yozgan bo‘lsa-da, arab bo‘lmagan. Arab va fors tilida kitob yozganligi uchun fors bo‘lgan deyiladi [Muhammad Abu Musa, 1988, 55].  
Allomaning asarlari ro‘yxati turli manbalarda turlicha keltiriladi. Nemis sharqshunos olimi K.Brokkelʼman o‘zining  “Arab adabiyoti tarixi” nomli asarida Mahmud Zamaxshariyning 31 ta asari haqida maʼlumot bergan bo‘lsa, doktor Ahmad Muhammad al-Xufiy o‘zining “Az-Zamaxshariy” nomli risolasida uning 48 ta asari borligini aytib o‘tadi. Akademik A.Rustamovning “Mahmud Zamaxshariy” kitobida allomaning 50 dan ortiq muhim asarlarlar yozganini aytib, 39 ta asari haqida maʼlumotlar keltiradi. B.Z.Xolidov o‘z maqolasida Zamaxshariyning 55 ta asar yozganligini taʼkidlaydi. Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosining yana bir tadqiqotchisi U.Uvatov “Nozik iboralar” nomli kitobida allomaning 34 ta asariga oid maʼlumot bergan [Nosirova, 2005, 5]. 
So‘nggi yillarda professor Z.Islomov tarafidan ham  Zamaxshariyning ilmiy merosi bo‘yicha keng ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Izlanishlar natijasiga ko‘ra allomaning 90 dan ortiq asari borligi, hozirgi kunda 40 tasi dunyoning turli fondlarida saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi.  Shuningdek, olimlar tomonidan yo‘qolgan deb hisoblangan “Ko‘zi ojizga tasalli” risolasi ham aniqlanganini maʼlum qilgan.
S.Saidjalolov “Mahmud Zamaxshariyning “Ru’sul-masoil” asarida hanafiy mazhabi talqini” mavzusidagi tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasi avtoreferatida allomaning 91 ta asari borligini qayd etadi [Saidjalolov, 2023, 7]. Yuqorida keltirilgan ro‘yxatlarning turliligidan allomaning hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosi haligacha to‘liq o‘rganib bo‘linmagani, kelajakdagi tadqiqotlar natijasida bu ro‘yxatlar soniga yana qo‘shimcha maʼlumotlar taqdim etilishi kutilmoqda. 
         Bundan tashqari Zamaxshariy turli sohalarda asarlar taʼlif etgan. Jumladan, tafsirga oid mashhur “Al-kashshof”; tilshunoslik, lug‘atshunoslik va balog‘atga oid “Asosu-l balog‘a”, “Al-foiq fi g‘aribi-l hadis”, “Muqaddimatu-l adab”, “Al-javohiru-l lug‘at”, “Muʼjam arabiy forsiy”, “Al-qistos fi ilmi-l aruz”; nahv ilmiga oid “Al-mufassal”, “Al-mufradu-l muallaf”, “Al-anmuzaj”, “Nuktatu-l eʼrob”; hadis, fiqh, usulga oid kitoblaridan “Mushtabah asamiy-r ruvot”, “Zolatu-n noshid va-r roiz fi ilmi-l faroiz”, “Al-minhaj”; Abu Hanifaning manoqibi haqida “Shaqoiqu-n Nuʼmon fi haqoiqu-n Nuʼmon”; geografiyaga oid “Kitobu-l amkinati va-l jibali va-l miyahi” asarlaridir.  Bundan tashqari Zamaxshariyning  “Maqomatu-z Zamaxshariy”, “Atvoqu-z zahab”, “Kitobu-n nasoih”, “Navobig‘u-l kalim”, “Robiʼu-l abror”, “Devonu-z Zamaxshariy”, “Nuzhatu-l mustaʼnis”, “Al-mustaqso fi-l amsol”, “Al-qasidatu-l baʼuziyati va uxro fi masoili-l G‘azzoliy” kabi bir qancha axloqshunoslik va adabiyotga  doir asarlar tasnif etgan bo‘lib, bu yo‘nalishdagi asarlari ham doimo ulamolar va tadqiqotchilarning eʼtiborida turadi.


Axloqshunoslikka oid mo‘jazgina asarlaridan biri  “Navobig‘u-l kalim” (fasohatli iboralar yoki qisqa va mazmunli so‘zlar) bo‘lib, sohibining dunyoqarashini  namoyon qilib beradi. Asar qisqa va ketma-ketlikda yozilgan hikmatlardan iborat, shu bilan birga  yuksak ijod namunasi ham. Ayrim tadqiqotchilar bu asarni lug‘atshunoslikka oid asarlar jumlasiga kiritgan.
“Navobig‘u-l kalim” asari har bir asrda musulmonlar uchun axloq, tarbiya, hayotiy yo‘l-yo‘riq va nasihat manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu asar adabiy uslub va fasohat-bayonot jihatidan ham qadrli hisoblanadi. Ushbu asar islom olamida keng tarqalgan va uning qo‘lyozma nusxalari turli mamlakatlarda saqlanib kelmoqda. Jumladan, asarning qo‘lyozma nusxalari Bog‘dodda Iroq milliy muzeyida (563-raqamda), Berlinda (8676), Leydenda (891 va 92 raqamlarda) [Uvatov, 1992, 27], Turkiyaning Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasiga biriktirilgan Ayo Sofiya kutubxonasida (4339-raqamida) (1-rasm), shuningdek, Ragip Posha kutubxonasida (1165-raqamda) va Husayn ibn Nosir ibn Abdul Hafiz tomonidan hijriy 1074 ko‘chirilgan nusxasi, Saudiya Arabistonidagi Malik Abdulaziz  kutubxonasidagi hamda Biblioteca Apostolica Vaticana (1380-raqamda)dagi (2-rasm) Abdul Muznib Sulaymon ibn Marhum Rustam og‘a tarafidan ko‘chirilgan majmuʼa shaklidagi qo‘lyozmalari  saqlanadi. 
Yurtimizda hozirda O‘zFASHI Qo‘lyozmalar fondida 3938, 7104 hamda 8319 inventar raqami ostida jaʼmi 3 ta  toshbosma nusxasi bor.
Asar yozilgan davridanoq olimlarning diqqat eʼtiborini tortgan va bir necha tillarga tarjima qilingan, sharhlar yozilgan, nashrlar chop etilgan.
“Navobig‘u-l kalim” ilk bora Misrda 1914-yilda chop etilgan [Ahmad Muhammad al-Hufiy, 1966, 65]. Shuningdek, asarning 1971 va 1927-yillardagi Qohira nashri, 1306 hijriy yili Bayrutda Muhammad al-Kistiy al-Bayrutiy tomonidan bajarilgan nashri dastlabki nashrlardan hisoblanadi. Bundan tashqari professor Bahiyja Boqir al-Xusniy tadqiq qilgan tanqidiy nashri esa 1971-yilda “al-Arab” majallasida bosilib chiqdi. Gollandiyalik olim Genrix Albert Shulteyn 1772-yilda Az-Zamaxshariy asarini lotinchaga o‘girdi. 1876-yilda fransiyalik sharqshunos Barbiyer Meynard tomonidan bajarilgan tadqiqot asarning fransuzcha tarjimasi bilan chop etilgan. Asar Mustafo Isomuddin tomonidan turkchaga ham tarjima qilinib, 1283-hijriy yilda Istanbulda nashr etilgan [Uvatov, 1992, 27].  Asarning “Nozik iboralar” nomli o‘zbek tilidagi tarjimasi Ubaydulla Uvatov tomonidan 1992-yilda Toshkentda chop etilgan. 
“Navobig‘u-l kalim” asari qisqa bo‘lishiga qaramasdan olimlar tarafidan bir qancha sharhlar yozilganligi uning nechog‘lik qiymatli ekanligi ko‘rsatadi. Mashhur alloma Saʼduddin Masʼud ibn Umar at-Taftazoniyning “An-niʼam as-savabig‘ fi sharh-n navabig‘” asari eʼtiborga molikdir. Mazkur sharhning ilk marta 1286-hijriy yilda Qohirada chop etilgan bo‘lsa, milodiy 2018-yilda Doktor Hamza Bakriyning tadqiqi ostida Istanbulda qayta nashr etildi. Asarning O‘zRFASHI Qo‘lyozmalar fondida 8319 inventar raqami ostida saqlanib kelinayotgan toshbasma nusxasida ham hikmatlar so‘ngidan xorazmlik shayx Abul Xasan ibn Abdul Vahhob Xivakiyning “Kitabu-savabig‘ fi sharhi-n navabig‘” nomli sharhlari ko‘chirilgan.  Bu sharhning qo‘lyozma nusxasi Berlinda (8675-raqami) ostida saqlanadi [Uvatov, 1992,  27].
Bundan tashqari, Muhammad ibn Ibrohim ibn Yusuf “Savabig‘u-n navabig‘ fi sharhi navabig‘i-l kalim” nomli asar taʼlif etgan bo‘lib, bu asarning asl qo‘lyozma nusxasi Saudiya Arabistonidagi Orif  Hikmat kutubxonasida saqlanadi. Adib Odam ibn Abdulg‘offarning “Navobig‘ul-l kalim  kalimatu muxtaro” nomli sharhi 1935-yilda Misrda chop etilgan.


“Navobig‘ul-l kalim” asari Zamaxshariyga mansubligi tarix, adabiyot, tabaqot kitoblarida va asar sharhlarida hamda muallifning o‘zining kitoblarida aytib o‘tilgan. Jumladan, “Al-kashshof” nomli tafsir kitobining ikki o‘rnida, “Robiʼu-l abror”ning 18 o‘rinida, “Maqomatu-z Zamaxshariy” hoshiyasining 5 ta, “Asosu-l balog‘a”ning ikki joyida alloma bu ilmiy merosni o‘ziga nisbat bergan va sanab o‘tilgan ushbu kitoblarda “Navobig‘ul-l kalim”dan iqtibos keltirgan. Demak, ushbu hikmatlarga boy risola aynan Mahmud Zamaxshariyga tegishli ekanligi maʼlum bo‘ladi [Bakriy, 2018, 17]. Manbalarda asarning nomi to‘rt xil ko‘rinishda ishlatilganini ko‘rish mumkin. Abdulqodir Bag‘dodiy “Xizonatu-l odob”,  Hojjiy Xalifa “Kashfu-z zunun” kitobida “Navobig‘ul-l kalim” deb zikr qilib o‘tgan bo‘lsa, Suyutiy, Yoqut Hamaviy, Toshko‘priyzoda, Sofadiy va Maqorriylar “Al-kalimu-n navobig‘” deb keltirgan. Taftazoniy va Xivaqiylar asar sharhida  “An-navobig‘”ning sharhi deyishlik bilan kifoyalanganlar. Ibn Hanbaliy “Al-miatu-n navobig‘” deb aytgan [Bakriy, 2018, 19]. Birinchi va ikkinchisi mashhur nomlari bo‘lib, uchinchisi ikkisidan birining  qisqartirilgan shakli hisoblanadi. Ammo to‘rtinchi nomni mulohaza qilib ko‘rilsa mazmunidan 100 hikmat maʼnosi kelib chiqadi. Bu esa asardagi hikmatlar soniga mos kelmaganini ko‘ramiz. 
“Navobig‘ul-l kalim”  arab tilida, nasrda yozilgan bo‘lib,  sajʼ, tajnis, iqtibos va muqobala uslubi qo‘llangan. U  pand-u nasihatlar majmuasidan iborat ekanligi hamda 291 ta turli mavzudagi hikmatlarni o‘z ichiga olganligi bilan ahamiyatli. Hikmatlar  fasllarga ajratilmagan. Asarning muqaddima qismi basmala bilan boshlangan, hamd va naʼt keltirilmagan. 18 ta jumladan iborat munojat bilan boshlangan. Munojatda Zamaxshariy bu fasohatli hikmatlarni yozishga ilhom qilinishi parvardigorning neʼmatidan ekanligini eʼtirof etgan. 
Asar quyidagi  mavzularni o‘z ichiga qamrab oladi: dinga sodiq qolishga va solih amallar qilishga undash; ona-ona madhi; ilmning fazilati va olimlarning darajasi; podshoh, amir va vazirlarning holati; dunyo va oxirat holatlari; insonlar holatidan shikoyatlar; to‘g‘rilik, halollik, saxiylik, rostgo‘ylik kabi go‘zal axloqlar madhi; shoshmashosharlik, isrofgarchilik, takabburlik, minnat, baxillik kabi yomon illatlardan uzoq bo‘lishlikka qaratilgan turli pand-nasihatlar; furuʼ (fiqh)da Abu Hanifa mazhabida, asl (aqida)da mo‘ʼtazila toifasidan ekanligiga ishora.               Shuningdek, asardagi hikmatlarda Qurʼon oyatlari yoki hadisi shariflardan iqtibos keltirilganini ko‘rish mumkin.  Masalan, yaxshi amal qilishda eʼtiqod to‘g‘ri bo‘lishi zarurligi haqida bunday deyilgan: Buzuq eʼtiqod ila amal qilinar, bu amal sarobu kulga o‘xshar [Zamaxshariy, Toshbosma, № 3938].
Bu  iborada Qurʼon karimdagi “Kufr keltirganlarning amallari sahrodagi sarobga  o‘xshar”[ Nur surasi. 39-oyat. Qarang: Oyatlarning tarjimasi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Tafsiri Hilol” kitobidan olindi. Toshkent. 2005.], va “ Robbilariga kufr keltirganlarning amallarining misoli, xuddi bo‘ronli kunda shamol uchirib ketgan kulga o‘xshaydir”[ Ibrohim surasi 18-oyat.] oyatlaridan iqtibos olgan. Demak, kishi qilayotgan amallari Parvardigorining huzurida qabul bo‘lishi, uning sababidan  ajr-u mukofotlarga muyassar  bo‘lishi uchun, avvalo, eʼtiqodi sof bo‘lishi zarur, aks holda qilgan yaxshiliklari sahrodagi sarobga o‘xshab qoladi. Maʼlumki, cho‘ldagi tashna odamga uzoqdagi sarob suv bo‘lib ko‘rinadi. Suv deb o‘ylab sudralib bo‘lsa-da yetib borganda, hech narsa yo‘q bo‘ladi.  Bunda alloma  eʼtiqodi buzuq kishi u qilganman, bu qilganman deb, yaxshiliklarini sanab, maqtanib yurishi befoyda ekani, sahrodagi sarob yoki shamol sochib yuborgan kul kabi  ahamiyatsiz narsaga aylanishini ifoda etgan. 
Zamaxshariy minnat qilishlikdan odamlarni qaytarib shunday deydi: 
So‘rovchiga so‘raganin berib minnat quluvchi, 
Xayriyasin  bermasdan baxil bo‘lgan kishi misoli [Zamaxshariy, Toshbosma, № 3938].


Bundan ko‘rinib turibdiki,  sadaqani bergandan keyin minnat qilish, sadaqa qiluvchiga hech bir foyda, yaxshilik, savob keltirmaydi. Go‘yoki u baxillik qilib sadaqa bermagan odam bilan barobar bo‘lib qoladi.  Shuningdek, vatandoshimiz o‘ziga minnatni ergashtirgan yaxshilik biror naf bermasligini taʼkidlagan holda:
“Mojaro bilan ko‘rsatilgan muruvvatda yaxshilik yo‘qdir, 
Garchi u chelaklab quygan yomg‘ir misoli ko‘pdir”, deydi [Zamaxshariy, Toshbosma, № 3938]. 
Baqara surasining 264-oyatida: “... Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan... bekorga ketkazmang. U misoli ustini tuproq bosgan silliq bir toshga o‘xshaydir. Bas, kuchli yomg‘ir yog‘sa, silliq bo‘lib qoladi...” Yaʼni, bu qilingan sadaqa qattiq tosh ustiga to‘plangan tuproqqa o‘xshaydi. Ko‘p yomg‘ir tufayli uning ustidan yuvilib ketganidek, hech yaxshilik qilmagandek bo‘lib qoladi. 
Ota-onaning fazilati borasida aytilgan madhlar ham o‘ziga xos iboralar bilan ifodalanganini ko‘ramiz:
Ota mashhurroq va sharafliroqdir, 
Ona shavqatli va mehribonroqdir [Zamaxshariy, Toshbosma, № 3938]. Bu hikmatda alloma ota onaga qaraganda mashhurroq va sharafda ulug‘roq ekani, ona esa otadan ko‘ra farzandiga shafqatliroq va rahimliroq bo‘lishini bayon qilgan. Otaning taniqliroq ekanini farzand ham otaga nisbat berilib, falonchi falonchining o‘g‘li deb tanilishida ham ko‘rsa bo‘ladi. Shunday ekan ota ulug‘lash, izzat-hurmat ko‘rsatish va itoʼat etishda barchadan haqliroq turadi.  Ona esa bolasini hammadan ko‘proq yaxshi ko‘radi va boshqalardan ko‘ra farzandi uchun mehr-shafqatli bo‘ladi. Demak, bu jihatidan ona otadan ham yaxshilik ko‘rsatishda oldinda turadi. Shunday ekan farzand doimo ota-onasini rozi qilishga  intilishi zarur. 
Yaxshilik qilish, xayrli ishlarda peshqadam bo‘lishga undash haqida Zamaxshariy o‘zini ibrat qilib keltirgan: 
Ko‘rdim, qancha-qancha cho‘loqlarni, 
Oliylik narvoniga ko‘tarilganlar. 
Qancha bordur sog‘lom qadamlar,
Lek emasdur yaxshilikda peshqadamlar. [Zamaxshariy, Toshbosma, № 3938].
Bu iborada, odamlar orasida sog‘lom, tana a’zolari bus-butun qanchadan qancha kishilar bor bo‘lsada, bunday insonlar dangasaligi yoki buhuda ishlar bilan bandligi va yana turli xil sabablarga ko‘ra xayrli ishlarni tark etishi, ammo ba’zi insonlar sog‘ligida nuqsoni bo‘la turib, doimo yuksaklikka intilishi, yaxshi ishlarda peshqadam bo‘lishi   aytilgan. 
Maʼlumki, Mahmud Zamaxshariyning bir oyog‘i cho‘loq bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da ilm yo‘lida ko‘p zahmatlarga bardosh berib, ulkan ilmiy merosni musulmonlarga taqdim qilishda peshqadam bo‘ldi. Bu hayotiy dars ilm yo‘lidagi har bir izlanuvchiga ibrat bo‘lishga arziydi.  
Ko‘rib turganimizdek, asarda keltirilgan mavzular xilma-xil va har bir davr  uchun nihoyatda ahamiyatli. Undagi hikmatlar qisqa iboralar orqali ulkan maʼnolarni ifodalagan va qator noyob va ibratli pandu-nasihatlarni o‘z ichiga qamrab olgan. 
Xulosa qilib aytish mumkinki,  bu o‘gitlar  har bir asrda jamiyat rivojlanishida, ilm-fan va taʼlim-tarbiya tizimining milliy-maʼnaviy negizlarini boyitishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Shunday ekan, Zamaxshariyning ushbu asarini o‘rganish, yosh avlodni tarbiya qilishda unda aytilgan pandu nasihatlardan keng foydalanish beqiyos ahamiyat kasb etadi.

 

    Adabiyotlar: 
Ahmad Muhammad al-Hufiy. (1966).  Az-Zamaxshariy. Qohira. Daru-l fikri-l arabiy. 
Muhammad Muhammad Abu Musa. (1988). Al-balog‘atu-l Qurʼoniya. 
Qohira. 
Nosirova.M. (2004). O‘rta asrlar arab nahvidan namunalar (Mahmud Zamaxshariyning “Al-unmuzaj fi-n nahv” risolasi asosida). Toshkent,ToshDSHI nashriyoti. 
Saidjalolov.S. (2023). Mahmud Zamaxshariyning “Ruʼsul-masoil” asarida hanafiy mazhabi talqini: tarix fanlari bo‘yicha PhD dis. avtoref. Toshkent,O‘zXIA. 
Uvatov.U.O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti/ Imom Buxoriy xalqaro markazi: tuzuvchi, nashrga tayyorlovchi Uvatov.U. (2010). Toshkent, Maʼnaviyat.
У.Уватов. (1992). Нозик иборалар, Тошкент, Камалак.   
Xamza Bakriy. (2018). Istanbul. Daru-l lubab.


Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom
                                                        ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Sanobar Muxamedxodjayeva

Другие новости

"ALLOH NOZIL QILGAN NARSA BILAN HUKM YURITMAGANLAR KOFIR" MI?
13.06.2025 2
Ayrim toifalar demokratiyani kufrda ayblash, Konstitutsiyani kufr nizomi sifatida baholash borasida o'zlarining buzg'unchi g'oyalarini jamiyatda keng yoyish maqsadida Qur'on karimning Moida surasi 44-oyatidan ustalik bilan foydalanmoqdalar. Ushbu oyatda Alloh taolo...
Подробнее
JADID MA’RIFATPARVAR VA MATBUOT
28.05.2025 14
Behbudiyning Samarqand gazetasi mahalliy mavzudagi muammolarni ochiqroq tarzda maydonga tashlaydi. Mahalliy savdogarlarni “tijorat ilmini bilmaganlikda yoki bilsa ham juda yaxshi bilmaslikda” ayblaydi, rus maktablarida oʻqiganlarni “millat gʻamini yemaysiz” deb tanqid...
Подробнее
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar targ‘iboti
26.05.2025 16
KirishVijdon erkinligi — insonning o‘z e’tiqodini tanlash, unga amal qilish yoki rad etish huquqi bo‘lib, bu huquq har bir fuqaroning eng asosiy insoniy huquqlaridan biridir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham bu...
Подробнее
Мы в соц сетях

Наши контакты

Телефон: +998 (71) 248-47-52
E-mail: xadichai-kubro@umail.uz
Адрес: Toshkent shahar, Olmazor tumani, Fayziobod ko'chasi, 1-uy
©2025 All Rights Reserved. This template is made with by Cherry